Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 429-modda
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun yillik mehnat taʼtili
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga davomiyligi kamida oʻttiz kalendar kundan iborat yillik mehnat taʼtili beriladi va ular bu taʼtildan yilning oʻzlari uchun qulay boʻlgan vaqtida foydalanishi mumkin. Agar yillik mehnat taʼtili berilayotgan ish yili xodimga nogironlik belgilanguniga qadar va belgilanganidan keyingi davrlarni yoxud mazkur xodimning nogironligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan olib tashlanguniga qadar boʻlgan davrni va olib tashlanganidan keyingi davrni qamrab olsa, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi nogironlik belgilangan davrdagi va nogironlik yuzaga kelguniga qadar yoki nogironlik olib tashlanganidan keyingi ish davriga mutanosib ravishda hisoblanadi. I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 43-modda
Xodimlar vakillarining huquqlari
Xodimlarning vakillari quyidagi huquqlarga ega: jamoa muzokaralarini olib borish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomalarini tuzish va ularning bajarilishini nazorat qilish; ijtimoiy sheriklikning turli darajalarida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish masalalarini hal qilishda ishtirok etish; tashkilotning ichki normativ hujjatlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda esa ish beruvchi tomonidan tegishli ichki hujjat qabul qilinishiga oʻz roziligini yoki noroziligini bildirish; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; ish beruvchilarga, ularning vakillariga mehnat toʻgʻrisidagi huquqiy hujjatlarni tayyorlash boʻyicha takliflar kiritish; vakolatli davlat organlariga xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etishni toʻxtatish toʻgʻrisida takliflar kiritish; mehnat masalalari, tashkilotning faoliyati, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha zarur axborot olish; ish joylariga moneliksiz tashrif buyurish, ish beruvchilardan, ularning vakillaridan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur maʼlumotlarni olish; mehnat nizolarini hal etish (tartibga solish) organlarida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish; ish beruvchining va u vakolat bergan shaxslarning qarorlari ustidan, agar ular qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga zid boʻlsa yoxud xodimlarning huquqlarini boshqacha tarzda buzadigan boʻlsa, sudga shikoyat qilish; agar xodimlarning ijtimoiy-mehnat munosabatlaridagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa harakatlar qonunchilikka zid boʻlmasa, ularni ham amalga oshirish. Xodimlarning vakillari tomonidan huquqlarni amalga oshirish ish beruvchilarning ish samaradorligini pasaytirmasligi, ularning belgilangan ish tartibi va rejimini buzmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 430-modda
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimning ish haqi saqlanmagan holda taʼtil olish huquqi
Ish beruvchi I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimning xohishiga koʻra uning yozma arizasi asosida unga ish haqi saqlanmagan holda har yili davomiyligi oʻn toʻrt kalendar kungacha boʻlgan taʼtil berishi shart.
- MehnatLABOR · 431-modda
Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq toʻlash tegishli kasb va lavozimlardagi xodimlarga toʻliq ish vaqti davomiyligidagi miqdorda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 432-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlash tushunchasi
Oʻrindoshlik asosida ishlash xodimning oʻzining asosiy ishidan tashqari alohida mehnat shartnomasi shartlari boʻyicha asosiy ishidan boʻsh vaqtida boshqa muntazam haq toʻlanadigan ishni bajarishidir. Oʻrindoshlik asosidagi ish xodim tomonidan oʻzining asosiy ish joyida (ichki oʻrindoshlik) yoki boshqa ish beruvchida (tashqi oʻrindoshlik) bajarilishi mumkin. Oʻrindoshning asosiy ish joyi, ushbu ish toʻliq yoki toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida bajarilishidan qatʼi nazar, xodimning mehnat daftarchasi yuritilayotgan ish beruvchidagi ishidir.
- MehnatLABOR · 433-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlashga doir cheklovlar
Quyidagi hollarda oʻrindoshlik asosida ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi: oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga; agar oʻrindoshning asosiy ishi noqulay mehnat sharoitlari bilan bogʻliq boʻlsa shunday sharoitlardagi ishlarda ishlashga (bundan sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari xodimlari mustasno); qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda. Agar oʻrindoshlik asosida ishlash xodimning, boshqa shaxslarning sogʻligʻiga yoki ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlsa, ish beruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda mehnat shart-sharoitlari hamda tartibining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olib, muayyan kasb, mutaxassislik va lavozimlarga nisbatan oʻrindoshlik asosida ishlashga cheklovlar belgilashi mumkin.
- MehnatLABOR · 434-modda
Oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilishda taqdim etiladigan hujjatlar
Boshqa ish beruvchiga (asosiy ish joyidan tashqari) oʻrindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar quyidagilarni taqdim etishi shart: pasportni yoxud uning oʻrnini bosuvchi hujjatni yoki identifikatsiya ID-kartasini; asosiy ish joyidan Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha maʼlumotnomani; bajarilishi uchun qonunchilikka muvofiq faqat muayyan ish stajiga ega boʻlgan shaxslar qoʻyilishi mumkin boʻlgan ishga oʻrindoshlik asosida qabul qilishda asosiy ish joyidagi mehnat daftarchasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini yoki elektron mehnat daftarchasidan koʻchirmani; diplomni, guvohnomani (sertifikatni) yoki taʼlim toʻgʻrisidagi yoki kasbiy tayyorgarlik haqidagi boshqa hujjatni, agar bunday ish maxsus bilimlarni yoxud maxsus tayyorgarlikni talab qilsa; mehnat sharoitlari zararli va (yoki) xavfli boʻlgan ishga qabul qilish chogʻida asosiy ish joyidan mehnatning xususiyati va shartlari toʻgʻrisidagi olingan maʼlumotnomani. Davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chogʻida ushbu modda birinchi qismining ikkinchi hamda toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali soʻrab oladi. Ichki oʻrindoshlik shartlari asosida ishga qabul qilish chogʻida ish beruvchi xodimdan biror-bir hujjatni taqdim etishni talab qilishga haqli emas, agar mazkur ish maxsus bilim yoxud maxsus tayyorgarlikni talab qilsa va ilgari bu hujjatlar xodim tomonidan taqdim etilmagan boʻlsa, bundan diplomni, guvohnomani (sertifikatni) yoki taʼlim toʻgʻrisidagi yoxud kasbiy tayyorgarlik haqidagi boshqa hujjatni talab qilish mustasno. Oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilish chogʻida ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
- MehnatLABOR · 435-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi
Oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilish mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Asosiy ish toʻgʻrisida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan xodimning ichki oʻrindoshligi chogʻida xodim bilan oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisida alohida mehnat shartnomasi tuziladi. Oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomalari, agar bu qonunchilikka zid boʻlmasa, bir yoki bir nechta ish beruvchi bilan tuzilishi mumkin. Oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisida tuzilgan mehnat shartnomasida ish oʻrindoshlik asosida bajarilayotganligi koʻrsatilishi shart. Oʻrindoshlik asosida ishga qabul qilinayotgan shaxslar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksning 104-moddasida nazarda tutilgan shart-sharoitlar bilan bir qatorda ish vaqtining davomiyligi va oʻrindoshlik asosida ishlash tartibi koʻrsatiladi.
- MehnatLABOR · 436-modda
Xodimning mehnat daftarchasiga oʻrindoshlik asosidagi ishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritish
Xodimning yozma arizasiga koʻra, oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan berilgan maʼlumotnoma asosida asosiy ish joyidagi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat daftarchasiga ish davrlarini koʻrsatgan holda oʻrindoshlik asosidagi ish toʻgʻrisida yozuv kiritiladi. Oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan beriladigan maʼlumotnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Oʻrindoshlik asosidagi ish joyidan berilgan maʼlumotnoma asosiy ish joyida saqlanadi. Ichki oʻrindoshlik chogʻida xodimning mehnat daftarchasiga yozuv uning yozma arizasi asosida kiritiladi.
- MehnatLABOR · 437-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlash chogʻidagi ish vaqtining davomiyligi va uni hisobga olish
Oʻrindoshlik asosida ishlash chogʻida oʻrindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq boʻlishi mumkin emas (bundan sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarining shifokor xodimlari mustasno). Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan boʻshagan kunlarda oʻrindoshlik asosida toʻliq ish kunida ishlashi mumkin. Oʻrindoshlar uchun ish vaqti davomiyligining har kunlik yarim normasiga rioya etilishi mumkin boʻlmagan taqdirda, ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritishga yoʻl qoʻyiladi. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni yuritish chogʻida oʻrindoshlik asosidagi ish vaqtining (smenaning) umumiy davomiyligi hisobga olinayotgan davr uchun oʻrindoshlik lavozimi boʻyicha ish vaqti normasining yarmidan koʻp boʻlmasligi kerak. Bunda hisobga olinadigan davrning cheklangan davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Ichki oʻrindoshlik chogʻida ish vaqtini hisobga olish asosiy ish va oʻrindoshlik asosidagi ish boʻyicha alohida-alohida yuritiladi.
- MehnatLABOR · 438-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarning mehnatiga haq toʻlash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoxud mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlarga qarab amalga oshiriladi. Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay shaklida oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga normalangan topshiriqlar belgilansa, mehnatga haq toʻlash haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun yakuniy natijalar boʻyicha amalga oshiriladi. Ish haqiga tuman koeffitsiyentlari belgilangan tumanlarda oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnatga haq toʻlash ushbu koeffitsiyentlarni hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Oʻrindoshlik asosida ishlash uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda, ishlab chiqarish natijasiga yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shartlarga qarab qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori asosida hisob-kitob qilingan miqdordan kam boʻlmasligi kerak. Xodimning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishda, ushbu hisoblab chiqarishning maqsadlaridan qatʼi nazar, asosiy ish joyi boʻyicha ish uchun va oʻrindoshlik asosida ish uchun ish haqi alohida-alohida hisob-kitob qilinadi. Agar jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan oʻzga ichki hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, oʻrindoshlik asosida ishlovchilar mehnatiga haq toʻlash shakllari va tizimlari, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustamalar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar toʻlash mazkur ish oʻzi uchun asosiy ish boʻlgan xodimlarga belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 439-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik mehnat taʼtillari
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga yillik asosiy taʼtillar, shuningdek oʻrindoshlar haqli boʻlgan qoʻshimcha mehnat taʼtillari asosiy ish joyidagi yillik mehnat taʼtili bilan bir vaqtda beriladi. Agar oʻrindoshlik asosida ishning birinchi ish yilida xodim olti oydan kam ishlagan boʻlsa, oʻrindoshlik asosida ishda yillik mehnat taʼtili uchun ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq toʻlanadi. Birinchi ish yilida olti oy ishlagan oʻrindoshlarning yillik mehnat taʼtiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun yillik mehnat taʼtiliga oʻrindoshlik asosida ishning oʻrtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq toʻlanadi. Asosiy ish joyi boʻyicha yillik mehnat taʼtilining davomiyligi oʻrindoshlik asosidagi ishdagi mehnat taʼtilining davomiyligidan koʻp boʻlgan hollarda, ish beruvchi oʻrindoshning iltimosiga koʻra unga oʻrindoshlik asosidagi ishdagi yillik mehnat taʼtilidan tashqari asosiy ishidagi yillik mehnat taʼtili va oʻrindoshlik asosidagi ishning yillik mehnat taʼtili davomiyligi oʻrtasidagi farqni tashkil etuvchi kunlarga ish haqi saqlanmaydigan taʼtil ham berishi shart.
- MehnatLABOR · 44-modda
Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga beriladigan mehnat kafolatlari
Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan shaxslarga xodimlarning huquq va manfaatlarini ifoda etishga hamda himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshirishi munosabati bilan ish beruvchilar, ularning vakillari tomonidan biror-bir shakldagi taʼqib qilinishdan himoya qilinish kafolatlanadi. Xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllashga, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek xodimlarning vakillik organlari tarkibiga saylangan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarni ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil ichida ish beruvchining tashabbusi bilan mazkur shaxslar oʻz faoliyatini amalga oshirgan vakillik organining oldindan roziligini olmasdan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xodimlarning tegishli vakillik organi rahbari boʻlgan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan xodimga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllashga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, shuningdek xodimlarning vakillik organi rahbari boʻlgan xodim bilan mehnatga oid munosabatlarni uning vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil ichida ish beruvchining tashabbusi bilan mazkur vakillik organi ishtirokchi boʻlgan xodimlarning tegishli hududiy yoki tarmoq birlashmasining oldindan roziligini olmasdan bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Xodimlarning vakillik organidagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi oqibatida ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilgan xodimlarga ularning saylab qoʻyiladigan lavozimdagi vakolatlari tugaganidan keyin avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa boshqa teng ish (lavozim) beriladi. Kasaba uyushmasi organlariga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, ular qonun hujjatlarida yoki jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.
- MehnatLABOR · 440-modda
Oʻrindoshlik asosida ishda kafolatli toʻlovlarni va kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
Ishni taʼlim olish bilan birga olib boruvchi shaxslarga kafolatli toʻlovlar va kompensatsiya toʻlovlari faqat asosiy ish joyida beriladi. Mehnat shartnomasini alohida asoslarga koʻra bekor qilish chogʻida xodimlarning ishga joylashish davri uchun oʻrtacha ish haqi faqat asosiy ish joyidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda saqlanadi. Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan oʻzga kafolatli toʻlovlar va kompensatsiya toʻlovlari toʻliq hajmda beriladi.
- MehnatLABOR · 441-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qoʻshimcha asoslari
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin: 1) mazkur ishga oʻzi uchun asosiy ish joyi boʻlgan xodim qabul qilingan taqdirda, ish beruvchi bu haqda oʻrindoshni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida ikki hafta oldin yozma shaklda ogohlantiradi yoxud mutanosib miqdorda pulli kompensatsiya toʻlaydi; 2) qonunchilikda yoki ushbu Kodeks 433-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq oʻrindoshlik asosida ishlashga cheklovlar joriy etilganligi munosabati bilan.
- MehnatLABOR · 442-modda
Oʻrindoshlik asosida ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlash
Oʻrindoshlik (ichki yoki tashqi) asosida ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 173-moddasining ikkinchi qismida hamda 441-moddasida nazarda tutilgan qoʻshimcha asoslar boʻyicha bekor qilinganida xodimga ishdan boʻshatish nafaqasi ikki haftalik oʻrtacha ish haqi miqdorida toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 443-modda
Kasanachilik tushunchasi
Kasanachilik tuziladigan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan oʻz yashash joyi boʻyicha yoki kasanachiga yoxud uning oila aʼzolariga tegishli boʻlgan yoki kasanachi tomonidan ijaraga olingan boshqa xonalarda ish beruvchining buyurtmalari boʻyicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar koʻrsatish borasida amalga oshiriladigan ishdir. Kasanachilarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu Kodeksda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Kasanachilik toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda tatbiq etiladi.
- MehnatLABOR · 444-modda
Kasanachilarni ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh
Oʻn olti yoshga toʻlgan jismoniy shaxs kasanachi boʻlishi mumkin. Agar kasanachilikning xususiyati kasanachi bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish zaruratini taqozo etsa, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarning kasanachilikni amalga oshirishiga yoʻl qoʻyiladi.
- MehnatLABOR · 445-modda
Kasanachilikni qoʻllash shartlari
Kasanachilikni qoʻllashga, basharti agar kasanachi mehnat shartnomasiga muvofiq kasanachilikni bajarish uchun zarur binolarga, shu jumladan turar joylarga, shuningdek ishni bajarish uchun amaliy koʻnikmalarga ega boʻlsa yoxud ishni bajarishga oʻqitilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Kasanachilik amalga oshiriladigan turar joylarni yashash uchun moʻljallanmagan joylar toifasiga oʻtkazish talab etilmaydi. Kasanachilik texnologiya jarayoni va boshqa shart-sharoitlar uy sharoitlarida butlovchi buyumlarning, yarim tayyor mahsulotlarning, mahsulotlarning hamda ishlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish imkonini beradigan sanoat tarmoqlarida va xizmat koʻrsatish sohalarida tashkilotlar hamda ularning buyurtmalari boʻyicha uyda tovarlar ishlab chiqarayotgan yoki xizmat koʻrsatayotgan xodimlar oʻrtasidagi kooperatsiya asosida tashkil etiladi. Kasanachining quyidagilarni talab qiladigan ishlarni (xizmatlarni) bajarishiga yoʻl qoʻyilmaydi: qonunchilikda belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya (ruxsatnoma) olishni; uyda kuch sarflab ishlatiladigan, koʻp energiya sarflanadigan va texnik jihatdan murakkab asbob-uskunalardan, shuningdek xavfli kimyoviy komponentlardan foydalanishni; uy sharoitlarida nazorat qilib boʻlmaydigan maxsus texnika xavfsizligiga rioya etishni. Kasanachilik sharoitlarida foydalanish mumkin boʻlmagan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar va mahsulotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Yongʻin xavfsizligi qoidalariga, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek kasanachilarning uy-joy-maishiy sharoitlarining oʻziga xos xususiyatlariga muvofiq kasanachilik ishlarining (xizmatlarining) ayrim turlariga yongʻin va sanitariya nazorati davlat organlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasining ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin. Kasanachilar uchun ishlarning (xizmatlarning) muayyan turlari ularning amaliy koʻnikmalari va sogʻligʻining holati hisobga olingan holda (ishning xususiyati, foydalaniladigan uskunalar va asboblar, xom ashyoning va materiallarning xossalari, nogironligi boʻlgan shaxslarga nisbatan esa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalari eʼtiborga olinadi) ish beruvchi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 446-modda
Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
Kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi oʻrtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi. Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham kiritiladi: kasanachi tomonidan mehnat vazifalarini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi; xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi; moddiy javobgarlik shartlari; ish beruvchi va kasanachining mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat shartlariga rioya etishga doir majburiyatlari; kasanachiga taʼtillar berish, uni ijtimoiy sugʻurta qilish, uning pensiya taʼminoti shartlari; ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachi oʻz uskunasi, asbobi va jihozidan foydalangan taqdirda uning xarajatlari oʻrnini qoplash tartibi va shartlari; ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarning oʻrnini qoplash (kompensatsiya qilish) tartibi; kasanachi mehnat shartnomasida shartlashilgan mehnat vazifalarini amalga oshirishi uchun unga berilgan uskuna, asbob va jihozni taʼmirlash yuzasidan ish beruvchining majburiyatlari; kasanachining aybiga koʻra materiallar, uskunalar, asboblarning buzilishi, shuningdek mahsulotning toʻliq yoki qisman yaroqsizligi bilan bogʻliq moddiy zararning oʻrnini ish beruvchiga qoplash shartlari; kasanachiga foydalanish uchun berilgan uskunalar, asboblarni, jihozlarni, butlovchi buyumlarni, xom ashyoni va materiallarni inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibi hamda ish beruvchining vakillarini kasanachilik amalga oshirilayotgan xonalarga kiritish shartlari; kasanachiga bogʻliq boʻlmagan holatlar (elektr energiyasining, suv, gazning mavjud emasligi va boshqalar) munosabati bilan ish beruvchining buyurtmasini belgilangan muddatlarda bajarish mumkin boʻlmagan taqdirda, kasanachining bu haqda ish beruvchini xabardor qilishga doir majburiyatlari. Kasanachi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin. Kasanachi bilan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.