Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 1001-modda

Zarar yetkazgan shaxsga nisbatan regress huquqi

Boshqa shaxs (mehnat majburiyatlarini bajarayotgan xodim, transport vositasini boshqaruvchi shaxs va h.k) tomonidan yetkazilgan zararni toʻlagan shaxs bu shaxsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan boʻlsa, toʻlangan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Birgalikda yetkazilgan zararni toʻlagan zarar yetkazuvchi zarar yetkazuvchilarning har biridan jabrlanuvchiga toʻlangan tovonning har bir zarar yetkazuvchining aybi darajasiga mos ulushini talab qilishga haqli. Aybning darajasini aniqlash imkoniyati boʻlmaganda ulushlar teng baravar deb hisoblanadi.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zararni toʻlagan davlat bunday shaxslarning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan hollarda, bu shaxslarga nisbatan regress huquqiga ega.

Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazish natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplagan davlat sodir etilgan aybli harakatlari terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilishiga sabab boʻlgan shaxsga nisbatan toʻlangan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Ushbu Kodeksning 993 –– 996, 998-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha zararni toʻlagan shaxslar zarar yetkazgan shaxsga nisbatan qayta talab qilish (regress) huquqiga ega emas.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.