Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 483-modda
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtil
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha taʼtil qaysi joylarda ishlaganlik uchun mehnat haqiga tegishli koeffitsiyentlar belgilangan boʻlsa, oʻsha joylarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarga beriladi. Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay hududlarning roʻyxati va bunday sharoitlardagi ish uchun beriladigan yillik qoʻshimcha taʼtilning eng qisqa davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan yillik qoʻshimcha taʼtillar belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 484-modda
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun mehnatga haq toʻlash koeffitsiyentlari
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun mehnatga haq toʻlash koeffitsiyenti ayrim hududlardagi mehnat sharoitlarining xususiyatlari inobatga olingan holda xodimlarga toʻlanadigan kompensatsiya xususiyatiga ega boʻlgan ustama turidir. Koeffitsiyentlarning eng kam miqdorlari va ularni qoʻllash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 485-modda
Umumiy qoidalar
Tashkilot rahbari ushbu Kodeksga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, tashkilotning taʼsis hujjatlariga, ichki hujjatlarga muvofiq mazkur tashkilotga rahbarlikni amalga oshiruvchi, shu jumladan uning yagona ijro etuvchi organi vazifalarini bajaruvchi jismoniy shaxsdir. Ushbu paragrafdagi qoidalar, tashkilotlarning tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulk shakllaridan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, tashkilotlar rahbarlariga nisbatan tatbiq etiladi, bundan quyidagi hollar mustasno, agar: tashkilot rahbari yagona ishtirokchi (taʼsis etuvchi), tashkilot mol-mulkining yagona mulkdori boʻlsa; tashkilotni boshqarish boshqa tashkilot (boshqaruvchi tashkilot) bilan shartnoma asosida amalga oshirilsa. Tashkilot rahbarining oʻrinbosari rahbar yoʻqligida uning vazifasini vaqtincha bajarib turish yoki lavozim vazifalari taqsimoti asosida ayrim masalalar boʻyicha rahbar vazifasini bajarish oʻz xizmat vazifalari jumlasiga kiruvchi shaxsdir. Tashkilot bosh buxgalteri tashkilotda shtatdagi lavozimni egallab turgan, hisob siyosatini shakllantirish, buxgalteriya hisobini yuritish, toʻliq va haqqoniy buxgalteriya, soliq va statistika hisobotlari oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javob beruvchi, amalga oshirilayotgan xoʻjalik operatsiyalarining qonunchilikka muvofiqligini, tashkilot mol-mulkining harakati va majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlovchi shaxsdir. Tashkilotda bosh buxgalter lavozimi mavjud boʻlmagan taqdirda ushbu paragrafning qoidalari tashkilotda bosh buxgalter vazifasini amalga oshirayotgan mansabdor shaxsga nisbatan tatbiq etiladi. Tashkilotning alohida boʻlinmalari rahbarlari tarkibiy boʻlinmalarni tashkil etgan tashkilot tomonidan lavozimga tayinlanadigan va mazkur alohida boʻlinmani tashkil etgan tashkilot tomonidan berilgan ishonchnoma asosida faoliyat koʻrsatuvchi mansabdor shaxslardir. Tashkilot rahbarining, uning oʻrinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbarining mehnatga oid munosabatlar sohasidagi huquq va majburiyatlari ushbu Kodeksda, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda, tashkilotning, alohida boʻlinmaning taʼsis hujjatlarida, mehnat shartnomasida belgilanadi. Qonunda tashkilotlar rahbarlarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning ushbu paragrafda nazarda tutilganidan tashqari boshqa oʻziga xos xususiyatlari ham belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 486-modda
Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida boʻlinmasining rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzish
Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida boʻlinmasining rahbari bilan tashkilotning taʼsis hujjatlarida yoki taraflarning kelishuvida belgilangan muddatga muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Aksiyadorlik jamiyatining rahbari bilan qonunda belgilangan muddatga muddatli mehnat shartnomasi tuziladi. Qonunda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda, tashkilotning taʼsis hujjatlarida tashkilot rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzilishidan oldingi tartib-taomillar (tanlov oʻtkazish, lavozimga saylash yoki tayinlash va hokazo) belgilanishi mumkin. Tashkilot rahbarini, uning oʻrinbosarlarini, tashkilot bosh buxgalterini va tashkilotning alohida boʻlinmasi rahbarini ishga qabul qilish chogʻida olti oygacha muddat bilan dastlabki sinov belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 487-modda
Tashkilot rahbarining, uning oʻrinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbarining oʻrindoshlik asosida ishlashi
Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida boʻlinmalarining rahbari boshqa ish beruvchida faqat tashkilotning vakolatli organi yoki tashkilot mulkdori yoxud mulkdor vakolat bergan shaxs (organ) ruxsati bilan oʻrindoshlik asosida ishlashi mumkin.
- MehnatLABOR · 488-modda
Tashkilot rahbarining, uning oʻrinbosarlarining, tashkilot bosh buxgalterining va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbarining moddiy javobgarligi
Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri va tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari tashkilotga oʻzi bevosita yetkazgan haqiqiy zarar uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar aybli harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini tashkilot mulkdorining (aksiyadorlar, ishtirokchilar, muassislar umumiy yigʻilishining) yoxud kuzatuv kengashining yoki mulkdor vakolat bergan boshqa organning talabiga binoan qoplaydi. Bunda zararlarni hisob-kitob qilish fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan normalarga muvofiq amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 489-modda
Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida boʻlinmasi rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin: 1) tashkilot mulkdori oʻzgarganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra. Mehnat shartnomasini shu asosga koʻra bekor qilishga tashkilot mulk qilib olingan kundan eʼtiboran uch oy ichida yoʻl qoʻyiladi. Mazkur muddatga xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi davrlari, uning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlganligi vaqti, boshqa uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan davrlari kiritilmaydi; 2) mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra. Quyidagilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilinganda kasaba uyushmasi qoʻmitasining roziligini olish talab qilinmaydi: ushbu Kodeksning 161-moddasida nazarda tutilgan asoslardan istalgan biriga koʻra tashkilot rahbari, shuningdek alohida boʻlinma rahbari bilan; ushbu modda birinchi qismining 1-bandiga koʻra tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, alohida boʻlinma rahbari bilan. Tashkilot rahbari oʻz tashabbusiga koʻra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugashidan oldin muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli boʻlib, bu haqda ish beruvchini ikki oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak. Rahbarning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, alohida boʻlinmalar rahbarlari oʻz tashabbusiga koʻra nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugashidan oldin muddatli mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli boʻlib, bu haqda ish beruvchini bir oy oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak.
- MehnatLABOR · 49-modda
Boshlangʻich darajadagi ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya
Boshlangʻich darajada xodimlar va ish beruvchining teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha ikki tomonlama komissiya tuziladi. Taraflarning har biridan boʻlgan vakillarning son jihatidan tarkibi ish beruvchining kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuviga koʻra belgilanadi. Ish beruvchi vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchining buyrugʻi bilan, kasaba uyushmasi qoʻmitasi vakillarining shaxsiy tarkibi esa kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori bilan tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 490-modda
Tashkilotning kollegial ijro etuvchi organi aʼzolarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Qonunchilikda, tashkilotning taʼsis hujjatlarida tashkilot rahbari uchun ushbu paragrafda belgilangan mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari mehnat shartnomasini tuzgan tashkilot kollegial ijro etuvchi organi aʼzolariga nisbatan tatbiq etilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 491-modda
Mavsumiy ishlar
Iqlim va boshqa tabiiy sharoitlar tufayli muayyan davr (mavsum) davomida bajariladigan ishlar mavsumiy ishlardir. Mavsumiy ishlarning davomiyligi, qoida tariqasida, olti oydan oshmasligi kerak. Mavsumiy ishlarning, shu jumladan olti oydan ortiq davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ayrim mavsumiy ishlarning roʻyxatlari va mazkur ayrim mavsumiy ishlarning eng koʻp davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 492-modda
Mavsumiy ishlarni bajarish toʻgʻrisida mehnat shartnomasi tuzishning oʻziga xos xususiyatlari
Ishning mavsumiy xususiyati toʻgʻrisidagi shart mehnat shartnomasida koʻrsatilishi kerak. Mavsumiy xodimlarni ishga qabul qilish chogʻida sinov muddati belgilanmaydi. Mavsumiy xodimlar bilan mehnat shartnomasi mavsumning davomiyligidan oshmaydigan muddatga tuziladi.
- MehnatLABOR · 493-modda
Mavsumiy xodimlarning mehnat taʼtili
Mavsumiy xodimlar ishning har bir oyi uchun kamida ikki kalendar kun hisobidan haq toʻlanadigan mehnat taʼtili olish huquqiga ega. Agar mavsumiy xodim toʻliq mavsum ishlagan boʻlsa, unga keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda haq toʻlanadigan mehnat taʼtili beriladi. Bu holda taʼtilning oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda haq toʻlanadigan mehnat taʼtili oʻrniga mavsumiy xodimga uning xohishiga koʻra pulli kompensatsiya toʻlanadi. Agar mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mavsum tugagunga qadar muddatidan oldin bekor qilinsa, mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida unga foydalanilmagan mehnat taʼtili uchun ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda kompensatsiya toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 494-modda
Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Mavsumiy xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli. Ish beruvchi mehnat shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish xususidagi oʻz niyati toʻgʻrisida mavsumiy xodimni: tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi), shuningdek xodimlarning soni yoki shtati oʻzgarishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida yetti kalendar kun oldin; mavsumiy xodim malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi) mehnat shartnomasi bekor qilinganda kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantirishi shart. Mavsumiy xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, mavsumiy xodim oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida bir kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi. Mavsumiy xodimni ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish oʻrniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlashga haqli. Mavsumiy xodim bilan mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 173-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilgan asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, unga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizi miqdorida ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 495-modda
Vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan shaxslar
Ikki oygacha boʻlgan muddatga ishga qabul qilingan shaxslar vaqtinchalik ishlarda band boʻlgan shaxslardir (bundan buyon matnda vaqtinchalik xodimlar deb yuritiladi).
