Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 320-modda
Ish beruvchining xodimni mehnat qilish imkoniyatidan gʻayriqonuniy ravishda mahrum qilganligi natijasida unga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash majburiyati
Ish beruvchi xodimni mehnat qilish imkoniyatidan gʻayriqonuniy ravishda mahrum etishning barcha hollarida u olmagan ish haqining oʻrnini unga qoplashi shart. Agar ish haqi quyidagilar natijasida olinmagan boʻlsa, shunday majburiyat yuzaga keladi: ishga qabul qilish gʻayriqonuniy ravishda rad etilganligi; xodim gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazilganligi; xodim ishdan gʻayriqonuniy ravishda chetlashtirilganligi; xodim bilan mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi; xodimga mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasi koʻchirmasi berilishi ish beruvchi tomonidan kechiktirilganligi; mehnat nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha organning xodimni avvalgi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi qarorini oʻz vaqtida bajarmaganligi; xodimning boshqa ishga kirishiga toʻsqinlik qiladigan, uning shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlar har qanday usul bilan tarqatilganligi; qonunlar hamda jamoa kelishuvlarida va (yoki) jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollar.
- MehnatLABOR · 321-modda
Ish beruvchining xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash majburiyati
Ish beruvchi xodimning mehnatda mayib boʻlishi va (yoki) kasb kasalligi tufayli hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplashi shart. Ish beruvchi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham mehnat vazifalarini bajarishda, shuningdek ish beruvchi tomonidan berilgan transportda ish joyiga borish yoki ishdan qaytish vaqtida mehnatda mayib boʻlishi tufayli xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan ziyon uchun moddiy javobgar boʻladi. Ish beruvchi, agar ziyon uning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlab berolmasa, mehnatda mayib boʻlish va (yoki) kasb kasalligi tufayli xodimga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplashi shart. Oʻz mehnat vazifalarini bajarayotgan vaqtida yuqori xavf manbaidan xodimning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini ish beruvchi, agar ziyon uni bartaraf etish mumkin boʻlmagan kuchlar tufayli yoki jabrlanuvchi qasddan qilganligi oqibatida kelib chiqqanligini isbotlab berolmasa, qoplashi shart.
- MehnatLABOR · 322-modda
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar
Xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash quyidagilarni oʻz ichiga oladi: xodimga bir martalik nafaqa toʻlash; xodimga yoʻqotilgan ish haqi uchun yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash tarzida amalga oshiriladigan har oylik toʻlovlar; xodimning qoʻshimcha xarajatlarini kompensatsiya qilish.
- MehnatLABOR · 323-modda
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqa miqdori
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 324-modda
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yoʻqotilgan ish haqining oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik toʻlovlar miqdori
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yoʻqotilgan ish haqining oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik toʻlovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib boʻlguniga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yoʻqotilishi darajasiga muvofiq boʻlgan foizli nisbatda belgilanadi. Kasbiy mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan belgilanadi. Ziyonning oʻrnini qoplashga oid toʻlovni tayinlashda jabrlanuvchi oladigan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib boʻlgan jabrlanganlarga — nogironligi boʻlgan shaxslarga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ellik foizidan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 325-modda
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganda qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganligi uchun javobgar boʻlgan ish beruvchi ushbu Kodeksning 323-moddasida va 324-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan toʻlovlardan tashqari jabrlanuvchiga mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi tufayli kelib chiqqan qoʻshimcha xarajatlarning oʻrnini qoplashi shart. Davolanish, protezlash, qoʻshimcha ovqatlanish, dori vositalarini sotib olish, sanatoriy-kurortda davolanish xarajatlari, shu jumladan jabrlanuvchining, zarur hollarda esa uni kuzatib boruvchi shaxsning ham davolanish joyiga borish va qaytish yoʻlkirasi haqini toʻlash, oʻzgalarning parvarishi, maxsus transport vositalarini sotib olish va boshqa turdagi yordam uchun xarajatlar, agar u tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan ushbu turdagi yordamga muhtoj deb topilsa hamda ularni tegishli tashkilotlardan bepul olish huquqiga ega boʻlmasa, shuningdek jabrlanuvchi va ish beruvchi oʻrtasida ziyonning oʻrnini qoplash boʻyicha nizo yuzaga kelgan taqdirda hamda nizo jabrlanuvchining foydasiga hal boʻlgan taqdirda koʻrsatilgan yuridik yordam uchun advokatga haq toʻlash xarajatlarining oʻrni qoplanishi lozim. Dorilarni sotib olish xarajatlari davolovchi shifokor yozib bergan belgilangan shakldagi retsept va sotib olingan dorilar koʻrsatilgan holdagi toʻlov cheki taqdim etilganidan keyin ish beruvchi tomonidan toʻlanadi. I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining uy sharoitida parvarishlash zarurati toʻgʻrisidagi xulosasi talab etilmaydi (bundan ular maxsus tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan hollar mustasno). Ushbu moddada koʻrsatilgan bir necha yordam turiga muhtoj boʻlgan jabrlanuvchiga har bir yordam turini olish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni qoplanadi.
