Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
MehnatLABOR · 547-modda

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyani tuzish

Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra mehnat nizolari boʻyicha komissiyani tuzish nazarda tutilishi mumkin.

Ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra yoxud jamoa shartnomasida nazarda tutilgan hollarda mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar tashkilotlarning tarkibiy boʻlinmalarida tuzilishi mumkin.

Tashkilotning tarkibiy boʻlinmalaridagi mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar tashkilotning mehnat nizolari boʻyicha komissiyalari faoliyat koʻrsatayotgan ayni oʻsha asoslarda ish yuritadi. Yakka tartibdagi mehnat nizolari tashkilotlar tarkibiy boʻlinmalarining mehnat nizolari boʻyicha komissiyalarida jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan tashkilotning kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda aniqlanadigan ushbu komissiyalarning vakolatlari doirasida koʻrilishi mumkin.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyalar ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan har bir tarafdan vakillar soni teng boʻlgan holda, teng huquqlilik asosida tuziladi.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida yozma shaklda taklif olgan ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻn kunlik muddatda oʻz vakillarini komissiyaga yuborishi shart.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning kasaba uyushmasi qoʻmitasidan boʻlgan aʼzolari tegishli kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori bilan, ish beruvchining vakillari boʻlgan komissiya aʼzolari esa ish beruvchining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning son jihatidan tarkibi va vakolatlari muddati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan boshqa ichki hujjatda belgilanadi.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning ish yuritish tartibi ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasida kelishilgan holda tasdiqlanadigan tegishli nizomda yoki boshqa ichki hujjatda belgilanadi.

Mehnat nizolari boʻyicha komissiyaning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Ish beruvchi xodimning roziligi bilan uning zimmasiga komissiya faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash uchun masʼul shaxs vazifalarini yuklatishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.