Vaqtinchalik xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Vaqtinchalik xodim ish beruvchini uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirib, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi tashkilotning (uning alohida boʻlinmasining) tugatilishi (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi), xodimlar sonining yoki shtatining oʻzgarishi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi), shuningdek xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli bajarayotgan ishiga nomuvofiqligi munosabati bilan (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 3-bandi) mehnat shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish xususidagi oʻz niyati toʻgʻrisida vaqtinchalik xodimni kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda, imzo qoʻydirib ogohlantirishi shart.
Vaqtinchalik xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi vaqtinchalik xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan taqdirda, vaqtinchalik xodim oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishidan kamida bir kun oldin yozma shaklda ogohlantiriladi.
Vaqtinchalik xodimni ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismida nazarda tutilgan yozma ravishdagi ogohlantirish oʻrniga ish beruvchi unga mutanosib pulli kompensatsiya toʻlashga haqli.
Agar jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, vaqtinchalik xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasi toʻlanmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish