Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 230-modda
Har yilgi mehnat taʼtilining bir qismini keyingi ish yiliga koʻchirish
Har yilgi mehnat taʼtili har yili, ushbu taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga koʻra joriy yilda har yilgi mehnat taʼtilini toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan taʼtilning oʻn toʻrt kalendar kundan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin boʻlib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarga, nogironligi boʻlgan xodimlarga har yilgi mehnat taʼtilini, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida koʻrsatilgan har yilgi qoʻshimcha taʼtillarni bermaslik taqiqlanadi.
- MehnatLABOR · 231-modda
Har yilgi mehnat taʼtilini qismlarga boʻlish
Xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra har yilgi mehnat taʼtili qismlarga boʻlinishi mumkin. Bunda ushbu taʼtilning hech boʻlmaganda bir qismi oʻn toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.
- MehnatLABOR · 232-modda
Xodimni har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olish
Har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olishga taʼtilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Shu munosabat bilan taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki ushbu Kodeksning 230 va 231-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda keyingi ish yilida berilishi kerak. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlarni har yilgi mehnat taʼtilidan chaqirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 233-modda
Xodimga har yilgi mehnat taʼtilida boʻlgan vaqti uchun oʻrtacha ish haqi toʻlash
Har yilgi mehnat taʼtilida boʻlgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan oʻrtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. Har yilgi mehnat taʼtili vaqti uchun haq toʻlashda yakshanba kuni inobatga olinmaydi. Har yilgi mehnat taʼtili vaqti uchun haq toʻlash jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq taʼtil boshlanguniga qadar oxirgi ish kunidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 234-modda
Har yilgi mehnat taʼtilini pulli kompensatsiya bilan almashtirish
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun pulli kompensatsiya toʻlanadi. Xodimlarga ish davrida ularning xohishiga koʻra har yilgi mehnat taʼtili uchun taʼtilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan tashqari pulli kompensatsiya toʻlanishi mumkin. Pulli kompensatsiya toʻlashda yakshanba kuni inobatga olinmaydi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy taʼtillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat taʼtillaridan, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qoʻshimcha taʼtillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 235-modda
Mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida xodimga har yilgi mehnat taʼtilini berish
Jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida (bundan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilingan hollar mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat taʼtillarini keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni tugatgan holda xodimning yozma arizasi asosida berish nazarda tutilishi mumkin. Mehnat shartnomasini uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish chogʻida keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holdagi taʼtil har yilgi mehnat taʼtilining vaqti ushbu shartnoma muddatining chegarasidan toʻliq yoki qisman chiqib ketganda ham berilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda har yilgi mehnat taʼtilining oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilinadigan kun deb hisoblanadi. Xodimning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtilini berish chogʻida ushbu xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini oʻzining mehnat taʼtili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olish huquqiga ega.
- MehnatLABOR · 236-modda
Ijtimoiy taʼtillar tushunchasi
Xodimlarga onalik, bolalarni parvarishlash, taʼlim olish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek boshqa ijtimoiy maqsadlarda beriladigan taʼtillar ijtimoiy taʼtillardir.
- MehnatLABOR · 237-modda
Qonunchilikda belgilangan ijtimoiy taʼtillar
Ushbu Kodeksga muvofiq xodimlar quyidagi ijtimoiy taʼtillarni olish huquqidan foydalanadi: homiladorlik va tugʻish taʼtillari (ushbu Kodeksning 404-moddasi); bola parvarishlash taʼtili (ushbu Kodeksning 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari); oʻquv taʼtili (ushbu Kodeksning 385-moddasining birinchi qismi); ijodiy taʼtillar (ushbu Kodeksning 387-moddasining birinchi qismi). Xodimlarga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy taʼtillarni berish xodimning mehnat stajiga, u bajaradigan ishning joyi va xususiyatiga, ish beruvchining tashkiliy-huquqiy shakliga bogʻliq emas. Xodim oʻquv taʼtilida (ushbu Kodeks 385-moddasining birinchi qismi) yoki ijodiy taʼtilda (ushbu Kodeks 387-moddasining birinchi qismi) boʻlgan vaqtida uning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi. Bundan oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirganda beriladigan ish haqi saqlanmaydigan taʼtil mustasno. Ayol tugʻishdan oldingi va tugʻishdan keyingi taʼtilda boʻlgan vaqtida (ushbu Kodeksning 404-moddasi) unga qonunchilikda belgilangan miqdorda hamda tartibda homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanadi. Bola ikki yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash taʼtilida boʻlgan davrida bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda bolani parvarishlash nafaqasi toʻlanadi. Oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq nafar bola yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biri (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs) davomiyligi toʻrt kalendar kun boʻlgan har yilgi ijtimoiy taʼtilda boʻlgan davrida uning ushbu taʼtil davri uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi (ushbu Kodeksning 401-moddasi). Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan ijtimoiy taʼtillar, bundan Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash taʼtillari mustasno, navbatdagi har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritiladi.
- MehnatLABOR · 238-modda
Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ijtimoiy taʼtillarni belgilash
Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin: xodimlarga qonunchilikda belgilanmagan boshqa ijtimoiy taʼtillarni berish (nikoh tuzilganligi munosabati bilan, bola tugʻilishi munosabati bilan bolaning otasiga, xodimning yaqin qarindoshi vafot etganligi munosabati bilan va boshqalar); ijtimoiy taʼtillar davomiyligini ularning qonunchilikda belgilangan davomiyligiga nisbatan koʻpaytirish. Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan xodimlarning oʻrtacha oylik ish haqi yoki uning bir qismi saqlanib qolishi nazarda tutilishi mumkin. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy taʼtillarning davomiyligi, shuningdek mazkur taʼtillarni navbatdagi har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kiritish toʻgʻrisidagi masala xodimlarga ushbu taʼtillar berilishini belgilovchi hujjatlarda tartibga solinishi kerak.
- MehnatLABOR · 239-modda
Ijtimoiy taʼtillar berish asoslari va xodim tomonidan ulardan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari
Qonunchilik, jamoa kelishuvlari yoxud jamoa shartnomasi yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar xodimning ijtimoiy taʼtilga boʻlgan huquqi yuzaga kelishini qaysi holatlar bilan bogʻlaydigan boʻlsa, shunday holatlarning paydo boʻlishi xodimga ijtimoiy taʼtillar berish asosidir. Koʻrsatilgan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, ish beruvchi xodimga ijtimoiy taʼtil berishi shart. Barcha ijtimoiy taʼtillar vaqtida, ular qonunchilikda belgilanganligidan yoki jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilganligidan qatʼi nazar, xodimning avvalgi ish joyi (lavozimi) saqlanib qoladi. Ijtimoiy taʼtillar har yilgi mehnat taʼtilidan tashqari beriladi. Xodim tomonidan belgilangan muddatlarda foydalanilmagan ijtimoiy taʼtil boshqa muddatga oʻtkazilishi mumkin emas. Ijtimoiy taʼtillarni jamlab hisoblashga va pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- MehnatLABOR · 24-modda
Ish beruvchining huquqlari
Ish beruvchi quyidagi huquqlarga ega: ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish hamda bekor qilish; jamoa muzokaralari tashabbusi bilan chiqish va jamoa shartnomalarini tuzish; xodimlarni halol samarali mehnati uchun ragʻbatlantirish; xodimlardan oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishini va ish beruvchining mol-mulkiga (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida boʻlgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar boʻlsa) ehtiyotkorona munosabatda boʻlishini, ichki mehnat tartibiga rioya etishini talab qilish; xodimlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish; xodimlarni ular tomonidan ham ish beruvchiga bevosita yetkazilgan, ham boshqa shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash natijasida ish beruvchida yuzaga kelgan toʻgʻridan-toʻgʻri haqiqiy zarar uchun moddiy javobgarlikka tortish; ichki hujjatlarni qabul qilish (bundan yakka tartibdagi tadbirkor boʻlmagan, jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchilar mustasno); oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida ish beruvchilar birlashmalarini tashkil etish hamda ularga aʼzo boʻlish. Ish beruvchi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 240-modda
Ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil
Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida xodimga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish imkoniyati nazarda tutilishi va bunday taʼtilning kalendar yil davomidagi eng koʻp davomiyligi belgilanishi mumkin. Xodimga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berish va uning davomiyligi toʻgʻrisidagi masala har bir muayyan holda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra hal etiladi. Xodimning unga bunday taʼtil berilishiga roziligi ish beruvchiga yozma ariza berish orqali bildiriladi. Jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida ish beruvchi xodimning iltimosiga koʻra unga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berishi shart boʻlgan hollar nazarda tutilishi mumkin. Xodimning qisman saqlanadigan ish haqining miqdori va har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtilni qoʻshish yoki qoʻshmaslik toʻgʻrisidagi masala jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Bunda xodimning saqlanib qoladigan ish haqi miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Agar xodim ish haqi qisman saqlanadigan taʼtilda boʻlgan davrida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oshirilgan boʻlsa, ushbu oshirilishni hisobga olgan holda xodimga tegishli ish haqi miqdori qayta hisob-kitob qilinishi kerak.
