Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilish
Quyidagilar oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilishdir:
ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilmagan hollarda xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishni bila turib rad etishi;
ushbu Kodeks 531-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda xodimning mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishni ish beruvchini bu haqda xabardor qilmasdan rad etishi;
oʻzini oʻzi himoya qilishiga asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin ham xodim oʻzini oʻzi himoya qilishni toʻxtatishni rad etishi.
Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqini suiisteʼmol qilish xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻlishi mumkin. Oʻzini oʻzi himoya qilish huquqining suiisteʼmol qilinishi ish beruvchiga haqiqatda toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazilishiga olib kelgan hollarda, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda ushbu zararning oʻrnini qoplash majburiyati xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish