Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 500-modda
Transport xodimlari mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Transport vositalarini boshqarish yoki transport vositalarining harakatlanishini boshqarish bilan shugʻullanuvchi xodimlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan transport vositalarini boshqarish yoki transport vositalarining harakatlanishini boshqarish bilan bevosita bogʻliq ishlar, kasblar, lavozimlar roʻyxatiga muvofiq boshqa xodimlar transport xodimlaridir. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan ishga kasbiy tayyorgarlikdan oʻtgan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtganligi tegishli hujjat (diplom, shahodatnoma, guvohnoma va hokazo) bilan tasdiqlangan shaxslar qabul qilinadi. Transport xodimlari ishga qabul qilinish chogʻida (dastlabki) va ish jarayonida (davriy) majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtadi. Transport xodimlariga transport vositalarini boshqarish yoki transport vositalarining harakatlanishini boshqarish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ishda oʻrindoshlik asosida ishlashga ruxsat etilmaydi. Transport xodimlarining mehnatini qoʻllash chogʻida ish beruvchilar mazkur xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan ish vaqti va dam olish vaqti rejimining, mehnat sharoitlarining oʻziga xos xususiyatlariga rioya etishi shart. Transport xodimlarining intizomi ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda, shuningdek intizom toʻgʻrisidagi ustavlarda (nizomlarda) tartibga solinadi.
- MehnatLABOR · 501-modda
Pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni oʻqitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shugʻullanuvchi pedagog xodimlari va boshqa xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chogʻida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtadi. Tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega. Pedagog xodimlarni oliy taʼlim tashkilotlariga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi (assistent), stajyor-oʻqituvchi lavozimlariga ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Oliy taʼlim tashkilotining rahbariga tanlov oʻtkazilguniga qadar kafedra mudiri vakant lavozimi boʻyicha vazifalarni bajarishni kafedraning yetakchi oʻqituvchilaridan birining yoki tegishli fakultet dekanining zimmasiga yuklatishga ruxsat beriladi. Oliy taʼlim tashkilotlariga soatbay haq toʻlanishi shartlari asosida oʻqituvchilik ishiga kirayotgan shaxslar tanlovsiz, oliy taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻi bilan ishga qabul qilinadi. Taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga oʻttiz olti soatdan ortiq boʻlmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtilining davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Taʼlim tashkilotlari mehnatga haq toʻlash uchun mavjud mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq toʻlash va uni ragʻbatlantirishning turli shakllarini qoʻllashga haqli.
- MehnatLABOR · 502-modda
Tibbiyot xodimlari mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Tibbiyot xodimlari uchun ish vaqtining haftasiga oʻttiz olti soatdan ortiq boʻlmagan qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi. Ayrim toifadagi tibbiyot xodimlari yillik qoʻshimcha mehnat taʼtili olish huquqiga ega. Tibbiyot xodimlari ish vaqtining va yillik qoʻshimcha mehnat taʼtilining davomiyligi, shuningdek ularning mehnatiga haq toʻlash razryadlari hamda tarif stavkasiga (maoshga) qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Rahbar xodimlar mehnatiga haq toʻlash boʻyicha tibbiyot tashkilotlari guruhlari oʻzi bevosita boʻysunadigan sogʻliqni saqlashni boshqarish organlari tomonidan, davolangan bemorlar soniga qarab — statsionar muassasalar uchun, xizmat koʻrsatiladigan aholi soniga qarab — ambulatoriya-poliklinika xizmati va boshqa tibbiyot tashkilotlari uchun belgilanadi. Agar shifokorning mutaxassisligi boʻyicha ish stajida uch yil yoki undan ortiq tanaffus mavjud boʻlsa (ijtimoiy taʼtillar, tibbiyotga ixtisoslashmagan mutaxassislikda ishlash, uzoq davom etgan kasallik, nogironlik va boshqalar), shifokor oʻz kasbiy faoliyatini qayta boshlashdan oldin avvalgi yillarda olinganligi toʻgʻrisida hujjat bilan tasdiqlangan mavjud bazaviy, asosiy yoki qoʻshimcha mutaxassislikka muvofiq ixtisoslashuv kurslaridan oʻtishi shart. Ixtisoslashuv kurslaridan oʻtish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 503-modda
Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Ushbu moddaning qoidalari mehnat vazifasi sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishdan va muayyan turdagi yoki sport turlari boʻyicha sport musobaqalarida ishtirok etishdan iborat boʻlgan xodimlar (bundan buyon matnda sportchilar deb yuritiladi) bilan mehnat munosabatlarini tartibga soladi. Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shu jumladan jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ichki hujjatlarda belgilanadi. Ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan tashqari, sportchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga quyidagilar kiritilishi shart: ish beruvchining mashq tadbirlari oʻtkazilishini va sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini taʼminlash majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar; sportchining ish beruvchi tomonidan belgilangan sport rejimiga rioya etish va sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish rejalarini bajarish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar; sportchining sport musobaqalarida faqat ish beruvchining koʻrsatmasi boʻyicha ishtirok etish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar; sportchining xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga rioya etish, doping nazoratidan oʻtish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar; ish beruvchining sportchining hayoti va sogʻligʻi sugʻurta qilinishini, shuningdek sportchining qoʻshimcha tibbiy va boshqa xizmatlarni olish maqsadida tibbiy sugʻurta qilinishini taʼminlashga doir majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar. Mehnat shartnomasini tuzish chogʻida sportchilar dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart. Ish beruvchi dastlabki va davriy majburiy tibbiy koʻriklarning oʻtkazilishini oʻz hisobidan tashkil etishi shart. Mehnat shartnomasining amal qilishi davrida sportchilar topshirilgan ishni bajarish uchun yaroqliligini aniqlash hamda kasb kasalliklarining va sport jarohatlanishlarining oldini olish maqsadida davriy majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtadi. Ish beruvchi oʻz mablagʻlari hisobidan sportchilarni sport kiyim-boshlari, sport anjomlari va ashyolari, ular mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlashi, shuningdek mazkur kiyim-boshlar, asbob-uskunalar, anjomlar, ashyolar va vositalarni foydalanishga yaroqli holatda saqlashi shart. Sportchilarga yillik qoʻshimcha mehnat taʼtili beriladi, uning davomiyligi jamoa shartnomalarida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomalarida belgilanadi, lekin u toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak. Ish beruvchi sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlmagan hollarda, ish beruvchilar oʻrtasidagi kelishuvga, sportchining oʻz yozma roziligiga koʻra, bir yildan oshmaydigan muddatga vaqtincha boshqa ish beruvchiga oʻtishiga yoʻl qoʻyiladi. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtishi davri uchun vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi u bilan ushbu moddaning uchinchi qismi qoidalarini inobatga olgan holda muddatli mehnat shartnomasi tuzadi. Sportchi boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtgan davrda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi toʻxtatib turiladi (taraflar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlar amalga oshirilishini hamda majburiyatlar bajarilishini toʻxtatib turadi). Bunda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilishi muddatining oʻtishi uzilib qolmaydi. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtish muddati tugaganidan keyin dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi toʻliq hajmda qayta tiklanadi. Vaqtincha oʻtish muddati mobaynida sportchiga va vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchiga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat huquqi normalarini oʻz ichiga olgan boshqa hujjatlarda belgilangan qoidalar, ushbu moddada belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, toʻliq hajmda tatbiq etiladi. Vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi sportchining boshqa ish beruvchiga oʻtishiga doir tashabbus bilan chiqish huquqiga ega emas. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtishi davriga tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslarning istalgan biriga koʻra muddatidan ilgari bekor qilingan taqdirda, vaqtincha oʻtish davriga tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bogʻliq boʻlgan kalendar sanasidan keyingi ish kunidan boshlab dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi toʻliq hajmda amal qiladi. Agar boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtish muddati tugaganidan keyin sportchi vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchida ishlashni davom ettirsa va na sportchi yoki na vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi, na dastlab mehnat shartnomasi tuzilgan ish beruvchi vaqtinchalik oʻtish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni hamda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasini qayta tiklashni talab qilmasa, dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va vaqtinchalik oʻtish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasi taraflar kelishuvi bilan belgilanadigan muddatga, bunday kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda esa nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Sportchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari quyidagilar asos boʻlishi mumkin: 1) olti oy va undan koʻp muddatga sportdan chetlashtirilganlik; 2) xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tasdiqlagan dopingga qarshi qoidalarning sportchi tomonidan buzilganligi, shu jumladan bir marta buzilganligi. Mehnat shartnomasini sportchining tashabbusi bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddatining davomiyligi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan tegishli sport turi yoki turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalarining) tavsiyalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi belgilaydigan muddatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.
- MehnatLABOR · 504-modda
Umumiy qoidalar
Mikrofirmalar jumlasiga kiritilgan ish beruvchilarda (bundan buyon matnda ish beruvchi boʻlgan mikrofirma deb yuritiladi) xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish ushbu paragrafda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Agar ish beruvchi boʻlgan mikrofirma tadbirkorlik subyektlarining belgilangan tasnifiga muvofiq mikrofirmalar jumlasiga kirmay qolsa, davlat statistika organlari tomonidan ish beruvchi boʻlgan mikrofirma toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlar kiritilgan paytdan eʼtiboran ushbu ish beruvchida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ushbu paragrafda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olinmagan holda amalga oshirilishi kerak.
- MehnatLABOR · 505-modda
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni ichki hujjatlar hamda mehnat shartnomalari bilan huquqiy jihatdan tartibga solish
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma ichki hujjatlarni (ichki mehnat tartibi qoidalarini, mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisidagi nizomni, mukofotlash haqidagi nizomni, smenalar jadvalini va boshqalarni) qabul qilishdan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli. Bunda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalariga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ichki hujjatlar bilan tartibga solinishi zarur boʻlgan shartlarni kiritishi kerak. Mazkur mehnat shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan namunaviy shakl asosida tuziladi. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirmalarga ishga kiruvchi shaxslar bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoxud muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirmalarning xodimlariga ushbu mikrofirmadagi ish staji uchun qoʻshimcha mehnat taʼtili berilishi mumkin, uning davomiyligi va uni berish tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilanadi. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimni mehnat sharoitlarining oʻzgarishi (ushbu Kodeksning 137-moddasi birinchi qismi) va ish beruvchining boshqa joyga koʻchishi munosabati bilan joyning oʻzgarishi (ushbu moddaning 146-moddasi birinchi qismi) toʻgʻrisida kamida bir oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi shart.
- MehnatLABOR · 506-modda
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimi ish beruvchi boʻlgan mikrofirmani yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma oʻz xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilishga haqli. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasida sodir etilganligi uchun mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq bekor qilishga yoʻl qoʻyiladigan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishlari roʻyxati nazarda tutilishi mumkin. Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimini mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi, agar ular belgilanmagan boʻlsa, xodimlarga ushbu Kodeks hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy kafolatlar tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 507-modda
Umumiy qoidalar
Davlat roʻyxatidan oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bank hisobvaragʻini ochganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda yollanma xodimlar mehnatidan foydalanishga haqli. Yakka tartibdagi tadbirkor va yollanma xodim oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ushbu paragrafda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
- MehnatLABOR · 508-modda
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi mehnat shartnomasi
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi asos boʻladi. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunda mehnat shartnomasining muddati yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak. Ish qidirayotgan shaxs mehnat shartnomasi tuzilguniga qadar mehnat va bandlik shartlari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilingan boʻlishi kerak. Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi, ulardan biri yakka tartibdagi tadbirkorda qoladi, ikkinchisi yollanma xodimga beriladi, uchinchisi esa yakka tartibdagi tadbirkorning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Mehnat shartnomasining nusxasini davlat soliq xizmati organiga taqdim etish elektron shaklda ham amalga oshirilishi mumkin. Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollanma xodimlarni ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilmasdan amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi xodimlarga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
- MehnatLABOR · 509-modda
Ish va dam olish rejimi
Ish rejimi, dam olish kunlarini va yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi xodim bilan yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Bunda ish haftasining davomiyligi ushbu Kodeksda belgilanganidan koʻproq, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi esa qisqaroq boʻlishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 51-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha tarmoq komissiyalari
Tarmoq darajasida xodimlar va ish beruvchilarning teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha ikki tomonlama yoxud uch tomonlama komissiyalar tuzilishi mumkin. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha ikki tomonlama tarmoq komissiyasi tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning tarmoq birlashmalari vakillari kiradi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama tarmoq komissiyasi xodimlar va ish beruvchilarning tarmoq birlashmalari taklifi asosida tuziladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama tarmoq komissiyasi tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning tarmoq birlashmalari vakillari, shuningdek tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari kiradi. Tegishli tarmoqdagi davlat respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ish yuritgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama tarmoq komissiyasida ishtirok etadi. Taraflarning har biridan boʻlgan vakillarning son jihatidan tarkibi taraflarning kelishuviga koʻra belgilanadi. Xodimlar vakillarining shaxsiy tarkibi xodimlarning tegishli tarmoq birlashmasi tomonidan, ish beruvchilar vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchilarning tarmoqdagi birlashmasi, tegishli tarmoq respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillarining shaxsiy tarkibi esa ushbu organ rahbari tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 510-modda
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mehnat shartlarining oʻzgartirilishi
Ushbu Kodeks 137-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda yakka tartibdagi tadbirkor xodimning taraflar tomonidan belgilangan mehnat shartlari oʻzgartirilishi toʻgʻrisida xodimni kamida oʻn toʻrt kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart.
