Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 212-modda
Xodimni dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etishni rasmiylashtirish
Xodimlarni dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etish ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Xodimning dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishlashga roziligi xodim tomonidan tegishli ariza berish yoxud xodim tomonidan ish beruvchining xodim dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishlashga rozi ekanligi toʻgʻrisidagi buyrugʻiga imzo qoʻyish orqali olinishi mumkin. Xodim dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga oʻz roziligisiz jalb etilganda ish beruvchining buyrugʻida ushbu Kodeks 210-moddasida nazarda tutilgan alohida hol koʻrsatilishi kerak.
- MehnatLABOR · 213-modda
Taʼtillarning turlari
Ushbu Kodeksda ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun taʼtillarning quyidagi turlari nazarda tutilgan: har yilgi mehnat taʼtili; ijtimoiy taʼtillar; ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil; ish haqi saqlanmaydigan taʼtil.
- MehnatLABOR · 214-modda
Xodimning taʼtil olish huquqini taʼminlash kafolatlari
Ish beruvchi: xodimlarga qonunchilikda kafolatlangan taʼtillar berishi; xodimlarga davomiyligi qonunchilikda kafolatlanganidan kam boʻlmagan taʼtillar berilishini taʼminlashi; taʼtillar berish tartibiga rioya etishi; xodimlarga jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida nazarda tutilgan taʼtillar sohasidagi qoʻshimcha huquq va kafolatlarni berishi shart.
- MehnatLABOR · 215-modda
Taʼtilda boʻlgan davrda xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanishining kafolatlari
Ushbu Kodeksning 213-moddasida nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrda xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qoladi va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Taʼtil davrida xodimning ish oʻrnini (lavozimini) saqlab qolish va xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar mehnat shartnomasi: ish beruvchining tashabbusiga koʻra ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandiga muvofiq; ish beruvchining tashabbusi bilan bogʻliq boʻlmagan asoslarga koʻra bekor qilinganda qoʻllanilmaydi.
- MehnatLABOR · 216-modda
Har yilgi mehnat taʼtili tushunchasi va turlari
Har yilgi mehnat taʼtili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish oʻrni (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir. Barcha xodimlar, shu jumladan oʻrindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega. Har yilgi mehnat taʼtilining turlari quyidagilardan iborat: asosiy mehnat taʼtili (har yilgi asosiy eng kam yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan); ushbu Kodeksning 222-moddasida nazarda tutilgan tartibda asosiy eng kam yoki asosiy uzaytirilgan taʼtil bilan jamlab hisoblanadigan qoʻshimcha mehnat taʼtili.
- MehnatLABOR · 217-modda
Har yilgi asosiy eng kam mehnat taʼtilining davomiyligi
Har yilgi asosiy eng kam mehnat taʼtilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etadi.
- MehnatLABOR · 218-modda
Har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil
Quyidagilarga yoshi va sogʻligʻining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil beriladi: oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga — oʻttiz kalendar kun; I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga — oʻttiz kalendar kun. Davlat hokimiyati organlari va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlariga davomiyligi yigirma yetti kalendar kun boʻlgan har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtil beriladi, bundan xodimlarning ayrim toifalari uchun qonunda har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtilning uzoqroq davomiyligi belgilangan hollar mustasno. Har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtillar ayrim toifadagi xodimlar uchun ham ular mehnat vazifalarining oʻziga xos jihatlari va xususiyatlariga hamda boshqa holatlarga qarab belgilanadi. Bunday taʼtillar olish huquqiga ega boʻlgan xodimlarning roʻyxati va ushbu taʼtillarning davomiyligi qonunchilikda belgilanadi. Qonunchilikda belgilanganidan tashqari, har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtillar berish, shuningdek har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtilning davomiyligini uning qonunchilik bilan kafolatlangan davomiyligiga nisbatan koʻpaytirish jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 219-modda
Har yilgi qoʻshimcha taʼtillar
Har yilgi qoʻshimcha taʼtillar: ushbu Kodeksning 481-moddasiga muvofiq mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band boʻlgan xodimlarga; ushbu Kodeksning 483-moddasiga muvofiq noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan xodimlarga; ushbu Kodeksning 220-moddasiga muvofiq bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga; qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda beriladi.
- MehnatLABOR · 22-modda
Xodimning majburiyatlari
Xodim: mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomalari shartlariga rioya etishi; mehnat shartnomasi bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan mehnat majburiyatlarini vijdonan bajarishi; ichki mehnat tartibiga rioya etishi; mehnat intizomiga rioya etishi; belgilangan mehnat normalarini bajarishi; mehnatni muhofaza qilish talablariga, texnologiya intizomiga, mehnat xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasi qoidalariga rioya etishi; ish beruvchining mol-mulkiga (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida turgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar boʻlsa) nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi; ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va doirada qoplashi; insonlarning hayoti va sogʻligʻiga, ish beruvchining mol-mulki (shu jumladan uchinchi shaxslarning ish beruvchida boʻlgan mol-mulkiga, agar ish beruvchi ushbu mol-mulkning but saqlanishi uchun javobgar boʻlsa) but saqlanishiga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelganligi toʻgʻrisida ish beruvchiga yoki bevosita rahbarga darhol xabar qilishi; boshqa xodimlarning oʻz mehnat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi harakatlarni sodir etmasligi shart. Xodimning zimmasida mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 220-modda
Bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun beriladigan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili
Xodimga u bitta tashkilotda yoki tarmoqda ishlagan har besh yil uchun davomiyligi ikki kalendar kun boʻlgan, biroq jami sakkiz kalendar kundan koʻp boʻlmagan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili beriladi. Ushbu modda birinchi qismining qoidalari qonunchilikda oʻziga ish staji uchun har yilgi uzoqroq qoʻshimcha mehnat taʼtillari berilishi nazarda tutilgan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Qonunchilikda, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda yoki mehnat shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtilini olish huquqini beruvchi ish stajiga boshqa ish beruvchidagi yoxud boshqa tarmoqdagi ish stajini kiritish nazarda tutilishi mumkin. Agar xodim ish beruvchining taklifiga koʻra ishga qabul qilingan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtilini olish huquqini beruvchi ish stajiga boshqa ish beruvchidagi ish staji kiritiladi. Mikrofirmalar xodimlariga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtili ushbu Kodeksning 505-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda beriladi.
- MehnatLABOR · 221-modda
Har yilgi mehnat taʼtillarining davomiyligini hisoblab chiqarish
Xodimlarning har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi. Har yilgi mehnat taʼtili davriga toʻgʻri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat taʼtillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillarining davomiyligi olti kunlik ish haftasi hisobidan kalendar boʻyicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi.
- MehnatLABOR · 222-modda
Har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillarini jamlash tartibi
Har yilgi mehnat taʼtilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qoʻshimcha taʼtillar har yilgi asosiy eng kam taʼtil yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan taʼtilga qoʻshib jamlanadi. Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan taʼtillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas. Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklov qonunchilikda nazarda tutilmagan, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchining kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilingan ichki hujjatlarida yoxud mehnat shartnomasida belgilangan mehnat taʼtillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- MehnatLABOR · 223-modda
Har yilgi mehnat taʼtili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish hollari
Agar ish yili davomida xodimning har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligi oʻzgargan (voyaga yetmagan xodim oʻn sakkiz yoshga toʻlganligi munosabati bilan u asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtilini olish huquqini yoʻqotgan; xodimga I yoki II guruh nogironligi belgilangan va shu sababli unda uzaytirilgan taʼtil olish huquqi yuzaga kelgan; xodim ish yilining bir qismini oddiy mehnat sharoitlarida, boshqa qismini esa unga qoʻshimcha taʼtil olish huquqini beradigan noqulay mehnat sharoitlarida ishlagan boʻlsa; xodim ish yili davomida boshqa ishga oʻtkazilgan va bu ishda mehnat taʼtilining xodim unga oʻtkazilguniga qadar bajargan ishidagiga nisbatan boshqacha davomiyligi nazarda tutilgan boʻlsa va boshqalar) boʻlsa, har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga koʻra xodimni vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish har yilgi mehnat taʼtili davomiyligining mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asosiy ish boʻyicha belgilangan mehnat taʼtili davomiyligiga nisbatan kamayishiga olib kelmasligi kerak. Ishning birinchi yili uchun har yilgi mehnat taʼtili quyidagi toifadagi xodimlarga ishlab berilgan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlangan holda toʻliq davomiylikda beriladi: har yilgi mehnat taʼtili oʻquvchilarning yozgi taʼtili davrida beriladigan taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchilar tarkibiga va uslubiyotchilariga. Ushbu toifadagi xodimlarning ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtiliga toʻliq hajmda haq toʻlanadi; birinchi ish yilida olti oydan kam ishlagan oʻrindoshlarga — asosiy ishi boʻyicha har yilgi mehnat taʼtili bilan bir vaqtda mehnat taʼtili berilganda. Birinchi ish yilida oʻrindoshlik asosidagi ishda olti oydan koʻp ishlagan xodimlarga bunday ishda beriladigan mehnat taʼtili, shuningdek keyingi ish yillaridagi har yilgi mehnat taʼtillari uchun toʻliq haq toʻlanadi. Xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda joriy ish yilida foydalanilmagan har yilgi mehnat taʼtili uchun xodimga tegishli boʻlgan kompensatsiyaning miqdori, shuningdek joriy ish yilida ishlab berilmagan taʼtil kunlari uchun ushlab qolinadigan haq miqdori xodimning oxirgi ish yilida ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi.
- MehnatLABOR · 224-modda
Har yilgi mehnat taʼtili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish tartibi
Har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda uning davomiyligi har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtilining toʻliq miqdorini oʻn ikkiga boʻlish hamda toʻliq ishlangan oylar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda oʻn besh kalendar kunga teng va undan koʻp boʻlgan ortiqcha kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, oʻn besh kalendar kundan kami esa hisobga olinmaydi. Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda mehnat taʼtili kunlari umumiy davomiyligini hisoblashda olingan 0,5 ga teng va undan koʻp oʻnliklar bir kun deb yaxlitlanadi, 0,5 dan kami esa hisobdan chiqarib tashlanadi.
- MehnatLABOR · 225-modda
Ish yili
Ish yili deganda xodimning muayyan ish beruvchida oʻn ikki oyga teng boʻlgan va haqiqatda ish boshlangan sanadan eʼtiboran hisoblab chiqariladigan ish davri tushuniladi. Agar ushbu Kodeksning 226-moddasiga muvofiq ish yiliga kiritiladigan davrlarning summasi toʻliq oʻn ikki kalendar oydan kam boʻlsa, xodimning ish yili yetishmayotgan vaqtga suriladi.
- MehnatLABOR · 226-modda
Har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqarish
Har yilgi asosiy mehnat taʼtilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun qoʻshimcha taʼtil olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga quyidagilar kiradi: ish yili davomida haqiqatda ishlangan vaqt; xodim haqiqatda ishlamagan, lekin mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq uning ish oʻrni (lavozimi) saqlangan vaqt, shu jumladan har yilgi mehnat taʼtili vaqti, dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa davrlari; mehnat shartnomasi qonunga xilof ravishda bekor qilinganda, xodim boshqa ishga oʻtkazilganda yoki u ishdan chetlashtirilganda va kelgusida xodim avvalgi ishiga tiklanganda majburiy progul vaqti; agar tibbiy koʻrikdan oʻtmaslik yoki mehnatni muhofaza qilish sohasida bilim va koʻnikmalar tekshiruvidan oʻtmaslik xodimning aybisiz yuz bergan boʻlsa, majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoki mehnatni muhofaza qilish sohasida oʻquvdan oʻtmagan hamda bilim va koʻnikmalari tekshiruvdan oʻtmagan xodim ishdan chetlashtirilgan davr; agar xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra, mehnat majburiyatlarining buzilishidagi xodimning aybi tasdiqlanmasa yoxud mehnat majburiyatlarini buzish faktining oʻzi tasdiqlanmasa, ushbu xizmat tekshiruvini oʻtkazish vaqtida xodim ishdan chetlashtirilgan davr; xodimning iltimosiga koʻra beriladigan, ish yili davomida ikki haftadan oshmaydigan ish haqi saqlanmaydigan taʼtillar vaqti; jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida va ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasining shartlarida nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari. Har yilgi asosiy mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish staji jumlasiga quyidagilar kiritilmaydi: xodim uzrli sabablarsiz ishda boʻlmagan vaqt; xodim ishdan chetlashtirilgan davrlar, bundan ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno; ushbu Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash uchun beriladigan taʼtillar vaqti. Zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlaridagi, shuningdek noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qoʻshimcha mehnat taʼtillarini olish huquqini beradigan ish stajiga faqat mazkur sharoitlarda haqiqatda ishlab berilgan vaqt kiritiladi.
- MehnatLABOR · 227-modda
Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish tartibi
Birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan olti oy oʻtganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishlagan olti oy oʻtguniga qadar ham mehnat taʼtili berilishi mumkin. Birinchi bor tashkil etilgan tashkilotlar uchun xodimlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtili birinchi ish yili tugaguniga qadar ushbu taʼtilni berish sharti bilan olti oy ishlamasidan ilgari yoki undan keyin berilishi mumkin. Olti oy oʻtguniga qadar xodimning xohishiga koʻra quyidagilarga har yilgi mehnat taʼtili beriladi: ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin; oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bitta yoki undan ortiq bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga); oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga; rezervga boʻshatilganidan keyin uch oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni oʻtagan sobiq harbiy xizmatchilarga; 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga; I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga; ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat taʼtilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa; jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda belgilangan boshqa hollarda boshqa xodimlarga. Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda har yilgi mehnat taʼtili toʻliq davomiylikda va toʻliq haq toʻlangan holda beriladi. Olti oydan kam ishlagan oʻrindoshlarga birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat taʼtili ularning xohishiga koʻra asosiy ish boʻyicha har yilgi mehnat taʼtili bilan bir vaqtda oʻrindoshlik asosida ishdagi taʼtil uchun ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda haq toʻlangan holda beriladi. Olti oy va undan ortiq ishlagan oʻrindoshlarga birinchi ish yili uchun oʻrindoshlik asosidagi ishda beriladigan har yilgi mehnat taʼtiliga, shuningdek ikkinchi va keyingi ish yillari uchun ushbu toifadagi xodimlarning mehnat taʼtiliga, ushbu taʼtil ish yili davomida qaysi vaqtda berilishidan qatʼi nazar, toʻliq haq toʻlanadi. Har yilgi mehnat taʼtili oʻquvchilarning yozgi taʼtili davrida beriladigan taʼlim tashkilotlarining oʻqituvchilar tarkibiga birinchi ish yilidagi har yilgi mehnat taʼtili oʻquvchilarning yozgi taʼtili davrida toʻliq davomiylikda, ular ushbu taʼlim tashkilotiga ishga kirgan vaqtidan qatʼi nazar, ishlab bergan vaqtiga mutanosib ravishda haq toʻlangan holda beriladi. Mazkur toifadagi xodimlarga ikkinchi va keyingi ish yillari uchun beriladigan mehnat taʼtiliga, ushbu taʼtil ish yili davomida qaysi vaqtda berilishidan qatʼi nazar, toʻliq haq toʻlanadi.
- MehnatLABOR · 228-modda
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish tartibi
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtili ish beruvchi va xodim uchun majburiy boʻlgan taʼtillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat taʼtillarini berish navbatiga muvofiq beriladi. Taʼtillar jadvali kalendar yil boshlanguniga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra tasdiqlanadi. Xodim har yilgi mehnat taʼtili beriladigan vaqt toʻgʻrisida taʼtil boshlanishidan kamida oʻn besh kun oldin xabardor qilinishi kerak. Xodimning xohishiga koʻra har yilgi mehnat taʼtili unga qulay boʻlgan vaqtda quyidagilarga berilishi kerak: ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin; bolani parvarishlash taʼtilidan foydalanayotgan xodimga ushbu taʼtildan oldin yoki keyin; oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga); I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga; 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga; oʻn sakkiz yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga; ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat taʼtilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa; “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga; jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga. Ishlaydigan erkaklarga har yilgi mehnat taʼtili ularning xohishiga koʻra xotinining homiladorlik va tugʻish taʼtili davrida beriladi. Jadvalda belgilangan har yilgi mehnat taʼtilini berish vaqti xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 229-modda
Har yilgi mehnat taʼtilini uzaytirish yoki uni boshqa muddatga koʻchirish
Xodimlar quyidagi hollarda har yilgi mehnat taʼtilini uzaytirish yoki boshqa muddatga koʻchirish huquqiga ega: vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida; homiladorlik va tugʻish taʼtilining muddati boshlanganda; har yilgi mehnat taʼtili oʻquv taʼtiliga toʻgʻri kelib qolganda; davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar qonunchilikda bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etish nazarda tutilgan boʻlsa; jamoa kelishuvlarida yoki jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda. Agar har yilgi mehnat taʼtilidan foydalanishga monelik qiluvchi sabablar taʼtil boshlanguniga qadar kelib chiqqan boʻlsa, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan taʼtildan foydalanishning yangi muddati belgilanadi. Bunday sabablar taʼtil davrida kelib chiqqan hollarda taʼtil tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga koʻra taʼtilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga koʻchiriladi. Xodim har yilgi mehnat taʼtilidan foydalanishga toʻsqinlik qiladigan, yuzaga kelgan sabablar toʻgʻrisida ish beruvchini yozma shaklda xabardor qilishi shart. Agar xodim ushbu Kodeks 228-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan muddatda taʼtil boshlanadigan vaqt haqida oʻz vaqtida xabardor qilinmagan yoki unga taʼtil boshlanguniga qadar ushbu Kodeks 233-moddasining uchinchi qismiga muvofiq taʼtil vaqti uchun haq toʻlanmagan boʻlsa, har yilgi mehnat taʼtili xodimning arizasiga koʻra boshqa muddatga koʻchiriladi.
- MehnatLABOR · 23-modda
Ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati
Ish beruvchi tashkilotlarning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati ular belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi. Tashkilotlar alohida boʻlinmalarining mehnatga oid huquq layoqati ularning faoliyatini tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlangan paytdan eʼtiboran vujudga keladi. Yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati u yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olingan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi. Uy xoʻjaligidagi ishlarni bajarish uchun va tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa shaxsiy maqsadlarda yollanma mehnatdan foydalanayotgan jismoniy shaxs boʻlgan ish beruvchining mehnatga oid huquq layoqati hamda muomala layoqati u fuqarolik muomala layoqatiga toʻliq hajmda ega boʻlgan paytdan eʼtiboran, koʻrsatilgan yoshga toʻlmagan shaxsning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati esa u Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan hollarda oʻn sakkiz yoshga kirguniga qadar fuqarolik muomala layoqatiga toʻliq hajmda ega boʻlgan kundan eʼtiboran yuzaga keladi. Qonunga, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, tashkilotning taʼsis hujjatlariga va ichki hujjatlarga muvofiq ish beruvchining mehnatga oid munosabatlardagi huquq va majburiyatlari: tashkilotning mulkdori; tashkilotning boshqaruv organlari yoki ular vakolat bergan boshqa shaxslar; ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Qonunlarda mol-mulk egasining, yuridik shaxs majburiyatlari boʻyicha muassisning (ishtirokchining) subsidiar javobgarligi belgilangan hollarda yuridik shaxs boʻlgan ish beruvchining mehnatga oid munosabatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlari uchun mol-mulk egasi, yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) subsidiar javobgar boʻladi.