Qonun toʻplami
Yurideks yordamchisi foydalanadigan qonun moddalarining namunaviy toʻplami. Mavzu boʻyicha filtrlang yoki toʻliq matndan qidiring.
2695 ta modda topildi
- MehnatLABOR · 177-modda
Xodimning oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari himoya qilinishini rad etishi toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi shartlarining, ichki hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari himoya qilinishini rad etishini nazarda tutuvchi yoki xodimning oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish sohasidagi holatini qonunchilikka nisbatan yomonlashtiruvchi mehnat shartnomasining, xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi boshqa kelishuvlarning shartlari, ichki hujjatlarning qoidalari haqiqiy emasdir.
- MehnatLABOR · 178-modda
Xodimlarning shaxsga doir maʼlumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish
Xodimlarning shaxsga doir maʼlumotlarini saqlash, ulardan foydalanish va ularni berish tartibi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar talablariga rioya etgan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi. Xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini berish chogʻida ish beruvchi quyidagi talablarga rioya etishi kerak: xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini uning yozma roziligisiz uchinchi shaxsga xabar qilmaslik, bundan xodimning hayoti va sogʻligʻiga boʻlgan tahdidning oldini olish maqsadida, shuningdek ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda xabar qilish zarur boʻlgan hollar mustasno; xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini uning yozma roziligisiz tijorat maqsadlarida xabar qilmaslik; xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini oladigan shaxslarni ushbu maʼlumotlardan faqat ular xabar qilingan maqsadlarda foydalanish mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirish va ushbu shaxslardan bu qoidaga rioya etilganligining tasdigʻini talab qilish. Xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini oladigan shaxslar maxfiylik rejimiga rioya etishi shart. Mazkur qoida ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda xodimlarning shaxsga doir maʼlumotlarini almashishga nisbatan tatbiq etilmaydi; xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini bitta tashkilot doirasida, bitta yakka tartibdagi tadbirkorda xodim imzo qoʻygan holda tanishtirilishi kerak boʻlgan ichki hujjatga muvofiq berishni amalga oshirish; xodimlarning shaxsga doir maʼlumotlaridan foydalanishga faqat maxsus vakolatli shaxslarga ruxsat berish, bunda mazkur shaxslar xodimning faqat muayyan mehnat vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarini olish huquqiga ega boʻlishi kerak; xodimning sogʻligʻi holati haqidagi axborotni soʻrab olmaslik, bundan xodim tomonidan mehnat vazifasini bajarish imkoniyati toʻgʻrisidagi masalaga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar mustasno; xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan tartibda xodimlarning vakillariga topshirishi hamda ushbu axborotni faqat koʻrsatilgan vakillar tomonidan oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar bilan cheklash.
- MehnatLABOR · 179-modda
Xodimning ish beruvchida saqlanayotgan oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari himoya qilinishini taʼminlashga doir huquqlari
Ish beruvchida saqlanayotgan shaxsga doir maʼlumotlarining himoya qilinishini taʼminlash maqsadida xodim quyidagi huquqlarga ega: oʻzining shaxsga doir maʼlumotlari va ushbu maʼlumotlarga ishlov berish toʻgʻrisida toʻliq axborot olish; oʻzining shaxsga doir maʼlumotlaridan erkin bepul foydalanish, shu jumladan xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan har qanday yozuvning koʻchirma nusxalarini olish huquqi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno; oʻzining shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish uchun vakil belgilash; sogʻligʻining holatini aks ettiruvchi tibbiy hujjatlardan foydalanish; shaxsga doir notoʻgʻri maʼlumotlarni chiqarib tashlash, toʻgʻrilash yoki toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarni, shuningdek ushbu Kodeks yoki boshqa qonun talablarini buzgan holda ishlov berilgan maʼlumotlarni toʻldirish toʻgʻrisida talab qilish; ilgari xodimning notoʻgʻri yoki toʻliq boʻlmagan shaxsga doir maʼlumotlari oʻziga xabar qilingan barcha shaxslarga ushbu maʼlumotlarda amalga oshirilgan barcha istisnolar, tuzatishlar yoki toʻldirishlar haqida ish beruvchi tomonidan xabar qilinishi toʻgʻrisida talab qilish; oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish chogʻida ish beruvchining barcha gʻayriqonuniy qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish, shu jumladan sudga ham shikoyat qilish. Ish beruvchi xodimning shaxsga doir maʼlumotlarini chiqarib tashlashni, tuzatishni yoki toʻldirishni rad etgan taqdirda, u ish beruvchiga oʻzining tegishli asosga noroziligi haqida yozma shaklda maʼlum qilish huquqiga ega.
- MehnatLABOR · 18-modda
Ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjatlari
Ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda oʻz vakolatlari doirasida muayyan xodimga (xodimlarga) yoki jamoaga yoʻnaltirilgan va bir marta qoʻllanilish (ishga qabul qilish, mehnat sharoitlarini oʻzgartirish, boshqa ishga oʻtkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish, xodimga mehnat taʼtili berish, xodimga nisbatan intizomiy jazo qoʻllash, xodimlarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisidagi va boshqa buyruqlar) uchun moʻljallangan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar — buyruqlar, farmoyishlar, qarorlar (bundan buyon matnda buyruqlar deb yuritiladi) qabul qilishi mumkin. Rahbar yakka oʻzi qabul qiladigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar buyruqlar yoki farmoyishlar tarzida eʼlon qilinadi. Kollegial ijro etuvchi organ tomonidan qabul qilinadigan yakka tartibdagi huquqiy hujjatlar qarorlar tarzida qabul qilinadi. Agar ish beruvchining yakka tartibdagi huquqiy hujjatlari xodimlar uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan shart-sharoitlarga nisbatan uncha qulay boʻlmagan qoidalarni oʻz ichiga olgan boʻlsa, bu hujjatlar yoki ularning tegishli qismlari haqiqiy boʻlmaydi.
- MehnatLABOR · 180-modda
Ish beruvchi tomonidan xodimning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish tartibi buzilishining huquqiy oqibatlari
Agar ish beruvchi tomonidan xodimning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish va ularni himoya qilish tartibi buzilganligi xodimning mehnat qilish imkoniyatidan qonunga xilof ravishda mahrum boʻlishiga sabab boʻlsa yoki xodimning mehnatiga haq toʻlash miqdorining pasayishiga olib kelsa, xodimning mahrum boʻlgan ish haqi oʻrnini qoplash majburiyati oʻz aybi bilan mazkur qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilgan ish beruvchi zimmasiga yuklatiladi. Ish beruvchi tomonidan xodimning nomiga dogʻ tushiradigan va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatilgan taqdirda, ish beruvchi ushbu maʼlumotlarni rad etishi shart.
- MehnatLABOR · 181-modda
Ish vaqtining tushunchasi va turlari
Xodim ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga boʻlinib ishlash (ish) jadvallariga, boshqa ichki hujjatlarga yoki mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnat majburiyatlarini qaysi vaqt mobaynida bajarishi kerak boʻlsa, oʻsha vaqt ish vaqtidir. Ish vaqtiga quyidagilar kiradi: xodim mehnat majburiyatlarini haqiqatda bajargan vaqt; ushbu Kodeksda nazarda tutilgan vaqt davrlari (xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan tanaffuslar, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar va boshqalar), shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa vaqt davrlari, shu jumladan asosiy va tayyorgarlik-yakuniy ishlarni bajarish vaqti (kiyim, materiallar, asbob-uskunalar olish, texnika, hujjatlar bilan tanishish, ish oʻrnini tayyorlash va tozalash, tayyor mahsulotni topshirish va boshqalar). Ish vaqtining turlari quyidagilardan iboratdir: ish vaqtining normal davomiyligi; ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi; toʻliqsiz ish vaqti.
- MehnatLABOR · 182-modda
Ish vaqtining normal davomiyligi
Xodim uchun ish vaqtining normal davomiyligi besh kunlik yoki olti kunlik ish haftasida haftasiga qirq soatdan ortiq boʻlishi mumkin emas.
- MehnatLABOR · 183-modda
Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi
Ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sogʻligʻining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga toʻlanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi. Ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi: oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan xodimlarga (ushbu Kodeksning 415-moddasi); I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga (ushbu Kodeks 427-moddasining birinchi qismi); noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarga (ushbu Kodeksning 477-moddasi); ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zoʻriqish bilan bogʻliq boʻlgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (ushbu Kodeksning 184-moddasi); uch yoshgacha boʻlgan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) (ushbu Kodeks 397-moddasining birinchi qismi).
- MehnatLABOR · 184-modda
Ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zoʻriqish bilan bogʻliq boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi
Ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy va asabiy zoʻriqish bilan bogʻliq boʻlgan, yaʼni alohida xususiyatga ega boʻlgan tibbiyot xodimlari, pedagoglar va boshqa toifadagi xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga koʻpi bilan oʻttiz olti soat qilib belgilanadi. Bunday xodimlarning roʻyxati va ular ish vaqtining aniq davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, biroq ushbu moddada belgilangan ish vaqtining davomiyligidan oshmaydigan tarzda belgilanadi.
- MehnatLABOR · 185-modda
Har kungi ishning (smenaning) davomiyligi
Har kungi ishning (smenaning) davomiyligi: a) oʻziga nisbatan ish vaqtining normal davomiyligi belgilangan xodimlar uchun: olti kunlik ish haftasida — yetti soatdan; besh kunlik ish haftasida — sakkiz soatdan; b) oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun — ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan davomiylikdan; v) nogironligi boʻlgan xodimlar uchun — ushbu Kodeks 427-moddasining ikkinchi qismida belgilangan davomiylikdan; g) noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun — ushbu Kodeksning 478-moddasida belgilangan davomiylikdan oshishi mumkin emas. Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga koʻra ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan roʻyxatlariga muvofiq har kungi ishning (smenaning) davomiyligi qonunchilikka, ichki hujjatlarga, jamoa shartnomasiga yoxud mehnat shartnomasiga muvofiq belgilanishi mumkin. Tashkilotda ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilgan taqdirda, ushbu Kodeksning 199-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
- MehnatLABOR · 186-modda
Toʻliqsiz ish vaqti
Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra xodimga ishga qabul qilish chogʻida va keyinchalik toʻliqsiz ish vaqti (toʻliqsiz ish kuni (smena) va (yoki) toʻliqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga boʻlgan holda) belgilanishi mumkin. Toʻliqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin. Ish beruvchi: ushbu Kodeksning 398-moddasiga muvofiq homilador ayolning, oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan bola (oʻn olti yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bola) ota-onasidan birining (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxsning), shuningdek oilaning betob aʼzosini parvarishlashni amalga oshirayotgan shaxsning iltimosiga koʻra tibbiy xulosaga binoan; nogironligi boʻlgan shaxsning iltimosiga koʻra, agar mazkur shaxs uchun ish vaqtini belgilash ushbu Kodeks 424-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalarida nazarda tutilgan boʻlsa; ushbu Kodeksda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan oʻzga hollarda toʻliqsiz ish kunini belgilashi shart. Ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilgan shaxslar uchun toʻliqsiz ish vaqti xodim uchun qulay boʻlgan muddatga, biroq toʻliqsiz ish vaqtini majburiy ravishda belgilash uchun asos boʻlgan holatlar mavjud boʻlgan davrdan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanadi, ish vaqtining va dam olish vaqtining rejimi, shu jumladan har kungi ishning (smenaning) davomiyligi, ishning boshlanish va tugash vaqti, ishdagi tanaffuslar vaqti esa ushbu ish beruvchidagi ishlab chiqarish (ish) sharoitlari hisobga olingan holda xodimning istaklariga muvofiq belgilanadi. Bunda nogironligi boʻlgan shaxslar toʻliqsiz ish vaqtining davomiyligi va ish rejimi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanishi kerak. Toʻliqsiz ish vaqti shartlarida ishlaganda xodimning mehnatiga haq toʻlash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi. Toʻliqsiz ish vaqti shartlarida ishlash xodimlar uchun har yilgi asosiy mehnat taʼtili davomiyligining, mehnat stajini hisoblab chiqarishning va boshqa mehnat huquqlarining biror-bir cheklanishlariga sabab boʻlmaydi.
- MehnatLABOR · 187-modda
Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasidagi ishning davomiyligi
Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi. Bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni boʻlmagan uzluksiz ishlaydigan tashkilotlarda va ayrim turdagi ishlarda ortiqcha ishlaganlik xodimga qoʻshimcha dam olish vaqti berish yoki xodimning roziligi bilan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan normalar boʻyicha haq toʻlash orqali kompensatsiya qilinadi.
- MehnatLABOR · 188-modda
Tungi vaqtdagi ishning davomiyligi
Soat 22-00 dan to soat 6-00 gacha boʻlgan vaqt tungi vaqt hisoblanadi. Agar xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) davomiyligining kamida yarmi tungi vaqtga toʻgʻri kelsa, tungi vaqtdagi ishning davomiyligi ish haftasining davomiyligi tegishli ravishda qisqartirilgan, keyinchalik ishlab berilmagan holda bir soatga qisqartiriladi. Agar jamoa shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilangan xodimlar uchun, shuningdek tungi vaqtda ishlashga maxsus qabul qilingan xodimlar uchun tungi vaqtdagi ishning (smenaning) davomiyligi qisqartirilmaydi. Mehnat sharoitlariga koʻra zarur boʻlgan hollarda, shuningdek olti kunlik ish haftasidagi smenali ishlarda tungi vaqtdagi ishning davomiyligi kunduzgi vaqtdagi ishning davomiyligi bilan tenglashtiriladi. Mazkur ishlar roʻyxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra belgilanishi mumkin. Xodimlarni tungi vaqtdagi ishga jalb etish ushbu Kodeks 396-moddasining ikkinchi qismida, 417-moddaning birinchi qismida va 428-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Tungi vaqtdagi mehnatga haq toʻlash ushbu Kodeksning 264-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 189-modda
Ish vaqtidan tashqari ish
Ish beruvchi tomonidan xodimni xodim uchun belgilangan ish vaqti davomiyligidan tashqari ishga jalb etish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqtidan tashqari ishning soatlari miqdorini aniqlash tartibi ish vaqtini hisobga olish turiga bogʻliqdir. Ish vaqti kunlik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan har kungi ish (smena) vaqtining davomiyligidan oshadigan ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqti haftalik hisobga olinganda xodim uchun belgilangan haftalik ish vaqtining davomiyligidan oshadigan ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish vaqti jamlab hisobga olinganda bir haftadan oshadigan hisobga olish davri uchun xodimga belgilangan ish vaqtining davomiyligidan tashqari ish ish vaqtidan tashqari ish deb hisoblanadi. Ish beruvchi tomonidan xodimni uning roziligisiz ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi: 1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yongʻinlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda bajarilgan ishlar amalga oshirilganda; 2) markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilganda; 3) agar ishda tanaffusga yoʻl qoʻyilmasa, smena almashayotgan xodim kelmay qolganda ishni davom ettirish uchun. Bunday holda ish beruvchi zudlik bilan smenachini boshqa xodim bilan almashtirish choralarini koʻrishi shart. Ushbu modda oltinchi qismining 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi tomonidan xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning mehnat vazifasi doirasida yoʻl qoʻyiladi. Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollardan tashqari ish vaqtidan tashqari ishga jalb etishga xodimning yozma roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Ish smenasining davomiyligi oʻn ikki soat boʻlganida, shuningdek mehnat sharoitlari oʻta zararli va oʻta xavfli ishlarda ish vaqtidan tashqari ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish ushbu Kodeks 396, 417-moddalarining birinchi qismida va 428-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. Ish vaqtidan tashqari ish uchun kompensatsiya va haq toʻlash ushbu Kodeksning 262-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
