Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 195-modda
Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish vaqti rejimi
Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda, xodimga nisbatan xodim oʻziga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchida belgilangan ish vaqti rejimi tatbiq etiladi, bundan xodim va ushbu xodim vaqtincha oʻziga xizmat safariga yuborilgan ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasida mazkur ish beruvchida umumiy belgilanganidan farq qiluvchi individual ish vaqti rejimi nazarda tutilgan hollar mustasno.
- MehnatLABOR · 196-modda
Xizmat safaridagi ish vaqti rejimi
Xizmat safariga yuborilgan xodimga nisbatan xizmat safarining maqsadiga qarab ushbu xodim oʻziga xizmat safariga yuborilgan ish beruvchida belgilangan ish vaqti rejimi tatbiq etiladi yoxud xizmat safaridagi ish rejimi xodimni xizmat safariga yuborgan ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan xizmat safariga oid topshiriq bilan belgilanadi.
- MehnatLABOR · 197-modda
Ayrim toifadagi xodimlar ish vaqti rejimining oʻziga xos xususiyatlari
Ayrim toifadagi xodimlar (oʻrindoshlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan shaxslar, uy ishchilari va masofadan turib ishlaydigan xodimlar, shuningdek vaxta usulida ishlaydigan shaxslar va boshqalar) ish vaqti rejimining oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning VI boʻlimida belgilangan. Transport, aloqa xodimlarining, qutqaruvchilarning, shaxsiy kompyuterlarda, videodispley terminallarida, tashkiliy texnikada ishlaydigan shaxslarning va ishi oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan boshqa xodimlarning ish vaqti rejimi qonunchilikda, shuningdek sanitariya normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 198-modda
Ish vaqtini hisobga olish tushunchasi va turlari
Ish vaqtini hisobga olish ishga chiqishlarni tegishli hisobga olish davri uchun ish vaqtining belgilangan normasi xodimlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qilinishini taʼminlash maqsadida qayd etish orqali har bir xodim tomonidan haqiqatda ishlab berilgan vaqtni aniqlashdir. Hisobga olish davrining davomiyligiga qarab ish vaqtini hisobga olishning quyidagi turlari nazarda tutilishi mumkin: kunlik hisobga olish, bunda hisobga olish davri bir kunga teng boʻladi. Kunlik hisobga olishda xodim har bir ish kuni davomida bir xil miqdordagi ish soatida mehnat qiladi va har kuni ish vaqtining belgilangan normasini bajaradi; haftalik hisobga olish, bunda hisobga olish davri bir haftaga teng boʻladi. Ish vaqtini haftalik hisobga olishda, basharti hafta ichidagi ish vaqtining belgilangan normasiga rioya etilsa, kunlik ishning davomiyligi har xil boʻlishi mumkin, biroq ushbu Kodeksning 185-moddasida belgilanganidan ortiq boʻlmasligi kerak; jamlab hisobga olish, bunda xodim ish vaqtining normasini ishlab berishi kerak boʻlgan hisobga olish davri bir haftadan oshadi. Ish vaqtini jamlab hisobga olishda kunlik yoki haftalik ishning davomiyligi ushbu Kodeksning 199-moddasida koʻrsatilgan doirada ish kunining yoki ish haftasining soatlari normasidan chetga chiqishi mumkin. Shu munosabat bilan muayyan kalendar davrlarda yuzaga keladigan ortiqcha ishlash yoki kamroq ishlash hisobga olish davri uchun soatlar summasi ushbu davrdagi ish vaqtining normasiga teng boʻladigan tarzda muvozanatlashtirilishi kerak. Hisobga olish davri uchun ish soatlari normasi tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan ish vaqtining kunlik (kunlik hisobga olishda) yoki haftalik (haftalik va jamlab hisobga olishda) davomiyligidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Toʻliqsiz ish kunida (smenada) va (yoki) toʻliqsiz ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun hisobga olish davridagi ish soatlarining normal soni tegishincha kamaytiriladi.
- MehnatLABOR · 199-modda
Ish vaqtini jamlab hisobga olishni belgilash va qoʻllash tartibi
Agar ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga koʻra ish beruvchida ushbu toifadagi xodimlar (shu jumladan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishda band boʻlgan xodimlar) uchun belgilangan ish vaqtining kunlik yoki haftalik davomiyligiga rioya etish imkoni boʻlmasa, ish vaqtini jamlab hisobga olishni joriy etishga yoʻl qoʻyiladi. Basharti hisobga olish davri uchun ish vaqtining davomiyligi ish soatlari normasidan oshmasa, ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilishi mumkin. Bunda hisobga olish davri oʻn ikki oydan, kunlik ishning (smenaning) davomiyligi esa oʻn ikki soatdan oshmasligi kerak. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni qoʻllash tartibi, zarur boʻlgan taqdirda esa hisobga olish davri mobaynida xodimlarga toʻlanadigan ish haqi miqdorini tenglashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar jamoa shartnomasida belgilanadi, agar jamoa shartnomasi tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra aniqlanadi. Ish vaqtini jamlab hisobga olish ayrim toifadagi xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish uchun belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 2-modda
Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari
Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: xodimlar mehnat huquqlari va erkinliklarining, shu jumladan mehnat qilishga, erkin ish tanlashga, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlariga hamda ishsizlikdan himoyalanishga boʻlgan huquqining davlat kafolatlarini belgilash; ish beruvchilarning kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va samarali mehnat jarayonini tashkil etish sohasidagi huquqlari amalga oshirilishini taʼminlash; mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni ragʻbatlantirish va rivojlantirish; xodimlar va ish beruvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash; mehnat bozorining samarali faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashish.
- MehnatLABOR · 20-modda
Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati
Mehnat huquqlari va majburiyatlariga ega boʻlish layoqati (mehnatga oid huquq layoqati) hamda fuqaroning (jismoniy shaxsning) oʻz xatti-harakatlari orqali mehnat huquqlariga ega boʻlish va ularni amalga oshirish, oʻzi uchun mehnat majburiyatlarini olish va ularni bajarish layoqati (mehnatga oid muomala layoqati) Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun teng ravishda eʼtirof etiladi. Chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, xuddi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ega boʻlgan mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega boʻladi. Xodimning mehnatga oid huquq layoqati va muomala layoqati u oʻn olti yoshga toʻlgan paytidan eʼtiboran bir vaqtning oʻzida vujudga keladi, bundan ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar mustasno.
- MehnatLABOR · 200-modda
Ish beruvchining ish vaqtini hisobga olishni tashkil etishga doir majburiyati
Ish beruvchi xodimlarning ishga kelishi va ishdan ketishi hisobga olinishini tashkil etishi shart. Ishga kelishni va ishdan ketishni hisobga olish belgilangan shakldagi ish vaqtidan foydalanish tabellarida hamda boshqa hujjatlarda yuritiladi, shuningdek, apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalar yordamida qayd etilishi mumkin. Xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqti, shuningdek ushbu Kodeks 181-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar hisobga olinishi lozim. Ishlab berilgan vaqt tarkibida ish vaqtidan tashqari ishlarning, ishbay asosida ishlaydiganlarning vaqti-vaqti bilan bajariladigan ishining, xizmat safarlarining va ichki oʻrindoshlikka doir ishning vaqti alohida hisobga olinadi. Ishlab berilmagan vaqt tarkibida haq toʻlanadigan va haq toʻlanmaydigan vaqt, shuningdek ish vaqtining ham xodimning aybi bilan yoʻqotishlari, ham uning aybi boʻlmagan chogʻdagi yoʻqotishlari ajratiladi. Xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqti ichki mehnat tartib qoidalariga, ishlash (smenalarga boʻlinib ishlash) jadvaliga yoki ish beruvchining alohida koʻrsatmasiga binoan xodim ish bajariladigan joyga kelgan paytdan eʼtiboran hamda ushbu ish kunida (smenada) ishdan haqiqatda ozod boʻlgan paytga qadar hisobga olinadi. Yashash joyidan doimiy ish joyiga (doimiy yigʻilish joyiga) borish va qaytib kelish vaqti, ish joyiga kiraverishdan to ish joyigacha boʻlgan yoʻl uchun, ish boshlanishidan oldin va ish tugaganidan keyin kiyim-bosh almashtirish uchun, ishdan ketayotganda roʻyxatdan oʻtish uchun zarur boʻlgan vaqt xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqtiga kiritilmaydi hamda hisobga olinmaydi.
- MehnatLABOR · 201-modda
Dam olish vaqti tushunchasi va turlari
Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod boʻlgan va oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtdir. Dam olish vaqtining turlari quyidagilardan iborat: ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar; har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olish; dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish); ishlanmaydigan bayram kunlari; har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari; xodimning istagiga koʻra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan boʻsh boʻlgan qoʻshimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni.
- MehnatLABOR · 202-modda
Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti boʻlmagan davrlari
Xodimga dam olish uchun emas, balki boshqa maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etish davrlari dam olish vaqtiga kirmaydi. Bunday davrlar jumlasiga quyidagilar kiradi: mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilinishi toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddati davrida xodimga ishga joylashish uchun beriladigan ishdan boʻsh boʻlinadigan qoʻshimcha kunlar; oʻn olti yoshga toʻlguniga qadar nogironligi boʻlgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsga) beriladigan ishdan boʻsh boʻlinadigan qoʻshimcha kunlar; homilador ayollarga beriladigan ishdan boʻsh boʻlinadigan kunlar; donorlarning tibbiy tekshiruv kunida hamda qon va uning tarkibiy qismlari topshiriladigan kunda ishdan ozod etilishi; ijtimoiy taʼtillar: homiladorlik va tugʻish taʼtillari, bolani parvarishlash taʼtillari, oʻquv taʼtillari va ijodiy taʼtillar; xodim tomonidan davlat yoki jamoat majburiyatlari bajariladigan davrlar; ish beruvchining va mehnat jamoasining manfaatlarini koʻzlab majburiyatlar bajariladigan davrlar; xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlari; xodimga dam olish uchun emas, balki mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan oʻzga maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning boshqa davrlari.
- MehnatLABOR · 203-modda
Xodimning qonunchilik bilan kafolatlangan dam olish huquqini cheklaydigan hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning qonunchilik bilan kafolatlangan dam olish huquqini cheklaydigan, shu jumladan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan dam olish vaqtining davomiyligini qisqartirishni nazarda tutadigan jamoa kelishuvlarining, shuningdek jamoa shartnomasining va ish beruvchining boshqa ichki hujjatlarining qoidalari, mehnat shartnomasining shartlari haqiqiy emas.
- MehnatLABOR · 204-modda
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar
Ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi koʻpi bilan ikki soat va kamida oʻttiz daqiqa boʻlgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi toʻrt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti umuman barcha xodimlar uchun yoki tarkibiy boʻlinmalar, brigadalar va xodimlarning ayrim guruhlari uchun alohida belgilanishi mumkin. Xodimlar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanadi. Bu vaqtda ular ish joyidan chiqib ketishi mumkin. Agar ish kunining (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshgan hollarda xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilangan boʻlsa, xodimga dam olish va ovqatlanish uchun ikkita tanaffus berilishi kerak. Ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga koʻra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish imkoni boʻlmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida dam olish va ovqat yeyish imkoniyatini taʼminlashi shart. Bunday ishlarning roʻyxati, shuningdek dam olish va ovqat yeyish uchun joylar ichki mehnat tartib qoidalari bilan belgilanadi. Qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida ayrim toifadagi xodimlarga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berishning oʻziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 205-modda
Ish kuni (smena) davomidagi qoʻshimcha tanaffuslar
Ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari xodimlarga quyidagi qoʻshimcha tanaffuslar beriladi: qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish yoxud ushbu mehnat faoliyati turining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq tanaffuslar; yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan, shuningdek yuk ortish-tushirish ishlarida band boʻlgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar. Ish beruvchi isitish, sovitish uchun asbob-uskunalar bilan jihozlangan va xodimlarning dam olishi uchun yaroqli boʻlgan xonalarni taʼminlashi shart. Bunday tanaffuslar taqdim etiladigan ishlarning roʻyxati, harorat koʻrsatkichlari, shuningdek ushbu tanaffuslarning davriyligi va davomiyligi ish oʻrinlarini mehnat sharoitlari hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish asosida belgilanadi; bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar. Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlarga ish kuni davomida ish vaqtiga kiritiladigan yoki kiritilmaydigan boshqa tanaffuslar berish nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 206-modda
Har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olishning davomiyligi
Ishning tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi oʻrtasidagi har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olish davomiyligi, shu jumladan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 207-modda
Dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish)
Xodimlarga har haftada dam olish kunlari beriladi. Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa bir dam olish kuni beriladi. Aynan bitta ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyatlariga qarab ish haftasining har xil turlari belgilanishi mumkin. Besh kunlik va olti kunlik ish haftasida umumiy dam olish kuni yakshanbadir. Besh kunlik ish haftasidagi ikkinchi dam olish kuni jamoa shartnomasida yoki ichki mehnat tartib qoidalarida yoxud smenalarga boʻlinib ishlash jadvallarida, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Uzluksiz ishlaydigan ishlab chiqarishlarda yoki ishlab chiqarish-texnika sharoitlari boʻyicha yoki aholiga doimiy uzluksiz xizmat koʻrsatish zarurati oqibatida dam olish kunlari ishini toʻxtatish mumkin boʻlmagan ishlab chiqarishlarda band boʻlgan, shuningdek vaxta usulida ishlaydigan xodimlarga (xodimlar guruhiga) dam olish kunlari ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga boʻlinib ishlash jadvallariga binoan haftaning har xil kunlarida navbatma-navbat beriladi.
