Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 375-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining muddati va shakli
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi muayyan ishni bajarish uchun talab etiladigan malakani olish uchun zarur boʻlgan muddatga tuziladi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi kamida ikki nusxada, yozma shaklda tuzilib, bir xil yuridik kuchga ega boʻladi va ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining har bir nusxasi oʻquvchining va ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxsning imzosi bilan tasdiqlanadi. Ish beruvchining muhri mavjud boʻlganda ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining barcha nusxalarida mansabdor shaxsning imzosi muhr bilan tasdiqlanadi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining bir nusxasi oʻquvchiga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining nusxasi oʻquvchi tomonidan olinganligi oʻquvchining ish beruvchida saqlanadigan ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi nusxasidagi qoʻshimcha imzosi bilan tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 376-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining amal qilishi
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi ushbu shartnomada koʻrsatilgan sanadan eʼtiboran unda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining amal qilish davrida oʻquvchilarga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalari tatbiq etiladi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining amal qilishi oʻquvchi kasal boʻlgan vaqtga, harbiy yigʻinlarni oʻtash vaqtiga yoxud taraflarning kelishuviga koʻra uzaytiriladi. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining amal qilish muddati davomida uning mazmuni faqat taraflarning kelishuviga koʻra oʻzgartirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 377-modda
Ishlab chiqarish taʼlimining shakllari
Ishlab chiqarish taʼlimi yakka tartibda, brigada, kurs mashgʻulotlari shaklida va boshqa shakllarda tashkil etiladi.
- MehnatLABOR · 378-modda
Ishlab chiqarish taʼlimining vaqti
Oʻquvchining hafta ichidagi ishlab chiqarish taʼlimi vaqti xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasidan oshmasligi kerak. Tashkilotda ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan oʻquvchilar, ish beruvchi bilan kelishilgan holda mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan toʻliq ozod qilinishi yoki bu ishni toʻliq boʻlmagan ish vaqti shartlarida bajarishi mumkin. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining amal qilishi davrida oʻquvchi ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilinmasligi, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimi bilan bogʻliq boʻlmagan xizmat safarlariga yuborilmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 379-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi davrida oʻquvchilarga haq toʻlash
Oʻquvchilarga ishlab chiqarish taʼlimi davrida stipendiya toʻlanadi, uning miqdori ishlab chiqarish taʼlim shartnomasida belgilanadi va olinayotgan malakaga bogʻliq boʻladi, lekin qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 38-modda
Ish beruvchilarning birlashish huquqi
Ish beruvchilar oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni amalga oshirish maqsadida oldindan ruxsat olmasdan ixtiyoriy ravishda oʻz birlashmalarini tuzish, shuningdek ish beruvchilar birlashmalariga ularning ustavlarida belgilangan tartibda aʼzo boʻlish huquqiga ega. Ish beruvchilar birlashmasi yuridik va (yoki) jismoniy shaxslar boʻlgan ish beruvchilarning va (yoki) ish beruvchilar birlashmalarining ixtiyoriy aʼzoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir. Ish beruvchilarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni ish beruvchilarning u yoki bu birlashmalariga aʼzo boʻlishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 380-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi shartlarining haqiqiy emasligi
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining oʻquvchining holatini ushbu Kodeksda, qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlari haqiqiy emasdir.
- MehnatLABOR · 381-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi tugallanganidan keyin oʻquvchilarning huquq va majburiyatlari
Ishlab chiqarish taʼlimini muvaffaqiyatli tamomlagan ish qidirayotgan shaxslarga oʻzi taʼlimni oʻtagan ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzilganda sinov muddati belgilanmaydi. Agar oʻquvchi ishlab chiqarish taʼlimi tugaganidan keyin ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi boʻyicha va (yoki) mehnat shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini uzrli sabablarsiz bajarmasa, shu jumladan ishga kirishmasa, u ishlab chiqarish taʼlimi vaqtida olingan stipendiyani ish beruvchiga uning talabiga koʻra qaytarib beradi, shuningdek ish beruvchining ishlab chiqarish taʼlimi oʻtalishi munosabati bilan qilingan, oʻqish tugaganidan keyin haqiqatan ishlab berilmagan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarilgan boshqa xarajatlarining oʻrnini ushbu Kodeksning 348-moddasiga muvofiq qoplaydi.
- MehnatLABOR · 382-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasini bekor qilish asoslari
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi ishlab chiqarish taʼlimining muddati tugaganidan keyin yoki ushbu shartnomada nazarda tutilgan asoslar boʻyicha bekor qilinadi.
- MehnatLABOR · 383-modda
Ishni taʼlim bilan birga olib borish uchun shart-sharoitlar yaratish
Ish beruvchi mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan oʻtayotgan, shuningdek ishlab chiqarish taʼlimini oʻtayotgan xodimlarga ish va oʻqishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart. Mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida tahsil olib, oʻquv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlangan holda oʻquv taʼtili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan oʻzga kafolatlar beriladi. Mehnat shartnomasi boʻyicha taʼlim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotganlarga yillik mehnat taʼtillarini ish beruvchi, ularning xohishiga koʻra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga toʻgʻrilab berishi shart. Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim tashkilotlarida, kadrlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida (kurslarida) mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralmagan holda oʻqiyotgan, ishga yangi qabul qilingan xodimlar uchun, agar ular oʻz yillik mehnat taʼtillarini bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga moslashtirishmoqchi boʻlsa, ularning xohishiga koʻra, yillik mehnat taʼtili mazkur ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi.
- MehnatLABOR · 384-modda
Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirayotgan xodimlar uchun kafolatlar
Kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida oʻn besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda taʼtil beriladi, taʼlim tashkilotlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.
- MehnatLABOR · 385-modda
Kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha taʼlim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar
Oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari: birinchi va ikkinchi kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida — kamida oʻn kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa — kamida oʻttiz kalendar kun; uchinchi va undan yuqori kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida — kamida oʻttiz kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa — kamida qirq kalendar kun muddatga har yili beriladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi koʻproq boʻlgan oʻquv taʼtillari nazarda tutilishi mumkin. Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular oʻquv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi. Ish beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun taʼlim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yoʻlkira haqining ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorini toʻlaydi. Davlat attestatsiyasidan oʻtish uchun xuddi shunday miqdorda yoʻlkira haqi toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 386-modda
Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar berish tartibi
Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi taʼlim olayotganda beriladi. Mazkur kafolatlar va kompensatsiyalar, shuningdek tegishli darajadagi taʼlim olgan hamda ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan alohida kelishuvga muvofiq taʼlim olishga yuborilgan xodimlarga ham berilishi mumkin. Ishni bir vaqtning oʻzida taʼlim faoliyatini amalga oshiruvchi ikki tashkilotdagi oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimga faqat ushbu tashkilotlarning birida (xodimning tanloviga koʻra) olayotgan taʼlimi munosabati bilan kafolatlar va kompensatsiyalar beriladi. Ushbu Kodeks 383-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oʻquv taʼtili ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 387-modda
Ijodiy taʼtillar
Mehnat faoliyatini yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan shaxslarga asosiy ish joyida oʻrtacha ish haqi va lavozimi saqlangan holda quyidagi muddatlarga ijodiy taʼtillar beriladi: falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun hamda darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar qoʻlyozmalarining mualliflariga — uch oygacha; fan doktori (Doctor of Science (DSc) ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyani yakunlash uchun — olti oygacha. Mualliflar jamoalari tomonidan darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarini yozish chogʻida mualliflar jamoasi aʼzolaridan biriga mualliflar guruhining barcha aʼzolari imzolagan yozma arizaga muvofiq ijodiy taʼtil beriladi. Mualliflar taʼtilni oʻzaro taqsimlashga ham haqli. Ilmiy daraja olishga daʼvogarlarga, shuningdek darsliklarning yoki oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarining mualliflariga navbatdagi yillik mehnat taʼtillari ular ijodiy taʼtillardan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi. Ijodiy taʼtillar berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 388-modda
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari tushunchasi
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari deganda ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning umumiy qoidalari qoʻllanilishini qisman cheklovchi yoxud qoʻshimcha qoidalarni nazarda tutuvchi qoidalarni belgilash tushuniladi.
- MehnatLABOR · 389-modda
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari tasnifi
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari quyidagi mezonlar boʻyicha tasniflanadi: 1) mehnat munosabatlarining subyektlari (ayollar, oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul shaxslar, nogironligi boʻlgan shaxslar, voyaga yetmaganlar) boʻyicha; 2) mehnat faoliyatining sohalari, tarmoqlari va turlari (pedagoglar va tibbiyot xodimlari, transport xodimlari va boshqalar) boʻyicha; 3) mehnat sharoitlarining ogʻirligiga va (yoki) zararliligiga qarab; 4) tabiiy-iqlim sharoitlariga qarab; 5) xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlarining xususiyatlari (kasanachilar, masofadan turib ishlovchi xodimlar va boshqalar) boʻyicha. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlarini tasniflashning boshqa mezonlari ham nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 39-modda
Ijtimoiy sheriklik taraflari
Boshlangʻich darajadagi ijtimoiy sheriklik ikki tomonlama xususiyatga ega. Mehnat jamoasi va ish beruvchi boshlangʻich darajadagi ijtimoiy sheriklik taraflaridir. Tarmoq va hududiy darajalardagi ijtimoiy sheriklik ikki tomonlama yoki uch tomonlama xususiyatga ega. Xodimlar va ish beruvchilarning tegishli birlashmalari tarmoq va hududiy darajadagi ikki tomonlama ijtimoiy sheriklik taraflaridir. Hududiy darajadagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda xodimlar va ish beruvchilar hududiy birlashmalarining taklifiga koʻra mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor davlat organlari ishtirok etadi. Tarmoq darajasidagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda xodimlarning va ish beruvchilarning tarmoq birlashmalari taklifiga koʻra tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ishtirok etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tegishli tarmoqdagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ishtirok etadigan hollarda tarmoq darajasidagi uch tomonlama ijtimoiy sheriklikda ishtirok etadi. Respublika darajasidagi ijtimoiy sheriklik uch tomonlama xususiyatga ega. Xodimlar va ish beruvchilarning respublika birlashmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar respublika darajasidagi ijtimoiy sheriklik taraflaridir. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ish beruvchilar sifatida ish yuritadigan hollarda ular ijtimoiy sheriklikning ish beruvchiga vakillik qiladigan tarafi boʻladi.
- MehnatLABOR · 390-modda
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilash chogʻida kafolatlarning saqlanib qolishi
Xodimlarning mehnat sohasidagi hamda muayyan mehnat turiga xos boʻlgan talablar yoki yuqori ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslarga alohida gʻamxoʻrlik qilish (mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari) bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan mashgʻulotlar sohasidagi huquqlarining asoslantirilgan tafovutlari, istisnolari, afzalliklari, shuningdek cheklovlarini belgilash chogʻida tegishli toifadagi xodimlarning ushbu Kodeksda va mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan barcha kafolatlari saqlanadi, bundan ushbu boʻlimda belgilangan, xodimlarning mazkur toifasi uchun ayrim kafolatlarni berish imkoni yoʻqligi bilan bogʻliq alohida istisnolar mustasno.
- MehnatLABOR · 391-modda
Ayrim toifadagi xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilash tartibi
Ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan kafolatlar darajasining pasayishiga, ularning huquqlari cheklanishiga, intizomiy va (yoki) moddiy javobgarligi oshishiga olib keladigan mehnatni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari faqat ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 392-modda
Homiladorligi yoki farzandlari borligi sababli ishga qabul qilishni rad etishni, ishdan boʻshatishni yoki ish haqini kamaytirishni taqiqlash
Homiladorligi yoki farzandlari borligi bilan bogʻliq sababga koʻra ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish yoki ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etgan taqdirda, rad etish sabablarining ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan yozma asosini homilador ayol yoki farzandlari bor shaxs talabiga koʻra uch kun ichida taqdim etishi shart. Ishga qabul qilishni rad etish sabablarining yozma asosini taqdim etmaganlik ishga qabul qilishni rad etganlik ustidan shikoyat qilishga monelik qilmaydi.