- MehnatLABOR · 19-modda
Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari sifatida
Xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlaridir. Mehnatga oid huquq layoqatiga va muomala layoqatiga ega boʻlgan, ushbu Kodeksda belgilangan yoshga yetgan hamda ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xodimlar boʻlishi mumkin. Quyidagilar ish beruvchilar sifatida ish yuritishi mumkin: mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, tashkilotlar; tashkilotlarning filiallari, vakolatxonalari yoki boshqa alohida tarkibiy boʻlinmalari (bundan buyon matnda tashkilotlarning alohida boʻlinmalari deb yuritiladi); jismoniy shaxslar. Jismoniy shaxslar quyidagi hollarda ish beruvchilar boʻlishi mumkin: agar ular yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida roʻyxatga olingan boʻlsa; agar ular oʻziga xizmat koʻrsatilishi va uy xoʻjaligini yuritishda yordamlashish maqsadida uy xizmatchilarini yollashni amalga oshirsa; agar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ularning kasbiy faoliyati roʻyxatdan oʻtkazilishi va (yoki) litsenziyalanishi lozim boʻlsa hamda ular mazkur faoliyatni amalga oshirish maqsadida xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarga kirishgan boʻlsa.
- MehnatLABOR · 190-modda
Ish vaqtidan tashqari ishlarning eng koʻp davomiyligi
Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi xodim uchun surunkasiga ikki kun davomida toʻrt soatdan (mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda — bir kunda ikki soatdan) oshmasligi kerak. Ish beruvchi xodimning ish vaqtidan tashqari ishining davomiyligi aniq hisobga olinishini taʼminlashi shart.
- MehnatLABOR · 191-modda
Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi
Muayyan kalendar davr mobaynida (ish kunining, haftaning, ish vaqtini jamlab hisobga olish qoʻllanilganda esa hisobga olish davrining haftasidan oshadigan davr mobaynida) ish vaqtining taqsimlanishi ish vaqti rejimidir. Ish vaqti rejimi quyidagilarni belgilaydi: ish haftasining turi va davomiyligini (ikki kun dam olinadigan besh kunlik ish haftasi, bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi, oʻzgaruvchan jadval boʻyicha dam olish kunlari beriladigan ish haftasi, toʻliqsiz ish haftasi); ish kuni (smena) boshlanadigan, tugaydigan vaqtni va uning davomiyligini; dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus, shuningdek mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa tanaffuslar vaqtini; ish kunlarining va ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashishini; sutkadagi smenalar sonini; xodimlarning smenalar boʻyicha almashish ketma-ketligini. Ish vaqtining rejimi ichki mehnat tartib qoidalarida, smenalarga boʻlinib ishlash jadvallarida, boshqa ichki hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Mehnat shartnomasida xodim uchun ichki mehnat tartibi qoidalarida, smenalarga boʻlinib ishlash jadvallarida yoki boshqa ichki hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy ish vaqti rejimidan farq qiladigan shaxsiy ish vaqti rejimini belgilash nazarda tutilishi mumkin.
- MehnatLABOR · 192-modda
Smenali ishda ish vaqti rejimi
Ikki va undan ortiq smenadagi ish smenali ish deb hisoblanadi. Smenali ish ishlab chiqarish jarayonining (ishning) davomiyligi har kungi ishning belgilangan davomiyligidan oshadigan hollarda, shuningdek asbob-uskunalardan yanada samarali foydalanish, ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmini oshirish maqsadida joriy etiladi. Smenali ishda ish vaqti rejimi smenalarga boʻlinib ishlash jadvali bilan belgilanadi. Xodimlar smenalar boʻyicha bir maromda navbat almashadi. Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi. Smenalar orasidagi har kungi dam olishning eng kam davomiyligi (bitta smena oxiridan to keyingi smena boshlanishiga qadar) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga kamida oʻn ikki soatni tashkil etishi kerak.
