Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
MehnatLABOR · 385-modda

Kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha taʼlim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar

Oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida kechki yoki sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqiyotgan xodimlarga oʻrtacha ish haqi saqlangan holda laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun oʻquv taʼtillari:

birinchi va ikkinchi kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida — kamida oʻn kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa — kamida oʻttiz kalendar kun;

uchinchi va undan yuqori kurslarda kechki taʼlim shaklida oʻqiyotganlar uchun oliy taʼlim tashkilotlarida — kamida oʻttiz kalendar kun, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlarida — kamida yigirma kalendar kun, oliy, oʻrta professional va oʻrta maxsus professional taʼlim tashkilotlaridagi sirtqi taʼlim shakli boʻyicha esa — kamida qirq kalendar kun muddatga har yili beriladi.

Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi koʻproq boʻlgan oʻquv taʼtillari nazarda tutilishi mumkin.

Ishni oʻqish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat taʼtillari ular oʻquv taʼtillaridan foydalanganligidan qatʼi nazar beriladi.

Ish beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida sirtqi taʼlim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun taʼlim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yoʻlkira haqining ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorini toʻlaydi. Davlat attestatsiyasidan oʻtish uchun xuddi shunday miqdorda yoʻlkira haqi toʻlanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.