Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 285-modda
Kompensatsiya toʻlovlari tushunchasi
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodimlar tomonidan mehnat majburiyatlarining yoki boshqa majburiyatlarning bajarilishi bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash maqsadida belgilangan pul toʻlovlari kompensatsiya toʻlovlaridir.
- MehnatLABOR · 286-modda
Ish beruvchining xodimga kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish majburiyati
Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart: xizmat safarlarida boʻlganda; sayyor va koʻchib yurish xususiyatiga ega ishlarda, shuningdek dala sharoitlarida yoki vaxta usulida ishlaganda; ish beruvchi bilan oldindan kelishuvga koʻra boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtganda; ish beruvchining yoʻllanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtganda; ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlib qolganda; xodim majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtganligi munosabati bilan; xodim ushbu Kodeks 234-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq foydalanmagan yillik mehnat taʼtili uchun; ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida xodimni ogohlantirish muddati mutanosib pul kompensatsiyasi bilan almashtirilishi munosabati bilan. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiya toʻlovlaridan tashqari ish beruvchi xodimlarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirishi shart.
- MehnatLABOR · 287-modda
Xizmat safarlari chogʻidagi kompensatsiya toʻlovlari
Xizmat safari xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirigʻini bajarish uchun boshqa joyga maʼlum muddatga qiladigan safaridir. Doimiy ishi koʻchib yurish yoki sayyor xususiyatga ega boʻlgan xodimlarning xizmat safarlariga chiqishi xizmat safarlari hisoblanmaydi. Xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish beruvchi xodimga quyidagilarni qoplashi shart: yoʻlkira xarajatlari; turar joy ijarasi xarajatlari; doimiy yashash joyidan tashqarida yashash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar (sutkalik); xodim tomonidan ish beruvchining ruxsati yoki roziligi bilan qilingan boshqa xarajatlar. Xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplash miqdorlari jamoa shartnomasi yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjat bilan belgilanadi. Bunda xarajatlar oʻrnini qoplash miqdori budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlardan kam boʻlishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 288-modda
Ish sayyor va koʻchib yurish xususiyatiga ega boʻlganda, shuningdek dala sharoitlarida va vaxta usulida ishlanganda kompensatsiya toʻlovlari
Sayyor xususiyatga ega ish uchun ustamalar quyidagi eng kam miqdorlarda belgilanadi: tashkilot joylashgan joydan ish joyiga (obyektga) yetib borish va orqaga qaytish uchun safar kun davomida uch soatdan kam boʻlmagan va ish vaqtidan tashqari vaqtda amalga oshirilgan hollarda, — qonunchilikda belgilangan sutkalik stavkaning sakson foizigacha va sakson foizi miqdorida, uch soatdan kam boʻlgan hollarda esa qirq foizigacha va qirq foizi miqdorida; ishlarni yoʻlda bajarish bilan bogʻliq safar chogʻida — yoʻlda oʻtgan har bir kun uchun oylik tarif stavkasining (maoshning) bir yarim foizi, yoʻlovchi poyezdlariga, pochta-bagaj poyezdlariga, yoʻlovchi poyezdlari va pochta vagonlarining restoran-vagonlarida (kafe-bufetlarda) xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga esa uch foizi miqdorida; agar xodimlar bir oyda oʻn ikki va undan ortiq kun safarda boʻlsa, — qonunchilikda belgilangan sutkalik normaning yigirma foizigacha, agar bir oyda oʻn ikki kundan kam safarda boʻlsa, — sayyor xususiyatga ega sharoitlardagi ishning bir sutkasi uchun oylik tarif stavkasining (maoshning) oʻn besh foizigacha miqdorda. Koʻchib yurish xususiyatiga ega ish uchun ustama quyidagi eng kam miqdorlarda belgilanadi: olis obyektlarda boʻlish kunlarida — har bir toʻliq ishlangan ish kuni (smena) uchun xodim kunlik stavkasining oʻttiz foizigacha; obyekt joylashgan yerga borish va orqaga qaytish kunlarida — xodimning kunlik tarif stavkasi miqdorida. Dala sharoitlaridagi ish uchun dala nafaqasi quyidagi miqdorlardan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanadi: bevosita dala ishlari oʻtkaziladigan obyektlarda, tashkilotning daladagi bazaviy shaharchasidan tashqarida ishlaganda — kunlik mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yetti foizi; tashkilotlarning daladagi bazaviy shaharchalarida bajariladigan ish uchun — kunlik mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki foizi. Vaxta usulidagi ish uchun oylik mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorda ustama belgilanadi. Jamoa shartnomasi yoki kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan ichki hujjat yoxud xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv bilan ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilganidan koʻproq miqdorda kompensatsiyalar belgilanishi mumkin. Bunda ushbu moddada belgilangan miqdorlardan ortiq boʻlgan toʻlovlarga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq soliq solinishi lozim.
- MehnatLABOR · 289-modda
Xodim boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtayotganda kompensatsiya toʻlovlari
Ish beruvchi bilan oldindan kelishuv boʻyicha boshqa joyga ishga koʻchib oʻtgan xodimlarga, shuningdek taqsimot boʻyicha yashash joylaridan tashqarida ish joyi berilgan taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilariga quyidagilar kompensatsiya qilinadi: xodim va oila aʼzolari (er, xotin, ular bilan birga yashaydigan, ularning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolari) yoʻlkirasining yoʻl chiptalarini olish uchun qilingan haqiqiy xarajatlari miqdoridagi qiymati; temir yoʻl yoki avtomobil transportida xodimning oʻziga besh yuz kilogrammgacha va u bilan birga koʻchib oʻtayotgan oila aʼzolariga jami besh yuz kilogrammgacha boʻlgan mol-mulkni tashish xarajatlari; yoʻlda boʻlishning har bir kuniga xizmat safarlari uchun nazarda tutilgan miqdorda sutkalik toʻlovlar; agar koʻchib oʻtayotgan xodimning ushbu joyda shaxsiy uy-joyi mavjud boʻlmasa hamda ish beruvchi ushbu xodimga va uning oila aʼzolariga tegishli uy-joy taqdim etmasa, uy-joy ijarasi bilan bogʻliq xarajatlar; yangi ish joyi boʻyicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (koʻtarma pul), shuningdek xodim bilan birga koʻchib oʻtayotgan har bir oila aʼzosiga koʻchib oʻtayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi, basharti ushbu oila aʼzolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida koʻchib oʻtsa. Agar xodim boshqa joydagi ishga kelmasa, xuddi shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda uzrli sababsiz ishga kirishmasa, shuningdek, agar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning tashabbusi bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan boʻlsa, xodim (bitiruvchi) olingan mablagʻni qaytarib berishi shart. Agar xodim uzrli sababga koʻra (ishning davom etishiga toʻsqinlik qiladigan kasallik, ish joyi joylashgan hududdan tashqarida istiqomat qiluvchi oʻz qaramogʻidagi shaxslarga gʻamxoʻrlik qilish zarurati va boshqalar) ish boshlamagan boʻlsa yoki ish boshlagan kunidan eʼtiboran bir yil oʻtguniga qadar mehnat shartnomasini bekor qilsa, olingan mablagʻlarni ish beruvchiga qaytarishi kerak, bundan yoʻlkira qiymati mustasno. Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda boshqa joyda ishlash uchun ketayotgan xodimlar uchun toʻlovlarning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilganidan yuqoriroq miqdorlari belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 29-modda
Vakolatli davlat organlari tomonidan ishga yuborish munosabati bilan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarning yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlari mehnat shartnomasi asosida ularni mahalliy mehnat organining yoʻllanmasi boʻyicha “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda ishga joylashtirish natijasida yuzaga keladi. Davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ularni oliy taʼlim tashkilotining taqsimot komissiyasi tomonidan berilgan ishga yuborish yoʻllanmasi natijasida, mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi. Muqobil xizmatga chaqirilgan fuqarolarning yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlari ularni tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimining muqobil xizmatni oʻtash joyini tayinlash toʻgʻrisidagi koʻrsatmasiga asosan tashkilotlarga yuborilishi natijasida, mehnat shartnomasiga asosan yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 290-modda
Ish beruvchining yoʻllanmasi boʻyicha kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtishda xodimlar uchun kompensatsiya toʻlovlari
Agar ish beruvchining yoʻllanmasi boʻyicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtishi boshqa joyga koʻchishni talab qilsa, xodimga oʻqish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining oʻrni qoplanadi. Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) toʻlovi belgilanishi mumkin.
- MehnatLABOR · 291-modda
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodimda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yuz bergan taqdirda xarajatlarni kompensatsiya qilish
Agar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida yuz bersa, ish beruvchi xodimga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini toʻlash bilan birga uning tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya uchun qilgan xarajatlarining oʻrnini tegishli hujjatlar (cheklar, maʼlumotnomalar va boshqalar) bilan tasdiqlangan, haqiqatda qilingan xarajatlar miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda qoplaydi.
- MehnatLABOR · 292-modda
Xodimning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlarni kompensatsiya qilish
Xodimning majburiy tibbiy koʻrikdan u dastlabki (ishga qabul qilish chogʻida) yoki davriy (ish jarayonida) xususiyatga ega boʻlishidan qatʼi nazar, oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlarni kompensatsiya qilish ish beruvchining hisobidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 293-modda
Xodimga tegishli mol-mulkdan ish beruvchining manfaatlarini koʻzlab foydalanilganda xarajatlarni kompensatsiya qilish
Ish jarayonida xodimga tegishli yoxud uning tomonidan uchinchi shaxslardan ijaraga olingan mol-mulkdan ish beruvchining roziligi bilan foydalanilganda, ish beruvchi transport vositalarining amortizatsiyasi (eskirishi) va ulardan foydalanish xarajatlarining, shuningdek asbob-uskunalar, boshqa texnik vositalar yoki oʻzga mol-mulk amortizatsiyasi (eskirishi) oʻrnini qoplaydi. Ushbu xarajatlarning oʻrnini qoplash miqdorlari va tartibi xodim hamda ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi.
- MehnatLABOR · 294-modda
Kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish manbalari
Ushbu Kodeksning 286-moddasida sanab oʻtilgan kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish manbalari ish beruvchining mablagʻlaridan, budjet tashkilotlarida esa budjet mablagʻlaridan iboratdir.
- MehnatLABOR · 295-modda
Mehnat intizomi tushunchasi va uni taʼminlash usullari
Mehnat intizomi barcha xodimlarning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, jamoa kelishuvlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq belgilangan xulq-atvor qoidalariga majburiy boʻysunishidir. Ish beruvchi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq xodimlarning mehnat intizomiga rioya etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi shart. Mehnat intizomi normal ish uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy-texnik shart-sharoitlarni yaratish, halol mehnati uchun ragʻbatlantirish va mukofotlash usullari, mehnat (lavozim) majburiyatlarini buzgan xodimlarga nisbatan jazo choralarini qoʻllash orqali taʼminlanadi.
- MehnatLABOR · 296-modda
Ichki mehnat tartibi qoidalari
Ichki mehnat tartibi qoidalari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ishga qabul qilish va xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, mehnat shartnomasi taraflarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, ish rejimi, dam olish vaqti, xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan imtiyozlar va jazo choralari, shuningdek ushbu ish beruvchida mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa masalalarni tartibga soluvchi ichki hujjatdir. Ichki mehnat tartibi qoidalari ushbu Kodeksning 15-moddasiga muvofiq ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Ichki mehnat tartibi qoidalari intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi oʻziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarga ushbu ustavlar va nizomlarga zid boʻlmagan qismi boʻyicha qoʻllaniladi.
- MehnatLABOR · 297-modda
Intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlar
Intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlar iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari xodimlarining ayrim toifalariga, shuningdek ayrim davlat organlarining xodimlariga nisbatan tatbiq etiladigan normativ-huquqiy hujjatlar hisoblanadi, ushbu xodimlar tomonidan mehnat intizomining buzilishi oʻta ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentining farmonlari, qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanadi. Intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarda ularning amal qilishi oʻziga nisbatan tatbiq etiladigan xodimlarning doirasi belgilanadi, xodimlarning, shuningdek intizomiy jazo choralarini qoʻllash huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslarning huquq va majburiyatlari, ragʻbatlantirishlarning, intizomiy jazolarning turlari, ularni qoʻllash tartibi nazarda tutiladi.
- MehnatLABOR · 298-modda
Mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning holatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari yoki jamoa shartnomasiga nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat tartibini tartibga soluvchi ichki hujjatlar qoidalari haqiqiy emasdir.
- MehnatLABOR · 299-modda
Mehnat uchun ragʻbatlantirish
Ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin. Ragʻbatlantirish turlari, ularni qoʻllash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi. Oʻziga nisbatan intizom haqidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan ragʻbatlantirish turlari, ularni qoʻllash tartibi intizom toʻgʻrisidagi tegishli ustavlar va nizomlarda belgilanadi. Xodimlar mehnat sohasida jamiyat va davlat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin. Ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ragʻbatlantirish turlari jumlasiga kirmaydi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida intizomiy javobgarlikka tortilgan xodimlarga mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan mukofotlarni toʻlash toʻgʻrisidagi masala mukofotlash haqidagi tegishli nizomlarda hal qilinadi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qoʻllanilmaydi.
- MehnatLABOR · 3-modda
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash; mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash; mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik; mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi; xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
- MehnatLABOR · 30-modda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma mavjud boʻlganda mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kelgan chet davlatlar fuqarolari va doimiy ravishda boshqa davlatlar hududida yashayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar vakolatli davlat organi bergan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olinganidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilganidan keyin tuziladigan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 300-modda
Xodimning intizomiy javobgarligi
Intizomiy javobgarlik xodim tomonidan intizomiy qilmish (ushbu Kodeks 301-moddasining ikkinchi qismi) sodir etilganligi uchun yuzaga keladigan va ushbu xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishida ifodalanadigan yuridik javobgarlikdir. Intizomiy javobgarlikning turlari umumiy va maxsus intizomiy javobgarlikdan iboratdir. Umumiy intizomiy javobgarlik ushbu Kodeks va ichki mehnat tartibi qoidalari bilan tartibga solinadigan javobgarlik boʻlib, u xodimga nisbatan ushbu Kodeksning 312-moddasida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralaridan birini qoʻllashdan iborat va barcha xodimlarga nisbatan tatbiq etiladi, bundan oʻzi uchun maxsus intizomiy javobgarlik belgilangan shaxslar mustasno. Maxsus intizomiy javobgarlik xodimlarning faqat alohida toifalari uchun qonunda, shuningdek intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarda nazarda tutilgan hamda xodimga nisbatan tegishli qonunda, intizom haqidagi ustavda va nizomda nazarda tutilgan intizomiy choralarni qoʻllashdan iborat javobgarlikdir.
- MehnatLABOR · 301-modda
Xodimni intizomiy javobgarlikka tortish asosi
Xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishi xodimni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi. Intizomiy qilmish deganda xodim tomonidan oʻz mehnat majburiyatlarini aybli tarzda, gʻayriqonuniy ravishda bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi (mehnat (lavozim) majburiyatlarining buzilishi) tushuniladi. Agar xodimning oʻz mehnat (lavozim) majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yuz bergan boʻlsa (xodimning oʻz mehnat vazifalarini bajarish uchun ish beruvchi tomonidan zarur shart-sharoitlar taʼminlanmaganligi, fors-major holatlari va hokazolarda), xodimni intizomiy javobgarlikka tortishga yoʻl qoʻyilmaydi.