- MehnatLABOR · 496-modda
Vaqtinchalik xodimlarni ishga qabul qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Ishning vaqtinchalik xususiyati toʻgʻrisidagi shartlar mehnat shartnomasida qayd etilgan boʻlishi kerak. Vaqtinchalik xodimlarni ishga qabul qilish chogʻida dastlabki sinov belgilanmaydi.
- MehnatLABOR · 497-modda
Vaqtinchalik xodimlarni dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb qilish
Ikki oygacha boʻlgan muddatga mehnat shartnomasi tuzgan xodimlar ushbu muddat doirasida dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayramlar kunlarida oʻz yozma roziligiga koʻra ishga jalb qilinishi mumkin. Dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayramlar kunlaridagi ish kamida ikki hissa miqdorida pul shaklida kompensatsiya qilinadi.
- MehnatLABOR · 498-modda
Vaqtinchalik xodimlarga mehnat taʼtili berish
Vaqtinchalik xodimlar ishning har bir oyi uchun kamida ikki kalendar kun hisobidan haq toʻlanadigan mehnat taʼtili olish huquqiga ega. Vaqtinchalik xodimlarga mehnat taʼtillari beriladi yoki mehnat shartnomasi bekor qilinganda ularning xohishiga koʻra ishning har bir oyi uchun ikki ish kuni hisobidan kompensatsiya toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 499-modda
Vaqtinchalik xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Vaqtinchalik xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli. Ish beruvchi tashkilotning (uning alohida boʻlinmasining) tugatilishi (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi), xodimlar sonining yoki shtatining oʻzgarishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi), shuningdek xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi) mehnat shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish xususidagi oʻz niyati toʻgʻrisida vaqtinchalik xodimni kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantirishi shart. Vaqtinchalik xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi vaqtinchalik xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, vaqtinchalik xodim oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida bir kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi. Vaqtinchalik xodimni ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan yozma ravishdagi ogohlantirish oʻrniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlashga haqli. Agar jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, vaqtinchalik xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanmaydi.
- MehnatLABOR · 5-modda
Mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash prinsipi
Mehnat erkinligi har kimning mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashgʻulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqini anglatadi. Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarga muvofiq mehnat erkinligi mehnat shartnomasi erkinligida namoyon boʻlib, bu quyidagilarni anglatadi: xodimlar va ish beruvchilarning mehnat shartnomasini tuzishdagi erkinligini. Xodimni va ish beruvchini mehnat shartnomasini tuzishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda, qonunda yoki ixtiyoriy ravishda olingan majburiyatda ish beruvchining shartnoma tuzish majburiyati nazarda tutilgan hollarda tuzishi shart; mehnat shartnomasining shartnomaviy (asosiy va qoʻshimcha) shartlarini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga koʻra belgilashni; mehnat shartnomasini xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra oʻzgartirish imkoniyatini; har qanday mehnat shartnomasini ushbu shartnoma taraflarining kelishuviga koʻra istalgan vaqtda bekor qilish imkoniyatini; xodimning ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mehnat shartnomasini oʻz tashabbusi bilan bekor qilish huquqini; ish beruvchining xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda mehnat shartnomasini bekor qilish uchun nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda va belgilangan tartibga rioya etilgan holda oʻz tashabbusi bilan bekor qilish huquqini; ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilangan hollarda, mehnat shartnomasida uni bekor qilishning qoʻshimcha asoslarini nazarda tutish imkoniyatini. Majburiy mehnat taqiqlanadi. Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qoʻllash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda oʻz xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy taʼsir choralarini qoʻllash yoki qoʻllash tahdidi tushuniladi. Majburiy mehnat: harbiy xususiyatga ega boʻlgan ishlarni yoki “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida muqobil xizmatni oʻtash bilan bogʻliq ishlarni bajarishni; bajarilishiga favqulodda yoki harbiy holat joriy etilishi sabab boʻladigan ishni; sud qarorlarini ijro etish chogʻida qonunchilikka rioya etilishi uchun masʼul boʻlgan davlat organlari nazorati ostida sudning qonuniy kuchga kirgan qarori boʻyicha jazo sifatida bajariladigan ishni oʻz ichiga olmaydi.
- MehnatLABOR · 50-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar
Xodimlar va ish beruvchilarning teng sonli vakillaridan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha ikki tomonlama yoxud uch tomonlama hududiy komissiyalar tuzilishi mumkin. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha ikki tomonlama hududiy komissiya tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari vakillari kiradi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama hududiy komissiya xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari taklifi asosida tuziladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama hududiy komissiya tarkibiga xodimlar va ish beruvchilarning hududiy birlashmalari vakillari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari kiradi. Taraflarning har biridan boʻlgan vakillarning son jihatidan tarkibi taraflarning kelishuviga koʻra belgilanadi. Xodimlar vakillarining shaxsiy tarkibi xodimlarning tegishli hududiy birlashmasi tomonidan, ish beruvchilar vakillarining shaxsiy tarkibi ish beruvchilarning hududiy birlashmasi tomonidan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi vakillarining shaxsiy tarkibi esa ushbu organ rahbari tomonidan belgilanadi.