Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 537-modda
Davlat mehnat inspektorlarining gʻayriqonuniy qarorlari, gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Davlat mehnat inspektorlarining gʻayriqonuniy qarorlari, gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi mehnat inspeksiyasiga va (yoki) sudga shikoyat qilinishi mumkin.
- MehnatLABOR · 538-modda
Davlat mehnat inspeksiyasi faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik
Davlat mehnat inspeksiyasining koʻrsatmalari, taqdimnomalarini va boshqa hujjatlarini ijro etmaslik, shuningdek Davlat mehnat inspeksiyasining faoliyatiga aralashish hamda uning xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning qonuniy ijro etilishiga toʻsqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda taʼsir oʻtkazish taqiqlanadi hamda qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
- MehnatLABOR · 539-modda
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati subyektlari
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati subyektlaridir. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati qonunchilikka muvofiq jamoatchilik kengashlari, komissiyalari hamda boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Kasaba uyushmalari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratining maxsus subyektlaridir.
- MehnatLABOR · 54-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzosining faoliyatini tugatish yoki uni vaqtincha almashtirish
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzosining faoliyati komissiya vakolatlarining muddati tugashi munosabati bilan, shuningdek quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatilishi mumkin: qaysi xolisona sabablar oqibatida ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzosi oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin boʻlmasa, oʻsha sabablar mavjud boʻlgan taqdirda (vafot etganligi, komissiya aʼzosi sifatida faoliyatini davom ettirish imkoniyatini istisno etuvchi sud hukmining mavjudligi va boshqalar); komissiya aʼzosini u vakillik qilayotgan taraf chaqirib olganda; komissiya aʼzosi oʻzini oʻzi rad etganda. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzosining faoliyati muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, u manfaatlarini ifoda etayotgan taraf oʻn kalendar kundan kechiktirmay komissiyaning yangi aʼzosini tasdiqlashi kerak. Agar ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzosi uzrli sababga koʻra (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, xizmat safarida, mehnat taʼtilida yoki ijtimoiy taʼtilda boʻlganligi sababli va boshqalar) vaqtincha oʻz majburiyatlarini bajara olmasa, mazkur aʼzo oʻziga vakillik qilayotgan taraf ushbu komissiya aʼzosi boʻlmagan muddat ichida komissiyada mazkur tarafga vakillik qiladigan shaxsni ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan muddatda belgilaydi.
- MehnatLABOR · 540-modda
Kasaba uyushmalarining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish chogʻidagi huquqlari
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari ish joylarida ish beruvchilarning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek jamoa kelishuvlari hamda jamoa shartnomasi, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan boshqa hujjatlar qoidalariga rioya etishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega. Kasaba uyushmalari loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va foydalanilayotgan ishlab chiqarish obyektlarida mehnat sharoitlari xavfsizligini ekspertizadan oʻtkazishda, shuningdek loyihalashtirilayotgan hamda foydalanilayotgan mexanizmlar va asbob-uskunalarning xavfsizligini ekspertizadan oʻtkazishda, mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi sabablarini aniqlashda, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirishda, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining majlislarida ishtirok etishga haqlidir. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish chogʻida kasaba uyushmalari: mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzuridagi tegishli jamoatchilik kengashlarida ishtirok etishga; ish beruvchilarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning va mehnatni muhofaza qilish qoidalarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar yuborishga; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlikda, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar faktlarini yashirganlikda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi talab bilan tegishli organlarga murojaat qilishga; ish beruvchiga xodimlarning hayotiga va sogʻligʻiga tahdid tugʻilgan hollarda ishlarni toʻxtatib turish haqida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablarining buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisida takliflar kiritishga; mehnatning muhofaza qilinish holatini oʻrganishga, ish beruvchilarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlari bajarilishini nazorat qilishga; oʻzi manfaatlarini ifodalayotgan xodimlarning ish joylariga kirishga; yakka tartibdagi va jamoaviy mehnat nizolarini koʻrib chiqishda ishtirok etishga; xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilib sudga murojaat etishga haqli. Kasaba uyushmalari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun kasaba uyushmalari, shuningdek ularning birlashmalari oʻz inspeksiyalarini tashkil etishga haqli.
- MehnatLABOR · 541-modda
Mehnat nizolari tushunchasi
Ish beruvchi va xodim oʻrtasida yoxud xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) oʻrtasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish masalalari boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar mehnat nizolaridir.
- MehnatLABOR · 542-modda
Mehnat nizolarining turlari
Mehnat nizolari subyektning tarkibiga qarab yakka tartibdagi yoki jamoaviy boʻlishi mumkin. Ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi quyidagi masalalar boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar yakka tartibdagi mehnat nizolaridir: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash; xodim uchun yakka tartibdagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud yakka tartibdagi mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish. Yakka tartibdagi mehnat nizolariga quyidagi nizolar ham kiradi: ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan ilgari mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxs oʻrtasidagi nizo; ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzish istagini bildirgan shaxs oʻrtasidagi nizo, agar ish beruvchi ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etgan boʻlsa. Xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) oʻrtasidagi: yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish masalalari boʻyicha; jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va oʻzgartirish masalalari boʻyicha; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qoʻllash masalalari boʻyicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar jamoaviy mehnat nizolaridir. Mehnat nizolari hal etilish usuliga qarab daʼvo xususiyatiga va daʼvosiz xususiyatga ega boʻlishi mumkin. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha yuzaga keladigan nizolar daʼvo xususiyatiga ega nizolar (huquq toʻgʻrisidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Daʼvo xususiyatiga ega boʻlgan yakka tartibdagi va jamoaviy nizolar mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlarda koʻrib chiqiladi. Daʼvo xususiyatiga ega boʻlgan mehnat nizolarini koʻrib chiqishning har qanday bosqichida taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida ular tomonidan oʻzaro maqbul yechimga erishish maqsadida nizoni mediator koʻmagida bartaraf etish tartib-taomili qoʻllanilishi mumkin. Yangi mehnat shartlarini belgilash va mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq toʻlashni) oʻzgartirish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini yoxud qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarni tuzish, oʻzgartirish masalalari boʻyicha yuzaga keladigan jamoaviy hamda yakka tartibdagi mehnat nizolari daʼvosiz xususiyatga ega boʻlgan nizolar (manfaat haqidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Daʼvosiz xususiyatga ega boʻlgan jamoaviy va yakka tartibdagi mehnat nizolari yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarini yoki mediator koʻmagida nizoni tartibga solish tartib-taomillarini qoʻllash orqali hal etiladi.
- MehnatLABOR · 543-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish tartibi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalari boʻyicha yakka tartibdagi mehnat nizolarini (daʼvo xususiyatiga ega yakka tartibdagi mehnat nizolari) koʻrib chiqish tartibi ushbu Kodeksda belgilanadi, sudlarda mehnat nizolari boʻyicha ishlarni koʻrish tartibi esa bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilanadi. Xodim uchun yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari (daʼvosiz xususiyatga ega boʻlgan yakka tartibdagi mehnat nizolari) ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan hal etiladi.
- MehnatLABOR · 544-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizolarining taraflari
Yakka tartibdagi mehnat nizosining bir tarafi ish beruvchi, boshqa tarafi esa xodim, ilgari ushbu ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan shaxs, ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bilan shunday shartnomani tuzish istagini bildirgan shaxs boʻladi. Yakka tartibdagi mehnat nizosining har bir tarafi oʻz huquqlarini himoya qilish uchun vakillarni jalb qilishga haqlidir.
