Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 339-modda
Ish beruvchining xodimdan zararni undirishdan voz kechish huquqi
Ish beruvchi moddiy zarar yetkazilgan aniq sharoitlarni hisobga olgan holda zararni aybdor xodimdan toʻliq yoki qisman undirishdan voz kechish huquqiga ega. Tashkilot mulkdori ish beruvchining mazkur huquqini qonunchilikda, shuningdek tashkilotning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda cheklashi mumkin.
- MehnatLABOR · 34-modda
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik tushunchasi va asosiy prinsiplari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik oʻz vakillari timsolida xodimlar, ish beruvchilar, ularning vakillari, davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tizimi boʻlib, bu tizim yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni hamda ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish masalalari yuzasidan xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini muvofiqlashtirishni taʼminlashga qaratilgan boʻladi. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: taraflar va ularning vakillari tomonidan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etish; taraflar vakillarining vakolatliligi; taraflarning teng huquqliligi; taraflar manfaatlarining hisobga olinishi; taraflarning shartnoma asosidagi munosabatlarda ishtirok etishdan manfaatdorligi; mehnat va mashgʻulot sohasiga kiradigan masalalarni tanlash hamda muhokama qilish erkinligi; taraflar tomonidan majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishning ixtiyoriyligi; taraflar oʻz zimmasiga olayotgan majburiyatlarning haqiqiyligi va ularni bajarishning majburiyligi; davlatning ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash va rivojlantirishga koʻmaklashishi; qabul qilingan jamoa kelishuvlarining, jamoa shartnomasining, shuningdek ijtimoiy sheriklikning boshqa hujjatlarida koʻrsatilgan qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat; taraflarning, ular vakillarining oʻz aybi bilan jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi bajarilmaganligi uchun javobgarligi.
- MehnatLABOR · 340-modda
Xodimning moddiy javobgarligi doirasi
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, xodim oʻzining oʻrtacha oylik ish haqi doirasida moddiy javobgar boʻladi.
- MehnatLABOR · 341-modda
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi uning ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini toʻliq miqdorda qoplash majburiyatidan iboratdir. Yetkazilgan zarar uchun toʻliq miqdordagi moddiy javobgarlik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar faqat qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida yetkazilgan zarar uchun, shuningdek jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi.
- MehnatLABOR · 342-modda
Xodimning toʻliq moddiy javobgarligi hollari
Yetkazilgan zarar uchun toʻliq miqdordagi moddiy javobgarlik quyidagi hollarda xodimning zimmasiga yuklatiladi: 1) toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning kamomadida; 2) xodim tomonidan bir martalik hujjat (tovar-moddiy qimmatliklarni olish ishonchnomasi, qabul qilish-topshirish dalolatnomasi va hokazolar) boʻyicha olingan boyliklarning but saqlanishi taʼminlanmaganda; 3) qasddan zarar yetkazilganda; 4) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatida zarar yetkazilganda; 5) xodimning sud tomonidan aniqlangan jinoiy harakatlari natijasida zarar yetkazilganda; 6) maʼmuriy huquqbuzarlik natijasida zarar yetkazilganda, agar bu tegishli davlat organi yoki sud tomonidan aniqlangan boʻlsa; 7) davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni (tijorat, xizmat sirini yoki boshqa sirlarni) tashkil etuvchi maʼlumotlar oshkor qilinganda; 8) xodim mehnat majburiyatlarini bajarmagan taqdirda zarar yetkazilganda. Toʻliq moddiy javobgarlik ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan oʻzga hollarda ham xodimning zimmasiga yuklatilishi mumkin. Tashkilot rahbari, uning oʻrinbosarlari, tashkilot bosh buxgalteri, tashkilot alohida tuzilmasi rahbari ushbu Kodeksning 488-moddasiga muvofiq toʻliq moddiy javobgar boʻladi.
- MehnatLABOR · 343-modda
Toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomalar
Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻziga ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlamaganlik uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish oʻz xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan tuzilgan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi. Pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qilishga oid xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan ishga qabul qilinayotgan yoki ishni bajarayotgan oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxs ishga qabul qilinayotganda yoki keyinchalik mehnat shartnomasiga qoʻshimcha tariqasida ushbu shaxs bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilishi mumkin. Agar xodim talabgor boʻlgan ish (lavozim) toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishni talab qilsa, xodim esa bunday shartnomani tuzishga rozi boʻlmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqli. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qilayotgan xodim bilan ish beruvchi yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli, xodimlar oʻziga topshirilgan qimmatliklarni saqlash, ularga ishlov berish, ularni sotish (chiqarish), tashish, qoʻllash yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan alohida ish turlarini birgalikda bajarayotgan, har bir xodimning zarar yetkazganlik uchun javobgarligini chegaralash va u bilan yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuzish imkoni boʻlmagan taqdirda esa ish beruvchi jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli. Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnomaga binoan qimmatliklar ularning but saqlanishini taʼminlash uchun shaxsan javobgar boʻladigan aniq bir xodimga topshiriladi. Oʻzi bilan mazkur shartnoma tuzilgan xodim javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi kerak. Jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnoma ish beruvchi va jamoaning (brigadaning) barcha aʼzolari oʻrtasida tuziladi. Jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq qimmatliklar ularning but saqlanishini taʼminlash uchun toʻliq moddiy javobgarlik oʻz zimmasiga yuklatiladigan, oldindan belgilangan shaxslar guruhiga, jamoaga (brigadaga) topshiriladi. Javobgarlikdan ozod boʻlish uchun jamoaning (brigadaning) ayrim aʼzosi oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi kerak. Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomada mehnat shartnomasi taraflarining xodimga, jamoaga (brigadaga) ishonib topshirilgan qimmatliklarning but saqlanishini taʼminlashga doir vazifalari aniqlashtiriladi hamda ularning qoʻshimcha huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilab qoʻyiladi. Toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida oʻzi bilan shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari roʻyxati jamoa shartnomasida, agar jamoa shartnomasi tuzilmagan boʻlsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga binoan ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan bevosita muomala qiluvchi xodimlar tomonidan ishlar birgalikda bajariladigan, jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalar roʻyxati ham xuddi shunday tartibda belgilanadi. Xodim bilan toʻliq yakka tartibdagi moddiy javobgarlik yoki jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisida shartnoma tuzish boʻyicha tavsiyalar, ushbu shartnomalarning namunaviy shakli, shuningdek toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida oʻzi bilan yozma shartnomalar tuzilishi mumkin boʻlgan xodimlar egallaydigan lavozimlar va ishlarning namunaviy roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu Kodeksning 346-moddasiga muvofiq ziyonning oʻrni ixtiyoriy ravishda qoplanganda jamoa (brigada) har bir aʼzosining aybdorlik darajasi jamoaning (brigadaning) barcha aʼzolari va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Sud tartibida ziyonni undirishda jamoa (brigada) har bir aʼzosining aybdorlik darajasi sud tomonidan belgilanadi. Qimmatbaho buyumlar bilan muomala qilishga oid xizmatlar koʻrsatish (ularni saqlash, realizatsiya qilish, tashish, qayta ishlash) bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarda ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan kamomadlarning oʻrnini qoplashga yoʻl qoʻyiladigan tavakkalchilik fondi tuzilishi mumkin. Xodim bilan toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisida yozma shartnoma tuzilmagan, shuningdek bunday shartnoma pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish oʻz funksional majburiyatlariga kirmaydigan xodim, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxs bilan yoxud ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar toifasi roʻyxatiga kirmaydigan shaxs bilan tuzilgan hollarda ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun xodimning zimmasiga cheklangan moddiy javobgarlik yuklatilishi mumkin. Bunday hollarda toʻliq moddiy javobgarlik xodimning zimmasiga faqat ushbu Kodeks 342-moddasi birinchi qismining 2 — 8-bandlarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarning zimmasiga esa faqat ushbu Kodeksning 341-moddasi uchinchi qismida koʻrsatilgan hollardagina yuklatilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 344-modda
Ish beruvchining yetkazilgan zarar miqdorini va uning kelib chiqish sababini aniqlash majburiyati
Muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun ushbu Kodeksning 302 — 311-moddalarida nazarda tutilgan tartibda xizmat tekshiruvi oʻtkazishi shart. Zararning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun xodimdan yozma tushuntirish talab qilish majburiydir. Xodimning tushuntirish berishdan bosh tortishi uning ish beruvchiga zarar yetkazganlik uchun moddiy javobgarlikka tortilishiga monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
- MehnatLABOR · 345-modda
Yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash
Ish beruvchiga yetkazilgan zarar miqdori buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosidagi haqiqiy yoʻqotishlar boʻyicha belgilanadi. Ish beruvchining asosiy fondlarga (vositalarga) taalluqli boʻlgan mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori belgilangan normalarga koʻra eskirish chegirib tashlangan, moddiy qimmatliklarning balans qiymatidan (tannarxidan) kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Ish beruvchining asosiy fondlarga (vositalarga) taalluqli mol-mulki oʻgʻirlangan, kamomad boʻlgan, qasddan yoʻq qilingan yoki qasddan buzilgan taqdirda zararning miqdori zarar aniqlangan kunda ushbu hududda amalda boʻlgan bozor narxlari boʻyicha hisoblab chiqariladi. Boshqa hollarda zararning miqdori u yetkazilgan kuni mazkur hududda amalda boʻlgan bozor narxlari boʻyicha hisoblab chiqariladi. Qonunchilikda ish beruvchiga oʻgʻrilik, mol-mulkning ayrim turlari va boshqa moddiy qimmatliklar kamomadi yoki yoʻqotilganligi tufayli yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashning alohida tartibi, shu jumladan ish beruvchiga yetkazilgan zararning haqiqiy miqdori uning nominal miqdoridan koʻp boʻlgan hollarda zararni bir necha karra baravar hisoblab chiqarishning alohida tartibi belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 346-modda
Xodim tomonidan zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda qoplash
Ish beruvchiga zarar yetkazganlikda aybdor boʻlgan xodim zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda toʻliq yoki qisman qoplashga haqli. Zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda qoplash ushbu Kodeksda nazarda tutilgan doirada amalga oshiriladi. Xodimning va ish beruvchining kelishuviga binoan zararning oʻrnini boʻlib-boʻlib toʻlash asosida qoplashga yoʻl qoʻyiladi. Bunday holda xodim ish beruvchiga zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi yozma majburiyatni toʻlovlarning aniq muddatlarini koʻrsatgan holda taqdim etadi. Agar zararning oʻrnini ixtiyoriy ravishda qoplash toʻgʻrisida notarial tasdiqlangan majburiyatni bergan xodim mehnat munosabatlarini tugatgan boʻlsa va zararning oʻrnini qoplashdan bosh tortsa, qoplanmagan qarz notariusning ijro xatlariga asosan undiriladi. Xodim yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun ish beruvchiga uning roziligi bilan bahosi teng boʻlgan mol-mulk berishi yoki shikastlangan mol-mulkni tuzatib berishi mumkin.
- MehnatLABOR · 347-modda
Xodimdan ish beruvchiga yetkazilgan zararni undirish tartibi
Ish beruvchiga oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq boʻlmagan miqdorda yetkazilgan zarar summasini aybdor xodimdan undirish ish beruvchining zarar aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirilmay qabul qilingan buyrugʻiga muvofiq amalga oshiriladi. Agar yetkazilgan zararning xodimdan undirilishi lozim boʻlgan summasi uning oʻrtacha oylik ish haqidan oshib ketsa yoki zarar aniqlangan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgan boʻlsa, undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 348-modda
Xodimni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash
Xodim mehnat shartnomasini shartnomada yoki ish beruvchining hisobidan oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda shartlashilgan muddatdan oldin uzrli sabablarsiz bekor qilingan taqdirda, xodim ish beruvchi uni oʻqitish uchun qilgan, oʻqish vaqti tugaganidan keyin haqiqatda ishlab bermagan vaqtiga mutanosib tarzda hisoblab chiqarilgan xarajatlarning oʻrnini, agar mehnat shartnomasida yoki oʻqitish toʻgʻrisidagi kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qoplashi shart.
- MehnatLABOR · 349-modda
Tashkilotga uning rahbari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Tashkilotga uning mehnat shartnomasi boʻyicha ishlaydigan rahbari tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni ushbu Kodeksda belgilangan qoidalarga rioya etilgan holda tashkilot mulkdorining yoki u vakolat bergan organning qarori asosida qoplanadi. Rahbar zararning oʻrnini ixtiyoriy tartibda qoplashni rad etgan taqdirda, yetkazilgan zarar sud tartibida undiriladi.
- MehnatLABOR · 35-modda
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning darajalari
Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik: boshlangʻich darajada (tashkilotda yoki jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchida); hududiy darajada; tarmoq darajasida; respublika darajasida amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 350-modda
Xodimdan undiriladigan zarar miqdorining sud tomonidan kamaytirilishi
Sud aybning darajasi va shaklini, aniq holatlarni va xodimning moddiy ahvolini hisobga olib, undiriladigan zarar miqdorini kamaytirishi mumkin. Sud xodimdan undiriladigan zarar miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi kelishuv bitimini tasdiqlashga haqlidir. Agar zarar gʻarazli maqsad bilan sodir etilgan jinoyat sababli yetkazilgan boʻlsa, xodimdan undiriladigan zararning miqdorini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 351-modda
Mehnatni muhofaza qilish tushunchasi
Mehnatni muhofaza qilish mehnat jarayonida insonning xavfsizligini, hayoti va sogʻligʻi, ish qobiliyati saqlanishini taʼminlashga doir huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya tadbirlari va vositalari tizimidir.
- MehnatLABOR · 352-modda
Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar
Ish beruvchilar xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarini taʼminlashi shart. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilik hujjatlarida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish masalalariga oid texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda (bundan buyon matnda mehnatni muhofaza qilish qoidalari deb yuritiladi) belgilanadi. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar mehnat faoliyati jarayonida xodimning hayoti va sogʻligʻini saqlashga qaratilgan qoidalarni, tartib-taomillarni va mezonlarni belgilaydi. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), ulardan foydalanish, mashinalarni, mexanizmlarni va boshqa jihozlarni konstruksiya qilish, texnologik jarayonlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etish, shuningdek oʻzga turdagi faoliyatni amalga oshirish chogʻida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart. Xodimlarning shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari mehnatni muhofaza qilishga doir talablarga mos kelishi hamda muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi shart. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini oʻz ichiga olgan qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va oʻzgartirish tartibi Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining takliflari inobatga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 353-modda
Mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlar uchun ish beruvchi tomonidan ajratiladigan mablagʻlar va materiallar
Mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni oʻtkazish uchun ish beruvchi tomonidan zarur mablagʻlar va materiallar ajratiladi. Bu mablagʻlar va materiallarni boshqa maqsadlarga sarflash taqiqlanadi. Mazkur mablagʻlar va materiallardan foydalanish tartibi jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni oʻtkazish uchun ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish fondini tashkil etishga haqli. Xodimlar mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlar oʻtkazilishi munosabati bilan chiqimdor boʻlmaydi. Mehnat jamoalari, kasaba uyushmasi qoʻmitalari mehnatni muhofaza qilishga oid tadbirlarni oʻtkazish uchun ajratilgan mablagʻlar va materiallardan foydalanilishini nazorat qiladi.