- MehnatLABOR · 241-modda
Ish haqi saqlanmaydigan taʼtil tushunchasi va uni berishning umumiy tartibi
Ish haqi saqlanmaydigan taʼtil deganda xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq toʻlanmaydigan taʼtil tushuniladi. Xodimning yozma arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmaydigan taʼtil berilishi mumkin boʻlib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi, lekin u oʻn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, karantin choralari amalga oshirilayotgan, favqulodda holat joriy etilgan davrda va butun aholining yoki uning bir qismining hayotiga yoxud normal yashash sharoitlariga tahdid soluvchi boshqa hollarda xodimning yozma arizasiga koʻra ish haqi saqlanmaydigan taʼtilning uzluksiz yoki jamlangan davomiyligi koʻpaytirilishi, biroq koʻpi bilan olti oygacha koʻpaytirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 242-modda
Xodimning talabiga koʻra majburiy tartibda ish haqi saqlanmagan holda taʼtil berish
Xodimning xohishiga koʻra ish haqi saqlanmaydigan taʼtil quyidagilarga majburiy tartibda beriladi: 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga — har yili oʻn toʻrt kalendar kungacha; I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga — har yili oʻn toʻrt kalendar kungacha; ikki yoshdan uch yoshgacha boʻlgan bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga), buvisiga, bobosiga yoki boshqa qarindoshiga; oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq nafar bolani yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ota-onasining biriga (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsga) — har yili oʻn toʻrt kalendar kungacha; qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shuningdek mehnat shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa xodimlarga.
- MehnatLABOR · 243-modda
Mehnatga haq toʻlash va ish haqi tushunchalari
Mehnatga haq toʻlash ish beruvchi tomonidan xodimga uning mehnati uchun toʻlovlar belgilash va ularni amalga oshirish yuzasidan mehnat shartnomasi taraflari oʻrtasidagi mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan tartibga solingan munosabatlar tizimidir. Ish beruvchi tomonidan xodimning malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligiga, miqdoriga, sifati va sharoitlariga qarab toʻlanadigan mehnat uchun mukofot summasi, shuningdek kompensatsiya xususiyatiga ega toʻlovlar (kompensatsiya xususiyatiga ega qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar, shu jumladan normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ishlaganlik uchun shunday qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar hamda kompensatsiya xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar) va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar (ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega qoʻshimcha toʻlovlar hamda ustamalar, mukofotlar va taqdirlovchi toʻlovlar) ish haqidir. Normal ish sharoitlarida oddiy ishlarni bajarish chogʻida ish vaqtining normasini toʻliq ishlab bergan xodimning malaka talab etmaydigan mehnati uchun qonunchilikda kafolatlangan, Yagona tarif setkasining birinchi razryadiga muvofiq boʻlgan oylik ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridir.
- MehnatLABOR · 244-modda
Xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi asosiy kafolatlar
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi quyidagi asosiy kafolatlar nazarda tutiladi: mehnatga haq toʻlash sohasida kamsitishni taqiqlash; teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq toʻlanishini taʼminlash; mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilash; ish beruvchining oʻz moliyaviy ahvolidan qatʼi nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq toʻlashni amalga oshirish majburiyatini mustahkamlab qoʻyish; mehnatga natura shaklida haq toʻlanishini cheklash; ish haqini toʻlash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish; normal ish sharoitlaridan chetga chiqadigan sharoitlarda ishlaganlik (ish vaqtidan tashqari, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari, tungi vaqtda ishlash) uchun mehnatga haq toʻlashning kafolatlangan miqdorlarini belgilash; ushbu Kodeks 100-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga muvofiq ish beruvchining faoliyati tugatilgan hamda u toʻlovga qobiliyatsiz boʻlgan taqdirda xodim tomonidan ish haqi olinishini taʼminlash; budjet tashkilotlari xodimlari uchun mehnatga haq toʻlashning davlat tariflarini belgilash; xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash; xodimning ishlab topilgan mablagʻlarni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno; xodimlarga ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash. Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda qonunchilikda belgilanganiga nisbatan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash sohasidagi qoʻshimcha kafolatlar nazarda tutilishi mumkin. Mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas. Jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas. Jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari jamoa kelishuvida belgilanganiga nisbatan yomonlashtirilishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 245-modda
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini belgilash
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida bir vaqtning oʻzida belgilanadi hamda tashkiliy-huquqiy shakllaridan, mulkchilik shakllaridan va idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar, barcha ish beruvchilar uchun majburiydir. Ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning mehnatiga haq toʻlashning oylik miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Oʻz mehnat majburiyatlarini bajargan xodimning mehnatiga soatbay haq toʻlashning eng kam miqdori tegishli kalendar yilda olti kunlik ish haftasidagi ish soatlarining oʻrtacha oylik miqdoriga boʻlingan, bir oyda mehnatga haq toʻlashning qonunchilikda belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas. Mehnatga haq toʻlash tizimida nazarda tutilgan mukofotlar, ish haqiga ustamalar, boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar, shuningdek ish vaqtidan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, tungi vaqtdagi ish uchun toʻlovlar, tuman koeffitsiyentlariga doir toʻlovlar hamda boshqa kompensatsiyaga oid va ijtimoiy toʻlovlar mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga kiritilmaydi.
- MehnatLABOR · 246-modda
Mehnatga haq toʻlash shartlarini va miqdorini belgilash
Mehnatga haq toʻlash shartlari va miqdori ish beruvchi hamda xodim oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, bajariladigan ishning murakkabligi va shartlari, xodimning kasbiy-malakaviy va ishchanlik sifatlari, uning mehnati hamda tashkilotning xoʻjalik faoliyati natijalari hisobga olingan holda ushbu ish beruvchida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash tizimlariga muvofiq belgilanadi. Mehnatga haq toʻlash tizimlari, shu jumladan tarif stavkalari, maoshlar, kompensatsiya xususiyatiga ega qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar, shu jumladan normal sharoitlardan chetga chiquvchi sharoitlardagi ish uchun shunday qoʻshimcha toʻlovlar hamda ustamalar miqdorlari, ragʻbatlantiruvchi xususiyatga ega qoʻshimcha toʻlovlar va ustamalar tizimlari hamda mukofotlash tizimlari jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilinadigan ichki hujjatlarda, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasida belgilanadi. Mehnatga haq toʻlash miqdori biror-bir eng koʻp miqdor bilan cheklanmaydi.
- MehnatLABOR · 247-modda
Mehnatga haq toʻlash shartlarini oʻzgartirish
Mehnatga haq toʻlash shartlari qanday tartibda belgilangan boʻlsa, xuddi shunday tartibda oʻzgartiriladi. Mehnatga haq toʻlash shartlarini xodim uchun noqulay tomonga oʻzgartirishga xodimning roziligisiz yoʻl qoʻyilmaydi. Istisno tariqasida: texnologiyada, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishda oʻzgarishlar yuz berganda, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmi qisqarganda, basharti mehnatga haq toʻlashning avvalgi shartlarini saqlab qolish mumkin boʻlmasa; qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda shunday oʻzgartirish mumkin. Ish beruvchi mehnatga haq toʻlashga doir amaldagi shartlarning yomonlashtirish tomonga qaratilgan yangi yoki kelgusidagi oʻzgarishlari haqida xodimni ular kiritilishidan kamida ikki oy oldin imzo qoʻydirib ogohlantirishi kerak.
- MehnatLABOR · 248-modda
Ish haqining tuzilishi
Ish haqi asosiy (bazaviy) va qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismlardan iborat boʻladi. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi ushbu ish beruvchida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash tizimi asosida belgilanadi va qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi kerak. Ish haqining asosiy (bazaviy) qismi uning doimiy tarkibiy qismi boʻlib, xodimga belgilangan mehnat normalariga (tarif stavkalariga, maoshlarga) koʻra haqiqatda ishlab berilgan vaqt yoki haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblanadi. Ish haqining qoʻshimcha (oʻzgaruvchan) qismini qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar, shuningdek mukofotlar va kompensatsiya yoki ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlovlar tashkil etadi.