- MehnatLABOR · 545-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlar
Yakka tartibdagi mehnat nizolari quyidagilar tomonidan koʻrib chiqiladi: mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar tomonidan, bundan bevosita sudda koʻriladigan nizolar mustasno; sud tomonidan. Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun oʻz tanloviga koʻra mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqli. Har qanday yakka tartibdagi mehnat nizosi mehnat nizolari boʻyicha komissiyada yoki sudda koʻrib chiqishning istalgan bosqichida, sud alohida xonaga (maslahatxonaga) sud hujjatini qabul qilish uchun kirishidan oldin “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqish uchun mediatorga oʻtkazilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 546-modda
Xodimning pulga oid talablarini qanoatlantirish
Ish beruvchi xodimning pulga oid talablarini muddati cheklanmagan holda butun davr uchun qanoatlantirishga haqli. Xodimning pulga oid talablari yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiquvchi mehnat nizolari boʻyicha komissiya yoki sud tomonidan asosli deb topilgan taqdirda toʻliq miqdorda qanoatlantiriladi.
- MehnatLABOR · 547-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyani tuzish
Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra mehnat nizolari boʻyicha komissiyani tuzish nazarda tutilishi mumkin. Ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra yoxud jamoa shartnomasida nazarda tutilgan hollarda mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar tashkilotlarning tarkibiy boʻlinmalarida tuzilishi mumkin. Tashkilotning tarkibiy boʻlinmalaridagi mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar tashkilotning mehnat nizolari boʻyicha komissiyalari faoliyat koʻrsatayotgan ayni oʻsha asoslarda ish yuritadi. Yakka tartibdagi mehnat nizolari tashkilotlar tarkibiy boʻlinmalarining mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarida jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan tashkilotning kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda aniqlanadigan ushbu komissiyalarning vakolatlari doirasida koʻrilishi mumkin. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan har bir tarafdan vakillar soni teng boʻlgan holda, teng huquqlilik asosida tuziladi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida yozma shaklda taklif olgan ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻn kunlik muddatda oʻz vakillarini komissiyaga yuborishi shart. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning kasaba uyushmasi qoʻmitasidan boʻlgan aʼzolari tegishli kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori bilan, ish beruvchining vakillari boʻlgan komissiya aʼzolari esa ish beruvchining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning son jihatidan tarkibi va vakolatlari muddati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan boshqa ichki hujjatda belgilanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning ish yuritish tartibi ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan tegishli nizomda yoki boshqa ichki hujjatda belgilanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Ish beruvchi xodimning roziligi bilan uning zimmasiga komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash uchun masʼul shaxs vazifalarini yuklatishi mumkin.
- MehnatLABOR · 548-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning vakolatlari
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni, mehnat shartnomasini qoʻllash masalalariga doir yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organ boʻlib, bundan bevosita sud tomonidan koʻriladigan nizolar mustasno. Tashkilotlarning tarkibiy boʻlinmalarida tuzilgan mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarning vakolatlari ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra tasdiqlanadigan tegishli nizomda yoki boshqa ichki hujjatda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 549-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga ariza berish tartibi
Xodimning mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga kelib tushgan arizasi roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Xodimning mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga berilgan arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: sana (xodim oʻz huquqi buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan va u komissiyaga murojaat qilish uchun muddatning oʻtishi boshlanishini qaysi sana bilan bogʻlasa, oʻsha sana); xodimning vajlarini tasdiqlovchi oʻzida mavjud boʻlgan vajlar; xodimning talablari; arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati.
- MehnatLABOR · 55-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning vakolatlari
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar: zarur boʻlgan taqdirda, jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasini ishlab chiqish, qabul qilish va ijro etish hamda ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha davlat organlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazadi; jamoa kelishuvlarining va jamoa shartnomasining loyihalarini ishlab chiqadi; ish beruvchilardan, ularning birlashmalaridan, kasaba uyushmalaridan yoki xodimlarning boshqa birlashmalaridan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni soʻrab oladi; ish beruvchilardan, ularning vakillaridan, xodimlarning vakillaridan, davlat organlaridan komissiya faoliyatini amalga oshirish, muzokaralar olib borish, tegishli jamoa kelishuvining yoki jamoa shartnomasining loyihalarini tayyorlash hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish uchun zarur boʻlgan axborot va materiallarni oladi; kelib tushgan takliflarni keyinchalik jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi loyihalariga kiritish uchun tahlil qiladi va umumlashtiradi; komissiya ishida ishtirok etish uchun manfaatdor davlat hokimiyati organlari vakillarini, shuningdek olimlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni taklif etadi; jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi va tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishining borishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; jamoa kelishuvlariga va (yoki) jamoa shartnomasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflar ishlab chiqadi hamda kiritadi; zarur boʻlgan taqdirda, jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining loyihalarini tayyorlash va ular bajarilishining borishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun vaqtinchalik ishchi guruhlarni tashkil etadi; ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya aʼzolarini, shuningdek komissiyaning qarori bilan tashkil etilgan ishchi guruhlar aʼzolarini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning ijro etilishi holatini oʻrganish uchun tashkilotlarga yuboradi; qonunchilik hujjatlari va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilishda ishtirok etadi, ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi; komissiya majlisida jamoa kelishuvlarining va jamoa shartnomasining bajarilishini taʼminlamayotgan tashkilotlar rahbarlarini eshitadi; xalqaro mehnat standartlarini qoʻllashga koʻmaklashish uchun maslahatlashuvlar oʻtkazishda ishtirok etadi; jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini tuzish hamda amalga oshirish jarayonidagi kelishmovchiliklarni hal qilishga koʻmaklashadi; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha tarmoq va hududiy komissiyalar tashkilotlarda jamoa kelishuvlarini hamda jamoa shartnomasini tuzishda amaliy va uslubiy yordam koʻrsatadi.
- MehnatLABOR · 550-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqish uchun tayyorlash
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlis oʻtkazilguniga qadar: yakka tartibdagi mehnat nizosini toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga molik boʻlgan holatlarni aniqlaydi (isbotlash predmetini aniqlaydi); nizoni hal qilishda tayanish kerak boʻlgan qonunlar va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar doirasini aniqlaydi; nizoni koʻrib chiqishda ishtirok etuvchi shaxslarning tarkibini aniqlashtiradi; har bir taraf oʻz talablarini asoslash uchun taqdim etishi kerak boʻlgan dalillar roʻyxatini belgilaydi.
- MehnatLABOR · 551-modda
Yakka tartibdagi mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqish tartibi
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida koʻrib chiqishi shart. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarda koʻriladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida koʻrib chiqilishi mumkin. Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yoʻqligida mehnat nizosini koʻrib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yoʻl qoʻyiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisida hozir boʻlmagan taqdirda, mehnat nizosini koʻrib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir boʻlmagan taqdirda, komissiya masalani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni ushbu Kodeksda belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini koʻrib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash toʻgʻrisidagi qarori arizani koʻrib chiqishdan olib tashlash sababi albatta koʻrsatilgan holda xodimga yozma shaklda yetkaziladi. Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir. Oʻn besh yoshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqiladi. Xodim, kasaba uyushmasi qoʻmitasi mehnat nizosini koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya oʻz majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning talabiga binoan ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur boʻlgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning vakolatga ega boʻlmagan tarkibi tomonidan qabul qilingan qaror gʻayriqonuniydir. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning har bir majlisida raisning vazifalari ish beruvchining va kasaba uyushmasi qoʻmitasining vakillari tomonidan navbatma-navbat bajariladi. Bunda raisning va kotibning vazifalari ayni bir majlisning oʻzida bir taraf vakillari tomonidan bajarilishi mumkin emas. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning birinchi majlisida komissiya aʼzolarining (xodimlar va ish beruvchilar vakillarining) kelishuviga koʻra ushbu majlisning raisi va kotibi belgilanadi. Komissiyaning keyingi majlislarida har bir keyingi majlis uchun rais va kotib tayinlanib, majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni chaqirish ularning zimmasiga yuklatiladi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisini rais ochib, qaysi nizo koʻrib chiqilishi lozimligini, komissiya tarkibini eʼlon qiladi. Rais taraflarning hozir boʻlgan-boʻlmaganligini, vakillarning vakolatini tekshiradi, shundan soʻng komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrilayotgan yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari: dalillarni taqdim etishga; dalillarni tekshirishda ishtirok etishga; komissiya majlisida ishtirok etayotgan shaxslarga, komissiya majlisiga taklif qilingan guvohlarga, mutaxassislarga va boshqa shaxslarga savollar berishga; iltimosnoma berishga; komissiyaga ogʻzaki va yozma tushuntirishlar berish; komissiya majlisida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning iltimosnomalariga va vajlariga qarshi eʼtiroz bildirishga; komissiyaning qarori ustidan sud tartibida shikoyat qilishga; komissiya majlisida audio va video uskunalardan foydalanishga haqli. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini mohiyatiga koʻra koʻrib chiqar ekan, avval xodimning bildirilgan talablari xususidagi tushuntirishlarini eshitadi. Shundan soʻng ish beruvchining vakili eshitiladi, taraflarning dalillari tekshiriladi, nizoni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun chaqirilgan (taklif etilgan) mutaxassislar, guvohlar va boshqa shaxslar eshitiladi.
- MehnatLABOR · 552-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisining bayonnomasi
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning majlisida bayonnoma yuritiladi, u komissiya raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisining bayonnomasida oʻtkazilayotgan majlisning quyidagi butun jarayoni aks ettiriladi: majlis oʻtkazilayotgan sana; komissiya tarkibi; qanday ariza koʻrilayotganligi; komissiya majlisini olib borish tartibi; xodim (uning vakili) hamda ish beruvchining vakili tomonidan keltirilayotgan tushuntirishlar va vajlarning, shuningdek guvohlar koʻrsatuvlarining, mutaxassislar fikrlarining bayoni; qarorning mazmuni. Yakka tartibdagi mehnat nizosining taraflari va mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisining manfaatdor ishtirokchilari majlis bayonnomasi bilan tanishishga haqli hamda ushbu bayonnoma imzolangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida bayonnomaga nisbatan yozma eʼtirozlarini undagi xatolarni, notoʻgʻri talqinlarni yoki bayonnomaning toʻliq emasligini koʻrsatgan holda berishi mumkin. Komissiya taraflarning yozma eʼtirozlarini majlis bayonnomasiga ilova qilishi kerak. Mehnat nizolari boʻyicha komissiya majlisining bayonnomasini yuritish komissiya majlisining audio- yoki videoyozuvi orqali elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 553-modda
Xodimning arizasini qabul qilishni rad etish
Mehnat nizolari boʻyicha komissiya xodimning arizasini qabul qilishni, agar mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning yoki sudning ish yurituvida xuddi shu taraflar oʻrtasidagi nizo boʻyicha, xuddi shu predmet va xuddi shu asoslar boʻyicha boshqa ariza mavjud boʻlsa yoxud ariza xodimning nomidan buning uchun vakolatli boʻlmagan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa yoki ushbu yakka tartibdagi mehnat nizosini koʻrib chiqish komissiyaning vakolatlariga kirmasa, rad etadi. Avvalgi majlisda tayinlangan mehnat nizolari boʻyicha komissiya raisi ariza beruvchiga arizani qabul qilishga doir yozma ravishda asoslantirilgan rad javobini uch kunlik muddat ichida beradi.
- MehnatLABOR · 554-modda
Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga murojaat qilish muddati
Xodim mehnat nizolari boʻyicha komissiyaga oʻz huquqi buzilganligi toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan kundan eʼtiboran olti oylik muddat ichida murojaat qilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddat uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, mehnat nizolari boʻyicha komissiya muddatni qayta tiklashi va nizoni mohiyatiga koʻra koʻrib chiqishi mumkin. Yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish yuzasidan murojaat etish muddatining oʻtishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida koʻrib chiqish davrida toʻxtatib turiladi.