Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
MehnatLABOR · 273-modda

Mehnat normasining turlari

Mehnat normasining turlari quyidagilardan iborat:

vaqt normasi — muayyan tashkilot uchun eng maʼqul boʻlgan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan muayyan ish birligini (bitta mahsulot, bitta operatsiyani) bajarish uchun zarur boʻlgan ish vaqti miqdori. Qoida tariqasida, norma-soatda, kishi-soatda, kishi-daqiqada, soniyalarda hisoblab chiqiladi.

ishlab chiqarish normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda vaqt birligida bir xodim yoki muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan smena davomida bajarilishi kerak boʻlgan ish hajmi;

xodimlar soni normasi — muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda ishlab chiqarish topshirigʻini bajarish uchun zarur boʻlgan muayyan kasbiy malakaga ega xodimlar soni;

xizmat koʻrsatish normasi — smena davomida muayyan tashkiliy-texnik sharoitlarda bir xodim yoki tegishli son va malakadagi xodimlar guruhi tomonidan xizmatlar koʻrsatilishi kerak boʻlgan asbob-uskunalar, hududlarning maydonlari va xizmat koʻrsatish obyektlarining belgilangan birligi soni;

alohida lavozimlarni kiritish normasi — tegishli davlat boshqaruvi organi tomonidan tashkilotning alohida vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan, budjet tashkilotlari uchun belgilangan xodimlar soni;

boshqariluvchanlik normasi — bevosita bitta rahbarga boʻysunishi kerak boʻlgan xodimlar soni;

malaka normasi — xodimning mehnat vazifasini bajarishi uchun zarur boʻlgan malaka (bilim, mahorat, koʻnikma) darajasi;

davlat kasbiy standartlari (kasbiy faoliyat standartlari) — xodimga muayyan bir kasbiy faoliyat turini amalga oshirish, shu jumladan muayyan mehnat vazifasini bajarish uchun zarur boʻlgan malaka tavsiflari;

zarur mehnat sarflarini belgilovchi boshqa normalar.

Mehnatni tashkil etish va haq toʻlashning jamoaviy shakllari sharoitlarida mahsulotning aniq hajmiga, umuman texnologik jarayonga yoki muayyan ishlar (xizmatlar) hajmiga nisbatan belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari, shuningdek qabul qilingan mehnat normalari negizida hisoblab chiqilgan oʻzaro bogʻliq boʻlgan ishlar koʻlamini tavsiflovchi pirovard yiriklashtirilgan oʻlchov (kub metr, kvadrat metr, mahsulotning mingta birligi va boshqalar) boʻyicha belgilanadigan yiriklashtirilgan mehnat normalari qoʻllanilishi mumkin.

Mehnat normalari toʻliq ish vaqti davomida tegishli malakaga ega boʻlgan xodim mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasini toʻliq bajarishga qodir boʻladigan tarzda belgilanishi kerak.

Bir turdagi ishlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan namunaviy (tarmoq, tarmoqlararo, kasbiy va boshqa) mehnat normalari tasdiqlanadi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.