Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 86-modda
Jamoa kelishuvlari shartlarining haqiqiy emasligi
Jamoa kelishuvlarida: xodimlarning holatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shuningdek amal qilishi ushbu xodimlarga nisbatan tatbiq etiladigan yuqoriroq darajadagi jamoa kelishuvlariga qaraganda yomonlashtiradigan; mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzadigan; majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzadigan; ijtimoiy sheriklikning tegishli darajasida hal etilishi mumkin boʻlgan masalalardan tashqariga chiqadigan shartlar boʻlmasligi kerak. Agar jamoa kelishuvida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar boʻlsa, bunday shartlar haqiqiy emasdir. Jamoa kelishuvi ayrim shartlarining haqiqiy emasligi jamoa kelishuvining umuman haqiqiy emasligiga sabab boʻlmaydi.
- MehnatLABOR · 87-modda
Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi
Jamoa kelishuvlari loyihalari jamoaviy muzokaralar jarayonida ishlab chiqiladi. Jamoa kelishuvlari loyihalari jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish uchun tegishli kasaba uyushmalari birlashmalariga taqdim etilishi mumkin. Budjetdan moliyalashtirishni talab etadigan jamoa kelishuvlarini tuzish hamda ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish kelishuvning amal qilish muddatiga taalluqli boʻlgan moliya yili uchun tegishli budjet loyihasi tayyorlanguniga qadar mazkur kelishuv taraflari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoa kelishuvlari loyihalarini ishlab chiqish va ushbu kelishuvlarni tuzish tartibi, muddatlari ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha tegishli komissiya tomonidan belgilanadi. Komissiya jamoa kelishuvini tuzish boʻyicha jamoaviy muzokaralar boshlanishi toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishi shart. Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya jamoa kelishuvi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha jamoaviy muzokaralar olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining aʼzolari boʻlmagan ish beruvchilarni jamoaviy muzokaralar boshlanishi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilish huquqiga ega. Mazkur xabarnomani olgan ish beruvchi bu haqda kasaba uyushmasi qoʻmitasini xabardor qilishi shart. Jamoa kelishuvini tuzish boʻyicha jamoaviy muzokaralar olib borayotgan ish beruvchilar birlashmasining aʼzosi boʻlmagan ish beruvchi ish beruvchilarning ushbu birlashmasiga aʼzolikka kirish orqali yoki ushbu ish beruvchilar birlashmasi tomonidan belgilangan boshqa shakllarda jamoaviy muzokaralarda ishtirok etishga haqli. Jamoa kelishuvi loyihasining ayrim qoidalari boʻyicha taraflar oʻrtasida kelishuvga erishilmagan taqdirda jamoaviy muzokaralar boshlangan kundan eʼtiboran uch oy ichida, bosh jamoa kelishuvi loyihasini tayyorlash boʻyicha jamoaviy muzokaralar oʻtkazilayotganda esa ular boshlangan kundan eʼtiboran olti oy ichida taraflar kelishuvni bir vaqtning oʻzida ixtiloflar bayonnomasini tuzgan holda, kelishilgan shartlarda imzolashi kerak. Hal etilmagan ixtiloflar kelgusidagi jamoaviy muzokaralar predmeti boʻlishi yoki jamoaviy mehnat nizolari uchun belgilangan tartibda hal etilishi (tartibga solinishi) mumkin. Jamoa kelishuvi taraflarning vakolatli vakillari tomonidan imzolanadi.
- MehnatLABOR · 88-modda
Jamoa kelishuvlarini xabardor qilish tartibida roʻyxatga olish
Taraflar tomonidan imzolangan jamoa kelishuvi, uning ilovalari yetti kunlik muddatda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiya tomonidan jamoa kelishuvi taraflariga, shuningdek xabardor qilish tartibida roʻyxatga olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasiga yuboriladi. Jamoa kelishuvining kuchga kirishi uni xabardor qilish tartibida roʻyxatga olish faktiga bogʻliq boʻlmaydi. Jamoa kelishuvida xodimlarning holatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlar aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi ularni bartaraf etish maqsadida jamoa kelishuvi taraflarini bu haqda xabardor qiladi hamda qonunchilikda belgilangan choralarni koʻradi. Jamoa kelishuvlarini, ularga doir oʻzgartish va qoʻshimchalarni xabardor qilish tartibida roʻyxatga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 89-modda
Jamoa kelishuvlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Jamoa kelishuvlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish taraflarning oʻzaro roziligi bilan ushbu Kodeksda uni tuzish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Jamoa kelishuvlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Kodeksning 88-moddasiga muvofiq xabardor qilish tartibida roʻyxatga olinadi.
