Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 302-modda
Xizmat tekshiruvi tushunchasi
Xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin boʻlgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.
- MehnatLABOR · 303-modda
Xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun ommaviy axborot vositalarining xabarlari, xodimning bevosita rahbarining bildirgisi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos beradigan boshqa maʼlumotlar asos boʻladi. Ish beruvchi xizmat tekshiruvi oʻtkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi. Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladigan xodim ish beruvchining xizmat tekshiruvi oʻtkazish haqidagi buyrugʻi hamda xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibi bilan imzo qoʻydirib tanishtirilishi kerak.
- MehnatLABOR · 304-modda
Xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha komissiya tuzish
Xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun ish beruvchining buyrugʻi bilan xizmat tekshiruvi oʻtkazish boʻyicha komissiya tuziladi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi). Komissiya kamida uch nafar aʼzodan iborat boʻlishi kerak, ularning bir nafari komissiyaning raisi boʻladi. Komissiya tarkibiga tashkilotda mavjud boʻlgan taqdirda kasaba uyushmasi qoʻmitasining aʼzosi kiradi. Komissiya raisi komissiya ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi. Uning oʻtkazilayotgan xizmat tekshiruvi doirasidagi qonuniy talablari komissiya aʼzolari tomonidan bajarilishi majburiydir. Komissiya raisi xizmat tekshiruvini tashkil etish, tayyorlash va oʻtkazish sifati, uning natijalari, xulosalari va takliflarining xolisligi uchun shaxsan javobgar boʻladi. Komissiya tarkibiga quyidagi shaxslarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi: xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan mansabdor shaxs; harakatlari tekshirilishi zarur boʻlgan xodimlar boʻysunuvidagi xodimlar; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim bilan qarindoshlik aloqalarida boʻlgan shaxslar; xizmat tekshiruvi natijalaridan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar, shu jumladan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga yoki intizomiy qilmishning yashirilishiga daxldor ekanligi toʻgʻrisida asoslangan gumonlar mavjud boʻlgan shaxslar; murojaati xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi uchun asos boʻlib xizmat qilgan shaxslar; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlar. Xizmat tekshiruvini oʻtkazishga maxsus bilimlar sohasida maslahat olish uchun shartnoma asosida ekspertlar sifatida mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
- MehnatLABOR · 305-modda
Komissiyaning huquq va majburiyatlari
Komissiya quyidagi huquqlarga ega: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimlarga yozma shaklda tushuntirishlar taqdim etishni, shuningdek xizmat tekshiruvi masalalarining mohiyati yuzasidan boshqa axborotni maʼlum qilishni taklif etish; xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlanishi kerak boʻlgan holatlar haqida biror-bir maʼlumotdan xabardor boʻlishi mumkin boʻlgan xodimlarga ular yuzasidan yozma tushuntirishlar berishni taklif etish; agar xodimning ish joyida hozir boʻlishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlsa, xizmat tekshiruvi vaqtida xodimni ishdan chetlatish toʻgʻrisida ish beruvchiga takliflar kiritish; xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun muhim boʻlgan hujjatlar bilan tanishish va zarurat boʻlganda ularning koʻchirma nusxalarini xizmat tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyish; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim foydalanadigan xizmat va ishlab chiqarish xonalarini, shu jumladan uning ish joyini, joy uchastkalarini, omborlarni, stollarni, javonlarni, papkalarni va maxfiy axborotni tashuvchi jism mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa predmetlarni ish beruvchining roziligi bilan koʻzdan kechirishni amalga oshirish, shuningdek ish beruvchidagi maxfiy axborot mavjud boʻlgan barcha jismlarni hamda ularning kelib tushishi va harakatlanishini aks ettiruvchi hisobga olish hujjatlarini (hisobga olish daftarlari va jurnallarini) ish beruvchining roziligi bilan tekshirish; inventarizatsiya, taftish, audit oʻtkazish haqida iltimosnoma kiritish; ilmiy, texnikaviy va boshqa maxsus bilimlarni talab etadigan masalalar boʻyicha mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritish hamda ulardan maslahat olish. Komissiya qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin. Komissiya: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning hamda xizmat tekshiruvida ishtirok etish uchun jalb qilingan boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etishi; xizmat tekshiruvi materiallarining but saqlanishini va maxfiyligini taʼminlashi, tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor etmasligi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimga uning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazilishining borishi haqida ish beruvchini xabardor qilishi; intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti aniqlangan taqdirda, ushbu intizomiy qilmish sodir etilgan sana va vaqtni, intizomiy qilmishni sodir etgan xodimning javobgarligi darajasi va xususiyatiga taʼsir qiladigan, uning aybini ham ogʻirlashtiradigan, ham yengillashtiradigan holatlarni hujjat bilan tasdiqlashi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning shaxsiy, ishbilarmonlik va axloqiy sifatlarini tavsiflovchi hujjatlar va materiallarni toʻplashi; ilgari oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi materiallarini, shuningdek oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim tomonidan ilgari sodir etilgan intizomiy qilmish toʻgʻrisidagi axborotni oʻrganishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimga oʻtkazilayotgan tekshiruvga bevosita aloqador boʻlgan masalalarning mohiyati yuzasidan tushuntirish berishni taklif qilishi, u tushuntirish berishni rad etgan taqdirda esa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligiga guvoh boʻlganlar xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlangan taqdirda, ularni soʻroq qilishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan ish beruvchiga mehnat majburiyatlarining aniqlangan va bartaraf etilishi talab qilinadigan buzilishlari haqida darhol xabar berishi; xodimning intizomiy qilmishni sodir etishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni taklif qilishi; xizmat tekshiruvi oʻtkazishning ish beruvchi buyrugʻida ushbu Kodeksning 308-moddasiga muvofiq belgilangan muddatiga rioya etishi; xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisida dalolatnoma tayyorlashi va uni ushbu Kodeks 310-moddasining yettinchi qismida belgilangan muddatda ish beruvchiga taqdim etishi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodimni xizmat tekshiruvini oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma bilan imzo qoʻydirib tanishtirishi, tanishish rad etilgan yoki tanishganlik toʻgʻrisida imzo qoʻyish rad etilgan taqdirda esa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan tegishli dalolatnoma tuzishi shart. Komissiyaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 306-modda
Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning huquq va majburiyatlari
Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim: xizmat tekshiruvi nima sababli oʻtkazilayotganini bilishga; komissiya aʼzolarini rad etish toʻgʻrisida arz qilishga; xizmat tekshiruvi masalalari boʻyicha yozma tushuntirishlar berishga; xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi davomida iltimosnomalar berishga; xizmat tekshiruvi materiallariga qoʻshib qoʻyish uchun hujjatlar, ashyoviy dalillar taqdim etishga; guvohlarni xizmat tekshiruvi oʻtkazilishi davomida keyinchalik ularni soʻrovdan oʻtkazish uchun taqdim etishga; xizmat tekshiruvi materiallari bilan tanishishga, ulardan koʻchirmalar, koʻchirma nusxalar olishga; xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnoma bilan tanishishga; komissiyaning qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan yakka tartibdagi mehnat nizolari uchun belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqlidir. Xodim oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotni rad etish uchun xizmat tekshiruvi oʻtkazilishini talab qilishga haqlidir. Xizmat tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza ish beruvchiga yozma shaklda beriladi va u taqdim etilgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay koʻrib chiqiladi. Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim oʻziga berilgan huquqlardan vijdonan foydalanishi, xizmat tekshiruvi oʻtkazilishiga monelik qilmasligi, shu jumladan xizmat tekshiruvida ishtirok etishdan boʻyin tovlamasligi, haqiqatni aniqlashga dalillarni yoʻq qilish, soxtalashtirish, boshqa gʻayriqonuniy harakatlar sodir etish yoʻli bilan monelik qilmasligi shart.
- MehnatLABOR · 307-modda
Komissiya aʼzosini rad etish
Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodim ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud boʻlgan taqdirda komissiya aʼzosini rad etish toʻgʻrisida yozma shaklda arz qilishga haqli. Komissiya aʼzosini rad etish asoslangan boʻlishi kerak va komissiya xizmat tekshiruvi natijalari haqida dalolatnoma qabul qilguniga qadar xizmat tekshiruvining har qanday bosqichida arz qilinishi mumkin. Komissiya aʼzosini rad etish toʻgʻrisidagi ariza xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan ish beruvchiga beriladi. Rad etish haqidagi arizaga doir qarorni xizmat tekshiruvi oʻtkazishni tayinlagan mansabdor shaxs (organ) rad etish haqidagi ariza berilgan paytdan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay qabul qilishi kerak. Ushbu qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay xodim va komissiya aʼzolari eʼtiboriga yetkazilishi kerak. Ushbu Kodeks 304-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslardan biri mavjud boʻlsa, komissiya aʼzosi darhol oʻzini oʻzi rad etishi shart. Xodimning komissiya aʼzosini rad etish toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirilgan taqdirda yoki ushbu komissiya aʼzosi oʻzini oʻzi rad etganda ish beruvchi komissiyaning yangi aʼzosini tayinlaydi.
- MehnatLABOR · 308-modda
Xizmat tekshiruvini oʻtkazish muddati
Xizmat tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻn besh ish kunidan oshmasligi kerak. Xizmat tekshiruvini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda, obyektiv sabablarga koʻra tugallash mumkin boʻlmagan alohida hollarda, ish beruvchi komissiyaning asoslantirilgan vajlari asosida xizmat tekshiruvini oʻtkazish muddatini yana oʻn besh ish kunigacha uzaytirishga haqlidir.
- MehnatLABOR · 309-modda
Xizmat tekshiruvini oʻtkazish vaqtida xodimni ishdan chetlashtirish
Agar xodimning ish joyida hozir boʻlishi xizmat tekshiruviga xalaqit berishi mumkin deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud boʻlsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli. Xodimni ishdan chetlashtirish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi va buyruq oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgan xodimning eʼtiboriga imzo qoʻydirib yetkaziladi. Agar xodim uni ishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni yoki bunday buyruqqa imzo qoʻyishni rad etsa, komissiya aʼzolari tegishli dalolatnoma tuzadi. Ish beruvchi xodimning talabiga koʻra unga ishdan chetlashtirish haqidagi buyruqning tasdiqlangan koʻchirma nusxasini u murojaat etgan kunidan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay berishi shart. Xodimni ishdan chetlashtirish muddati ushbu Kodeksning 308-moddasida belgilangan xizmat tekshiruvini oʻtkazish muddatidan oshib ketmasligi kerak. Oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotganligi sababli ishdan chetlashtirilgan xodimga ishdan chetlashtirishning butun davri uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
- MehnatLABOR · 31-modda
Ota-onadan birining (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi mavjud boʻlganda mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Oʻn beshdan oʻn olti yoshgacha shaxslar bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ularni mazkur yoshga toʻlguniga qadar ishga qabul qilishga ushbu Kodeksga muvofiq yoʻl qoʻyiladigan hollarda ota-onadan birining (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsning) dastlabki yozma roziligi mavjud boʻlganda mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 310-modda
Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma
Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma tegishli qarorni qabul qilish uchun ovoz bergan komissiya aʼzolari tomonidan imzolanishi kerak. Xizmat tekshiruvining natijalari haqidagi qarordan rozi boʻlmagan komissiya aʼzosi xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaga ilova qilinadigan oʻzining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqlidir. Xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak: oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodim toʻgʻrisidagi (xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi, u bajarayotgan ish (egallagan lavozim), ushbu ish beruvchidagi ish staji, ilgari sodir etilgan intizomiy huquqbuzarliklar uchun intizomiy jazoning mavjudligi yoki mavjud emasligi haqidagi maʼlumotlar); xizmat tekshiruvini oʻtkazgan komissiya tarkibi toʻgʻrisidagi; xizmat tekshiruvini oʻtkazish asoslari haqidagi; xodim intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi; intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi hujjatlar haqidagi; oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan xodimning tushuntirishlarida koʻrsatilgan vajlar toʻgʻrisidagi; xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi holatlari va uning oqibatlari haqidagi; xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun uning aybdorligini tasdiqlovchi yoki istisno etuvchi materiallar toʻgʻrisidagi; intizomiy qilmish sodir etilganligi natijasida xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning xususiyati va miqdori haqidagi (agar shunday zarar mavjud boʻlsa). Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xizmat tekshiruvi natijasida komissiya kelgan xulosalar shakllantirilgan boʻlishi kerak. Xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, xizmat tekshiruvi natijalari haqidagi dalolatnomada xodimni intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida, xodim ish beruvchiga haqiqatdan toʻgʻridan-toʻgʻri zarar yetkazganligi fakti aniqlangan taqdirda esa moddiy javobgarlikka ham tortish haqida ish beruvchiga yoʻllangan takliflar, shuningdek mehnat intizomini kuchaytirishga, xodimlar tomonidan intizomiy qilmishlar sodir etishga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan, profilaktika xususiyatiga ega boʻlgan tavsiyalar mavjud boʻlishi kerak. Agar xizmat tekshiruvini oʻtkazish natijasida xodimning intizomiy qilmish sodir etganligi faktining mavjud emasligi yoxud xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun aybi yoʻq ekanligi aniqlansa, xizmat tekshiruvining natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida xodimga nisbatan asossiz shubhalanish uchun imkon bergan sabablar yoxud xodimning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilayotgan haqiqiy sabablar koʻrsatilishi kerak. Agar komissiya xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun xodimning shaʼniga, qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi notoʻgʻri maʼlumotlar asos boʻlganligini aniqlasa, xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomaning yakunlovchi qismida ushbu maʼlumotlarni rad etish haqidagi tavsiyalar boʻlishi kerak. Agar xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik yoxud jinoyat alomatlari aniqlansa, xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnomada tekshiruv materiallarini tegishli davlat organlariga yuborish haqidagi takliflar koʻrsatiladi. Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma komissiya toʻplagan boshqa materiallar bilan birga ish beruvchiga komissiya majlisida oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi haqida qaror qabul qilinganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay topshirilishi kerak.
- MehnatLABOR · 311-modda
Xizmat tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoidalarni aniqlashtirish
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan xizmat tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qoidalar ichki mehnat tartibi qoidalarida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibi haqidagi ichki hujjatlarda tarmoqning xususiyati, ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari, xodimlar bajarayotgan mehnat vazifalarining tavsifi inobatga olingan holda aniqlashtirilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ichki hujjatlar xodimning holatini ushbu Kodeksga nisbatan yomonlashtirmasligi kerak. Maxsus intizomiy javobgarlikka tortiladigan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari qonunda, shuningdek intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 312-modda
Intizomiy jazo choralari
Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli: 1) hayfsan; 2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan ushbu Kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi; 3) mehnat shartnomasini bekor qilish (ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari). Ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda, intizom toʻgʻrisidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 313-modda
Intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi
Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi (ushbu Kodeks 127-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari). Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir. Intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi. Xodimga intizomiy jazo chorasini qoʻllash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Ish beruvchining xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida, xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan, unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi. Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi. Xodimning oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etishi hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 314-modda
Intizomiy jazoni qoʻllash muddatlari
Intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, biroq aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllaniladi, bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki taʼtilda boʻlgan davr hisobga olinmaydi. Xizmat tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi dalolatnoma komissiya tomonidan imzolangan kun xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan intizomiy qilmish aniqlangan kun deb hisoblanadi. Intizomiy jazo intizomiy qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra esa, u sodir etilgan kundan eʼtiboran ikki yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Ushbu muddatlarga jinoyat ishini yuritish vaqti kiritilmaydi.
- MehnatLABOR · 315-modda
Intizomiy jazoning amal qilish muddati, tugallanishi va olib tashlanishi
Intizomiy jazoning amal qilish muddati u qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yildan oshmasligi kerak. Agar intizomiy jazo qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida xodimga yangi intizomiy jazo qoʻllanilmasa, u intizomiy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi. Bunda intizomiy jazo ish beruvchining buyrugʻi chiqmasidan avtomatik tarzda tugallanadi. Ish beruvchi intizomiy jazoni oʻz tashabbusiga koʻra, xodimning bevosita rahbarining, kasaba uyushmasi qoʻmitasining iltimosnomasiga, shuningdek xodimning iltimosiga koʻra, bir yil oʻtguniga qadar muddatidan oldin olib tashlash huquqiga ega. Intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan intizomiy jazo tugallanishi va olib tashlash qoidalari ish beruvchining tashabbusi bilan ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlariga muvofiq mehnat shartnomasi bekor qilingan holda qoʻllanilmaydi.
- MehnatLABOR · 316-modda
Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi tushunchasi
Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi mehnat shartnomasi tarafining boshqa tarafga yetkazilgan ziyonning oʻrnini ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda qoplash majburiyatini ifodalaydigan yuridik javobgarlikdir. Zarar yetkazilgandan keyin mehnat shartnomasining bekor qilinishi ushbu shartnoma tarafini moddiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
- MehnatLABOR · 317-modda
Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligini aniqlashtirish
Mehnat shartnomasi yoki unga yozma shaklda tuziladigan qoʻshimcha kelishuv, shuningdek jamoa shartnomasi mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligini aniqlashtirishi mumkin. Bunda ish beruvchining xodim oldidagi shartnomaviy javobgarligi ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan kam boʻlmasligi, xodimning ish beruvchi oldidagi javobgarligi esa ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan yuqori boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 318-modda
Mehnat shartnomasi tarafining moddiy javobgarligi yuzaga kelishi shartlari
Mehnat shartnomasi tarafining moddiy javobgarligi, agar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, mehnat shartnomasi tarafining aybli gʻayriqonuniy qilmishi (harakati yoki harakatsizligi) natijasida ushbu shartnomaning boshqa tarafiga yetkazilgan zarar uchun hamda aybli gʻayriqonuniy qilmish va yetkazilgan zarar oʻrtasidagi sabab-oqibat aloqasi mavjudligi uchun yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflaridan har biri oʻziga yetkazilgan moddiy ziyonning miqdorini isbotlashi shart.
- MehnatLABOR · 319-modda
Xodimga oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan ziyon
Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga yetkazilgan ziyonning oʻrnini qoplashi shart: xodim mehnat qilish imkoniyatidan gʻayriqonuniy ravishda mahrum qilinganda; xodimning hayoti yoki sogʻligʻiga ziyon yetkazilganda; xodimga ish haqi toʻlash va unga toʻlanishi lozim boʻlgan boshqa toʻlovlar kechiktirilganda; xodimning mol-mulkiga ziyon yetkazilganda. Agar ish beruvchining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bilan xodimga jismoniy yoki maʼnaviy azob yetkazilgan boʻlsa, xodimga yetkazilgan maʼnaviy ziyon kompensatsiya qilinishi lozim.
- MehnatLABOR · 32-modda
Ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish toʻgʻrisidagi sud qarori qabul qilinishi natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Ish beruvchi tomonidan ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilgan shaxslar bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish toʻgʻrisidagi sud qarori qabul qilinishi natijasida tuzilgan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.