- MehnatLABOR · 326-modda
Xodimning sogʻligʻiga ziyon yetkazilganda mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligi
Agar jabrlanuvchining qoʻpol ehtiyotsizligi ziyonning kelib chiqishiga yoki koʻpayishiga sabab boʻlsa, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan ziyon miqdori jabrlanuvchi aybining darajasiga qarab, muvofiq ravishda kamaytiriladi. Jabrlanuvchi tomonidan qoʻpol ehtiyotsizlik qilingan va ish beruvchining aybi boʻlmagan hamda ish beruvchining javobgarligi u aybliligidan yoki aybsizligidan qatʼi nazar yuzaga keladigan hollarda, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan zarar miqdori sud tomonidan ham kamaytirilishi mumkin. Bunda ziyonning oʻrnini qoplashni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Aralash javobgarlik xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash chogʻidagi qoʻshimcha xarajatlarning oʻrnini qoplashga, bir yoʻla beriladigan nafaqani toʻlashga, shuningdek boquvchi boʻlgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplashga tatbiq etilmaydi.
- MehnatLABOR · 327-modda
Boquvchi boʻlgan xodim vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslar doirasi
Boquvchi boʻlgan xodim (bundan buyon matnda boquvchi deb yuritiladi) mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlgan mehnatda mayib boʻlganligi, kasb kasalligi yoki sogʻliqqa yetkazilgan boshqa shikast tufayli vafot etgan taqdirda ish beruvchi quyidagi shaxslarga ziyonning oʻrnini qoplashi shart: marhumning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga yoki uning vafot etgan kuniga qadar undan taʼminot olish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga; marhumning vafotidan keyin tugʻilgan farzandiga; ota-onasidan biriga (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsga), eriga (xotiniga) yoki boshqa oila aʼzosiga, agar u ishlamayotgan boʻlsa hamda marhumning oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan yoki bu yoshga toʻlgan boʻlsa-da, ammo tibbiy muassasalarning xulosasiga koʻra sogʻligʻi holati boʻyicha oʻzgalarning parvarishiga muhtoj boʻlgan bolalarini, aka-ukalarini, opa-singillarini yoki nabiralarini parvarish qilish bilan band boʻlsa. Bolalarning qaramoqda ekanligi taxmin qilinadi va dalillar talab qilmaydi. Quyidagilar mehnatga qobiliyatsiz deb hisoblanadi: oʻn sakkiz yoshdan oshgan shaxslar, agar ularga shu yoshga toʻlguniga qadar nogironlik belgilangan boʻlsa; oltmish yoshga toʻlgan erkaklar va ellik besh yoshga toʻlgan ayollar; oʻziga nisbatan nogironlik belgilangan shaxslar. Oila aʼzosining mehnatga qobiliyatsizligi yuz bergan vaqt (boquvchining vafotidan oldin yoki keyin) uning ziyonning oʻrni qoplanishiga boʻlgan huquqiga taʼsir qilmaydi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan va undan katta oʻquvchilar kunduzgi taʼlim tashkilotlarida oʻqishni tugatguniga, lekin koʻpi bilan yigirma uch yoshga toʻlguniga qadar ziyonning oʻrni qoplanishiga boʻlgan huquqqa egadir.
- MehnatLABOR · 328-modda
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash muddati
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrni quyidagicha qoplanadi: voyaga yetmagan shaxslarga — oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar; oʻn sakkiz yoshdan oshgan oʻquvchilarga — kunduzgi taʼlimni tugatguniga, lekin koʻpi bilan yigirma uch yoshga toʻlguniga qadar; ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod; nogironligi boʻlgan shaxslarga — nogironlik muddatiga; marhumning qaramogʻida boʻlgan bolalarini, nabiralarini, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlash bilan band boʻlgan ota-onasidan biriga, eriga (xotiniga) yoki boshqa oila aʼzosiga — qaramogʻidagi shaxslar oʻn toʻrt yoshga toʻlguniga qadar.
- MehnatLABOR · 329-modda
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplangan taqdirda amalga oshiriladigan toʻlovlar
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrnini ish beruvchi tomonidan qoplash boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zararning oʻrni ish beruvchi tomonidan qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslarga quyidagilarni toʻlashni oʻz ichiga oladi: bir yoʻla beriladigan nafaqani; boquvchining yoʻqotilgan ish haqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik toʻlovlarni; qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilishni.
- MehnatLABOR · 33-modda
Shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish
Jismoniy shaxs bilan ushbu Kodeks 11-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan munosabatlarni haqiqatdan tartibga soluvchi fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomani tuzish ushbu munosabatlarning sud tomonidan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etilishiga sabab boʻladi. Bunday holda mehnat shartnomasi fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran tuzilgan deb hisoblanadi, taraflarning munosabatlari esa shartnomada shartlashilgan ishni jismoniy shaxs tomonidan bajarish boshlangan kundan eʼtiboran yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etiladi. Shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlar tugatilgan taqdirda, ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish sud tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur shartnoma boʻyicha ijrochi boʻlgan jismoniy shaxs ushbu munosabatlarni yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish uchun yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda sudga murojaat qilishga haqlidir.
- MehnatLABOR · 330-modda
Mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori
Mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi tufayli boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori marhumning oʻrtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 331-modda
Boquvchining yoʻqotilgan ish haqi oʻrnini qoplash uchun amalga oshiriladigan har oylik toʻlovlar miqdori
Vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga nisbatan ziyonning miqdori marhumning oʻrtacha oylik ish haqi miqdorida, uning oʻziga tegishli boʻlgan ulushni va uning qaramogʻida boʻlgan, ammo ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlmagan mehnatga qobiliyatli shaxslarning ulushi chegirib tashlangan holda belgilanadi. Ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslarning har biriga nisbatan ziyonning oʻrnini qoplash miqdorini aniqlash uchun boquvchi ish haqining ushbu shaxslarning barchasiga toʻgʻri keladigan qismi ularning soniga boʻlinadi. Marhumning qaramogʻida boʻlmagan, ammo ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar uchun uning miqdori quyidagi tartibda belgilanadi, agar: taʼminot mablagʻi sud tartibida undirilgan boʻlsa, u holda ziyonning oʻrnini qoplash sud tomonidan tayinlangan miqdorda belgilanadi; taʼminot mablagʻi sud tartibida undirilmagan boʻlsa, u holda ziyonning oʻrnini qoplash ularning moddiy ahvoli hamda marhumning hayotlik vaqtida ularga yordam koʻrsatish imkoniyati hisobga olingan holda belgilanadi. Agar marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxslar ham, uning qaramogʻida boʻlmagan shaxslar ham ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlsa, avvalo marhumning qaramogʻida boʻlmagan shaxslarga ziyonning oʻrnini qoplash miqdori belgilanadi. Ular uchun belgilangan ziyonning oʻrnini qoplash summasi boquvchining ish haqidan chegirib tashlanadi, soʻngra ish haqining qolgan miqdoridan kelib chiqib, marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxslarga ziyonning oʻrnini qoplash miqdori ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi. Boquvchini yoʻqotganligi munosabati bilan ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan shaxslarga tayinlangan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi, xuddi shuningdek boshqa pensiya, ish haqi, stipendiya va oʻzga daromadlar ziyonning oʻrnini qoplash hisobiga kiritilmaydi. Bunda qaramoqdagi har bir shaxsga tegishli ziyonning oʻrnini qoplash summasi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ellik foizidan kam boʻlmasligi kerak. Qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshishi bilan qaramoqdagi har bir shaxs uchun ziyonning oʻrnini qoplash summasi ham mutanosib ravishda oshadi.
- MehnatLABOR · 332-modda
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodim mehnatda mayib boʻlganligi munosabati bilan vafot etgan taqdirda ish beruvchi dafn etish uchun zarur boʻlgan xarajatlarni qilgan shaxsga ushbu xarajatlarning oʻrnini qoʻshimcha ravishda qoplashi shart. Dafn etish uchun zarur boʻlgan xarajatlar zararning oʻrnini qoplash hisobiga kirmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xarajatlardan tashqari qoʻshimcha xarajatlarni kompensatsiya qilish vafot etgan xodimning jasadini tashish, ish beruvchining boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash rad etilganligi toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilish yoki nizo mazkur xarajatlarni qilgan shaxs foydasiga hal boʻlgan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlarning miqdori xususida nizolashish bilan bogʻliq xarajatlarni (mutaxassislarning maslahatlari, koʻrsatilgan yuridik xizmat uchun advokatga haq toʻlash xarajatlari va boshqalar) oʻz ichiga oladi.
