Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
MehnatLABOR · 289-modda

Xodim boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtayotganda kompensatsiya toʻlovlari

Ish beruvchi bilan oldindan kelishuv boʻyicha boshqa joyga ishga koʻchib oʻtgan xodimlarga, shuningdek taqsimot boʻyicha yashash joylaridan tashqarida ish joyi berilgan taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilariga quyidagilar kompensatsiya qilinadi:

xodim va oila aʼzolari (er, xotin, ular bilan birga yashaydigan, ularning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolari) yoʻlkirasining yoʻl chiptalarini olish uchun qilingan haqiqiy xarajatlari miqdoridagi qiymati;

temir yoʻl yoki avtomobil transportida xodimning oʻziga besh yuz kilogrammgacha va u bilan birga koʻchib oʻtayotgan oila aʼzolariga jami besh yuz kilogrammgacha boʻlgan mol-mulkni tashish xarajatlari;

yoʻlda boʻlishning har bir kuniga xizmat safarlari uchun nazarda tutilgan miqdorda sutkalik toʻlovlar;

agar koʻchib oʻtayotgan xodimning ushbu joyda shaxsiy uy-joyi mavjud boʻlmasa hamda ish beruvchi ushbu xodimga va uning oila aʼzolariga tegishli uy-joy taqdim etmasa, uy-joy ijarasi bilan bogʻliq xarajatlar;

yangi ish joyi boʻyicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (koʻtarma pul), shuningdek xodim bilan birga koʻchib oʻtayotgan har bir oila aʼzosiga koʻchib oʻtayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi, basharti ushbu oila aʼzolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan eʼtiboran oʻn ikki oy ichida koʻchib oʻtsa.

Agar xodim boshqa joydagi ishga kelmasa, xuddi shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda uzrli sababsiz ishga kirishmasa, shuningdek, agar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning tashabbusi bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq asoslarga koʻra bekor qilingan boʻlsa, xodim (bitiruvchi) olingan mablagʻni qaytarib berishi shart.

Agar xodim uzrli sababga koʻra (ishning davom etishiga toʻsqinlik qiladigan kasallik, ish joyi joylashgan hududdan tashqarida istiqomat qiluvchi oʻz qaramogʻidagi shaxslarga gʻamxoʻrlik qilish zarurati va boshqalar) ish boshlamagan boʻlsa yoki ish boshlagan kunidan eʼtiboran bir yil oʻtguniga qadar mehnat shartnomasini bekor qilsa, olingan mablagʻlarni ish beruvchiga qaytarishi kerak, bundan yoʻlkira qiymati mustasno.

Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda boshqa joyda ishlash uchun ketayotgan xodimlar uchun toʻlovlarning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilganidan yuqoriroq miqdorlari belgilanishi mumkin.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.