- MehnatLABOR · 208-modda
Ishlanmaydigan bayram kunlari
Quyidagi kunlar ishlanmaydigan bayram kunlaridir: 1-yanvar — Yangi yil; 8-mart — Xotin-qizlar kuni; 21-mart — Navroʻz bayrami; 9-may — Xotira va qadrlash kuni; 1-sentabr — Mustaqillik kuni; 1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni; 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni; Roʻza hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni; Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni. Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga koʻchiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmaydi. Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan boshqa kunlarga koʻchirilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 209-modda
Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlashni taqiqlash
Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno. Umuman tashkilotning yoki uning alohida tarkibiy boʻlinmalarining, yakka tartibdagi tadbirkorning keyinchalik normal ishlashi oldindan kutilmagan qaysi ishlarning shoshilinch bajarilishiga bogʻliq boʻlsa, oʻsha ishlarni bajarish zarur boʻlgan taqdirda xodimlarni dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etish ularning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Umuman tashkilotning yoki uning alohida tarkibiy boʻlinmalarining keyinchalik normal ishlashi oldindan kutilmagan qaysi ishlarning shoshilinch bajarilishiga bogʻliq boʻlsa, oʻsha ishlarning roʻyxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan, yakka tartibdagi tadbirkor ish beruvchi boʻlib ish yuritilayotgan hollarida esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlab chiqarish-texnik sharoitlarga koʻra (uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar) toʻxtatib turish imkoni boʻlmagan ishlarni (xizmatlarni), aholiga xizmat koʻrsatish zarurati yuzaga keltiradigan ishlarni, shuningdek kechiktirib boʻlmaydigan taʼmirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi. Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodkor xodimlarini, professional sportchilarni, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga koʻra ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan roʻyxatlariga muvofiq dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadigan tartibda yoʻl qoʻyiladi. Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun haq toʻlash ushbu Kodeksning 263-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 21-modda
Xodimning huquqlari
Xodim quyidagi huquqlarga ega: ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish; mehnat shartnomasida shartlashilgan ish bilan ish beruvchi tomonidan taʼminlanish; mehnatni muhofaza qilish talablariga mos keladigan ish joyiga ega boʻlish; oʻz malakasiga, mehnatning murakkabligiga, bajarilgan ishning miqdori va sifatiga muvofiq oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda ish haqi olish; ish vaqti davomiyligining chegarasini, ayrim kasblardagi va toifalardagi xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, har haftalik dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari, shuningdek yillik mehnat taʼtillari berish orqali taʼminlanadigan dam olish; xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlariga ega boʻlish, shuningdek ish joyidagi mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish talablari toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; oʻz mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga va boshqa tashkilotlarga birlashish; jamoa kelishuvlari va jamoa shartnomasi, shuningdek ular shartlarining bajarilishi toʻgʻrisida axborot olish, shu jumladan oʻz vakillari orqali olish; mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xodimga mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash va maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish; oʻz mehnat huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qonun bilan taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilish; mehnat nizolarini ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda belgilangan tartibda hal qilish. Xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
- MehnatLABOR · 210-modda
Xodimlarni dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ularning roziligisiz ishga jalb etishning alohida hollari
Dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari xodimning roziligisiz ishga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan quyidagi hollar mustasno: 1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yongʻinlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda bajariladigan ishlar amalga oshirilishi uchun; 2) baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun; 3) markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilishi uchun; 4) ish beruvchining mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun. Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida koʻrsatilgan holatlarga koʻra xodimlarni dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga xodimning mehnat vazifasi doirasida yoʻl qoʻyiladi.
- MehnatLABOR · 211-modda
Dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishni cheklash
Xodimlar ishga jalb etiladigan dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarining sonini cheklash, bundan ushbu Kodeks 210-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno, jamoa shartnomasida yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanishi mumkin. Dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etilganda ushbu Kodeks 396, 417-moddalarining birinchi qismida va 428-moddasida ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etilishi kerak. Ushbu Kodeksda belgilangan cheklovlarga va xodimni dam olish kuni yoki ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etish tartibiga ish beruvchi tomonidan rioya etilmasligi ish beruvchini xodimga bunday ish uchun haq toʻlashni ushbu Kodeksning 263-moddasida nazarda tutilgan miqdorda amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.