Bevosita sudda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan yakka tartibdagi mehnat nizolari
Quyidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda koʻrib chiqiladi:
1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari boʻyicha komissiya tuzilmagan boʻlsa;
2) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash toʻgʻrisidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari taʼrifini oʻzgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq toʻlanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq toʻlash toʻgʻrisidagi;
3) xodimga mehnatda mayib boʻlganligi yoki kasb kasalligi tufayli yetkazilgan ziyonning oʻrnini yoxud xodimning mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash haqidagi;
4) ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi;
5) ishga qabul qilish rad etilganligi haqidagi;
6) ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda oldindan hal etilgan masalalar yuzasidan;
7) xodimlar va ish beruvchi jismoniy shaxslar oʻrtasida yuzaga keladigan;
8) oʻzini mehnat qilish va mashgʻulotlar sohasida kamsitilishga uchragan deb hisoblayotgan shaxslarning;
9) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash haqidagi.
Yakka tartibdagi mehnat nizolari, ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilganlaridan tashqari, xodimning xohishiga koʻra, bevosita sudlarda ham koʻrib chiqiladi.
Xodimning arizasini koʻrib chiqishni yakka tartibdagi nizo mehnat nizolari boʻyicha komissiyada koʻrib chiqilmaganligiga asoslangan holda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish