Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 447-modda
Mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishda kasanachi oila aʼzolarining ishtirok etishi (yordamlashishi)
Kasanachi tomonidan ishlarni bajarish ish beruvchining roziligi olinmagan holda kasanachining oila aʼzolari ishtirokida (yordamida) amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachining oila aʼzolari va ish beruvchi oʻrtasida yakka tartibdagi mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Kasanachi oʻziga yordam beradigan oila aʼzolari tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) sifati uchun ish beruvchi oldida javobgardir.
- MehnatLABOR · 448-modda
Kasanachining ish vaqti
Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirigʻini belgilashda butun ishlar majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi normal yoki qisqartirilgan ish vaqti davomiyligidan oshib ketmasligi uchun ishlarning ayrim turlarini bajarishga doir vaqt normativlarini hisobga olishi kerak. Kasanachi ishlab chiqarish topshirigʻi hajmidan hamda mehnat shartnomasida belgilangan boshqa shartlardan kelib chiqqan holda oʻzi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi. Kasanachi ish vaqtini oʻz xohishiga koʻra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun bir hissa miqdorda haq toʻlanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi.
- MehnatLABOR · 449-modda
Kasanachining yillik mehnat taʼtili
Kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi koʻproq boʻlgan yillik mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, yigirma bir kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas. Kasanachilarga yillik mehnat taʼtilini berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 45-modda
Ish beruvchilarning xodimlar vakillarining faoliyatini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishga doir majburiyatlari
Ish beruvchilar: xodimlar vakillarining huquqlarini buzmasligi, ularning faoliyatiga koʻmaklashishi; xodimlarning manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinguniga qadar xodimlar vakillari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazishi, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda esa ularning roziligini olishi; xodimlar vakillarining takliflarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi va qabul qilingan qarorlar toʻgʻrisida ularga yozma shaklda asoslangan tarzda xabar qilishi; xodimlarning vakillarini ular qaysi xodimlar manfaatlarini ifodalayotgan boʻlsa, oʻsha xodimlarning ish joylariga moneliksiz kiritishi; xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari masalalariga oid zarur axborotni xodimlar vakillariga bepul taqdim etishi; xodimlarning vakillari oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlashi; xodimlarning vakili boʻlgan va ishlab chiqarishdagi ishidan ozod etilmagan shaxslarga ish vaqtida xodimlarning manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish majburiyatlarini bajarish uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda vaqt berishi. Koʻrsatilgan shaxslarga taqdim etiladigan vaqtning aniq davomiyligi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchilar yoki ularning vakillari bilan kelishib belgilanadi. Bunda ushbu vaqtning davomiyligi ish haftasi soatlari miqdorining oʻttiz foizidan kam boʻlishi mumkin emas; xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun va miqdorlarda mablagʻlar ajratishi shart. Ish beruvchilarning zimmasida xodimlar vakillariga nisbatan qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlar ham boʻladi.
- MehnatLABOR · 450-modda
Kasanachining mehnatiga haq toʻlash
Kasanachilarning ishiga, qoida tariqasida, ishbay haq toʻlanadi. Haq toʻlash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati boʻyicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar taraflarning kelishuviga koʻra tegishli ishlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqti hisobidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ishbay haq toʻlanadigan muayyan ish uchun kasanachining ish haqi miqdori ish beruvchining oʻz ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlariga taqqoslanadigan boʻlishi kerak. Kasanachining ish haqi, basharti kasanachi mehnat normalarini va mehnat majburiyatlarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi. Kasanachining mehnatiga har bir tugallangan ish topshirigʻi, ishlar hajmi topshirilayotganda yoki mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan muntazam vaqt oraligʻida haq toʻlanishi kerak. Mehnat shartnomasida kasanachining mehnatiga boʻnak tarzida haq toʻlash nazarda tutilishi mumkin. Agar kasanachi oʻz mehnatini bajaradigan joyda ish haqiga hudud koeffitsiyenti belgilangan boʻlsa, kasanachi mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
- MehnatLABOR · 451-modda
Kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish
Kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda, shuningdek mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin.
- MehnatLABOR · 452-modda
Masofadan turib ishlash
Masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa yerda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida boʻlgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki obyektdan tashqarida bajarishdan iborat boʻlib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchi bilan xodim oʻrtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish shart boʻladi. Masofadan turib ishlovchi xodimlarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu paragrafda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi. Masofadan turib ishlash rejimi quyidagi hollarda belgilanishi mumkin: xodimni ishga qabul qilishda; xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga oʻtkazilgan taqdirda ish jarayonida. Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga oʻtkazilishi mehnat shartlarining oʻzgarishidir. Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga oʻtkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi oʻzgarsa, boshqa ishga oʻtkazish hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 453-modda
Doimiy va vaqtincha masofadan turib ishlash
Ish beruvchi bilan: mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ishni bajarishning butun vaqti davomida masofadan turib ishlash toʻgʻrisida nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi; ish beruvchining nazorati ostida boʻlgan statsionar ish joyidan tashqarida doimiy asosda ishlash haqidagi shartni oʻz ichiga olgan mehnat shartnomasiga doir qoʻshimcha kelishuv tuzgan shaxslarning ishi doimiy asosda masofadan turib ishlashdir. Vaqtincha masofadan turib ishlash xodim tomonidan mehnat vazifasini uning roziligi bilan ish beruvchining nazorati ostida boʻlgan statsionar ish joyidan tashqarida vaqtincha bajarilishini nazarda tutuvchi ish rejimidir. Vaqtincha masofadan turib ishlashda mehnat shartnomasi taraflarining roziligi bilan masofadan turib ishlash rejimining muddati shart qilib koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Masofadan turib ishlash rejimining muddati quyidagilar vositasida aniqlanishi mumkin: kun, oy va boshqa muddatlarda masofadan turib ishlashning umumiy muddati davomiyligini koʻrsatish; masofadan turib ishlash boshlanadigan va tugallanadigan kalendar sanani belgilash; yuz berishi bilan masofadan turib ishlash rejimi muddati tugashiga olib keladigan hodisani aniqlash (epidemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin choralarining bekor qilinishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarish avariyasi oqibatlarining bartaraf etilishi va boshqalar). Vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishning eng koʻp muddati bir yildan oshmasligi kerak. Vaqtincha masofadan turib ishlash muddati tugagach, ish beruvchi xodim uchun u masofadan turib ishlash rejimiga oʻtguniga qadar ishlagan avvalgi ish rejimini belgilashi shart. Agar masofadan turib ishlashga oʻtish vaqtincha boʻlgan boʻlsa, ish beruvchi xodimning oʻtkazilish muddati tugashi bilan unga avvalgi mehnat vazifasi boʻyicha ishini ham berishi shart.
- MehnatLABOR · 454-modda
Ish beruvchining tashabbusiga koʻra vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtish
Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yongʻinlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar roʻy bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning roziligisiz uning vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishiga yoki oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi. Agar statsionar ish joyida xodim tomonidan bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyati ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan alohida hollarda uni ish beruvchining tashabbusiga koʻra masofadan turib ishlashga vaqtincha oʻtishini yoki oʻtkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa yoxud ish beruvchi xodimni masofadan turib ishlash uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, dasturiy-texnik vositalar, axborotni muhofaza qilish vositalari va boshqa vositalar bilan taʼminlay olmasa, ish beruvchi: xodimga taʼtillar jadvaliga muvofiq yillik mehnat taʼtilini berishga; taʼtillar jadvalida nazarda tutilgan taʼtillar berish navbatidan qatʼi nazar, xodimga uning roziligi bilan tegishli ish yili uchun yillik mehnat taʼtilini berishga; xodimning roziligi bilan unga ish haqini qisman saqlab qolgan holda taʼtil berishga; ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarni hisobga olmay turib, xodimga uning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berishga; xodim uchun toʻliqsiz ish vaqtini belgilashga haqli. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda ish beruvchi kamida ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda xodim uchun toʻliqsiz ish vaqtini joriy etishga haqli. Agar statsionar ish joyida xodim bajarayotgan ishning oʻziga xos xususiyati uni vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishini yoki oʻtkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni koʻrish imkoni boʻlmasa, mazkur xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarmayotgan vaqt ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolish hisoblanadi hamda bu vaqt uchun ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar kattaroq toʻlov miqdori jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda nazarda tutilmagan boʻlsa, haq toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 455-modda
Masofadan turib ishlashning aralash rejimi
Masofadan turib ishlashning aralash rejimi statsionar ish joyida ishlashni va masofadan turib ishlashni oʻz ichiga oladi. Statsionar ish joyida va masofadan turib ishlash muddatlari hamda ularning navbat bilan almashinishi mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga binoan aniqlanadi. Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra xodim uchun doimiy yoki vaqtincha masofadan turib ishlashning aralash rejimi belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 456-modda
Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi
Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi va taraflar belgilagan masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi shartlarining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi kelishuvlar umumiy tartibda yoki elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilishi mumkin. Bunda masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi, taraflar belgilagan mehnat shartnomasi shartlarining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilgan joy sifatida ish beruvchining joylashgan yeri koʻrsatiladi. Elektron hujjatlar almashinuvi orqali ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan masofadan turib ishlovchi xodimning talabiga koʻra, ish beruvchi tegishli tarzda rasmiylashtirilgan mazkur mehnat shartnomasining nusxasini masofadan turib ishlayotgan xodimga bu talabni olgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan qogʻozda pochta orqali yuborishi shart. Elektron hujjatlar almashinuvi orqali masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasini tuzishda ushbu Kodeksning 124-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar ish beruvchiga masofadan turib ishlashga kirishayotgan shaxs tomonidan elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin. Ish beruvchining talabiga koʻra mazkur shaxs ish beruvchiga ushbu hujjatlarning koʻchirma nusxalarini maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan qogʻozda pochta orqali yuborishi shart. Mehnat shartnomasi taraflarining har biri boshqa tarafga ular tomonidan imzolangan mehnat shartnomasining nusxasini olganligi haqida elektron shaklda xabar qiladi. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham kiritiladi: masofadan turib ishlash jadvali — masofadan turib ishlash rejimida xodimga taqdim etiladigan ish kunlarining hamda ish soatlarining soni va davriyligi; taraflar oʻrtasida ishlab chiqarish vazifalari va ularning bajarilishi toʻgʻrisida axborot almashish usullari; masofadan turib ishlashning aralash rejimi belgilanganda statsionar ish joyida ishlash va masofadan turib ishlash davrlari, shuningdek ularning navbat bilan almashinishi; agar masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mehnat vazifasini amalga oshirishi uchun tegishli asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika zarur boʻlsa, masofadan turib ishlovchi xodimga asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika berish tartibi, bundan masofadan turib ishlovchi xodim oʻziga tegishli boʻlgan yoki oʻzi ijaraga olgan asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnikadan foydalanishi toʻgʻrisida taraflar kelishuvga erishgan hollar mustasno; ish beruvchining mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasini bajarishi uchun masofadan turib ishlovchi xodimga berilgan asbob-uskunalarni va (yoki) tashkiliy texnikani taʼmirlashni amalga oshirishga doir majburiyatlari; xodimni ish beruvchi bilan muntazam ravishda hamkorlik qilish uchun zarur boʻlgan aloqa vositalari bilan, shu jumladan uning Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishini taʼminlash; xodimning aybi bilan ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga topshirilgan uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika buzilganligi tufayli ish beruvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash shartlari; masofadan turib ishlovchi xodimga foydalanish uchun berilgan uskunalar, tashkiliy texnika, dasturiy-texnik vositalar, aloqa vositalari, axborotni muhofaza qilish vositalarini va boshqa vositalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibi; mehnat majburiyatlarini bajarish uchun masofadan turib ishlovchi xodim oʻz asbob-uskunalari va (yoki) tashkiliy texnikasidan foydalangan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibi va shartlari; mehnat majburiyatlarini bajarish uchun aloqa vositalaridan foydalanganligi munosabati bilan masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibi va shartlari; masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchining elektron hujjatlar almashinuvi orqali hamkorlik qilishi tartibi; ishlab chiqarish topshirigʻida shart qilib koʻrsatilgan ishlarni mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda bajarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimning ishlarni oʻz vaqtida bajarishiga monelik qilayotgan sababni koʻrsatgan holda ish beruvchini xabardor qilish majburiyati; ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodimning zarur mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda xavfsizlik shartlariga rioya etish majburiyatlari. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qoʻshimcha asoslar ham nazarda tutilishi mumkin. Ish beruvchi joylashgan hududda yashaydigan masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodim oʻzining ish beruvchi va boshqa xodimlar bilan bevosita hamkorlik qilishi uchun zarur boʻlgan ish vaqtining bir qismida ish beruvchining ish joyida, qolgan ish vaqtida esa masofadan turib ishlashi nazarda tutilishi mumkin. Agar uning ish vaqtining kamida ellik foizi masofadan turib ishlashga toʻgʻri kelsa, xodim masofadan turib ishlovchi boʻlib hisoblanadi. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan yozma mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 457-modda
Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilishni va oʻtkazishni rasmiylashtirish
Xodimni masofadan turib ishlashga qabul qilish va oʻtkazish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi xodimni masofadan turib ishlashga nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasiga koʻra qabul qilish haqidagi ish beruvchining buyrugʻi eʼlon qilinishi uchun asosdir. Masofadan turib ishlovchi xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan cheklovlarga amal qilgan holda yoʻl qoʻyiladi. Mehnat shartnomasiga doir qoʻshimcha kelishuv doimiy ravishda masofadan turib ishlashga oʻtish toʻgʻrisida buyruqni eʼlon qilish uchun asos boʻladi. Xodimning vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishi haqida buyruqni eʼlon qilish uchun xodimning masofadan turib ishlashga oʻtishga va ishni masofadan turib bajarish rejimi shartlariga roziligini aks ettiradigan arizasi asos boʻladi.
- MehnatLABOR · 458-modda
Vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtishga yoki masofadan ishlashga oʻtkazishga doir ustuvor huquqqa ega boʻlgan xodimlarning toifalari
Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yongʻinlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar roʻy bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchida tegishli texnik va tashkiliy imkoniyatlar mavjud boʻlganda vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtish yoki oʻtkazish uchun ustuvor huquq beriladigan xodimlarning toifalari quyidagilardan iborat: homilador ayollar; oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalarning ota-onalari, vasiylari; nogironligi boʻlgan shaxslar; yoshga doir pensionerlar; nogironligi boʻlgan shaxslarni yoki oilaning oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan bemor aʼzolarini parvarishlayotgan xodimlar. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki hujjatda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarning boshqa toifalari ham vaqtincha masofadan turib ishlashga oʻtish yoki oʻtkazish uchun ustuvor huquqqa ega boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 459-modda
Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari
Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishi uchun masofadan turib ishlovchi xodimlarni zarur uskunalar, dasturiy-texnik vositalar, axborotni himoya qilish vositalari va boshqa vositalar bilan taʼminlash tartibi hamda muddatlari, masofadan turib ishlovchi xodimlar tomonidan bajarilgan ishlar haqidagi hisobotlarni topshirish tartibi va muddatlari, masofadan turib ishlovchi xodimlar tomonidan ularga tegishli boʻlgan yoki ijaraga olingan uskunalar, tashkiliy texnika, dasturiy-texnik vositalar, aloqa vositalari, axborotni himoya qilish vositalaridan hamda boshqa vositalardan foydalanganlik uchun kompensatsiyaning miqdori, uni toʻlash tartibi va muddatlari, masofadan turib ishlash bilan bogʻliq boshqa xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibi jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida belgilanadi. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining buyrugʻiga muvofiq ish beruvchi joylashgan yerga qilgan safari, agar xodim yashash joyiga har kuni qaytish imkoniyatiga ega boʻlmasa, xizmat safari hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 46-modda
Ish beruvchilarning vakillari
Ish beruvchining vakilligini hamda ularning huquq va manfaatlarini boshlangʻich darajada ifoda etish va himoya qilishni tashkilot rahbari, jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchi yoki ular vakolat bergan shaxslar ushbu Kodeksga, qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, ish beruvchining taʼsis hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Hududiy, tarmoq va respublika darajasida ish beruvchilarning vakilligini hamda ularning huquq va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilishni tegishincha ish beruvchilarning hududiy, tarmoq va respublika birlashmalari amalga oshiradi.
- MehnatLABOR · 460-modda
Masofadan turib ishlovchi xodimning va ish beruvchining hamkorligi
Xodim va ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimning masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida belgilangan ish vaqti ichida mehnat vazifasini bajarishi uchun muayyan vaqtni nazarda tutuvchi hamkorlik qilish tartibini belgilaydi. Hamkorlik qilish tartibi kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda, masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida belgilanadi. Hamkorlik qilish tartibida masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining qoʻngʻiroqlariga, elektron xatlariga va boshqa shaklda amalga oshirilgan soʻrovlariga javob berish majburiyati, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim oʻz mehnat vazifasini bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchining soʻrovlariga javob berishi shart boʻlgan muddat nazarda tutilishi mumkin. Hamkorlik qilish tartibida belgilangan vaqtdan tashqari ish beruvchining telefon qoʻngʻiroqlariga, elektron xatlariga va har qanday shaklda amalga oshirilgan soʻrovlariga xodimning javob berishi shart emas. Agar hamkorlik qilish tartibi masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan kelishilmagan boʻlsa yoxud xodim ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda tegishli ichki hujjat bilan tanishtirilmagan boʻlsa, xodim oʻz vaqtida javob bermaganligi yoki mehnat vazifasini bajarishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchining soʻrovlariga javob bermaganligi uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi hamkorlik ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatlarda yoxud masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida koʻrsatilgan xabarni joʻnatgan shaxsni ishonchli aniqlash imkonini beradigan barcha usullardan foydalangan holda, elektron hujjatlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi. Mazkur almashinuv taraflarining har biri masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda boshqa tarafdan elektron hujjatni olganligi haqidagi tasdiqnomani yuborishi shart. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq xodim oʻzining mehnat faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qabul qilinayotgan ichki hujjatlar, ish beruvchining buyruqlari, bildirishnomalari, talablari va boshqa hujjatlari bilan yozma shaklda, shu jumladan imzo qoʻydirib tanishtirilishi kerak boʻlgan hollarda, masofadan turib ishlovchi xodim ular bilan ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodim oʻrtasidagi elektron hujjat almashinuvi orqali tanishtirilishi mumkin. Masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchiga ariza bilan murojaat qilishga, ish beruvchiga tushuntirishlar, oʻzi amalga oshirayotgan mehnat faoliyati bilan bogʻliq boshqa axborotni elektron shaklda taqdim etishga haqli. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, homiladorlik va tugʻish nafaqasi, ijtimoiy sugʻurta boʻyicha boshqa toʻlovlarni olish uchun masofadan turib ishlovchi xodim qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlarning aslini, agar xodim oʻrindosh boʻlsa, hujjatlarning koʻchirma nusxalarini ish beruvchiga maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yuboradi. Ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga ish bilan bogʻliq hujjatlarning tegishli tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxalari ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq beriladi. Ish beruvchi xodim tomonidan ariza berilgan uch ish kunidan kechiktirmay hujjatlarning koʻchirma nusxalarini maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali yoki agar bu arizada koʻrsatilgan boʻlsa, elektron hujjat tarzida yuborishi shart.
- MehnatLABOR · 461-modda
Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti
Masofadan turib ishlovchi xodim uchun ishlab chiqarish topshirigʻini belgilash chogʻida ish beruvchi ishlarning ayrim turlarini bajarish vaqti normativlarini inobatga olishi, bunda bir oyga moʻljallangan ishning butun majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi ish vaqtining normal yoki qisqartirilgan davomiyligidan oshmasligi kerak. Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi: masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchi bilan aloqada boʻlishi (bevosita hamkorlik qilishi) kerak boʻlgan, qayd etilgan ish vaqtini. Masofadan turib ishlashning aralash tartibida qayd etilgan ish vaqti mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida nazarda tutilgan statsionar ish joyidagi ish vaqtini; foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan ishlab chiqarish vazifasining hajmidan va mehnat shartnomasida belgilangan boshqa sharoitlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtini. Foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtiga bir hissa miqdorida haq toʻlanadi hamda unga nisbatan ishdan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, shuningdek tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Masofadan turib ishlovchi xodimning dam olish vaqti davrida ish beruvchi bilan xodimning hamkorlik qilishiga xodimni dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb etish uchun belgilangan tartibda, ayrim hollarda yoʻl qoʻyiladi. Ish beruvchining xodim uchun belgilangan qayd etilgan ish vaqti davomiyligidan tashqari vaqtda xodim bilan hamkorlik qilishi ishdan tashqari ish boʻlib, bunga xodimni ishdan tashqari ishga jalb qilish uchun belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Ish beruvchining tashabbusiga koʻra, dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida, tungi vaqtda, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim uchun qayd etilgan ish vaqtidan tashqari vaqtda ish beruvchining xodim bilan hamkorlik qilganligi uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda oshirilgan haq toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 462-modda
Masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat taʼtili
Agar masofadan turib ishlovchi xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi uzoqroq boʻlgan har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, uning har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas. Masofadan turib ishlovchi xodimga har yilgi mehnat taʼtilini va boshqa turdagi taʼtillarni berish tartibi masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksga hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
- MehnatLABOR · 463-modda
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun, mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar ishlarni bajarish uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqtidan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra belgilanadi. Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash miqdori ish beruvchining ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlari bilan taqqoslanadigan boʻlishi kerak. Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash, basharti u mehnat normalarini va mehnat vazifalarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi va biron-bir eng katta miqdor bilan cheklanmasligi kerak. Masofadan turib ishlovchi xodim oʻz mehnatini amalga oshirayotgan joyda ish haqiga nisbatan hududiy koeffitsiyent belgilangan boʻlsa, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
- MehnatLABOR · 464-modda
Masofadan turib ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish
Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda belgilangan asoslarga koʻra bekor qilinishi mumkin. Agar masofadan turib ishlovchi xodimning ish beruvchining masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyrugʻi bilan tanishib chiqishi elektron hujjat tarzida amalga oshirilsa, ish beruvchi masofadan turib ishlovchi xodimga mazkur mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni lozim darajada rasmiylashtirilgan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi buyruqning koʻchirma nusxasini maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta orqali qogʻozda yuborishi shart.