- MehnatLABOR · 193-modda
Moslashuvchan ish vaqti rejimi
Moslashuvchan ish vaqti rejimi ish vaqtini tashkil etish usuli boʻlib, bunda ayrim xodimlar yoki tashkilot tarkibiy boʻlinmalarining xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishini, tugashini va umumiy davomiyligini muayyan doirada ularning oʻzi tartibga solishiga yoʻl qoʻyiladi. Bunda xodim uchun belgilangan ish soatlarining jamlangan miqdorini qabul qilingan hisobga olish davri (ish kuni, haftasi, oyi va boshqalar) ichida toʻliq ishlab berish talab etiladi. Moslashuvchan ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi: oʻzgaruvchan (moslashuvchan) vaqt — ish kunining (smenaning) boshlanishi va tugashidagi vaqt boʻlib, uning doirasida xodim oʻz xohishiga koʻra ishni boshlashga va tugatishga haqlidir; qatʼiy belgilangan vaqt — ish vaqtining moslashuvchan rejimiga koʻra ishlovchilar ishda hozir boʻlishi shart boʻlgan vaqt; ushbu Kodeksning 204-moddasiga muvofiq, qoida tariqasida qatʼiy belgilangan ish vaqtini taxminan ikkita teng qismga ajratadigan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus. Uning haqiqiy davomiyligi ish vaqtiga kiritilmaydi; kalendar vaqtni (ish kunini, haftasini, oyini, choragini va boshqalarni) belgilovchi hisobga olish davrining davomiyligi boʻlib, ushbu vaqt ichida xodim oʻzi uchun belgilangan ish soatlari normasini ishlab berishi kerak. Hisobga olish davrining davomiyligi bir ish kuni boʻlgan moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlash chogʻida xodim uchun belgilangan ish vaqti normasi har kuni ishlab berilishi kerak. Agar hisobga olish davrining davomiyligi ish kunidan oshadigan boʻlsa, xodim uchun belgilangan ish vaqtining normasi tegishli hisobga olish davri uchun (hafta, oy, chorak va boshqalar) xodim tomonidan ishlab berilishi kerak. Hisobga olish davrining davomiyligi bir haftadan oshgan hollarda ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq belgilanadigan ish vaqtini jamlab hisobga olish nazarda tutilishi kerak. Ish kuni davomidagi moslashuvchan vaqtning eng koʻp davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga oʻn ikki soatdan oshmasligi kerak, hisobga olish davri uchun ish vaqti soatlarining summasi esa ushbu davrda xodim uchun belgilangan soatlar normasiga teng boʻlishi kerak.
- MehnatLABOR · 194-modda
Ish kuni (smena) qismlarga boʻlingan ish vaqti rejimi
Bajariladigan ishning oʻziga xos xususiyatlari sababli zarur boʻlgan ishlarda, shuningdek ish kuni (smena) davomida jadalligi bir xil boʻlmagan ishlar amalga oshirilganda ish kuni qismlarga boʻlinishi mumkin. Agar ish kuni davomida xodim uchun ikki soatdan oshadigan tanaffus nazarda tutilgan boʻlsa, ish kuni qismlarga boʻlingan deb eʼtirof etiladi. Ish kuni qismlarga boʻlinganda ish vaqtining umumiy davomiyligi har kunlik ishning belgilangan davomiyligidan oshmasligi kerak. Ish kunining qismlarga boʻlinganligi munosabati bilan beriladigan ish kuni davomidagi tanaffuslar vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi. Ish kunini qismlarga boʻlish, ushbu ish vaqtining rejimi joriy etilayotgan ishlar roʻyxati, ish kuni qismlarga boʻlingan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarga beriladigan ustama haqning miqdori toʻgʻrisidagi qaror jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanadi.