Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 410-modda
Oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslardan biriga kafolatlar berish sharti
Ushbu Kodeksda bolaning otasiga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga (onadan tashqari) mehnat sohasida qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilgan hollarda, ular bolaning onasi yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs bu kafolatlardan foydalanmayotganligini tasdiqlovchi hujjatni (ish joyidan maʼlumotnomani, oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomani, ona va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarorini va hokazolarni) ish beruvchiga ish joyi boʻyicha taqdim etishi kerak. Agar bolaning onasi ishlamasa hamda bolaning parvarishi va tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlsa yoxud ishlasa hamda ushbu paragrafda nazarda tutilgan kafolatlardan foydalansa, otaga yoki oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boshqa shaxslarga mazkur kafolatlar berilmaydi.
- MehnatLABOR · 411-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadigan eng kam ish oʻrinlari hisobidan zaxiradagi ish oʻrinlariga mahalliy mehnat organlarining yoʻllanmasi bilan ishga joylashish kafolatlanadi.
- MehnatLABOR · 412-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarning mehnatini qoʻllash taqiqlanadigan ishlar
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarning mehnatini mehnat sharoiti zararli va (yoki) xavfli boʻlgan ishlarda, yer osti ishlarida, shuningdek bajarilishi ularning hayotiga va sogʻligʻiga, xavfsizligiga va maʼnaviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarda (tungi kafe va klublarda, spirtli ichimliklarni, tamaki mahsulotlarini, giyohvandlik va psixotrop moddalarni, toksik preparatlarni ishlab chiqarish, tashish hamda sotish va boshqalar) qoʻllash taqiqlanadi. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning ular uchun belgilangan yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp normalardan ortiq boʻlgan ogʻirlikdagi yuklarni koʻtarishi va tashishi taqiqlanadi. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar mehnatining qoʻllanilishi taqiqlanadigan va bajarilishi voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga va maʼnaviy jihatdan kamol topishiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlar roʻyxati, shuningdek ularning ogʻir yuklarni koʻtarishi va tashishi chogʻida yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp normalar Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha uch tomonlama respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 413-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarning mehnat huquqlari
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqlarga ega boʻladi, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, taʼtillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari sohasida esa ular uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanadi.
- MehnatLABOR · 414-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarning majburiy tibbiy koʻriklari
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik ular oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar har yili majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim. Ushbu Kodeksning 360-moddasida nazarda tutilgan majburiy tibbiy koʻriklar ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 415-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti davomiyligi
Ish vaqtining davomiyligi oʻn oltidan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan, oʻn beshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. Oʻquv yili davomida oʻqishdan boʻsh vaqtida ishlayotgan oʻquvchilarning ish vaqti davomiyligi ushbu moddaning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng koʻp davomiyligining yarmidan oshishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 416-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi
Har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi quyidagilardan oshishi mumkin emas: oʻn beshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun — olti kunlik ish haftasida — toʻrt soatdan, besh kunlik ish haftasida — besh soatdan, oʻn oltidan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun esa olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu oʻttiz daqiqadan; oʻquv yili davomida ishni oʻqish bilan birga olib boruvchi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarining oʻn beshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan oʻquvchilari uchun — olti kunlik ish haftasida — ikki soatdan, besh kunlik ish haftasida — ikki soatu oʻttiz daqiqadan, oʻn oltidan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan oʻquvchilari uchun esa olti kunlik ish haftasida — uch soatdan, besh kunlik ish haftasida — toʻrt soatdan.
- MehnatLABOR · 417-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishni, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishni taqiqlash
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborish, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi. Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlar yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ishlar, kasblar, lavozimlar roʻyxatlariga muvofiq ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidadan mustasnodir.
- MehnatLABOR · 418-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarga yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili berish
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarga davomiyligi kamida oʻttiz kalendar kun boʻlgan yillik mehnat taʼtili beriladi va ular bu taʼtildan yilning oʻzlari uchun qulay boʻlgan istalgan vaqtida foydalanishi mumkin. Agar yillik mehnat taʼtili berilayotgan ish yili xodim oʻn sakkiz yoshga toʻladigan va toʻlib boʻlganidan keyingi davrlarni qamrab olsa, taʼtilning davomiyligi xodim oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar va oʻn sakkiz yoshga toʻlganidan keyingi ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarni yillik mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 419-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun ishlab chiqarish normalari
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun ishlab chiqarish normalari umumiy ishlab chiqarish normalaridan kelib chiqqan holda ushbu xodimlar uchun belgilangan qisqartirilgan ish vaqtiga mutanosib ravishda belgilanadi. Umumiy oʻrta taʼlim yoki oʻrta maxsus, professional taʼlim olganidan keyin ishga kirayotgan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi boʻyicha taʼlim olgan xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq pasaytirilgan ishlab chiqarish normalari belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 42-modda
Xodimlarning vakilligi
Tashkilotda yoki jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchida xodimlarning vakilligini hamda ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishni boshlangʻich darajada kasaba uyushmasi qoʻmitasi amalga oshiradi. Xodimlarning va ish beruvchilarning manfaatlarini aynan bitta vakillik organi ifoda etishi hamda himoya qilishi mumkin emas. Xodimlar vakilligini, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni quyidagilar amalga oshiradi: hududiy va tarmoq darajalarida — tegishli kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari va boʻlinmalari (bundan buyon matnda hududiy va tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari deb yuritiladi); respublika darajasida — respublika kasaba uyushmalari birlashmalari.