- MehnatLABOR · 333-modda
Xodimga ish haqi toʻlashni va unga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi
Ish beruvchi ish haqini, taʼtil toʻlovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi toʻlovlarni va (yoki) xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlash muddatini buzgan taqdirda, ularni toʻlov muddatidan keyingi kundan eʼtiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni oʻz ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining oʻsha vaqtda amalda boʻlgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga toʻlashi shart. Xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan pulli kompensatsiyaning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining oʻn foizi miqdorida belgilanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan, xodimga toʻlanadigan pulli kompensatsiyaning miqdori jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasi bilan oshirilishi mumkin. Mazkur pulli kompensatsiyani toʻlash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlarni toʻlashning kechiktirilishida aybi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 334-modda
Xodimning mol-mulkiga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi
Xodimning mol-mulkiga zarar yetkazgan ish beruvchi, agar u oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berolmasa, ushbu zararning oʻrnini toʻliq hajmda qoplaydi. Zararning miqdori zararning oʻrnini qoplash kuni mazkur hududda amalda boʻlgan bozor narxlari boʻyicha hisoblab chiqariladi. Xodimning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni xodimning roziligi bilan natura tarzida qoplanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 335-modda
Xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish
Ish beruvchining gʻayriqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyon xodimga mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida belgilangan miqdorlarda pul shaklida kompensatsiya qilinadi. Nizo yuzaga kelgan taqdirda, xodimga maʼnaviy ziyon yetkazilganligi fakti va uni kompensatsiya qilish miqdorlari, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan moddiy zarardan qatʼi nazar, sud tomonidan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 336-modda
Xodimning hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish tartibi
Hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ariza ish beruvchiga jabrlangan xodim tomonidan, u vafot etgan taqdirda esa ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan manfaatdor shaxslar tomonidan beriladi. Ish beruvchi ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida arizani koʻrib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi shart. Ish beruvchining xodimga hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi buyrugʻining koʻchirma nusxasi yoki ish beruvchining asoslantirilgan yozma rad javobi xodimga yoki ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan manfaatdor shaxslarga ushbu buyruq qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda topshiriladi. Xodim yoki ziyonning oʻrni qoplanishiga doir huquqqa ega boʻlgan manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroridan rozi boʻlmagan yoki ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, ular ushbu nizoni hal qilish uchun sudga murojaat qilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 337-modda
Xodimning ish beruvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyati
Xodim ish beruvchiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashi shart. Olinmagan daromadlar (boy berilgan foyda) xodimdan undirilmaydi. Toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilgan haqiqiy zarar deganda ish beruvchining mavjud mol-mulki (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchidagi mol-mulki, agar ish beruvchi mazkur mol-mulkni but saqlanishi uchun javobgar boʻlsa) amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchi uchun mol-mulkni sotib olish, tiklash yoxud xodim tomonidan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun ortiqcha xarajatlar qilish va toʻlovlarni amalga oshirish zarurati tushuniladi.
- MehnatLABOR · 338-modda
Xodimning moddiy javobgarligini istisno etuvchi holatlar
Zarar uni bartaraf etib boʻlmaydigan kuch, oqlangan xoʻjalik tavakkalchiligi, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa yoxud ish beruvchining xodimga ishonib topshirilgan mol-mulkni saqlash uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha majburiyatini bajarmaganligi oqibatida yuzaga kelgan hollarda xodimning moddiy javobgarligi istisno etiladi. Oqlangan xoʻjalik tavakkalchiligi deganda qoʻyilgan maqsadga boshqacha tarzda erishish mumkin boʻlmaganda, xodimning oʻz zimmasiga yuklatilgan lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajargan, muayyan darajada gʻamxoʻrlik koʻrsatgan va ehtiyotkorlik qilgan, zararni bartaraf etish choralarini koʻrgan holda hamda xoʻjalik tavakkalchiligining obyekti odamlarning hayoti va sogʻligʻidan emas, balki moddiy boyliklardan iborat boʻlgan hollarda zamonaviy bilim va tajribaga muvofiq qilgan harakatlari tushuniladi.