Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 519-modda
Uy ishchilarining mehnat staji
Uy ishchilarining yollanib ishlash boʻyicha ish davrlari basharti ijtimoiy soliq toʻlansa, xodimning mehnat stajiga kiritiladi. Uy ishchisining mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 52-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika komissiyasi
Respublika darajasida xodimlar va ish beruvchilarning teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiya tuziladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning respublika birlashmalari vakillari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakillari kiradi. Taraflarning har biridan boʻlgan vakillarning son jihatidan tarkibi taraflarning kelishuviga koʻra belgilanadi. Xodimlar vakillarining shaxsiy tarkibi xodimlarning respublika birlashmalari tomonidan, ish beruvchilar vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchilarning respublika birlashmalari tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillarining shaxsiy tarkibi esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 520-modda
Uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini hal etish
Uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etiladi.
- MehnatLABOR · 521-modda
Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi va yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (bundan buyon matnda chet el fuqarolari deb yuritiladi) nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning umumiy normalari tatbiq etiladi. Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan va yashash guvohnomasiga ega boʻlmagan chet el fuqarolariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu bobda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 522-modda
Chet el fuqarosini ishga qabul qilish yoshi
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari oʻn sakkiz yoshga toʻlganida xodim sifatida yakka tartibdagi mehnat munosabatlariga kirishish huquqiga ega.
- MehnatLABOR · 523-modda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma asosidagina amalga oshirish huquqiga ega, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno. Ish beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari bilan mehnat shartnomalarini tuzishga ularda Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma mavjud boʻlgan taqdirdagina haqli, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari bilan oʻrindoshlik shartlari asosidagi mehnat shartnomalari faqat ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir alohida tasdiqnoma olingan taqdirdagina tuzilishi mumkin. Yuqori malakali mutaxassislar va malakali mutaxassislar bilan oʻrindoshlik shartlari asosida mehnat shartnomalarini tuzishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 526-moddasida belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomani berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 524-modda
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarosi bilan tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddati
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarosi bilan tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomaning amal qilish muddatidan, agar bunday tasdiqnomaning boʻlishi (olinishi) qonunchilikda belgilangan boʻlsa, ortiq boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 525-modda
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarosi boʻlgan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomaning amal qilish muddati tugatilganligi yoki bekor qilinganligi chet el fuqarosi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomaning amal qilish muddati tugashi munosabati bilan uning amal qilish muddati tugagan kunda mehnat shartnomasi bekor qilinishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma bekor qilinganda mehnat shartnomasi ish beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining tegishli xabarnomasini olgan kunda bekor qilinishi lozim.
- MehnatLABOR · 526-modda
Yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga qonuniy ravishda kirib kelgan yuqori malakali mutaxassis yoki malakali mutaxassis boʻlgan chet el fuqarolari uchun qonunchilikda ishga qabul qilishning, mehnat shartnomasini tuzish va bekor qilishning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomalarning amal qilish muddati yuqori malakali mutaxassis yoki malakali chet el mutaxassislari uchun, ularning xohishiga koʻra, tasdiqnomalar berilgan kundan eʼtiboran uch yilgachani tashkil etadi, cheklanmagan miqdorda uzaytirishlar imkoniyati bilan beriladi, lekin bu miqdor har bir holda koʻpi bilan uch yildan ortiq boʻlmasligi kerak. Yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻrindoshlik asosida ishlash huquqiga ega. Mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda, yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar oʻttiz ish kuni ichida boshqa ish joyini izlashga haqlidir, bu davrda ularga ilgari berilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomalar, shuningdek vizalar va yashash guvohnomalarining amal qilishi saqlanadi. Chet el fuqarolarini yuqori malakali mutaxassislar yoki malakali mutaxassislar toifasiga kiritish mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 527-modda
Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish
Xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish quyidagilarni oʻz ichiga oladi: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar, shuningdek mehnat shartnomalari shartlari buzilishining oldini olishni va (yoki) ularga barham berishni; xodimning buzilgan huquqlarini tiklashni; xodimning mehnat huquqlari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplashni va (yoki) maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilishni; xodimning mehnat huquqlarini buzganlikda aybdor ish beruvchilarning va boshqa mansabdor shaxslarning javobgarligini.
- MehnatLABOR · 528-modda
Xodimning mehnat huquqlarini himoya qilishga doir huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi
Xodimning mehnat huquqlarini himoya qilishga doir huquqini amalga oshirishga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xodimning mehnat huquqlarini himoya qilishga doir huquqini amalga oshirishni rad etishi toʻgʻrisidagi yozma yoki ogʻzaki majburiyatlari haqiqiy emas.
- MehnatLABOR · 529-modda
Mehnat huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari
Mehnat huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari quyidagilardan iborat: xodimlarning mehnat huquqlarini oʻzi himoya qilishidan; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvidan; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratidan; mehnat huquqlarining yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari orqali himoya qilishdan; mehnat huquqlarining mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlar tomonidan himoya qilishdan. Xodimlarga mehnat huquqlarini himoya qilish usulini tanlash, qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan oʻz mehnat huquqlarini himoya qilish huquqi kafolatlanadi.
- MehnatLABOR · 53-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar vakolatlarining muddati
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar doimiy faoliyat koʻrsatuvchi organlardir. Komissiyalar vakolatlarining muddati tegishli jamoa kelishuvini yoki jamoa shartnomasini tayyorlash va uning amal qilish muddatiga belgilanadi. Taraflar tomonidan yangi jamoa kelishuvini, jamoa shartnomasini tayyorlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda ular ushbu Kodeksning 48 — 51-moddalarida nazarda tutilgan tartibda yangidan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha tegishli komissiyalarni tuzadi. Bunda, agar ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya ishining yakunlariga koʻra tegishli taraf avvalgi komissiya tarkibida boʻlgan shaxslarning faoliyatini qoniqarli deb topgan boʻlsa, tegishli tarafning qarori bilan komissiya tarkibiga ushbu shaxslar ham kiritilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 530-modda
Mehnat huquqlarini xodim tomonidan himoya qilish tushunchasi va himoya qilishni amalga oshirish
Xodim tomonidan mehnat huquqlarini oʻzi himoya qilishi deganda xodimning buzilgan huquqini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni va tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarga yoxud yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organlarga murojaat etmasdan yoki murojaat qilgan holda tiklashga va (yoki) ushbu huquqni amalga oshirish borasidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan mustaqil ravishdagi qonuniy harakatlari tushuniladi. Xodim oʻz huquqi buzilganligi haqida bilgan yoki bilishi kerak boʻlgan paytdan eʼtiboran mehnat huquqlarini oʻzi himoya qilishni (bundan buyon matnda oʻzini oʻzi himoya qilish deb yuritiladi) amalga oshirishga haqli. Xodim oʻzini oʻzi himoya qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida oʻz xohishiga koʻra istalgan paytda qaror qabul qilishga haqli.
- MehnatLABOR · 531-modda
Oʻzini oʻzi himoya qilish shakllari
Oʻzini oʻzi himoya qilish maqsadida xodim oʻz hayotiga va sogʻligʻiga bevosita tahdid soluvchi ishni bajarishni, shuningdek ish beruvchining talabiga koʻra quyidagilarni: mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan ishni; qonunga xilof yoki hayotini va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, xodimning yoxud boshqa shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatiga, ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni bajarishni ish beruvchini yoki oʻzining bevosita rahbarini yoxud ish beruvchining boshqa vakilini yozma shaklda xabardor qilgan holda rad etishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilmaguniga qadar ishni yoki harakatlarni bajarishni rad etish vaqtida xodimning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha huquqlari saqlanib qoladi. Xodim ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan oʻzga hollarda ham ishlarni yoki harakatlarni bajarishni oʻzini oʻzi himoya qilish maqsadida rad etish huquqiga ega.
- MehnatLABOR · 532-modda
Xodimlar oʻzini oʻzi himoya qilishiga ish beruvchining monelik qilmaslik majburiyati
Ish beruvchi, ish beruvchining vakillari xodimlarning oʻzini oʻzi himoya qilishiga monelik qilish huquqiga ega emas. Xodimlarni qonunda yoʻl qoʻyiladigan oʻzini oʻzi himoya qilish usullaridan foydalanganlik uchun taʼqib etish taqiqlanadi.
- MehnatLABOR · 533-modda
Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilish
Quyidagilar oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilishdir: ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilmagan hollarda xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishni bila turib rad etishi; ushbu Kodeks 531-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda xodimning mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishni ish beruvchini bu haqda xabardor qilmasdan rad etishi; oʻzini oʻzi himoya qilishiga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ham xodim oʻzini oʻzi himoya qilishni toʻxtatishni rad etishi. Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilish xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi mumkin. Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqining suiisteʼmol qilinishi ish beruvchiga haqiqatda toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda ushbu zararning oʻrnini qoplash majburiyati xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 534-modda
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksning, shuningdek boshqa qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni prokuratura organlari oʻz vakolatlari doirasida “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiradi. Faoliyatning ayrim sohalarida ishlarni bexatar olib borish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi (davlat energetika nazorati, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, sanoat, yadroviy hamda radiatsiyaviy xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va hokazolar) vakolatli davlat organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan idoraviy nazorat qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 535-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi (bundan buyon matnda Davlat mehnat inspeksiyasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, u ish beruvchilar tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, aholining bandligi, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlar, mehnatni muhofaza qilish qoidalari hamda mehnat standartlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshiradi.
- MehnatLABOR · 536-modda
Davlat mehnat inspektorlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlar
Davlat mehnat inspektorlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga hamda mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini va tekshiruvini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining hududida ish beruvchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda rejali hamda rejadan tashqari tekshiruvlardan oʻtkazadi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnatni muhofaza qilish qoidalari talablariga rioya etilishi, davlat mehnat inspektorlarining tekshiruvlar davomida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarining ish beruvchilar tomonidan bajarilishi tekshirish predmetidir. Davlat mehnat inspektorlari tomonidan tekshiruvlar oʻtkazish tartibi qonunchilikda belgilanadi.