- MehnatLABOR · 420-modda
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida mehnatiga haq toʻlash
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning mehnatiga ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligida haq toʻlash, xuddi ish vaqti davomiyligi toʻliq boʻlganda xodimlarning tegishli toifalari uchun toʻlanadigan miqdorda amalga oshiriladi. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar mehnatiga vaqtbay haq toʻlashda har kungi ishning toʻliq davomiyligida tegishli toifadagi xodimlarning mehnatiga haq toʻlash darajasiga qadar qoʻshimcha haq toʻlanadi. Ishbay ishlarga qoʻyilgan oʻn sakkiz yoshga toʻlgan xodimlar mehnatiga katta yoshdagi xodimlar uchun belgilangan ishbay narxlar boʻyicha haq toʻlanib, bunda oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning har kungi ish vaqti davomiyligi oʻn sakkiz yoshga toʻlgan xodimlarning har kungi ish vaqti davomiyligiga nisbatan qisqartirilgan vaqt uchun tarif stavkasi boʻyicha qoʻshimcha haq toʻlanadi. Oʻquv yili davomida oʻqishdan boʻsh vaqtida ishlayotgan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar mehnatiga ishlagan vaqtidan kelib chiqib yoki ishlab chiqarish natijasiga qarab haq toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 421-modda
Mehnat shartnomasini bekor qilishda oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun qoʻshimcha kafolatlar
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya etishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
- MehnatLABOR · 422-modda
Mehnat shartnomasini ota-onadan birining (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) va vakolatli organlarning talabiga koʻra bekor qilish
Ota-onadan biri (ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxs), shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar hamda bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar, agar ishni davom ettirish oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning hayotiga va sogʻligʻiga, xavfsizligiga hamda maʼnaviy jihatdan kamol topishiga tahdid solayotgan boʻlsa yoki ularga boshqacha tarzda ziyon yetkazishi mumkin boʻlsa, bunday shaxslar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
- MehnatLABOR · 423-modda
Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar
Nogironligi boʻlgan shaxslarga “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan ish oʻrinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish oʻrinlariga mahalliy mehnat organlari yoʻllanmasiga koʻra ishga joylashish kafolatlanadi.
- MehnatLABOR · 424-modda
Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan ularga sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlgan ishlarda foydalanishni taqiqlash
Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatidan ularga sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlgan ishlarda foydalanish taqiqlanadi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻliqsiz ish vaqti rejimi toʻgʻrisidagi, yuklamani kamaytirish haqidagi va mehnatning boshqa shart-sharoitlari toʻgʻrisidagi tavsiyalari ish beruvchi tomonidan bajarilishi majburiydir.
- MehnatLABOR · 425-modda
Nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat huquqlari
Nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatga oid yakka tartibdagi huquqiy munosabatlarda boshqa xodimlar kabi huquqlarga ega, mehnatni muhofaza qilish sohasida, ish vaqti, taʼtillar va boshqa mehnat shart-sharoitlari borasida esa ular oʻzi uchun qonunchilikda, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanadi. Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida belgilanadigan mehnat shart-sharoitlari, shu jumladan ish haqi, ish vaqti va dam olish vaqti rejimi, yillik mehnat taʼtilining davomiyligi qonunchilikda belgilanganidan kam boʻlishi hamda boshqa xodimlarga nisbatan nogironligi boʻlgan shaxslarning holatini yomonlashtirishi yoki ularning huquqlarini cheklashi mumkin emas. Nogironligi sababli nogironligi boʻlgan shaxs bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ishda uning yuqori lavozimga koʻtarilishini rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining xulosasiga koʻra nogironligi boʻlgan shaxsning sogʻligʻi holati kasbiy vazifalarini bajarishga monelik qiladigan yoxud uning yoki boshqa shaxslarning hayotiga yoki sogʻligʻiga, mehnat xavfsizligiga tahdid soladigan hollar mustasno.
- MehnatLABOR · 426-modda
Nogironligi boʻlgan shaxslarning majburiy tibbiy koʻriklari
Nogironligi boʻlgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik har yili majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turilishi lozim. Ushbu Kodeksning 360-moddasida nazarda tutilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning majburiy tibbiy koʻriklari ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 427-modda
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi
I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi. I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida — olti soatdan, besh kunlik ish haftasida — yetti soatu oʻttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 428-modda
Nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishning, ish vaqtidan tashqari ishlarga, tungi ishlarga, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishning oʻziga xos xususiyatlari
Nogironligi boʻlgan xodimlarni xizmat safariga yuborishga, tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga hamda dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ishlarga jalb qilishga faqat ularning roziligi bilan, agar ushbu xodimlar uchun bunday ishlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tavsiyalarida taqiqlanmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.