- MehnatLABOR · 9-modda
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash
Ushbu Kodeksda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilangan muddatlar kalendar sana bilan, yillar, oylar, haftalar, kunlar yoki soatlar bilan hisoblanadigan vaqt davrining tugashi bilan yoxud yuz berishi kerak boʻlgan voqeani koʻrsatgan holda aniqlanadi. Ushbu Kodeksda mehnat huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi yoki bekor boʻlishi bilan bogʻlanadigan muddatlarni hisoblash uning boshlanishi belgilangan kalendar sanadan keyingi kundan eʼtiboran boshlanadi. Yillar, oylar, haftalar bilan hisoblanadigan muddatlar muddatning soʻnggi yili, oyi, haftasining tegishli sanasida tugaydi. Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri muddatning oʻtishi boshlangan oyga nisbatan kunlari koʻproq yoki kamroq boʻlgan oyga toʻgʻri kelsa, muddat tugaydigan oyning oxirgi kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi. Kalendar yillar, oylar, haftalar yoki kunlar bilan hisoblanadigan muddatga ishlanmaydigan kunlar ham qoʻshiladi. Agar muddatning soʻnggi kuni ishlanmaydigan kunga toʻgʻri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 90-modda
Jamoa kelishuvlarining shaxslar doirasi boʻyicha amal qilishi
Jamoa kelishuvining amal qilishi vakillari ushbu kelishuvni tuzgan xodimlar va ish beruvchilarga nisbatan tatbiq etiladi. Uch tomonlama jamoa kelishuvi tuzilgan taqdirda uning amal qilishi ushbu kelishuv tarafi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organiga nisbatan ham tatbiq etiladi. Bosh jamoa kelishuvi Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha xodimlar va ish beruvchilarga, shuningdek barcha ijro etuvchi hokimiyat organlariga nisbatan tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 91-modda
Jamoa kelishuvlarining kuchga kirishi va amal qilish muddati
Jamoa kelishuvi u imzolangan kundan eʼtiboran yoki jamoa kelishuvida belgilangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi hamda ushbu kelishuvda nazarda tutilgan muddat ichida, biroq koʻpi bilan uch yil amal qiladi. Koʻrsatilgan muddat tugagach, jamoa kelishuvi taraflar yangisini tuzguniga yoki amaldagi jamoa kelishuviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritguniga qadar boʻlgan davrda amal qiladi. Jamoa kelishuvining amal qilish muddati tugaguniga qadar taraflar uni uzaytirishi mumkin.
- MehnatLABOR · 92-modda
Jamoa kelishuvlarini eʼlon qilish
Jamoa kelishuvlari imzolangan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay ommaviy axborot vositalarida yoki ular taraflarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi lozim. Xabardor qilish tartibida roʻyxatdan oʻtgan hududiy va tarmoq jamoa kelishuvlari ular roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Bosh jamoa kelishuvi imzolangan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
- MehnatLABOR · 93-modda
Jamoa kelishuvlarining bajarilishi ustidan nazorat
Jamoa kelishuvlarining bajarilishi ustidan nazorat ularning taraflari, ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tegishli organlari hamda boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 94-modda
Ishga joylashish huquqi
Har kimga oʻzining ishlab chiqarishga va ijodiy mehnatga doir qobiliyatlaridan foydalanish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish boʻyicha mutlaq huquq tegishlidir. Har kim ish beruvchiga bevosita murojaat qilish yoki mehnat organlarining bepul koʻmagi orqali, shuningdek xususiy bandlik agentliklarining xizmatlari vositasida ish joyini erkin tanlash huquqiga egadir.
- MehnatLABOR · 95-modda
Ishga joylashtirish boʻyicha davlat kafolatlari
Davlat: bandlik turini, shu jumladan turli mehnat rejimidagi ishni tanlash erkinligini; ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishdan, qonunga xilof ravishda boshqa ishga oʻtkazishdan, xodimni ishdan chetlashtirishdan va mehnat shartnomasini bekor qilishdan himoyalanishni; maqbul keladigan ish tanlashga va ishga joylashishga bepul koʻmaklashishni; kasb egallashda va ishga ega boʻlishda, mehnat qilish va bandlik sharoitlarida, mehnatga haq toʻlashda, xizmat pogʻonalari boʻyicha koʻtarilishda har kimga imkoniyatlar tengligi yaratilishini; ish qidirayotgan shaxslarni va ishsizlarni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga hamda ularning malakasini oshirishga koʻmaklashishni; mehnat organlarining taklifiga koʻra ishlash uchun boshqa joyga ixtiyoriy ravishda koʻchib ketish munosabati bilan qilingan xarajatlar kompensatsiya qilinishini; haq toʻlanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish imkoniyatini kafolatlaydi. Ishga joylashtirish boʻyicha kafolatlarni taqdim etish tartibi aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 96-modda
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar
Davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlarni taʼminlaydi. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi: oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogironligi boʻlgan bolalari bor yolgʻiz ota-ona (ularning oʻrnini bosuvchi shaxs), shuningdek koʻp bolali oilalardagi ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar); umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarini, kasb-hunar maktablarini, kasb-hunar kollejlarini hamda texnikumlarini tamomlab, kasbga ega boʻlgan yoshlar; “Mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari; Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Ichki ishlar vazirligining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Milliy gvardiyasining, Davlat xavfsizlik xizmatining qoʻshinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar; nogironligi boʻlgan shaxslar; pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (qonunda belgilangan pensiya yoshiga qadar ikki yil oldin); jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar yoki sudning qaroriga koʻra oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar; odam savdosidan jabrlanganlar. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa shaxslar ham kiritilishi mumkin. Ishga joylashtirish sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar qoʻshimcha ish oʻrinlarini, ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar mehnat qilishi uchun tashkilotlarni tashkil etish, maxsus qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish, ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan toifadagi fuqarolarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash yoʻli bilan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa choralar orqali taʼminlanadi. Ish beruvchi ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan, mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuborilgan shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishga qabul qiladi. Qonunchilikda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish sohasidagi boshqa qoʻshimcha kafolatlar ham nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 97-modda
Ish beruvchining bandlik va ishga joylashtirish sohasidagi majburiyatlari
Ish beruvchining zimmasida bandlik va ishga joylashtirish sohasida quyidagi majburiyatlar boʻladi: ushbu Kodeksning 166-moddasiga muvofiq xodimlarni ishdan boʻshatish toʻgʻrisida axborot taqdim etish; ushbu Kodeksning 119-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etishga yoʻl qoʻymaslik; ushbu Kodeksning 99-moddasiga muvofiq ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga shaxslarni ishga joylashtirish; ushbu Kodeksning 165-moddasiga muvofiq xodimlarni mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish; ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq xodimning ish oʻrnini boshqa ishga oʻtkazish tartibida saqlash choralarini koʻrish; mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 100-moddasi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq alohida asoslarga koʻra bekor qilinganda oʻrtacha oylik ish haqini ishga joylashtirish davrida saqlab qolish; taklif etilgan shaxslarga ushbu Kodeksning 101-moddasiga muvofiq kafolatlar berish; oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 102-moddasiga muvofiq alohida asoslarga koʻra bekor qilingan xodimlarni qayta ishga qabul qilish; jamoa kelishuvlariga va jamoa shartnomasiga muvofiq qoʻshimcha kafolatlar berish. Ish beruvchining zimmasida bandlik va ishga joylashtirish sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 98-modda
Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish chogʻidagi kafolatlar
Ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning oʻzgarishi, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishi bilan bogʻliq boʻlgan tashkilot xodimlarining soni yoki shtati oʻzgarganligi sababli yoki tashkilot (uning alohida boʻlinmasi) tugatilganligi munosabati bilan oʻzi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi nazarda tutilayotgan xodimlar sonining koʻrsatkichlaridan iboratdir. Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish mezonlari jumlasiga quyidagilar kiradi: a) xodimlarining soni yigirma nafar va undan ortiq boʻlgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi tashkilotni (uning alohida boʻlinmasini) tugatish; b) xodimlar sonining (shtatining) quyidagi miqdorda: oʻttiz kalendar kun ichida ellik nafar va undan ortiq xodimning; oltmish kalendar kun ichida ikki yuz nafar va undan ortiq xodimning; toʻqson kalendar kun ichida besh yuz nafar va undan ortiq xodimning qisqarishi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi qarorlarni ushbu kechiktirish keltirib chiqargan yoʻqotishlarni ish beruvchiga bir vaqtning oʻzida qisman yoki toʻliq kompensatsiya qilish orqali olti oy muddatgacha toʻxtatib turishi mumkin. Ish beruvchi xodimlarni kelgusida ommaviy ravishda ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi axborotni ushbu Kodeksning 166-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda mehnat organining hamda hududiy yoki tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalarining eʼtiboriga yetkazishi shart. Mehnat organlari mazkur axborotni olgach, ishdan boʻshatilayotgan xodimlarni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ishga joylashtirish choralarini koʻrishi shart.
- MehnatLABOR · 99-modda
Ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga ishga joylashtirish
Ish beruvchi malaka talablari hisobga olingan holda zaxiraga qoʻyilgan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan yuboriladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Ish oʻrinlarining belgilangan eng kam soni hisobiga ishga yuborish tartibi qonunchilikda belgilanadi.