Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 573-modda
Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari
Jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) tartibi quyidagi bosqichlardan iborat: nizoni yarashtirish komissiyasi tomonidan koʻrib chiqishdan; nizoni mediator ishtirokida koʻrib chiqishdan; nizoni mehnat arbitrajida koʻrib chiqishdan. Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining hech biri yarashtiruv tartib-taomilida ishtirok etishdan bosh tortishga haqli emas. Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillari, yarashtirish komissiyasi, mediator, mehnat arbitraji, jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organi yuzaga kelgan jamoaviy mehnat nizosini hal etish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan barcha imkoniyatlardan foydalanishi shart. Yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillari ushbu paragrafda nazarda tutilgan muddatlarda oʻtkaziladi. Zarur boʻlgan taqdirda, yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarini oʻtkazish uchun nazarda tutilgan muddatlar jamoaviy mehnat nizosi taraflarining roziligiga koʻra uzaytirilishi mumkin. Muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror yarashtirish komissiyasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
- MehnatLABOR · 574-modda
Jamoaviy mehnat nizosini yarashtirish komissiyasi tomonidan hal etish (tartibga solish)
Ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kundan eʼtiboran ikki ish kunigacha boʻlgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizosi yuzaga kelgan taqdirda esa jamoaviy mehnat nizosi boshlangan kundan eʼtiboran uch ish kunigacha boʻlgan muddatda yarashtirish komissiyasi tuziladi. Jamoaviy mehnat nizosini ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida hal etish chogʻida yarashtirish komissiyasini tuzish haqidagi qaror ish beruvchining tegishli buyrugʻi (farmoyishi) va kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori bilan rasmiylashtiriladi. Ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizolarini hal etish chogʻida yarashtirish komissiyalarini tuzish toʻgʻrisidagi qarorlar tegishli darajadagi ish beruvchilar vakillarining va xodimlar vakillarining tegishli hujjatlari (buyrugʻi, farmoyishi, qarori) bilan rasmiylashtiriladi. Yarashtirish komissiyasi jamoaviy mehnat nizosi taraflarining vakillaridan teng asosda shakllantiriladi. Ish beruvchi (ish beruvchilarning vakili) yarashtirish komissiyasining ishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasidagi jamoaviy mehnat nizosi yarashtirish komissiyasi tomonidan besh ish kunigacha boʻlgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalaridagi jamoaviy mehnat nizosi esa yarashtirish komissiyasini tuzish haqida tegishli hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqilishi kerak. Yarashtirish komissiyasining qarori jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuvi asosida qabul qilinadi, bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bu nizo taraflari uchun majburiy kuchga ega hamda yarashtirish komissiyasining qarorida belgilangan tartibda va muddatlarda ijro etiladi. Yarashtirish komissiyasida kelishuvga erishilmagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining taraflari kelishmovchiliklarning bayonnomasini tuzadi va jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida koʻrib chiqish toʻgʻrisida muzokaralarga kirishadi. Agar kelishmovchiliklar bayonnomasi tuzilganidan keyin uch ish kuni ichida jamoaviy mehnat nizosining taraflari muzokaralarga kirishmasa, jamoaviy nizoni mediator ishtirokida koʻrib chiqish haqidagi masala taraflar kelishuvga erishmaganligi sababli olib tashlanadi. Bu holda taraflar nizoni mehnat arbitrajiga koʻrib chiqish uchun topshirish toʻgʻrisidagi muzokaralarga oʻtadi.
- MehnatLABOR · 575-modda
Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish)
Yarashtirish komissiyasi kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosi taraflari jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) haqida muzokaralar oʻtkazishi shart. Jamoaviy mehnat nizosi taraflari kelishuvga erishmagan taqdirda, taraflar yoki taraflardan biri bu yarashtiruv tartib-taomilini rad etganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi va taraflar jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) haqidagi muzokaralarga kirishadi. Jamoaviy mehnat nizosi taraflarining jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisidagi roziligi boʻlgan taqdirda tegishli kelishuv tuziladi, shundan soʻng jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediator nomzodini ikki ish kunidan oshmagan muddatda kelishib olishi shart. Zarur hollarda, jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediatorlikka nomzodni tavsiya qilishni soʻrab jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) boʻyicha tegishli davlat organiga murojaat qilishi mumkin. Agar mazkur muddat mobaynida jamoaviy mehnat nizosining taraflari mediator nomzodi xususida kelishuvga erishmagan boʻlsa, unda ular jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) boʻyicha muzokaralarga kirishadi. Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) tartibi qonunga muvofiq jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuviga koʻra belgilanadi. Mediator jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan ushbu nizoga taalluqli zarur hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrashga hamda olishga haqlidir. Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida besh ish kunigacha muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida esa mediator tanlangan kundan eʼtiboran oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatda amalga oshiriladi va jamoaviy mehnat nizosining taraflari tomonidan kelishilgan qarorni yozma shaklda qabul qilish yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzish bilan yakunlanadi.
- MehnatLABOR · 576-modda
Jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish)
Mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) boʻyicha organdir. Vaqtinchalik mehnat arbitraji jamoaviy mehnat nizosi taraflari tomonidan mazkur jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) boʻyicha tegishli davlat organi bilan birgalikda tuziladi. Tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiyaning qaroriga koʻra komissiya huzurida taraflarning kelishuvi asosida hal etish (tartibga solish) uchun oʻziga topshiriladigan jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitraji tuzilishi mumkin. Jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) yakunlanganidan keyin kelishmovchiliklar bayonnomasi tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay yoxud mediator nomzodi xususida jamoaviy mehnat nizosi taraflarining kelishuviga erishilishi kerak boʻlgan muddat tugagach yoki taraflarning yoki taraflardan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etishni (tartibga solishni) rad etganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin jamoaviy mehnat nizosining taraflari jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) yuzasidan muzokaralar oʻtkazishi shart. Jamoaviy mehnat nizosi taraflari jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etishga (tartibga solishga) rozi boʻlgan taqdirda, ular tomonidan mehnat arbitrajining qarorlarini bajarish majburiyligi toʻgʻrisidagi shartni oʻz ichiga olgan tegishli kelishuv tuziladi. Shundan soʻng jamoaviy mehnat nizosining taraflari ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ikki ish kunigacha boʻlgan muddatda, ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) esa toʻrt ish kunigacha boʻlgan muddatda jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) boʻyicha tegishli davlat organi bilan birgalikda ushbu jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun vaqtinchalik mehnat arbitrajini tuzishi yoxud uni tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiya huzurida tashkil etilgan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitrajiga hal etish (tartibga solish) uchun topshirishi shart. Vaqtinchalik mehnat arbitrajining tarkibi va reglamenti ish beruvchining (ish beruvchilar vakilining), xodimlar vakilining hamda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) boʻyicha davlat organining qarori bilan belgilanadi. Doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitrajida jamoaviy mehnat nizosini hal qilish (tartibga solish) uchun mehnat arbitrajining tarkibini shakllantirish tartibi hamda uning reglamenti tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama komissiya tomonidan tasdiqlanadigan doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitraji toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitrajining namunaviy nizomi tasdiqlanishi mumkin. Jamoaviy mehnat nizosi ijtimoiy sheriklikning birlamchi darajasida jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ushbu nizo taraflarining vakillari ishtirokida besh ish kunigacha boʻlgan muddatda, jamoaviy mehnat nizosini ijtimoiy sheriklikning boshqa darajalarida hal etishda esa vaqtinchalik mehnat arbitraji tuzilgan yoki jamoaviy mehnat nizosi doimiy asosda faoliyat koʻrsatayotgan mehnat arbitrajiga hal etish (tartibga solish) uchun topshirilgan kundan eʼtiboran oʻn ish kunigacha boʻlgan muddatda mehnat arbitrajida hal etiladi (tartibga solinadi). Mehnat arbitraji: jamoaviy mehnat nizosi taraflarining murojaatlarini koʻrib chiqadi; jamoaviy mehnat nizosiga taalluqli boʻlgan zarur hujjatlar va maʼlumotlarni oladi; zarur boʻlgan hollarda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini jamoaviy mehnat nizosining ehtimol tutilgan ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlari toʻgʻrisida xabardor qiladi; jamoaviy mehnat nizosining mohiyatiga koʻra qaror qabul qiladi. Mehnat arbitraji qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Mehnat arbitrajining jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisidagi qarori ushbu nizo taraflariga qaror qabul qilingan kunning keyingi ish kunidan kechiktirmay yozma shaklda topshiriladi.
- MehnatLABOR · 577-modda
Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari
Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlaridir. Ish beruvchi jamoaviy mehnat nizosi boshlangan paytdan eʼtiboran keyingi ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organini tashkilotda nizo yuzaga kelganligi haqida yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi: ijtimoiy sheriklikning tarmoq va respublika darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi; jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga koʻmaklashadi; mehnat arbitrlarini hisobga olish boʻyicha maʼlumotlar bazasini yuritadi; mehnat arbitrlarini tayyorlashni tashkil etadi; jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida koʻrib chiqishga doir ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi tavsiyalarni tasdiqlaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari. ijtimoiy sheriklikning birlamchi va hududiy darajasida yuzaga keladigan jamoaviy mehnat nizolarining hisobini yuritadi; jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga koʻmaklashadi. Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari oʻz vakolatlari doirasida: zarur boʻlgan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosi taraflari vakillarining vakolatlarini tekshiradi; jamoaviy mehnat nizolarining yuzaga kelish sabablarini aniqlaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi; jamoaviy mehnat nizosining taraflariga uni koʻrib chiqish va tartibga solishning barcha bosqichlarida uslubiy yordam koʻrsatadi. Jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solishga doir ishlarni tashkil etish chogʻida xodimlar va ish beruvchilarning vakillari bilan hamkorlik qiladi.
- MehnatLABOR · 578-modda
Jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etuvchi shaxslar uchun kafolatlar
Yarashtirish komissiyasining aʼzolari, mehnat arbitrlari jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etish vaqtida nizoni hal etish (tartibga solish) vaqti uchun oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda asosiy ishidan ozod qilinadi. Xodimlarning, ular birlashmalarining jamoaviy mehnat nizosini hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etayotgan vakillari jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) davrida intizomiy jazoga tortilishi, boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin emas, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ularning vakilligiga vakolat bergan organning oldindan roziligini olmay turib, ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilinishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 579-modda
Yarashtiruv tartib-taomillarida ishtirok etishdan boʻyin tovlash
Jamoaviy mehnat nizosi taraflaridan biri yarashtirish komissiyasini tuzishda yoki uning ishida ishtirok etishdan boʻyin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazishni talab qilishga haqli. Jamoaviy mehnat nizosining taraflaridan biri jamoaviy mehnat nizosini mediator ishtirokida hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisidagi muzokaralardan boʻyin tovlagan taqdirda, jamoaviy mehnat nizosining boshqa tarafi keyingi ish kunidan (smenadan) kechiktirmay, jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etish (tartibga solish) toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazishni talab qilishga haqli. Ish beruvchi (ish beruvchining vakili) vaqtinchalik mehnat arbitrajini tuzishdan, jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) uchun doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi mehnat arbitrajiga oʻtkazishdan yoki jamoaviy mehnat nizosini mehnat arbitrajida hal etishda (tartibga solishda) ishtirok etishdan boʻyin tovlagan taqdirda, yarashtiruv tartib-taomillari jamoaviy mehnat nizosini hal etishga (tartibga solishga) olib kelmagan deb hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 58-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning majlislari
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning majlislari ish rejasiga muvofiq, biroq kalendar yil davomida kamida ikki marta oʻtkaziladi. Ijtimoiy sheriklik taraflaridan hech boʻlmaganda bittasining tashabbusi bilan ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning rejadan tashqari majlisi oʻtkazilishi mumkin. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya majlislari oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt taraflarning kelishuviga koʻra belgilanadi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya qarorlarining tayyorlangan loyihalari komissiya aʼzolariga komissiya majlisini oʻtkazishning tayinlangan sanasidan kamida oʻn kalendar kun oldin tarqatiladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyaning majlisi, agar unda komissiya taraflarining har biridan belgilangan komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 580-modda
Jamoaviy mehnat nizosini hal etish (tartibga solish) jarayonida mehnat nizosining taraflari erishgan kelishuvlar va ularning bajarilishi ustidan nazorat
Nizoni hal etish (tartibga solish) jarayonida jamoaviy mehnat nizosi taraflari erishgan kelishuvlar yozma shaklda rasmiylashtiriladi va jamoaviy mehnat nizosi taraflari uchun majburiy kuchga ega. Ularning bajarilishi ustidan nazorat jamoaviy mehnat nizosining taraflari, shuningdek mehnat nizolarini tartibga solish boʻyicha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 581-modda
Daʼvo xususiyatiga ega jamoaviy mehnat nizolarini sudda koʻrib chiqish
Qonunchilikni, jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarni qoʻllash xususidagi jamoaviy mehnat nizolari sud tomonidan koʻrib chiqilishi lozim. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jamoaviy mehnat nizolarini sudlarda koʻrib chiqish hamda sud qarorlarini ijro etish chogʻida ushbu Kodeksda yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tegishli qoidalar va muddatlar qoʻllaniladi.
- MehnatLABOR · 59-modda
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning qarorlari
Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning qarorlari, agar ijtimoiy sheriklikning har bir tarafidan belgilangan vakillarning koʻpchiligi ularni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning qarorlari tegishli reglamentda belgilangan muddatda kuchga kiradi. Boshlangʻich darajadagi ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalarning qarori ushbu qaror manfaatlariga daxldor boʻlgan xodimlarning eʼtiboriga ular qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻn kalendar kundan kechiktirmay yetkaziladi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalarining qarorlari ular qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻn kalendar kundan kechiktirmay ochiq foydalanish uchun ommaviy axborot vositalarida yoki tegishli komissiyalarning rasmiy veb-saytlarida joylashtirilishi lozim.
- MehnatLABOR · 6-modda
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik prinsipi
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik prinsipi xodimlarning, ular vakillarining, ish beruvchilarning, ular vakillarining, shuningdek davlat organlarining ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish masalalari yuzasidan xodimlarning, ish beruvchilarning va davlatning manfaatlarini muvofiqlashtirishni taʼminlashga qaratilgan hamkorligidan iboratdir. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik prinsipiga asoslangan holda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik: yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni hamda ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish masalalari yuzasidan xodimlarning va ish beruvchilarning manfaatlarini muvofiqlashtirish maqsadida mehnat sohasidagi ikki tomonlama (xodimlar, ularning vakillari va ish beruvchilar, ularning vakillari oʻrtasidagi) va uch tomonlama (xodimlarning, ish beruvchilarning vakillari va ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi) hamkorlikni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi; xodimlarning va ish beruvchilarning vakillikni taʼminlash hamda oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun birlashishga boʻlgan huquqini kafolatlaydi; xodimlar va ish beruvchilar vakillarining jamoaviy muzokaralar olib borishga, jamoa kelishuvlarini hamda jamoa shartnomasini tuzishga boʻlgan huquqini mustahkamlaydi; ish beruvchi tomonidan boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining saylab qoʻyiladigan organi (kasaba uyushmasi qoʻmitasi, kasaba uyushmasining tashkilotchisi yoki kasaba uyushmasi guruhining tashkilotchisi) yoki xodimlarning boshqa vakillik organi (bundan buyon matnda kasaba uyushmasi qoʻmitasi deb yuritiladi) bilan kelishgan holda qanday ichki hujjatlar qabul qilinishi mumkinligini belgilaydi; mehnat nizolarini hal qilishda (tartibga solishda) xodimlarning va ish beruvchilarning vakillari ishtirokini nazarda tutadi; xodimlarning va ish beruvchilarning mehnat sohasidagi manfaatlari muvozanatini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni mustahkamlaydi.
- MehnatLABOR · 60-modda
Jamoaviy muzokaralar olib borishga boʻlgan huquq
Ijtimoiy sheriklikning har qanday tarafi jamoaviy muzokaralar tashabbuskori boʻlishi mumkin. Avvalgi jamoa kelishuvining, jamoa shartnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar uch oy ichida yoki ushbu hujjatlarda belgilangan muddatlarda ijtimoiy sheriklikning har qanday tarafi boshqa tarafga yangi jamoa kelishuvini, jamoa shartnomasini tuzish yuzasidan muzokaralar boshlash toʻgʻrisida yozma xabar yuborishga haqlidir. Ish beruvchilarning manfaatlarini ifoda etuvchi shaxslar, shuningdek ish beruvchilar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, siyosiy partiyalar tashkil etgan yoki moliyalashtiradigan tashkilotlar yoxud organlar tomonidan xodimlar nomidan jamoaviy muzokaralar olib borilishiga hamda jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ijtimoiy sheriklik taraflari tegishli soʻrov olingan kundan eʼtiboran ikki haftadan kechiktirmay jamoaviy muzokaralar olib borish uchun zarur boʻlgan oʻzidagi mavjud axborotni bir-biriga taqdim etishi kerak. Jamoaviy muzokaralar ishtirokchilari, jamoaviy muzokaralar olib borish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shaxslar olingan maʼlumotlarni, agar ushbu maʼlumotlar davlat sirlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirga taalluqli boʻlsa, oshkor qilmasligi lozim.
- MehnatLABOR · 61-modda
Jamoaviy muzokaralar boshlanadigan sana
Jamoaviy muzokaralar boshlanishi toʻgʻrisida bildirishnoma olgan ijtimoiy sheriklik tarafi yetti kunlik muddatda tashabbuskorga jamoaviy muzokaralar oʻtkazilishi haqida javob yuborgan holda jamoaviy muzokaralarga kirishishi shart. Agar taraflarning kelishuviga koʻra jamoaviy muzokaralar boshlanishining boshqa sanasi belgilanmagan boʻlsa, jamoaviy muzokaralar oʻtkazish tashabbuskori tomonidan mazkur javob olingan kundan keyingi kun jamoaviy muzokaralar boshlanadigan kun boʻladi.
- MehnatLABOR · 62-modda
Jamoaviy muzokaralar olib borish
Birlamchi, hududiy, tarmoq va respublika darajasidagi jamoaviy muzokaralar tegishli ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar tomonidan olib boriladi. Jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomasi loyihalarini, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi loyihalarni, jamoa kelishuvlarini va jamoa shartnomasini bajarish haqidagi qarorlar loyihalarini, shuningdek jamoaviy muzokaralar predmeti boʻlgan boshqa qarorlar loyihalarini tayyorlash uchun ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalari ishchi guruhlar tuzadi. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha boshlangʻich darajadagi komissiyalar, zarurat boʻlganda, ishchi guruhlar tuzishga haqli. Ishchi guruhlar taraflar tengligi asosida ijtimoiy sheriklik taraflarining vakillaridan shakllantiriladi. Taraflarning har biri ishchi guruhdagi oʻz vakillarining shaxsiy tarkibini mustaqil ravishda belgilaydi. Taraflarning kelishuviga koʻra ishchi guruh tarkibiga maslahat ovozi berish huquqiga ega boʻlgan mustaqil olimlar, ekspertlar, mutaxassislar shartnoma asosida kiritilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 63-modda
Jamoaviy muzokaralar jarayonida yuzaga kelgan ixtiloflarni hal etish
Agar jamoaviy muzokaralar jarayonida jamoaviy muzokaralar taraflari muzokaralar predmeti boʻlgan ayrim masalalar yuzasidan kelishuvga erisha olmagan boʻlsa, ular ixtiloflarga sabab boʻlmagan masalalarga doir kelishuvni rasmiylashtiradi va bir vaqtning oʻzida kelishuvga erishib boʻlmagan masalalar boʻyicha ixtiloflar bayonnomasini tuzadi. Agar jamoaviy muzokaralar jarayonida muzokaralar predmeti boʻlgan barcha masalalar yuzasidan kelishilgan qaror qabul qilinmagan boʻlsa ham muzokaralar taraflari ixtiloflar bayonnomasini tuzadi. Ixtiloflar bayonnomasida taraflarning ixtiloflarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan choralar va jamoaviy muzokaralarni qayta tiklash muddatlari toʻgʻrisidagi kelishib olingan takliflari koʻrsatiladi. Taraflar jamoaviy muzokaralarni qayta tiklash chogʻida hal qila olmagan ixtiloflarni hal etishga (tartibga solishga) doir nizolar ushbu Kodeksda jamoaviy mehnat nizolarini hal etish uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
- MehnatLABOR · 64-modda
Jamoaviy muzokaralarda ishtirok etadigan shaxslarga beriladigan kafolatlar va kompensatsiyalar
Jamoaviy muzokaralarda, jamoa kelishuvi, jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlashda ishtirok etadigan shaxslar asosiy ishidan taraflarning kelishuvi bilan belgilanadigan muddatga, oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ozod etiladi. Jamoaviy muzokaralarda ishtirok etish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan tartibda kompensatsiya qilinadi. Agar jamoa kelishuvida, jamoa shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlmasa, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning xizmatlariga haq toʻlash taklif qiluvchi taraf tomonidan amalga oshiriladi. Jamoaviy muzokaralarda ishtirok etadigan xodimlarning vakillari bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan ushbu muzokaralar olib borilayotgan davrda bekor qilishga, shuningdek ularga nisbatan intizomiy jazo qoʻllashga yoki ularni boshqa ishga oʻtkazishga ularning vakillik qilishiga vakolat bergan organning oldindan roziligini olmasdan yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 65-modda
Jamoa shartnomasining tushunchasi va shakli
Jamoa shartnomasi tashkilotda yoki yakka tartibdagi tadbirkorda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hamda xodimlar tomonidan oʻz vakillari orqali va ish beruvchi tomonidan tuziladigan mehnat toʻgʻrisidagi huquqiy hujjatdir. Jamoa shartnomasi umuman tashkilotda, uning alohida boʻlinmalarida tuzilishi mumkin. Tashkilotning alohida boʻlinmasida jamoaviy muzokaralar oʻtkazish, ish beruvchi nomidan jamoa shartnomasini imzolash uchun ish beruvchi ushbu alohida boʻlinma rahbariga yoki boshqa shaxsga ushbu Kodeksning 46-moddasiga muvofiq zarur vakolatlar beradi. Tashkilotning alohida boʻlinmasida jamoaviy muzokaralarni oʻtkazish, jamoa shartnomasini imzolash chogʻida xodimlar manfaatlarini ifoda etish huquqi ushbu boʻlinma xodimlarining vakillariga beriladi. Jamoa shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
- MehnatLABOR · 66-modda
Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror va uni tuzish masalasi boʻyicha jamoaviy muzokaralar boshlash toʻgʻrisidagi taklif istalgan tarafdan berilishi mumkin. Ushbu Kodeksning 49-moddasida belgilangan tartibda jamoaviy muzokaralar olib borish va jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash uchun ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya tuziladi.
- MehnatLABOR · 67-modda
Jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishi
Jamoa shartnomasining mazmunini va tuzilishini uning taraflari belgilaydi. Jamoa shartnomasiga ish beruvchining va xodimlarning quyidagi masalalar boʻyicha oʻzaro majburiyatlari kiritilishi mumkin: mehnatga haq toʻlash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qoʻshimcha toʻlovlar; narxlarning oʻzgarishidan, inflyatsiya darajasidan, jamoa shartnomasida belgilangan koʻrsatkichlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda mehnatga haq toʻlashni tartibga solish mexanizmi; xodimlarning bandligi, ularni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ularni ishdan boʻshatish shartlari; ish vaqti va dam olish vaqtining, taʼtillarning davomiyligi; xodimlarning, shu jumladan ayollarning, nogironligi boʻlgan shaxslarning va oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnat sharoitlari hamda mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash; tashkilotni, idoraga qarashli uy-joyni xususiylashtirish chogʻida xodimlarning manfaatlarini hisobga olish; ishni taʼlim bilan qoʻshib olib borayotgan xodimlar uchun imtiyozlar; ixtiyoriy tibbiy va ijtimoiy sugʻurta; ish beruvchi tomonidan xodimlarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qoʻshimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari; jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat qilish, taraflarning javobgarligi, kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyat koʻrsatishi uchun normal sharoitlar bilan taʼminlash. Tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qoʻshimcha taʼtillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensatsiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq toʻlanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmogʻi uchun haq toʻlash, oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish uchun ssudalar toʻlash va haq toʻlash, boshqa qoʻshimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar) ham boʻlishi mumkin. Agar qonunchilikda qoidalar jamoa shartnomasida albatta mustahkamlab qoʻyilishi shartligi toʻgʻrisidagi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatma mavjud boʻlsa, ushbu qoidalar jamoa shartnomasiga kiritiladi.