Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 267-modda
Yaroqsiz boʻlgan mahsulot tayyorlanganda mehnatga haq toʻlash
Ishlov beriladigan materialdagi yashirin nuqson tufayli paydo boʻlgan yaroqsiz mahsulot uchun, shuningdek xodimning aybisiz tayyorlangan yaroqsiz mahsulot uchun yaroqli mahsulotlar bilan teng ravishda haq toʻlanadi. Xodimning aybi bilan tayyorlangan qisman yaroqsiz mahsulot uchun mahsulotning yaroqliligi darajasiga qarab kamaytirilgan ishbay baholar boʻyicha haq toʻlanadi. Xodimning aybi bilan tayyorlangan toʻliq yaroqsiz mahsulot uchun haq toʻlanmaydi.
- MehnatLABOR · 268-modda
Ayrim toifadagi xodimlarning mehnatiga haq toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari
Ayrim toifadagi xodimlar (tashkilot rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari, bosh buxgalterlar, zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarda, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar, oʻrindoshlik asosida ishlaydiganlar va boshqalar) uchun ushbu Kodeksning VI boʻlimiga muvofiq mehnatiga haq toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari belgilanadi.
- MehnatLABOR · 269-modda
Ish haqidan ushlab qolishni cheklash
Umumiy qoidaga koʻra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi boʻlmagan taqdirda esa ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin. Quyidagi hollarda, xodimning yozma roziligidan qatʼi nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi: 1) soliqlar va yigʻimlarni undirish uchun; 2) “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun; 3) ish haqi hisobiga berilgan boʻnakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga koʻchib oʻtganligi munosabati bilan xoʻjalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va oʻz vaqtida qaytarilmagan boʻnakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha toʻlangan summalarni qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi boʻnakni qaytarish, qarzdorlikni toʻlash uchun belgilangan muddat tamom boʻlgan kundan yoki toʻlov notoʻgʻri hisoblab chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat oʻtib ketgan boʻlsa yoki xodim boʻnakni toʻlash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga eʼtiroz bildirayotgan boʻlsa, qarzni toʻlash sud tartibida amalga oshiriladi; 4) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan oshmasa; 5) ushbu Kodeks 312-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun; 6) xodim qaysi ish yili hisobiga taʼtil olib boʻlgan boʻlsa, oʻsha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda taʼtilning ishlab berilmagan kunlari uchun; 7) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda. Har yilgi mehnat taʼtilining ishlab berilmagan kunlari uchun ushlab qolishlar mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 137-moddasining toʻrtinchi qismida, 143-moddasining ikkinchi qismida, 146-moddasining beshinchi qismida, 161-moddasi ikkinchi qismining 1, 2 va 3-bandlarida, 168-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6, 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, shuningdek xodimning tashabbusi bilan ushbu Kodeks 160-moddasining sakkizinchi qismida koʻrsatilgan uzrli sabablar mavjud boʻlganda bekor qilingan taqdirda amalga oshirilmaydi. Basharti ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilishi yoxud yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatning davom etishiga monelik qiluvchi holatlarning yuzaga kelishi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq boʻlmasa, mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 168-moddasining 4 va 5-bandlariga koʻra bekor qilinganda ham bunday ushlab qolish amalga oshirilmaydi. Xodimga ortiqcha toʻlangan ish haqi (shu jumladan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar notoʻgʻri qoʻllanilganda) undan undirilishi mumkin emas, bundan quyidagi hollar mustasno: hisoblashdagi xatolik; agar yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiquvchi organ tomonidan xodimning mehnat normalarini bajarmaganlikdagi aybi eʼtirof etilgan boʻlsa; xodimning sud tomonidan belgilangan gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) sababli xodimga ortiqcha ish haqi toʻlangan boʻlsa. Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq soliq solinmaydigan toʻlovlardan ushlab qolishlar amalga oshirilishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 27-modda
Lavozimga saylanish yoki tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan oʻtish natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Agar lavozimga saylanish xodimdan muayyan mehnat vazifasini bajarishni talab etsa, lavozimga saylanish natijasida mehnat shartnomasi asosidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga keladi. Agar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud tashkilot ustavida (nizomida) tanlov boʻyicha egallanishi lozim boʻlgan lavozimlar roʻyxati va ushbu lavozimlarga tanlov oʻtkazish tartibi belgilangan boʻlsa, tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan oʻtish natijasida mehnat shartnomasi asosidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 270-modda
Ish haqidan ushlab qolish miqdorlarini cheklash
Har bir toʻlov chogʻida ish haqidan ushlab qolingan mablagʻlarning umumiy summasi xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining ellik foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan cheklov aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni, shuningdek axloq tuzatish ishlari tarzida jazo tayinlangan xodimning ish haqini ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazodan va aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikdan ushlab qolish miqdori xodimga haqiqatda hisoblangan ish haqining yetmish foizidan oshishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 271-modda
Xodimning xohishiga koʻra amalga oshiriladigan ish haqini tasarruf etish
Xodimning xohishiga koʻra ish haqi yoki uning muayyan qismi xodimning yozma arizasida koʻrsatilgan miqdorlarda va muddatlarda kreditorlarga bank muassasalaridan olingan ssudalar, kreditlar, kommunal toʻlovlar va boshqa xarajatlarni toʻlash uchun yuborilishi mumkin. Ushbu Kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan cheklovlar mazkur moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- MehnatLABOR · 272-modda
Mehnatni normalashtirish tushunchasi
Mehnatni normalashtirish muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida aniq ishni yoki operatsiyani bajarish uchun eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan vaqt miqdorini aniqlash, shuningdek xodimlarning turli toifalari (guruhlari) soni va asbob-uskunalar soni oʻrtasidagi maqbul oʻzaro nisbatni aniqlash imkonini beradigan, mehnat natijalari va mehnatga haq toʻlash oʻlchovi oʻrtasidagi tenglashtirilgan oʻzaro nisbatlarni belgilash hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 273-modda
Mehnat normasining turlari
Mehnat normasining turlari quyidagilardan iborat: vaqt normasi — muayyan tashkilot uchun eng maʼqul boʻlgan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan muayyan ish birligini (bitta mahsulot, bitta operatsiyani) bajarish uchun zarur boʻlgan ish vaqti miqdori. Qoida tariqasida, norma-soatda, kishi-soatda, kishi-daqiqada, soniyalarda hisoblab chiqiladi. ishlab chiqarish normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda vaqt birligida bir xodim yoki muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan smena davomida bajarilishi kerak boʻlgan ish hajmi; xodimlar soni normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda ishlab chiqarish topshirigʻini bajarish uchun zarur boʻlgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni; xizmat koʻrsatish normasi — smena davomida muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan xizmatlar koʻrsatilishi kerak boʻlgan asbob-uskunalar, hududlarning maydonlari va xizmat koʻrsatish obyektlarining belgilangan birligi soni; alohida lavozimlarni kiritish normasi — tegishli davlat boshqaruvi organi tomonidan tashkilotning alohida vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan, budjet tashkilotlari uchun belgilangan xodimlar soni; boshqariluvchanlik normasi — bevosita bitta rahbarga boʻysunishi kerak boʻlgan xodimlar soni; malaka normasi — xodimning mehnat vazifasini bajarishi uchun zarur boʻlgan malaka (bilim, mahorat, koʻnikma) darajasi; davlat kasbiy standartlari (kasbiy faoliyat standartlari) — xodimga muayyan bir kasbiy faoliyat turini amalga oshirish, shu jumladan muayyan mehnat vazifasini bajarish uchun zarur boʻlgan malaka tavsiflari; zarur mehnat sarflarini belgilovchi boshqa normalar. Mehnatni tashkil etish va haq toʻlashning jamoaviy shakllari sharoitlarida mahsulotning aniq hajmiga, umuman texnologik jarayonga yoki muayyan ishlar (xizmatlar) hajmiga nisbatan belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari, shuningdek qabul qilingan mehnat normalari negizida hisoblab chiqilgan oʻzaro bogʻliq boʻlgan ishlar koʻlamini tavsiflovchi pirovard yiriklashtirilgan oʻlchov (kub metr, kvadrat metr, mahsulotning mingta birligi va boshqalar) boʻyicha belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari qoʻllanilishi mumkin. Mehnat normalari toʻliq ish vaqti davomida tegishli malakaga ega boʻlgan xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasini toʻliq bajarishga qodir boʻladigan tarzda belgilanishi kerak. Bir turdagi ishlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan namunaviy (tarmoq, tarmoqlararo, kasbiy va boshqa) mehnat normalari tasdiqlanadi.
- MehnatLABOR · 274-modda
Mehnat normalarini ishlab chiqish, joriy etish, almashtirish va qayta koʻrib chiqish
Mehnat normalarini ishlab chiqish ish beruvchi tomonidan mehnatning aniq tashkiliy-texnologik sharoitlarida xodimlarning mehnat vazifalarini bajarishi uchun mehnat sarflarini tahlil etish asosida amalga oshiriladi. Mehnat normalarini ishlab chiqishda quyidagilar taʼminlanishi kerak: mehnat normalarining sifati, ularni zarur mehnat sarflariga maqbul ravishda yaqinlashtirish; oʻxshash tashkiliy-texnik sharoitlarda bajariladigan ayni bir ish uchun bir xil mehnat normalarini belgilash; fan va texnika yutuqlari asosida mehnat normalarining ilgʻorligi; mehnat normalarini belgilash mumkin boʻlgan va maqsadga muvofiq hisoblanadigan ish turlarini mehnatni normalashtirish bilan qamrab olish; mehnat normalarining texnik (ilmiy) jihatdan asoslanganligi. Mehnat normalarini joriy etish, almashtirish va qayta koʻrib chiqish jamoa shartnomasida belgilanadi, jamoa shartnomasi boʻlmaganda esa ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mehnat normalarining joriy etilishi, almashtirilishi va qayta koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida xodim ular joriy etiladigan, almashtiriladigan, qayta koʻrib chiqiladigan kundan kamida ikki oy oldin ogohlantirilgan boʻlishi kerak. Mehnat normalari ish oʻrinlarining ratsionalizatsiya qilinishiga, mehnat unumdorligining oʻsishini taʼminlovchi yangi texnika, texnologiyalarning joriy etilishiga va tashkiliy-texnik tadbirlar oʻtkazilishiga qarab almashtirilishi va qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Ayrim xodimlar yoki ularning jamoaviy tuzilmalari (brigadalari) tomonidan oʻz tashabbusi bilan mehnatning yangi yoʻllari va usullari qoʻllanilishi hamda ish oʻrinlarini takomillashtirish hisobiga mahsulot ishlab chiqarishning (xizmatlar koʻrsatishning) yuqori darajasiga erishish ilgari belgilangan mehnat normalarini qayta koʻrib chiqish uchun asos boʻla olmaydi. Namunaviy mehnat normalarini almashtirish va qayta koʻrib chiqish ularni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 275-modda
Mehnat normalarining amal qilish muddati
Mehnat normalari doimiy boʻlishi mumkin, bunda ular nomuayyan muddatga belgilanadi va ushbu Kodeksning 274-moddasiga muvofiq almashtirilguniga va qayta koʻrib chiqilguniga qadar amal qiladi, mehnat normalari vaqtinchalik ham boʻlishi mumkin, bunda ular mahsulot ishlab chiqarishni, texnika, texnologiyalarni oʻzlashtirish davri uchun yoki ishlab chiqarishni va mehnatni tashkil etish davri uchun uch oygacha boʻlgan muddatga belgilanadi. Mazkur muddat tugaganidan keyin vaqtinchalik normalar doimiy normalar bilan almashtirilishi lozim. Ayrim hollarda vaqtinchalik normalarning amal qilish muddati ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda uzaytirilishi mumkin. Texnologiya oʻzgartirilganda, baxtsiz hodisalar va avariyalar yuzaga kelishi xavfi bilan bogʻliq ishlarni bajarishda, shuningdek bir martalik xususiyatga ega boshqa shunga oʻxshash ishlarni bajarishda mehnat normalari har bir aniq holatda tegishli ishlarni bajarish davri uchun belgilanadi.
- MehnatLABOR · 276-modda
Ish beruvchining mehnat normalarini bajarish uchun zarur mehnat shart-sharoitlarini taʼminlash majburiyatlari
Ish beruvchi mehnat normalarining bajarilishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart. Bunday shart-sharoitlar jumlasiga quyidagilar kiradi: binolar, inshootlar, mashinalar, texnologik jihozlar va boshqa asbob-uskunalarning soz holatda boʻlishi; ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan texnik hujjatlar va boshqa zarur hujjatlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash; mehnat shartnomasida shartlashilgan ishlarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallar, asboblar, boshqa vositalar va buyumlarning lozim darajada sifatli boʻlishi, ularning xodimga oʻz vaqtida taqdim etilishi; mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligi talablariga javob beradigan mehnat shart-sharoitlari.
- MehnatLABOR · 277-modda
Mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida narxlarni aniqlash
Mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida narxlar belgilangan ish razryadlaridan, mehnatga haq toʻlash razryadlaridan, tarif stavkalaridan (maoshlardan) va ishlab berish normalaridan (vaqt normalaridan) kelib chiqqan holda aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoki soatbay tarif stavkasini kunbay yoki soatbay ishlab berish normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. Ishbay narx bajariladigan ishning razryadiga muvofiq boʻlgan kunbay tarif stavkasini yoxud soatbay tarif stavkasini belgilangan kunbay yoki soatbay vaqt normasiga koʻpaytirish yoʻli bilan ham aniqlanishi mumkin. Kunbay tarif stavkasi (maosh) yoki soatbay tarif stavkasi mehnatga haq toʻlashning razryadiga muvofiq boʻlgan oylik tarif stavkasini yoki lavozim maoshini ish kunlarining yoxud ish soatlarining oylik normasiga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
- MehnatLABOR · 278-modda
Normalashtirilgan topshiriqlarni va xizmat koʻrsatish normalarini belgilash
Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida normalashtirilgan topshiriqlarni, shu jumladan alohida vazifalarni va ish hajmini bajarish maqsadida xodimlarga nisbatan xizmat koʻrsatish normasi va xodimlar soni normasi belgilanishi mumkin. Muayyan ishlab chiqarish sharoitlarida normalashtirilgan topshiriqlar va xizmat koʻrsatish normalarini belgilashda mahsulot birligiga qilingan mehnat sarflari normalaridan, xodimlar soni normalaridan, ish vaqtining rejali fondlaridan va boshqa maʼlumotlardan foydalaniladi. Budjet tashkilotlarida xizmat koʻrsatish normalarini va lavozimlarni joriy etish normalarini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, shuningdek tegishli tarmoq kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 279-modda
Kafolatli toʻlovlar va kafolatli qoʻshimcha toʻlovlar tushunchalari
Kafolatli toʻlovlar xodim ushbu Kodeksga, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan yoxud oʻz ixtiyoriga zid tarzda ishlash imkoniyatidan mahrum boʻlgan vaqt uchun oʻrtacha ish haqi yoki tarif stavkasi (maosh) miqdoridagi pul toʻlovlaridir. Kafolatli qoʻshimcha toʻlovlar ushbu Kodeksda va mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda xodimga u muayyan sabablarga koʻra oʻz mehnat vazifalarini toʻliq hajmda bajara olmaganda, ushbu xodimning oʻrtacha ish haqini saqlab qolish maqsadida toʻlanadigan pul summasi hisoblanadi.
- MehnatLABOR · 28-modda
Lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladigan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoki tashkilot ustavida (nizomida) nazarda tutilgan hollarda lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash natijasida mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 280-modda
Ish beruvchining xodimga kafolatli toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati
Ish beruvchi xodimga: xodim jamoaviy muzokaralarda, jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlashda ishtirok etgan davr; xodimlarning vakillari boʻlgan va ishlab chiqarish ishlaridan ozod qilinmagan shaxslar tomonidan xodimlarning vakilligi va ularning manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vazifalar bajarilgan davr; mehnat nizolari boʻyicha komissiya aʼzosi ushbu komissiya ishida ishtirok etgan davr; xodim mehnatni muhofaza qilish sohasida oʻquvdan hamda bilim va koʻnikmalar tekshiruvidan yoki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻzining aybisiz oʻtmaganligi sababli ishdan chetlashtirilgan davr; xodim oʻziga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazilganligi tufayli ishdan chetlatilgan davr; xodim yillik mehnat taʼtilida boʻlgan davr; ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan va nuqsonga yoʻl qoʻyilgan davr; ish beruvchining aybi bilan mehnat normalari bajarilmagan, mehnat (lavozim) majburiyatlari ijro etilmagan davr; ushbu Kodeksning 364-moddasiga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra yengilroq ishga yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazilgan davr; mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakolatli shaxs tomonidan oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilgan davr; xodim xizmat safarida boʻlgan davr; xodim ish beruvchi bilan birgalikda yoki ish beruvchining taklifiga binoan oʻz roziligiga koʻra boshqa joyga koʻchganida unga yangi joyga koʻchish va joylashish uchun zarur boʻlgan, lekin olti ish kunidan koʻp boʻlmagan vaqt; xodim ishdan ajralgan holda oʻzi va ish beruvchi uchun majburiy boʻlgan qayta tayyorlashdan yoki majburiy malaka oshirishdan oʻtgan davr; xodim oʻquv taʼtillarida boʻlgan davr; xodim ijodiy taʼtillarda boʻlgan davr; alohida asoslarga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishga joylashtirish davri; xodimlar majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtgan davr; homilador ayol yengilroq yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazilgan davr; ikki yoshga toʻlmagan bolasini parvarish qilayotgan ota-onadan biri (vasiy) yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazilgan davr; xodimni ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etish, gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazish, gʻayriqonuniy ravishda ishdan chetlashtirish, gʻayriqonuniy ravishda mehnat shartnomasini bekor qilish, shuningdek yakka tartibdagi mehnat nizolarini koʻrib chiqish boʻyicha organning xodimni ilgarigi ishiga tiklash toʻgʻrisidagi qarorini bajarmaslik tufayli xodimning majburiy progul qilgan davri uchun kafolatli toʻlovlarni amalga oshirishi shart. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatli toʻlovlardan tashqari ish beruvchi xodimlarga ushbu Kodeksda, qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa kafolatli toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
- MehnatLABOR · 281-modda
Ish beruvchining xodimga kafolatli qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirish majburiyati
Ish beruvchi quyidagi kafolatli qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirishi shart: ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolish chogʻida bunday bekor turib qolish davom etgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan, tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini toʻlashi; ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra xodim tomonidan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda xodimning amalda ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshning) kamida uchdan ikki qismini saqlab qolishi; tungi vaqtdagi ish uchun xodimga qoʻshimcha toʻlovni amalga oshirishi; dam olish, ishlanmaydigan bayram kunlaridagi va ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan miqdorda haq toʻlashi; oʻzi uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlarga toʻliq ish vaqtida ishlovchi tegishli toifadagi xodimlar uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash miqdorigacha boʻlgan qoʻshimcha toʻlovni amalga oshirishi; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ayrim asoslar boʻyicha mehnat shartnomasi bekor qilinganida mazkur Kodeksning 173-moddasining uchinchi qismida belgilangan miqdorda ishdan boʻshatish nafaqasini toʻlashi; qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrtacha ish haqi yoki uning bir qismi miqdorida vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqa toʻlashi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kafolatli qoʻshimcha toʻlovlardan tashqari ish beruvchi xodimlarga ushbu Kodeksda, qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan boshqa kafolatli qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirishi shart.
- MehnatLABOR · 282-modda
Xodimlar davlat va jamoat majburiyatlarini bajarganda beriladigan kafolatli toʻlovlar
Ish beruvchi xodimning davlat va jamoat majburiyatlarini bajarish vaqtida uni ishdan ish joyini (lavozimini) va oʻrtacha oylik ish haqini saqlagan holda quyidagi hollarda ozod etishi shart: saylov huquqini amalga oshirayotganda; deputatlik vazifalarini, shuningdek oʻz vakolatlarini ishlab chiqarishdan yoki xizmat faoliyatidan ajralmagan holda amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosining vazifalarini bajarayotganda; tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining ishida ishtirok etayotganda; harbiy majburiyatlarni bajarayotganda; tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis sifatida chaqirilganda; sud majlislarida xalq maslahatchisi, jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi, jamoat birlashmalari va mehnat jamoalarining vakili sifatida ishtirok etayotganda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiya faoliyatida ishtirok etganda; xodim davlat va jamiyat manfaatlarini koʻzlab harakatlarni amalga oshirganda (avariyalar, tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, inson hayotini saqlab qolish, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish, shuningdek boshqa hollarda); Oʻzbekiston Respublikasi qonunida yoki Prezidentining farmonlari va qarorlarida yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
- MehnatLABOR · 283-modda
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirganda xodimlarga kafolatli toʻlovlar
Ish beruvchi tibbiy tekshiruvdan oʻtish kunida hamda qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kunida xodimlarni tibbiyot muassasalariga moneliksiz yuborishi shart. Agar ish beruvchi bilan kelishuvga binoan xodim qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kunida ishga chiqqan boʻlsa (bundan xodimning oʻsha kuni ishga chiqish imkoni boʻlmagan zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar mustasno), unga oʻz xohishiga koʻra boshqa dam olish kuni beriladi. Har yilgi mehnat taʼtili davrida, dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan taqdirda, xodimga uning xohishiga koʻra boshqa dam olish kuni beriladi. Donor boʻlgan xodimlarga bevosita qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin dam olish kuni beriladi. Xodimning xohishiga koʻra bu kun yillik mehnat taʼtiliga qoʻshiladi yoki qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan kundan keyin yil davomida boshqa vaqtda bu kundan foydalanilishi mumkin. Tibbiy tekshiruv oʻtkaziladigan hamda qon va uning tarkibiy qismlari topshiriladigan kunda ishdan ozod qilinganda, shuningdek dam olish kunlarida xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Donorlik faktini tasdiqlash, shu jumladan tibbiy tekshiruvdan oʻtish hamda bevosita qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish qon xizmati tomonidan berilgan maʼlumotnoma yoki boshqa hujjat asosida amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 284-modda
Kafolatli toʻlovlarni moliyalashtirish manbalari
Ushbu Kodeksning 280-moddasida nazarda tutilgan kafolatli toʻlovlar ish beruvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.