Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 357-modda
Xodimni ishga qabul qilish va boshqa ishga oʻtkazishda mehnatni muhofaza qilish huquqi kafolatlari
Xodimni sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatmalar mavjud boʻlgan ishga qabul qilish va boshqa ishga oʻtkazish taqiqlanadi. Xodimni uning hayotiga va sogʻligʻiga yuqori darajadagi xavf ehtimoli oldindan maʼlum boʻlgan ishga qabul qilayotganda hamda oʻtkazayotganda ish beruvchi uni bu haqda ogohlantirishi shart.
- MehnatLABOR · 358-modda
Xodimning oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid solayotgan ishni bajarishni rad etish huquqi
Xodim ish jarayonida oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soladigan holatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida ish beruvchini darhol xabardor qilib, oʻz hayotiga va sogʻligʻiga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilguniga qadar tegishli ishni bajarishni rad etishga haqli. Ana shu davr mobaynida xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Agar xodimning hayotiga va sogʻligʻiga xavf soladigan holatlar yuzaga kelmaganligi aniqlansa, ish beruvchi ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida belgilangan tartibda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
- MehnatLABOR · 359-modda
Ish beruvchining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega: xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir normalarga, qoidalarga hamda yoʻriqnomalarga rioya etilishini talab qilish; alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish; xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining ogʻir-yengilligi, ularda jarohatlanishga olib kelishi mumkin boʻlgan kasalliklar bor-yoʻqligi, shuningdek alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida boʻlgan-boʻlmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud mansabdor shaxsga yoki bevosita sudga shikoyat qilish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish; mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish. Ish beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Ish beruvchi: har bir ish joyidagi mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiqligini taʼminlashi; mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini yaratishi va uning ishlashini taʼminlashi; binolar, inshootlar, asbob-uskunalardan foydalanishda, texnologik jarayonlarni amalga oshirishda, shuningdek xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarishda qoʻllashda, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishda xodimlarning xavfsizligini taʼminlashi; ish joylaridagi mehnat sharoitlarining holati ustidan, ayniqsa zararli ishlab chiqarish omillari va xavfli ishlab chiqarish omillari ustidan nazoratni amalga oshirishi; xodimlarni mehnat sharoitlari, shu jumladan kasb kasalliklari va boshqa kasalliklar xavfi mavjudligi, muayyan ish joylaridagi hamda ishlab chiqarishdagi mehnatni muhofaza qilish holati, shuningdek shu munosabat bilan ularga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabardor qilishi; mehnatni muhofaza qilish xizmatini va yoʻl harakati xavfsizligi xizmatini qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishi; belgilangan normalarga koʻra xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari, shuningdek jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlashi; qonunchilik hujjatlariga, shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq xodimlarga sanitariya-maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlashi; xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishini, oʻqitishni, qayta tayyorlashni, malakasini oshirishni va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha bilimlarini tekshirishni taʼminlashi; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻquvdan, yoʻl-yoʻriqdan oʻtmagan va bilimlari tekshirilmagan xodimlarni ishga qoʻymasligi; zararli, xavfli va boshqa mehnat sharoitlarida ishlayotgan xodimlarga imtiyozlar va kompensatsiyalar belgilanadigan, imtiyozli sharoitlarda pensiyaga chiqish huquqi beriladigan, nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish joylarini qonunchilikda belgilangan tartibda ulardagi mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazishi; dastlabki (ishga kirayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etishi; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarga, shuningdek kasaba uyushmalariga va xodimlarning boshqa vakillik organlariga mehnatni muhofaza qilishning holati ustidan nazorat qilish, tekshirish va monitoring qilish, ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar hamda kasb kasalliklarini tekshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar va materiallarni taqdim etishi; avariya holatlarining oldini olish, bunday holatlar yuz berganda xodimlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, shu jumladan jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish choralarini koʻrishi; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organlarning koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarishi hamda kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik organlarining taqdimnomalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi; xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni taʼminlashi; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari tekshiruvini amalga oshirishi, shuningdek ularning hisobini yuritishi shart. Ish beruvchining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 36-modda
Mehnat jamoasi
Ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan barcha xodimlar mehnat jamoasini tashkil etadi. Mehnat jamoasi ijtimoiy sheriklik sohasidagi oʻz vakolatlarini umumiy yigʻilish (konferensiya) oʻtkazish orqali amalga oshiradi. Mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi, agar unda ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning yarmidan koʻprogʻi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasining konferensiyasi, agar unda tashkilot boʻlinmalari delegatlarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasi umumiy yigʻilishining (konferensiyasining) qarori, agar umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ishtirok etayotgan xodimlarning (delegatlarning) ellik foizidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi (konferensiyasi): xodimlarning mehnat jamoasi manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan vakillik organini belgilaydi; jamoa shartnomasini maʼqullash yoki maʼqullamaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi; amal qilishi tegishli xodimlarga va ish beruvchiga nisbatan tatbiq etiladigan jamoa kelishuvlarining, shuningdek jamoa shartnomasining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; jamoa kelishuvining, jamoa shartnomasining taraflar tomonidan ijro etilishi samaradorligiga baho beradi; qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq oʻzga vakolatlarni amalga oshiradi.
- MehnatLABOR · 360-modda
Majburiy tibbiy koʻriklar
Ish beruvchi quyidagilarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etishi shart: oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarni; umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarni; nogironligi boʻlgan shaxslarni; mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport vositalarining harakati bilan bogʻliq ishlarda band boʻlganlarni; oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band boʻlganlarni; umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga taʼlim yoki tarbiya berish bilan band boʻlgan pedagog xodimlarini va boshqa xodimlarini. Mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarning hamda bajarilayotganda dastlabki va davriy majburiy tibbiy koʻriklar oʻtkaziladigan boshqa ishlarning roʻyxati va ushbu koʻriklarning oʻtkazilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi. Majburiy tibbiy koʻriklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular boʻlmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʻtkaziladi. Majburiy tibbiy koʻriklarni oʻtkazish majburiyati qonunchilikka muvofiq majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan shaxslar boshqa ishga oʻtkazilgan taqdirda ham ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi. Xodimlar majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishi munosabati bilan chiqimdor boʻlmaydi. Xodimlar majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emas. Ish beruvchi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart. Agar xodim sogʻligʻining yomonlashishi mehnat sharoitlari bilan bogʻliq deb hisoblasa, u navbatdan tashqari majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishni talab qilish huquqiga ega. Majburiy tibbiy koʻriklarni oʻtkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
- MehnatLABOR · 361-modda
Ish joylariga qoʻyiladigan talablar
Ish joylari joylashtiriladigan binolar (inshootlar) tuzilishiga koʻra ularning belgilangan funksional maqsadiga hamda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish talablariga mos boʻlishi kerak. Ishlash uchun moʻljallangan asbob-uskunalar mazkur turdagi asbob-uskunalar uchun belgilangan xavfsizlik normalariga mos boʻlishi, tegishli texnik pasportlarga (sertifikatga), ogohlantiruvchi belgilarga ega boʻlishi va ish joylarida xodimlar xavfsizligini taʼminlash uchun toʻsiqlar yoki himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Xodimlarning binodan chiqishi uchun avariya yoʻllari va chiqish joylari belgilangan boʻlishi, boʻsh qolishi hamda ochiq havoga yoxud xavfsiz hududga olib chiqishi kerak. Xavfli zonalar aniq belgilangan boʻlishi kerak. Agar ish joylari ishning xususiyati tufayli xodim uchun xavf mavjud boʻlgan xavfli zonalarda joylashgan boʻlsa, bunday joylar begona kishilarning bu zonalarga kirishiga toʻsiq boʻladigan qurilmalar bilan jihozlanishi kerak. Tashkilot hududida piyodalar va texnologik transport vositalari xavfsiz sharoitlarda harakatlanishi kerak. Ish vaqti davomida ish oʻrinlari joylashgan xonada harorat, yorugʻlik, shuningdek ventilyatsiya sanitariya normalari va qoidalariga mos boʻlishi kerak. Quyidagilar mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlari attestatsiyasidan oʻtkaziladi: qonunchilikda belgilangan tartibda xodimlarga mehnat sharoitlariga koʻra imtiyozlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan ish oʻrinlari; nogironligi boʻlgan shaxslar band boʻlgan ish oʻrinlari; imtiyozli shartlarda pensiya olish huquqini beradigan ishlab chiqarishlar, muassasalar, ishlar, kasblar, lavozimlar va koʻrsatkichlar roʻyxatlarida koʻrsatilgan ish oʻrinlari; xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi ish oʻrinlari. Qonunchilikda, shuningdek jamoa kelishuvlarida va jamoa shartnomasida mehnat sharoitlariga koʻra boshqa ish oʻrinlarini ham attestatsiyadan oʻtkazish nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 362-modda
Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish va oʻqitish
Ishga yangi kirayotgan barcha xodimlar, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilayotgan xodimlar uchun ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriq berishni amalga oshirishi, ishlarni bajarishning xavfsiz uslublari va usullari hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga yordam koʻrsatishga oid oʻquvni tashkil etishi shart. Yuqori xavfga ega boʻlgan ishlab chiqarishga yoki kasbiy tanlov talab etiladigan ishga kiruvchi xodimlar uchun ishni xavfsiz uslublar va usullar bilan bajarish boʻyicha dastlabki tayyorgarlik, kasb boʻyicha bir oy davomida mehnatni muhofaza qilishga doir oʻquv oʻtkazilib, imtihon topshiriladi va keyinchalik mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha majburiy davriy attestatsiya oʻtkaziladi. Tashkilotlarning xodimlari, shu jumladan rahbarlari mehnatni muhofaza qilishning davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ushbu xodimlar va rahbarlarning kasbi hamda ish turlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqitilishi, yoʻl-yoʻriq olishi, bilimlarining tekshiruvidan oʻtkazilishi shart. Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha belgilangan tartibda oʻquvdan oʻtmagan, yoʻl-yoʻriq olmagan va bilimlari tekshiruvdan oʻtkazilmagan shaxslarni ish beruvchi ishdan chetlashtirishi shart.
- MehnatLABOR · 363-modda
Xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash
Mehnat sharoiti noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlar belgilangan normalar boʻyicha sut (shunga teng boshqa oziq-ovqat mahsulotlari), davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv (issiq sexlarda ishlovchilar uchun), maxsus kiyim-bosh, sanitar kiyim-bosh, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan bepul taʼminlanadi. Bunday ishlarning roʻyxati, beriladigan narsalarning normalari, taʼminot tartibi va shartlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, agar ular tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qonunchilikda belgilangan normativlarga muvofiq belgilanadi. Xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini olish, saqlash, yuvish, tozalash, taʼmirlash, dezinfeksiya qilish va zararsizlantirish ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 364-modda
Xodimni sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazish
Ish beruvchi sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimni uning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamagan holda, shunday ishga oʻtkazishi shart. Xodim sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan, kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilganda shunday ishga oʻtkazilgan kundan eʼtiboran ikki hafta mobaynida uning avvalgi oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Sil kasalligiga yoki boshqa kasb kasalligiga chalinganligi sababli kamroq haq toʻlanadigan boshqa ishga vaqtincha oʻtkazilgan xodimga shu ishga oʻtgan vaqt uchun, lekin ikki oydan ortiq boʻlmagan muddat davomida yangi ishda beriladigan ish haqiga xodimning avvalgi ishidagi haqiqatda olgan ish haqidan oshib ketmaydigan miqdorda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanadi. Agar ish beruvchi mehnatga qobiliyatsizlik varaqasida koʻrsatilgan muddatda boshqa ish topib berolmagan boʻlsa, buning oqibatida bekor oʻtgan kunlar uchun mazkur nafaqa umumiy asoslarda toʻlanadi. Mehnatda mayib boʻlganligi yoki ish bilan bogʻliq holda sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan vaqtincha kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan xodimlarga ularning sogʻligʻi shikastlanganligi uchun javobgar boʻlgan ish beruvchi avvalgi ish haqi bilan yangi ishda oladigan ish haqi oʻrtasidagi farqni toʻlaydi. Bunday farq mehnat qobiliyati tiklanguniga qadar yoki nogironlik belgilanguniga qadar toʻlanadi. Qonunchilikda sogʻligʻining holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan, kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilganda avvalgi oʻrtacha ish haqini saqlab qolishning yoki davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlashning boshqa hollari ham nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 365-modda
Xodimlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va ularni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish
Ish beruvchi ish joyida kasal boʻlib qolgan xodimlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan choralar koʻrishi shart. Ish joyida kasal boʻlib qolgan xodimlarni davolash-profilaktika muassasalariga olib borish, zarur hollarda, ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 366-modda
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari majburiy ravishda tekshirilishi va hisobga olib borilishi lozim. Ish beruvchi ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini oʻz vaqtida tekshirishi hamda hisobga olishi shart. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va kasb kasalliklarini tekshirish hamda hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 367-modda
Xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tushunchasi
Xodimlarni kasbga tayyorlash deganda xodimlarda nazariy va amaliy bilimlarni shakllantirishga, shuningdek muayyan sohada kasbiy faoliyatni amalga oshirishga va (yoki) muayyan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha ishlarni bajarishga imkon beruvchi koʻnikma hamda malakalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan oʻqitish tushuniladi. Xodimlarni kasbga tayyorlash ish beruvchining yoʻllanmasi boʻyicha ixtiyoriy ravishda taʼlim tashkilotlarida amalga oshiriladi. Xodimlarni qayta tayyorlash deganda xodimlarni texnologiyalarga yoki mehnat jarayoniga nisbatan talablar oʻzgarib borayotganligi sababli yangi kasbiy bilimlari, malakalari va koʻnikmalarni egallash maqsadida yoki yangi kasbni egallash uchun oʻqitish tushuniladi. Malaka oshirish deganda xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik boʻyicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va koʻnikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xodim hamda ish beruvchi uchun ixtiyoriy tartibda yoki, agar xodimlarni majburiy qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish talablari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, majburiy tartibda amalga oshirilishi mumkin. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mazkur ish beruvchida yoki tegishli taʼlim tashkilotida yoxud boshqa ish beruvchida amalga oshirilishi mumkin. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish murabbiylik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 368-modda
Murabbiylik
Murabbiylik deganda xodimlarni qayta tayyorlash yoki ularning malakasini oshirish turlari tushunilib, bunda tashkilotning eng tajribali xodimlari (murabbiylar) muayyan bir mehnat vazifasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bilimlar, koʻnikmalar va malakalarni tajribasi kamroq boʻlgan xodimlarga rejali ravishda yetkazishni taʼminlaydi. Murabbiylik tashkilot xodimlari oʻrtasida amalga oshiriladi va ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Mehnat shartnomasiga doir qoʻshimcha kelishuv yoki murabbiy bilan tuzilgan mehnat shartnomasi, agar unga avvalboshdanoq murabbiylik qilish toʻgʻrisidagi tegishli shartlar kiritilgan boʻlsa, murabbiylikni amalga oshirish toʻgʻrisida buyruq chiqarish uchun asos boʻladi. Murabbiylik qilish toʻgʻrisidagi tegishli shartlar deganda murabbiyning kamroq tajribaga ega boʻlgan xodimni oʻqitish uchun sarflaydigan ish vaqti, murabbiylik vazifalarini bajarganlik uchun toʻlanadigan haq miqdori va ushbu Kodeksga, jamoa kelishuvlariga, mehnat huquqi normalarini oʻz ichiga olgan ichki va boshqa hujjatlarga zid boʻlmagan oʻzga shartlar tushuniladi. Murabbiylikni amalga oshirish davrida murabbiy kamroq tajribaga ega boʻlgan xodimning bevosita rahbari hisoblanadi hamda undan mehnat vazifasini lozim darajada bajarishni va mehnat intizomiga rioya etishni talab qilishga haqli. Murabbiy tayinlangan taqdirda, kamroq tajribaga ega boʻlgan xodimning mehnat shartnomasida mazkur shart haqida tegishli belgi qoʻyiladi. Murabbiylikni amalga oshirish tartibi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadi.
- MehnatLABOR · 369-modda
Xodimning malakasi va kasbiy standart tushunchalari
Xodimning malakasi uning muayyan kasbiy faoliyat turini bajarishga tayyorligini tavsiflaydigan kasbiy bilimlari, malakalari, koʻnikmalari, layoqati va ish tajribasining darajasidir. Kasb standarti asosiy mehnat vazifalari va ularni bajarish shartlari tavsifini oʻz ichiga olgan, mehnat boʻyicha malaka darajasiga, layoqatga, mehnat sifati va shart-sharoitlariga doir talablarni belgilaydigan standartdir. Kasbiy standartlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va qoʻllash tartibi qonunchilikda belgilanadi. Agar qonunchilikda xodimga muayyan mehnat vazifasini bajarish uchun zarur boʻlgan malakaga nisbatan talablar belgilangan boʻlsa, kasbiy standartlarning mazkur talablarga doir qismi ish beruvchilar tomonidan qoʻllanilishi shart. Kasb standartlarida koʻrsatilgan va qoʻllanilishi majburiyligi ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq belgilanmagan malakalarning tavsiflari ish beruvchilar tomonidan xodimlarning malakasiga doir talablarni aniqlash uchun asos sifatida qoʻllaniladi, bunda xodimlarning qoʻllanilayotgan texnologiyalarga hamda qabul qilingan ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etishga bogʻliq holda bajarayotgan mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.
- MehnatLABOR · 37-modda
Xodimlarning birlashish huquqi
Xodimlar oʻz huquqlari va manfaatlarini biror-bir farqqa qaramasdan ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda oʻz xohishiga koʻra va oldindan ruxsat olmasdan kasaba uyushmalarini tuzish huquqiga, shuningdek kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga aʼzo boʻlish huquqiga ega. Ijtimoiy sheriklikning tegishli darajalarida kasaba uyushmalari mavjud boʻlmagan taqdirda, xodimlar oʻz manfaatlarini ifoda etish va himoya qilishni taʼminlash uchun boshqa birlashmalar tuzishga haqlidir. Kasaba uyushmalariga yoxud xodimlarning boshqa birlashmalariga mansublik yoki mansub emaslik fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquqlari va erkinliklarini biror-bir tarzda cheklashga sabab boʻlmaydi. Kasaba uyushmalarining yoki xodimlar boshqa birlashmalarining barcha aʼzolari ushbu Kodeksda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, kasaba uyushmalarining yoki xodimlarning boshqa birlashmalari ustavlarida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan oʻz huquq va majburiyatlari borasida tengdir. Ishga qabul qilishni, xodim uchun ehtimol tutilgan imtiyozlar va preferensiyalarni, shu jumladan ustamalarni, mukofot pullarini, ishda yuqori martabaga koʻtarilishni, shuningdek mehnat shartnomasining bekor qilinishini muayyan kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmasiga mansublik yoki mansub emaslik, unga aʼzo boʻlish yoxud undan chiqish bilan bogʻlash taqiqlanadi. Kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga mansubligi yoki mansub emasligi belgisi boʻyicha oʻzini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitilganlik fakti ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin. Kamsitilgan shaxsning kamsitishni bartaraf etish, buzilgan huquqini tiklash va oʻziga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi talablari sud tartibida hal etiladi. Xodimlarning birlashish huquqini amalga oshirishga monelik qilishga, shuningdek ularni kasaba uyushmalariga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga aʼzo boʻlishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Xodimning kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning boshqa birlashmalariga aʼzo boʻlmaslik toʻgʻrisidagi yozma yoki ogʻzaki majburiyatlari haqiqiy emasdir.