- MehnatLABOR · 354-modda
Ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Ayrim toifadagi xodimlar uchun mehnatni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning VI boʻlimida va mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanadi. Ogʻir ishlarda hamda zararli va xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning, shuningdek mazkur ishlar sogʻligʻiga toʻgʻri kelmaydigan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 355-modda
Xodimning mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari
Xodim quyidagi huquqlarga ega: normativ-huquqiy hujjatlar talablariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga mos ish joyiga ega boʻlish; ish beruvchidan mehnat sharoitlari toʻgʻrisida, shu jumladan kasb kasalliklariga va boshqa kasalliklarga chalinish xavfi, shu tufayli oʻziga berilishi lozim boʻlgan imtiyozlar va kompensatsiyalar, shuningdek shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari haqida axborot olish; mehnatni muhofaza qilishning belgilangan normalariga va talablariga muvofiq ish beruvchining mablagʻlari hisobidan shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanish; qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtalanish; mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi oqibatida oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelgan taqdirda bunday xavf bartaraf etilguniga qadar ishlarni bajarishni rad etish; mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiruvchi organ tomonidan oʻz ish joyidagi mehnat sharoitlarini va mehnatni muhofaza qilishni tekshiruvdan oʻtkazishni soʻrash; ish beruvchining mablagʻlari hisobidan mehnatning xavfsiz uslublari va usullari boʻyicha oʻqish; qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va kompensatsiyalar olish; oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishi; oʻz ish joyida xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishda, oʻzi bilan ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisani yoki oʻzining kasb kasalligini tekshirishda shaxsan ishtirok etish yoki oʻz vakillari orqali ishtirok etish; tibbiy tavsiyalarga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida oʻz ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlanib qolingan holda mazkur tibbiy koʻrikdan navbatdan tashqari oʻtish; mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi sababli ish joyi tugatilgan taqdirda ish beruvchining mablagʻlari hisobidan oʻqish va qayta tayyorgarlikdan oʻtish. Xodim qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Xodim: normativ-huquqiy hujjatlar talablariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etishi; shaxsiy himoya vositalarini toʻgʻri qoʻllashi; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtishi, mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha oʻqishi hamda malaka oshirishi; majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishi; odamlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita tahdid solayotgan har qanday vaziyat toʻgʻrisida, shuningdek ish jarayonida yoki unga bogʻliq holda ishlab chiqarishda yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa haqida ish beruvchini darhol xabardor qilishi shart. Xodimning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 356-modda
Mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarni taʼminlash kafolatlari
Davlat xodimlarga mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan sharoitlarda mehnat qilish huquqi himoya qilinishini kafolatlaydi. Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlari mehnatni muhofaza qilish talablariga mos kelishi kerak. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilganligi tufayli ish beruvchining faoliyati toʻxtatilgan vaqtda xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Bu vaqtda xodim bajarayotgan ishi boʻyicha mehnatiga haq toʻlangan holda, lekin avvalgi ish boʻyicha oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda haq toʻlangan holda oʻz roziligi bilan ish beruvchi tomonidan boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin. Xodim oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf yuzaga kelganda ishni bajarishni rad etgan taqdirda, ish beruvchi bunday xavf bartaraf etilguniga qadar xodimga boshqa ish berishi shart. Agar xodimga obyektiv sabablarga koʻra boshqa ish berishning imkoni boʻlmasa, xodimning oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun xavf bartaraf etilguniga qadar bekor turib qolgan vaqti uchun ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq toʻlanadi. Xodim belgilangan normalarga muvofiq shaxsiy va jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlanmagan taqdirda, ish beruvchi xodimdan mehnat majburiyatlarini bajarishni talab qilishga haqli emas va shu sababdan ishda yuzaga kelgan bekor turib qolganlik uchun ushbu Kodeks 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq haq toʻlashi shart. Xodimning mehnatni muhofaza qilish talablari buzilganligi oqibatida oʻz hayotiga va sogʻligʻiga xavf yuzaga kelgan taqdirda yoxud mehnat shartnomasida nazarda tutilmagan zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida ishlarni bajarishni rad etishi uni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab boʻlmaydi. Xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan hayotiga va sogʻligʻiga ziyon yetkazilgan taqdirda, ushbu ziyonning oʻrnini qoplash qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Mehnatni muhofaza qilishga doir talablar buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida davlat mazkur talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvi tashkil etilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi va ish beruvchi hamda uning mansabdor shaxslarining mazkur talablarni buzganlik uchun javobgarligini belgilaydi.