Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 249-modda
Mehnatga haq toʻlash tizimi va uni belgilash tartibi
Mehnatga haq toʻlash tizimi xodimlar ish haqi miqdorining mehnatning miqdori va sifatiga, ularning shaxsiy va jamoaviy natijalariga bogʻliqligini belgilash usulidir. Xodimlar mehnatiga haq toʻlash tizimi ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanadi, bundan ushbu Kodeksda ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan nazarda tutilgan hollar mustasno. Tashkilotda ayrim toifadagi xodimlarga yoki tarkibiy boʻlinmalarga nisbatan mehnatga haq toʻlashning bir nechta tizimi qoʻllanilishi mumkin. Xodimlar mehnatiga vaqtbay, ishbay yoki mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan boshqa mezonlarga koʻra haq toʻlanadi. Faoliyatning oʻziga xos xususiyatlariga va muayyan iqtisodiy sharoitlarga qarab mehnatga haq toʻlanishini tashkil etish uchun xodimlar mehnatiga haq toʻlashning tarifli va (yoki) tarifsiz tizimlari qoʻllanilishi mumkin. Budjet tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimlari va turlari qonunchilikda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 25-modda
Ish beruvchining majburiyatlari
Ish beruvchi: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi; xodimlarni mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan taʼminlashi; xodimlarni ishga qabul qilishda, mehnat jarayonida va xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda ushbu Kodeksning mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablari buzilishiga yoʻl qoʻymasligi; majburiy mehnat va bolalar mehnatining ogʻir shakllari qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymasligi; mehnatni muhofaza qilish normativ talablariga muvofiq boʻlgan mehnat xavfsizligini va shart-sharoitlarini taʼminlashi; xodimlarni oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, asboblar, texnik hujjatlar va boshqa vositalar bilan taʼminlashi; xodimlarga berilishi lozim boʻlgan ish haqini ushbu Kodeksga, jamoa shartnomasiga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, boshqa ichki hujjatlarga, mehnat shartnomalariga muvofiq belgilangan muddatlarda toʻliq hajmda toʻlashi; ushbu Kodeksda belgilangan tartibda jamoa muzokaralarini olib borishi, shuningdek jamoa shartnomasini tuzishi; xodimlarning vakillariga jamoa kelishuvini va jamoa shartnomasini tuzish hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan toʻliq va ishonchli axborotni taqdim etishi; xodimlarni ularning birlashish huquqi toʻgʻrisida xabardor qilishi; xodimlarni oʻz mehnat faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, qabul qilinayotgan ichki hujjatlar bilan imzo qoʻydirib tanishtirishi; davlat mehnat inspektorlarining, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan boshqa davlat organlari mansabdor shaxslarining koʻrsatmalarini oʻz vaqtida bajarishi; xodimlar davlat organlaridagi saylab qoʻyiladigan lavozimlarga saylanganligi tufayli ularning ish joyi saqlanib qolgan hollarda ushbu ish beruvchi ilgari mehnat shartnomasini bekor qilgan xodimlarni ishga qabul qilishi; tegishli kasaba uyushmasi organlarining, xodimlar tomonidan saylangan boshqa vakillarning mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning aniqlangan qoidabuzarliklari haqidagi koʻrsatmalari hamda taqdimnomalarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishi, aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida mazkur organlar hamda vakillarga xabar qilishi; xodimlarning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlgan maishiy ehtiyojlari taʼminlanishini amalga oshirishi; xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasini, shuningdek ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtasini taʼminlashi; oʻz mehnat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan xodimlarga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda hamda shartlarda qoplashi; mehnat shartnomalarini, shuningdek ularga doir oʻzgartish va qoʻshimchalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida oʻz vaqtida roʻyxatga olishi shart. Ish beruvchining zimmasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 250-modda
Mehnatga haq toʻlashning tarifli tizimi
Mehnatga haq toʻlashning tarifli tizimi turli toifadagi xodimlarning ish haqini differensiyalashning tarifli tizimiga asoslangan mehnatga haq toʻlash tizimidir. Tarifli tizim tarif setkasini, tarif stavkalarini (maoshlarni), tarif razryadlarini, tarif koeffitsiyentlarini oʻz ichiga oladi. Tarif setkasi ishning murakkabligiga va xodimlarning malakasiga doir talablarga qarab tarif koeffitsiyentlari yordamida belgilangan ishlar (kasblar, lavozimlar) tarif razryadlarining majmuidir. Tarif razryadi ishlarning murakkabligini va xodimning malaka darajasini aks ettiradigan qiymatdir. Tarif stavkasi (maosh) kompensatsiyaga oid, ragʻbatlantiruvchi va ijtimoiy toʻlovlar hisobga olinmagan holda vaqt birligi uchun muayyan murakkablikdagi (malakadagi) mehnat normasi (mehnat majburiyatlari) bajarilganligi uchun xodimning mehnatiga haq toʻlashning qatʼiy belgilangan miqdoridir. Tarif koeffitsiyenti keyingi razryadlar tarif stavkasining birinchi razryad tarif stavkasiga nisbatan karrali koʻpaytirilishini aks ettiradigan, xodimlar malaka darajasining razryadlar boʻyicha nisbatidir. Malaka razryadi xodimning kasbiy tayyorgarligi darajasini aks ettiradigan qiymatdir. Ishlarni tarifikatsiyalash mehnat turlarini ishlarning murakkabligiga qarab tarif razryadlariga yoki malaka toifalariga kiritishdir. Bajariladigan ishlarning murakkabligi ularni tarifikatsiyalash asosida aniqlanadi. Ishlarni tarifikatsiyalash va xodimlarga tarif razryadlari berish kasbga oid standartlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 251-modda
Mehnatga haq toʻlashning tarifsiz tizimi
Mehnatga haq toʻlashning tarifsiz tizimi mehnatga haq toʻlashni differensiyalash usulini ifodalaydi, bunda xodimning mehnatiga haq toʻlash miqdori uning ishining va jamoa ishining oxirgi natijalariga bogʻliq boʻladi hamda ushbu xodim ishining natijadorligi bahosini aks ettiradigan, xodimga berilgan koeffitsiyent asosida belgilanadigan, xodimning butun jamoa tomonidan ishlab topilgan mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasidagi ulushini ifodalaydi. Xodimning shaxsiy kasbiy yutuqlarini baholash mezonlari va normalari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanadi. Xodimning shaxsiy kasbiy yutuqlarini baholash ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi. Mehnatga haq toʻlashning tarifsiz tizimi qoʻllanilganda mehnatga haq toʻlashning qonunchilik bilan kafolatlangan eng kam miqdoridan kam boʻlgan haq toʻlash darajasini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 252-modda
Ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar
Ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega toʻlovlar jumlasiga xodimlarga mehnatdagi yuksak yutuqlari, kasbiy mahorati, energiya resurslarini, materiallarni tejaganligi, oldindan belgilangan boshqa koʻrsatkichlarga erishganligi uchun beriladigan mukofotlar, ish haqiga qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va boshqa toʻlovlar kiradi. Mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan koʻrsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari toʻlanadigan pul mukofotidir. Mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilmagan ragʻbatlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega boʻlgan hamda ish beruvchining qaroriga koʻra xodimning oldindan belgilangan koʻrsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirigʻini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan toʻlanadigan pul mukofotidir. Ustama xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan ish bajarilganligi uchun amalga oshiriladigan va ragʻbatlantiruvchi (kasbiy mahorat, uzoq muddat xizmat qilganlik, muayyan tashkilotdagi yoki tarmoqdagi ish staji uchun ustamalar va boshqalar) yoxud kompensatsiya xususiyatiga ega (ishning koʻchma yoxud sayyor xususiyati, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish yoxud zararli yoki ogʻir mehnat sharoitlaridagi ish, mehnatning jadalligi uchun ustamalar va boshqalar) pul toʻlovidir. Ish haqiga qoʻshimcha toʻlov xodim tomonidan uning toʻgʻridan-toʻgʻri majburiyatlariga kirmaydigan qoʻshimcha vazifalar bajarilishini kompensatsiya qilish (bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik, bajariladigan ish hajmining koʻpayganligi, xizmat koʻrsatish doirasining kengayganligi, yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarganlik uchun qoʻshimcha toʻlov va boshqalar) uchun hisoblanadigan yoki kafolatli xususiyatga ega boʻlgan hamda mehnatning normal sharoitlaridan chetga chiqilgan hollarda yoxud ish haqi xodimning aybisiz kamaytirilgan taqdirda xodimga ish haqining bir qismini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladigan (tungi vaqtdagi, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, ish vaqtidan tashqari ish uchun qoʻshimcha toʻlovlar, sogʻligʻining holatiga koʻra, bekor turib qolish, ishlab chiqarish zaruriyati munosabati bilan kam haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan xodimlarga qoʻshimcha toʻlovlar va boshqalar) pul toʻlovidir. Mukofotlash, ish haqi asosiy qismiga doir qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar, boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar tizimlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanadi. Budjet tashkilotlarida ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni qoʻllash tartibi va shartlari qonunchilikda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 253-modda
Ish haqini toʻlash muddatlari
Xodimlarga ish haqi toʻlash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, oʻn olti kundan koʻp boʻlmagan tanaffus bilan ikki qismga boʻlingan holda (boʻnakda va qolgan qismi miqdorida) toʻlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ish haqi oyiga bir marta toʻlanadigan xodimlarning ayrim toifalari belgilanishi mumkin. Ish haqi toʻlanadigan kun dam olish kuniga yoki ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelib qolganda ish haqi ushbu kunlar arafasida toʻlanadi. Xodimga tegishli boʻlgan ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishi va miqdori boshqa toʻlovlarni amalga oshirishga hamda ularning navbatiga bogʻliq qilib qoʻyilmasligi kerak. Ish beruvchi xodimning soʻroviga koʻra uni ish beruvchi tomonidan xodimning ish haqini hisob-kitob qilish chogʻida amalga oshirilgan hisoblashlar va ushlab qolishlar toʻgʻrisida xabardor qilishi shart. Ish beruvchi ish haqini toʻlash kechiktirilganligi uchun xodim oldida ushbu Kodeksning 333-moddasida belgilangan miqdorda moddiy javobgar boʻladi.
- MehnatLABOR · 254-modda
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda hisob-kitob qilish muddatlari
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda ish beruvchidan xodimga berilishi kerak boʻlgan barcha summalarni toʻlash xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni amalga oshiriladi. Agar xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan boʻlsa, tegishli summalar ushbu xodim tomonidan hisob-kitob qilish toʻgʻrisidagi talab taqdim etilganidan keyin uch kundan kechiktirmay toʻlanishi kerak. Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli boʻlgan summalar miqdorlari toʻgʻrisida nizo chiqqan taqdirda, ish beruvchi xodimga shak-shubhasiz tegadigan summani ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatda toʻlashi shart. Ichki hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodim, agar u hatto mukofot toʻlanayotgan paytda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda boʻlmasa ham, bir yildagi ish yakunlariga koʻra mukofot olish huquqiga ega boʻladi.
- MehnatLABOR · 255-modda
Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqini berish
Xodim vafot etgan kunga qadar olinmagan ish haqi uning oila aʼzolariga yoki xodim vafot etgan kunda marhumning qaramogʻida boʻlgan shaxsga beriladi. Ish haqini toʻlash ish beruvchiga tegishli ariza, xodimning vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasi berilgan hamda uning asl nusxasi taqdim etilgan kundan eʼtiboran yetti kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 256-modda
Ish haqini toʻlash shakllari va joyi
Ish haqi milliy valyutada (soʻmda) toʻlanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalardan istisnolar qonunchilikda belgilanishi mumkin. Ish haqini qarz majburiyatlari, tilxatlar, kuponlar tarzida toʻlash taqiqlanadi. Mehnatga natura shaklida haq toʻlash taqiqlanadi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan hollar mustasno. Xodimga ish haqini toʻlash, qoida tariqasida, bevosita u ishni bajargan joyda amalga oshiriladi. Xodimning yozma roziligi bilan ish haqini yoki uning bir qismini bank muassasalari yoki pochta boʻlimlari orqali toʻlashga yoʻl qoʻyilib, ularning xizmatlari uchun ish beruvchining hisobidan haq toʻlanadi. Agar xodim ish haqi toʻlanadigan kuni ish beruvchining topshirigʻini ish joyidan tashqarida (xizmat safarida, malaka oshirish kurslarida boʻlsa va boshqalar) bajarayotgan boʻlsa, xodimning iltimosiga koʻra ish beruvchi xodimga tegishli ish haqini oʻz hisobidan yuborishi yoki xodimning ishonchli shaxsiga toʻlashi shart.