- MehnatLABOR · 370-modda
Ish beruvchining xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir huquq va majburiyatlari
Xodimlarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga boʻlgan zaruratni ish beruvchi belgilaydi, bundan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish zarurati mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan hollar mustasno. Xodimlarni qayta tayyorlashga va oʻz malakasini oshirishga yuborish tartibi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadi. Xodim ish beruvchi va xodim uchun majburiy boʻlgan qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida xodimning ish joyini (lavozimini) va oʻrtacha ish haqini saqlab qolishi shart. Agar qayta tayyorlash yoki malaka oshirish ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ish beruvchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish vaqtida xodimning ish joyini (lavozimini) saqlab turishi shart. Xodimning oʻrtacha ish haqini saqlab qolish masalasi jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatda yoxud mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra hal qilinadi. Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari, zarur kasblar hamda mutaxassisliklarning roʻyxati ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishgan holda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 371-modda
Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish chogʻida xodimlarning huquq va majburiyatlari
Xodimlar ushbu Kodeksda, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan tartibda kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishdan oʻtish huquqiga ega. Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishdan oʻtish chogʻida xodimlar taʼlim tashkilotida belgilangan qoidalarga rioya etishi, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish natijalarini ish beruvchiga taqdim etishi shart. Kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishdan oʻtish chogʻida xodimlarning zimmasida ushbu Kodeksda, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda va mehnat toʻgʻrisidagi oʻzga huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 372-modda
Haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyoti va haq toʻlanadigan stajirovka
Haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyoti deganda amaliyot oʻtayotgan shaxs tomonidan kasb malakasiga va ish tajribasiga ega boʻlish maqsadida amalga oshiriladigan hamda amaliyot oʻtayotgan shaxsni oʻquv rejasiga muvofiq ish beruvchida mavjud boʻlgan boʻsh (vakant) oʻringa qabul qilishni nazarda tutuvchi kasb tayyorgarligiga oid oʻquv jarayonining amaliy qismi tushuniladi. Haq toʻlanadigan stajirovka stajirovka muayyan kasb, mutaxassislik, malaka yoki lavozim boʻyicha ishlash uchun zaruriy shart boʻlgan hollarda bevosita ish joyida xodimni nazariy jihatdan tayyorlash natijasida egallangan kasbiy bilimlar, malakalar va koʻnikmalarni amaliyotda shakllantirish hamda mustahkamlash maqsadida kasbga tayyorlash bosqichidir. Haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki haq toʻlanadigan stajirovkani oʻtayotgan shaxs bilan muddatli mehnat shartnomasi amaliyotni yoki stajirovkani oʻtash muddatiga tuziladi. Bunda mehnat shartnomasida mehnat shartnomasining majburiy shartlari bilan bir qatorda, amaliyotga yoki stajirovkaga rahbarlik qiluvchi shaxs belgilanishi kerak.
- MehnatLABOR · 373-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi tushunchasi
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasi ish beruvchi va oʻquvchi (ish beruvchida ishlayotgan shaxs yoki ish qidirayotgan shaxs) oʻrtasida mehnat shartnomasi boʻyicha ishdan ajralgan yoki ajralmagan holda taʼlim olish uchun tuzilgan, kasbiy bilimlar, malakalar va koʻnikmalarni oʻrganish toʻgʻrisidagi yoki qayta tayyorlash haqidagi kelishuvdir.
- MehnatLABOR · 374-modda
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasining mazmuni
Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak: taraflarning nomi; oʻquvchi tomonidan olinadigan aniq malaka; ish beruvchining oʻquvchiga ishlab chiqarish taʼlimini oʻtash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash majburiyati; oʻquvchining ishlab chiqarish taʼlimini oʻtash va olingan malakaga muvofiq ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi boʻyicha ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasida belgilangan muddat davomida ishlab berish majburiyati; ishlab chiqarish taʼlimining muddati; oʻqish davrida mehnatga haq toʻlash miqdori; taraflarning rekvizitlari. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasida taraflarning kelishuvi bilan belgilangan boshqa shartlar ham boʻlishi mumkin. Ishlab chiqarish taʼlimi shartnomasida belgilangan, ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi boʻyicha ishlab berish muddati ishlab chiqarish taʼlimi muddatiga hamda ish beruvchining uni oʻtkazishga doir chiqimlariga mutanosib boʻlishi va har qanday holda ham ushbu Kodeksning 110-moddasi birinchi qismining uchinchi xatboshisiga muvofiq belgilangan muddatli mehnat shartnomasining eng koʻp davridan oshib ketmasligi kerak.