- MehnatLABOR · 511-modda
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi mehnat shartnomasini bekor qilish
Xodim yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu tadbirkorni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish muddati xodim va yakka tartibdagi tadbirkorning kelishuviga koʻra qisqartirilishi mumkin. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkor xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini unda nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilishga haqlidir. Xodim bilan yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida sodir etilganligi uchun mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq bekor qilishga yoʻl qoʻyiladigan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishlari roʻyxati nazarda tutilishi mumkin. Xodimni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi. Yakka tartibdagi tadbirkor xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda yakka tartibdagi tadbirkorning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organini mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda xabardor qilishi shart. Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati toʻxtatib turilgan hollarda xodimning oʻrtacha ish haqi ikki hafta davomida saqlanib qoladi. Ushbu muddat tugaganidan keyin yakka tartibdagi tadbirkor oʻz faoliyati toʻxtatib turilishi munosabati bilan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini xodimga ushbu shartnomada nazarda tutilgan miqdorda, lekin xodimning ikki haftalik oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda kompensatsiya toʻlagan holda bekor qilishga haqli. Mazkur miqdordagi pulli kompensatsiya yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatining bir haftadan ortiq davom etgan toʻxtatib turilishi davrida, xodim mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilgan taqdirda ham toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 512-modda
Yakka tartibdagi tadbirkorda ishlaydigan xodimlarning mehnat staji
Yakka tartibdagi tadbirkorda yollanib ishlash davrlari, basharti ijtimoiy soliq toʻlansa, xodimning mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Xodimning mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq toʻlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 513-modda
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini hal etish
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etiladi.
- MehnatLABOR · 514-modda
Uy ishchilari
Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxslarga ularning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ishlarni bajaruvchi, xizmatlar koʻrsatuvchi xodimlar (bogʻbonlar, enagalar, qorovullar, oqsochlar, haydovchilar va boshqalar) uy ishchilaridir. Uy ishchilarini ishga qabul qilishga ular oʻn olti yoshga toʻlganida yoʻl qoʻyiladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻzida fuqarolik muomala layoqati toʻliq hajmda mavjud boʻlgan taqdirda, uy ishchilarini ishga yollash huquqiga ega.
- MehnatLABOR · 515-modda
Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi uy ishchisi bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga asos boʻladi. Ishga qabul qilinayotgan uy ishchisi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Mehnat shartnomasi tuzilguniga qadar uy ishchisi ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan mehnat shartlari toʻgʻrisida oldindan xabardor qilinishi kerak. Uy ishchisi bilan mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi, ulardan biri ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi, ikkinchisi ish beruvchida qoladi, uchinchisi esa xodimga beriladi. Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Agar taraflar uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisida kelishuvga erishgan boʻlsa, bu shart mehnat shartnomasining mazmuniga kiritilishi kerak. Uy ishchilarini ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilinmasdan amalga oshiriladi. Uy ishchilariga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
- MehnatLABOR · 516-modda
Ish va dam olish rejimi
Ish rejimi, dam olish kunlarini va yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Bunda ish haftasining davomiyligi ushbu Kodeksda belgilanganidan koʻproq, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi esa qisqaroq boʻlishi mumkin emas. Uy xoʻjaligida yashovchi uy ishchilarini har kunlik yoki har haftalik dam olish yoxud yillik mehnat taʼtillari davrida uy xoʻjaligida yoki uy xoʻjaligi aʼzolari bilan qolishga majburlash taqiqlanadi.
- MehnatLABOR · 517-modda
Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan uy ishchisining mehnat shartlarini oʻzgartirish
Ushbu Kodeks 137-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs uy ishchisining taraflar tomonidan mehnat shartnomasida belgilangan mehnat shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida xodimni kamida oʻn toʻrt kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shart.
- MehnatLABOR · 518-modda
Uy ishchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish
Uy ishchisi mehnat shartnomasini ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqlidir. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish muddati uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi kelishuvga koʻra qisqartirilishi mumkin. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari, ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir. Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasida sodir etilganligi uchun mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq bekor qilishga yoʻl qoʻyiladigan mehnat majburiyatlarining bir marta qoʻpol ravishda buzilishlari roʻyxati nazarda tutilishi mumkin. Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan bekor qilinadi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning vafotidan keyingi kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, mehnat shartnomasi bekor qilinganligi bilan bogʻliq boʻlgan barcha toʻlovlar ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning merosxoʻrlariga regress tartibida talablar yuborishga haqli boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining hisobidan amalga oshiriladi. Uy ishchisini mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi, agar ular belgilanmagan boʻlsa, xodimlarga ushbu Kodeks hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy kafolatlar tatbiq etiladi. Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganda mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini yozma shaklda xabardor qilishi shart.