Mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida xodimga har yilgi mehnat taʼtilini berish
Jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoki xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish chogʻida (bundan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilingan hollar mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat taʼtillarini keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni tugatgan holda xodimning yozma arizasi asosida berish nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat shartnomasini uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilish chogʻida keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holdagi taʼtil har yilgi mehnat taʼtilining vaqti ushbu shartnoma muddatining chegarasidan toʻliq yoki qisman chiqib ketganda ham berilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda har yilgi mehnat taʼtilining oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilinadigan kun deb hisoblanadi.
Xodimning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtilini berish chogʻida ushbu xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini oʻzining mehnat taʼtili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olish huquqiga ega.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish