Sogʻliqqa shikast yetkazilishi natijasida yoʻqotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash
Oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan yoʻqotilgan ish haqi (daromad)ning miqdori mayiblanishgacha yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetkazilishigacha yoxud mehnat qobiliyati yoʻqotilgungacha boʻlgan oʻrtacha oylik ish haqi (daromad)ga nisbatan jabrlanuvchining kasbiy mehnat qobiliyatini yoʻqotishi darajasiga, kasbi yoʻq boʻlganda esa — umumiy mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasiga muvofiq foizlarda aniqlanadi.
Jabrlanuvchining yoʻqotilgan ish haqi (daromadi) tarkibiga ham asosiy ish joyidan, ham oʻrindoshlik boʻyicha ishlaydigan joyidan mehnat va fuqaroviy-huquqiy shartnomalar boʻyicha toʻlanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi solinadigan barcha turdagi mehnat haqi qoʻshiladi. Bir yoʻla toʻlanadigan toʻlovlar (foydalanilmagan taʼtil uchun toʻlanadigan pul, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi ishdan boʻshatish nafaqasi) hisobga olinmaydi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda homiladorlik va tugʻish taʼtili uchun toʻlangan nafaqa hisobga olinadi. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek mualliflik gonorari yoʻqotilgan ish haqi (daromad) tarkibiga kiritiladi, bunda tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq inspeksiyasining maʼlumotlari asosida kiritiladi.
Ish haqi (daromad)ning barcha turlari soliqlar ushlab qolinmasdan oldin hisoblangan summalarda hisobga olinadi.
Oʻrtacha oylik ish haqi (daromad) sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan oʻn ikki oy ichidagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini oʻn ikkiga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi. Zarar yetkazilgan paytgacha jabrlanuvchi oʻn ikki oydan kam ishlagan hollarda oʻrtacha ish haqi (daromad) sogʻliqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlangan oylardagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini ana shu oylar soniga boʻlish yoʻli bilan hisoblab chiqiladi.
Jabrlanuvchi toʻliq ishlamagan oylar uning xohishiga koʻra bundan oldingi toʻliq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati boʻlmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi.
Jabrlanuvchi zarar yetkazilgan paytda ishlamayotgan boʻlsa, uning xohishiga koʻra mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha boʻlgan ish haqi (daromadi) yoxud mazkur joyda uning malakasidagi xodimga toʻlanadigan, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam boʻlmagan odatdagi haq toʻlash miqdori hisobga olinadi.
Agar jabrlanuvchining ish haqida (daromadlarida) uning mayib qilinishi yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilishiga qadar uning mulkiy ahvolini yaxshilovchi barqaror oʻzgarishlar sodir boʻlgan (egallab turgan lavozimi boʻyicha ish haqi oshirilgan, yuqoriroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan, kunduzgi oʻquv yurtini bitirganidan keyin ishga kirgan) boʻlsa va oʻzgarishning barqarorligi yoki jabrlanuvchining ish haqi oʻzgarishi ehtimoli isbotlangan boshqa hollarda, uning oʻrtacha oylik ish haqini aniqlashda u tegishli oʻzgarishdan keyin olgan yoki olishi lozim boʻlgan ish haqi (daromad)gina hisobga olinadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish