Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 68-modda
Jamoa shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Jamoa shartnomasida quyidagi shartlar boʻlmasligi kerak: xodimlarning holatini mazkur xodimlarga tatbiq etiladigan qonunchilikka yoki jamoa kelishuvlariga nisbatan yomonlashtiradigan; mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan; majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzadigan; ichki darajada hal etilishi mumkin boʻlgan masalalardan tashqariga chiqadigan. Agar jamoa shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar boʻlsa, bunday shartlar haqiqiy emasdir. Jamoa shartnomasi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi jamoa shartnomasining umuman haqiqiy emasligiga sabab boʻlmaydi.
- MehnatLABOR · 69-modda
Jamoa shartnomasining loyihasini muhokama qilish
Jamoa shartnomasining loyihasi tashkilotning boʻlinmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinishi lozim hamda kelib tushgan takliflar va mulohazalar hisobga olingan holda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya tomonidan maromiga yetkaziladi. Jamoa shartnomasining loyihasi jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish uchun tegishli kasaba uyushmalariga, ularning birlashmalariga, boʻlinmalarga va kasaba uyushmalari qoʻmitalariga taqdim etilishi mumkin. Jamoa shartnomasining maromiga yetkazilgan loyihasi mehnat jamoasining umumiy yigʻilishiga (konferensiyasiga) koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
- MehnatLABOR · 7-modda
Mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi prinsipi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik quyidagilarni taʼminlaydigan vositalar va usullar majmuini mustahkamlaydi: xodimlarning va ish beruvchilarning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan mehnat sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarning ish beruvchilar va xodimlar tomonidan bajarilishini; xodimlar va ish beruvchilarning mehnat huquqlari himoya qilinishini hamda buzilgan huquqlari tiklanishini; xodimlarning mehnat huquqlari, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi uchun ish beruvchining javobgarligini, shuningdek oʻz mehnat majburiyatlarini buzganligi uchun xodimning javobgarligini.
- MehnatLABOR · 70-modda
Jamoa shartnomasini tuzish tartibi
Jamoa shartnomasi, agar mehnat jamoasining umumiy yigʻilishida (konferensiyasida) hozir boʻlganlarning ellik foizidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, maʼqullangan hisoblanadi. Agar jamoa shartnomasining loyihasi maʼqullanmasa, ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya uni umumiy yigʻilishning (konferensiyaning) takliflari va mulohazalariga muvofiq maromiga yetkazadi hamda oʻn besh kun ichida umumiy yigʻilishda (konferensiyada) koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etadi. Taraflar jamoa shartnomasi loyihasini koʻrib chiqish chogʻida hal qila olmagan ixtiloflarni hal etish boʻyicha nizolar jamoaviy mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) uchun belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Jamoa shartnomasi mehnat jamoasining umumiy yigʻilishida (konferensiyasida) maʼqullanganidan keyin taraflarning vakillari uch kun ichida jamoa shartnomasini imzolaydi.
- MehnatLABOR · 71-modda
Jamoa shartnomasining kuchga kirishi va amal qilish muddati
Jamoa shartnomasi imzolangan kundan eʼtiboran yoki jamoa shartnomasida belgilangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va shartnomada nazarda tutilgan muddat ichida, biroq koʻpi bilan uch yil amal qiladi. Mazkur muddat tugagach, jamoa shartnomasi taraflar yangi shartnoma tuzguniga yoki amaldagi jamoa shartnomasini oʻzgartirguniga, toʻldirguniga qadar amal qiladi. Taraflar jamoa shartnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar uni uzaytirishi mumkin.
- MehnatLABOR · 72-modda
Jamoa shartnomasi amal qilishining shaxslar doirasi boʻyicha tatbiq etilishi
Jamoa shartnomasining amal qilishi ish beruvchiga va tashkilotning barcha xodimlariga, yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan, tashkilotning alohida boʻlinmasida tuzilgan jamoa shartnomasining amal qilishi esa tegishli boʻlinmaning barcha xodimlariga nisbatan tatbiq etiladi. Jamoa shartnomasining amal qilishi jamoa shartnomasi kuchga kirganidan keyin ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 73-modda
Tashkilot qayta tashkil etilgan taqdirda jamoa shartnomasi amal qilishining saqlanib qolishi
Tashkilot qayta tashkil etilayotganda shu qayta tashkil qilish davrida jamoa shartnomasi oʻzining amal qilishini saqlab qoladi. Tashkilotni qayta tashkil etish yakunlangan paytdan eʼtiboran bir oy ichida jamoaviy muzokaralarning istalgan tarafi amaldagi jamoa shartnomasini qayta koʻrib chiqish yoki oʻz kuchida saqlab qolish toʻgʻrisida taklif kiritishga haqli.
- MehnatLABOR · 74-modda
Tashkilotning mulkdori oʻzgarganda jamoa shartnomasi amal qilishining saqlanib qolishi
Tashkilotning mulkdori oʻzgarganda jamoa shartnomasining amal qilishi olti oy mobaynida saqlab qolinadi. Bu davrda taraflarning yangi jamoa shartnomasini tuzish yoxud amaldagisini saqlab qolish, unga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish haqida muzokaralar boshlashga haqli. Jamoa shartnomasini qayta koʻrib chiqish chogʻida avvalgi jamoa shartnomasida xodimlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlarni saqlab qolish mumkinligi haqidagi va boshqa shartlarni bajarish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.
- MehnatLABOR · 75-modda
Tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilayotganda jamoa shartnomasi amal qilishining saqlanib qolishi
Tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilayotganda jamoa shartnomasining amal qilishi tugatishning butun muddati ichida saqlab qolinadi.
- MehnatLABOR · 76-modda
Jamoa shartnomasi amal qilishining boshqa hollarda saqlanib qolishi
Jamoa shartnomasi tashkilotning tuzilmasi, nomi, boshqaruv organi tarkibi oʻzgargan yoki tashkilot rahbari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda oʻzining amal qilishini saqlab qoladi.
- MehnatLABOR · 77-modda
Jamoa shartnomasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Jamoa shartnomasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish ushbu Kodeksda uni tuzish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 78-modda
Xodimlarni jamoa shartnomasi bilan tanishtirish
Ish beruvchi jamoa shartnomasi kuchga kirganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay xodimlarni jamoa shartnomasi bilan imzo qoʻydirib tanishtirishi shart. Mehnat shartnomasini tuzishda ish beruvchi ishga qabul qilinayotgan xodimni jamoa shartnomasi bilan imzo qoʻydirib tanishtirishi shart.
- MehnatLABOR · 79-modda
Jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat
Jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat shartnoma taraflarining vakillari, ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya, mehnat jamoasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tegishli organlari hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi. Shartnoma taraflarining vakillari har yili yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda mehnat jamoasining umumiy yigʻilishida (konferensiyasida) jamoa shartnomasining bajarilishi haqida hisobot beradi.
- MehnatLABOR · 8-modda
Xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi prinsipi
Har qanday normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak. Hech bir ichki hujjat, ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjati xodimning huquqiy holatini normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 80-modda
Jamoa kelishuvlarining tushunchasi va shakli
Jamoa kelishuvi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, xodimlar uchun hududiy, tarmoq va respublika darajalarida taraflarning mehnat sharoitlarini, bandlikni hamda ijtimoiy kafolatlarni belgilashga doir majburiyatlarini oʻz ichiga olgan, xodimlar va ish beruvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini kelishib olish maqsadida tuziladigan mehnat toʻgʻrisidagi huquqiy hujjatdir. Jamoa kelishuvini tayyorlash, tuzish yoki oʻzgartirish yuzasidan jamoaviy muzokaralar oʻtkazish uchun ushbu Kodeksning 50 — 53-moddalarida belgilangan tartibda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha hududiy, tarmoq va respublika komissiyalari tuziladi. Jamoa kelishuvlari yozma shaklda tuziladi.
- MehnatLABOR · 81-modda
Jamoa kelishuvlarining turlari
Tartibga solinadigan munosabatlar sohasiga qarab hududiy, tarmoq va bosh jamoa kelishuvlari tuzilishi mumkin. Hududiy va tarmoq jamoa kelishuvlari ikki tomonlama yoki uch tomonlama boʻlishi mumkin. Ikki tomonlama jamoa kelishuvlari ushbu Kodeksning 42 va 46-moddalarida koʻrsatilgan xodimlarning hamda ish beruvchilarning vakolatli vakillari oʻrtasida tuziladi. Uch tomonlama jamoa kelishuvlari ushbu Kodeks 42 va 46-moddalarining ikkinchi qismida koʻrsatilgan xodimlarning hamda ish beruvchilarning vakolatli vakillari va tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi oʻrtasida tuziladi. Bunda ijro etuvchi hokimiyat organining ishtirok etishi xodimlar va ish beruvchilar vakolatli vakillarining taklifiga koʻra belgilanadi. Bajarilishining moliyaviy taʼminoti tegishli budjetlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan majburiyatlarni oʻz ichiga olgan jamoa kelishuvlari tegishli vakolatli organning roziligi mavjud boʻlgan taqdirda tuziladi. Bosh jamoa kelishuvi uch tomonlama boʻladi hamda xodimlar va ish beruvchilarning respublika darajasidagi vakolatli vakillari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida tuziladi. Xodimlarning vakillari ish beruvchi yoki ish beruvchining vakili boʻlmagan ijro etuvchi hokimiyat organidan ular bilan ikki tomonlama kelishuv tuzishni talab qilishga haqli emas.
- MehnatLABOR · 82-modda
Hududiy jamoa kelishuvlari
Hududiy jamoa kelishuvlari xodimlar va ish beruvchilarning tegishli vakillik organlari oʻrtasida, taraflarning taklifiga koʻra esa mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan tuziladi. Hududiy jamoa kelishuvlari xodimlarning tegishli hudud uchun umumiy boʻlgan mehnat shartlarini, kafolatlari va imtiyozlarini belgilaydi.
- MehnatLABOR · 83-modda
Tarmoq jamoa kelishuvlari
Tarmoq jamoa kelishuvlari xodimlar va ish beruvchilarning tegishli vakillari oʻrtasida, shuningdek taraflarning taklifiga koʻra tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ish yuritadigan hollarda tarmoq jamoa kelishuvlarining tarafi boʻlib ishtirok etadi. Tarmoq jamoa kelishuvlari tegishli tarmoqni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, mehnat shartlarini va unga haq toʻlashni, tarmoq xodimlari uchun ijtimoiy kafolatlarni belgilaydi.
- MehnatLABOR · 84-modda
Bosh jamoa kelishuvi
Bosh jamoa kelishuvi aʼzolarining soni eng koʻp boʻlgan respublika kasaba uyushmalari birlashmasi, oʻz vakolatli vakillari orqali xodimlarning boshqa respublika birlashmalari, oʻz vakolatli vakillari orqali ish beruvchilarning respublika birlashmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida tuziladi. Bosh jamoa kelishuvi Oʻzbekiston Respublikasida kelishilgan holda ijtimoiy-iqtisodiy siyosat olib borishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi.
- MehnatLABOR · 85-modda
Jamoa kelishuvlarining mazmuni va tuzilishi
Jamoa kelishuvlarining mazmuni va tuzilishini taraflar belgilaydi. Jamoa kelishuvlarida: mehnatga haq toʻlash, mehnat shartlari va mehnatni muhofaza qilish, mehnat va dam olish rejimi toʻgʻrisidagi; mehnatga haq toʻlashni narxlarning oʻzgarishlaridan, inflyatsiya darajasidan, jamoa kelishuvlarida belgilangan koʻrsatkichlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda tartibga solish mexanizmi haqidagi; eng kam miqdori qonunchilikda nazarda tutiladigan kompensatsiya tarzidagi qoʻshimcha toʻlovlar toʻgʻrisidagi; xodimlarning bandligiga, ularni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish haqidagi; ekologik xavfsizlikni taʼminlash hamda ishlab chiqarishda xodimlarning sogʻligʻini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi; xodimlarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha maxsus tadbirlar haqidagi; davlat tashkilotlarini xususiylashtirish chogʻida xodimlarning manfaatlari hisobga olinishi toʻgʻrisidagi; yuqoriroq darajada ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslar (homilador ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar va boshqalar) uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etayotgan ish beruvchilarga beriladigan imtiyozlar haqidagi; ijtimoiy sheriklikni va uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga koʻmaklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoidalar nazarda tutilishi mumkin. Jamoa kelishuvlarida qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir qoidalar boʻlishi mumkin.