- MehnatLABOR · 257-modda
Oʻrtacha ish haqi va uni hisoblab chiqarish tartibi
Ushbu Kodeksda va qonunchilikda nazarda tutilgan barcha hollar uchun oʻrtacha ish haqi u hisoblanadigan oydan oldingi oʻn ikki oyni tashkil etuvchi hisob-kitob davri yoxud agar xodim oʻn ikki oydan kam ishlagan boʻlsa, amalda ishlangan davr uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda tegishli oyning 1-kunidan 30 (31)-kuniga qadar (fevralda — 28 (29)-kunga qadar) boʻlgan davr oxirgi kunni ham qoʻshganda kalendar oy deb hisoblanadi. Oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim boʻlgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda toʻlangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi. Mehnatga haq toʻlashning barcha tizimlaridagi xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oʻn ikki kalendar oy uchun xodimga hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida belgilanadi. Oʻrtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan vaqt, shuningdek ushbu vaqtda hisoblangan summalar chiqarib tashlanadi, agar: qonunchilikka muvofiq xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qolgan boʻlsa, bundan ushbu Kodeksning 407-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar mustasno; xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tugʻish nafaqasini olgan boʻlsa; xodim ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolish munosabati bilan ishlamagan boʻlsa; xodimga ushbu Kodeksning 399-moddasiga muvofiq nogironligi boʻlgan bolalarni va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarishlash uchun qoʻshimcha haq toʻlanadigan dam olish kunlari berilgan boʻlsa; xodim qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ish haqi toʻliq yoki qisman saqlanadigan yoki haq toʻlanmaydigan ishdan ozod etilgan boʻlsa. Agar xodim hisob-kitob davri uchun va hisob-kitob davri boshlanguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki ishlab berilgan kunlarga ega boʻlmagan boʻlsa, oʻrtacha ish haqi xodim tomonidan oʻrtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa yuz bergan oyda haqiqatda ishlab berilgan kunlar uchun hisoblangan ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Agar xodim hisob-kitob davri uchun, hisob-kitob davri boshlanguniga qadar va oʻrtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa yuz berguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki haqiqatda ishlab berilgan kunlarga ega boʻlmagan boʻlsa, oʻrtacha ish haqi unga belgilangan tarif stavkasidan (maoshidan) kelib chiqqan holda aniqlanadi. Agar hisob-kitob davrining bir oyi yoki bir necha oyi toʻliq ishlab berilmagan yoki ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq undan vaqt chiqarib tashlangan boʻlsa, oʻrtacha kunlik ish haqi hisob-kitob davri uchun haqiqatda hisoblangan ish haqi summasini toʻliq kalendar oylar soniga hamda toʻliq boʻlmagan kalendar oylardagi kalendar kunlar soniga koʻpaytirilgan ish kunlarining oʻrtacha oylik sonining (25,3) summasiga boʻlish orqali hisoblab chiqariladi. Toʻliq boʻlmagan kalendar oydagi ish kunlarining soni ish kunlarining oʻrtacha oylik sonini (25,3) ushbu oydagi ish kunlarining haqiqiy soniga boʻlish hamda mazkur oyda ishlab berilgan vaqtga toʻgʻri keladigan ish kunlari soniga koʻpaytirish orqali hisoblab chiqiladi. Oʻrtacha kunlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan oʻrtacha ish haqi summasini ish kunlarining oʻrtacha oylik soniga (25,3) boʻlish orqali belgilanadi. Oʻrtacha soatlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan oʻrtacha ish haqi summasini xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oyda ishlab berilgan soatlar soniga boʻlish orqali belgilanadi. Alohida hollar (ish vaqti jamlab hisobga olinganda, uni hisoblab chiqarish uchun qabul qilingan davrda ish vaqti toʻliq ishlab berilmaganda, ushbu davrda ish haqi boʻlmaganda va boshqa hollarda) uchun xodimlarning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Barcha hollarda ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi qonunchilikda belgilangan hisoblash kunidagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Hisob-kitob davrida tariflarni qayta koʻrib chiqish chogʻida oʻrtacha oylik ish haqi oʻzgartirilgan tarifni hisobga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishi lozim.
- MehnatLABOR · 258-modda
Qisqartirilgan va toʻliqsiz ish vaqtida mehnatga haq toʻlash
Qisqartirilgan ish vaqti sharoitlarida band boʻlgan xodimlarning ish haqi normal ish vaqti uchun belgilangan toʻliq hajmda toʻlanadi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoida mazkur Kodeks 415-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan, oʻquv yili davomida oʻqishdan boʻsh vaqtida ishlaydigan oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab amalga oshiriladigan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Toʻliqsiz ish vaqtida (toʻliqsiz ish kuni, toʻliqsiz ish haftasi, toʻliqsiz ish kunining va toʻliqsiz ish haftasining qoʻshilishi) ishlaydigan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda yoki haqiqatda ishlab chiqargan mahsulotiga qarab amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 259-modda
Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat koʻrsatish doirasi kengayganda va ish hajmi koʻpayganda mehnatga haq toʻlash
Bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganda, xizmat koʻrsatish doirasi kengayganda, ish hajmi koʻpayganda xodimning asosiy lavozimdagi ish haqiga quyidagilar uchun qoʻshimcha toʻlov belgilanadi va toʻlanadi: budjetdan moliyalashtirilmaydigan tashkilot xodimlari uchun — bir necha kasbda (lavozimda) haqiqatda bajarilgan ishga doir ish haqi miqdorida; budjet tashkilotlari xodimlari uchun — bir necha lavozimda ishlaganlik uchun tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda. Vaqtincha yoʻq boʻlgan xodimning majburiyatlarini bajarish vazifasi shtatdagi uning oʻrnini bosadigan shaxs zimmasiga asosiy ishdan ozod etilmagan holda yuklatilganda qoʻshimcha toʻlov amalga oshirilmaydi.
- MehnatLABOR · 26-modda
Yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning yuzaga kelishi
Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ushbu Kodeksga muvofiq ular tomonidan tuziladigan mehnat shartnomasi asosida yuzaga keladi. Qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud tashkilot ustavida (nizomida) belgilangan hollarda va tartibda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar mehnat shartnomasiga asosan quyidagilar natijasida yuzaga keladi: lavozimga saylanish yoki tegishli lavozimni egallash uchun tanlovdan oʻtish; lavozimga tayinlash yoki lavozimga tasdiqlash; vakolatli davlat organlari tomonidan ishga yuborish; Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatiga boʻlgan huquqqa doir tasdiqnoma berish; ota-onaning har ikkisining yoki ota-onadan birining (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsning) roziligi; ish beruvchining zimmasiga mehnat shartnomasini tuzish majburiyatini yuklatish toʻgʻrisidagi sud qarorini qabul qilish; shaxsiy mehnatdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan va fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnoma asosida yuzaga kelgan munosabatlarni sud tomonidan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar deb eʼtirof etish. Mehnat shartnomasi tegishli tarzda rasmiylashtirilmagan taqdirda, xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar ish beruvchining yoki uning shunga vakolatli boʻlgan vakilining ijozati bilan yoki topshirigʻiga koʻra xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilganligi asosida ham yuzaga keladi.
- MehnatLABOR · 260-modda
Har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda mehnatga haq toʻlash
Mehnatiga vaqtbay haq toʻlanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga yuqoriroq malakali ish boʻyicha haq toʻlanadi. Mehnatiga ishbay haq toʻlanadigan xodim tomonidan har xil malaka talab etiladigan ishlar bajarilganda uning mehnatiga u bajargan ishning baholari boʻyicha haq toʻlanadi. Ishlab chiqarish xususiyatini hisobga olgan holda mehnatiga ishbay haq toʻlanadigan xodimlarga oʻziga berilgan razryadlardan pastroq tarifikatsiya qilinayotgan ishlarni bajarish topshiriladigan hollarda ish beruvchi ularga razryadlar oʻrtasidagi farqni toʻlashi shart.
- MehnatLABOR · 261-modda
Yangi ishlab chiqarishlar (mahsulot) oʻzlashtirilganda mehnatga haq toʻlash
Jamoa shartnomasida yoki mehnat shartnomasida yangi ishlab chiqarish (mahsulot) oʻzlashtiriladigan davrda xodimning oldingi ish haqini saqlab qolish nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 262-modda
Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq toʻlash
Ish vaqtidan tashqari ishning bir kundagi birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida ikki hissa miqdorida (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda — har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorida) haq toʻlanadi. Jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida ish vaqtidan tashqari ish uchun qoʻshimcha toʻlovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning xohishiga koʻra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq toʻlash oʻrniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qoʻshimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Bunday holda ish vaqtidan tashqari ish uchun bir hissa miqdorida haq toʻlanadi, dam olish vaqti uchun esa haq toʻlanmaydi.
- MehnatLABOR · 263-modda
Dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq toʻlash
Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun quyidagilarga kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi: ishbay ishlovchilarga — kamida ikki hissali ishbay baholar boʻyicha; mehnatiga kunbay va soatbay tarif stavkalari boʻyicha haq toʻlanadigan xodimlarga — kunbay yoki soatbay tarif stavkasining kamida ikki hissasi miqdorida; maosh oladigan xodimlarga — har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida. Jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun qoʻshimcha toʻlovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin. Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilingan taqdirda, bunday ish uchun haq toʻlash kamida bir hissa miqdorida amalga oshiriladi, dam olish kuni uchun esa haq toʻlanmaydi. Agar xodim jadvalga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq umumiy belgilangan dam olish kunlarida (besh kunlik ish haftasida shanba yoki yakshanba kunlari yoki olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni) mehnat qilgan boʻlsa, dam olish kunlari esa unga ish haftasining boshqa kunlarida berilgan boʻlsa, umumiy belgilangan dam olish kunlaridagi ish uchun bir hissa miqdorida haq toʻlanadi. Ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun, ushbu ish jadvalga binoan amalga oshirilganligidan yoki xodim mazkur Kodeksning 210-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etilganligidan qatʼi nazar, kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi yoxud xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish va bir hissa miqdorida haq toʻlash orqali kompensatsiya qilinadi.
- MehnatLABOR · 264-modda
Tungi vaqtdagi mehnat uchun haq toʻlash
Quyidagi hollarda tungi vaqtdagi mehnat uchun haq toʻlash kamida bir yarim baravar miqdorida amalga oshiriladi: mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida — tungi vaqtdagi ishning har bir soati uchun 1,5 yoki undan ortiq koeffitsiyentni qoʻllagan holda; mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida — tegishli razryadga (malakaga) ega boʻlgan vaqtbay ishlovchining soatlik tarif stavkasining (maoshining) ellik foizi yoki undan ortiq miqdorida ishbay ish haqi va qoʻshimcha toʻlov toʻliq toʻlanadi. Tungi vaqtdagi ish uchun oshirilgan miqdorda haq toʻlash tarif stavkalariga (maoshlarga) kiritilmaydi. Tungi vaqtdagi, shuningdek koʻp smenali rejimdagi ish uchun ish haqiga doir qoʻshimcha toʻlovning aniq miqdori jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilanadi.
- MehnatLABOR · 265-modda
Mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda mehnatga haq toʻlash
Ish beruvchining aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, mehnatga haq toʻlash xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan oʻrtacha ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda amalga oshiriladi. Ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, xodimning haqiqatda ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi saqlanib qoladi. Xodimning aybi bilan mehnat normalari, mehnat (lavozim) majburiyatlari bajarilmaganda, ish haqining normalashtirilgan qismiga haq toʻlash bajarilgan ish hajmiga muvofiq amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 266-modda
Bekor turib qolingan vaqt uchun haq toʻlash
Ish beruvchining aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun (iqtisodiy, texnologik, texnik yoki tashkiliy sabablarga koʻra ishni vaqtincha toʻxtatib turish) xodimning oʻrtacha ish haqi miqdorida haq toʻlanadi. Ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolingan vaqt uchun bekor turib qolingan vaqtga mutanosib ravishda hisoblangan tarif stavkasining (maoshining) kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq toʻlanadi. Xodimning aybi bilan bekor turib qolingan vaqt uchun haq toʻlanmaydi. Asbob-uskunaning buzilishi va xodim tomonidan oʻz mehnat vazifalarini bajarishni davom ettirishni imkonsiz qiladigan boshqa sabablar yuzaga keltirgan bekor turib qolingan vaqt boshlanganligi haqida xodim darhol oʻzining bevosita rahbariga, ish beruvchining boshqa vakiliga xabar berishi shart.