Ishlarni topshirish va qabul qilib olish
Pudratchidan qurilish pudrati shartnomasi boʻyicha bajarilgan ishlar natijasi yoki, agar shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa, ishlarning bajarilgan bosqichi topshirishga tayyor ekanligi toʻgʻrisida xabar olgan buyurtmachi darhol uni qabul qilib olishga kirishishi shart.
Agar qurilish pudrati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, buyurtmachi ishlar natijasini qabul qilib olishni oʻz hisobidan tashkil etadi va amalga oshiradi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ishlarni qabul qilib olishda davlat organlarining va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakillari ishtirok etishi lozim.
Ishlarning alohida bosqichlarini oldindan qabul qilib olgan buyurtmachi ularning pudratchi aybdor boʻlmagan holda nobud boʻlish yoki shikastlanish xavfini, shu jumladan qurilish pudrati shartnomasida ishning pudratchi tomonidan tavakkal qilib bajarilishi nazarda tutilgan hollarda ham, oʻz zimmasiga oladi.
Ishlar natijasining pudratchi tomonidan topshirilishi va buyurtmachi tomonidan qabul qilib olinishi ikkala taraf imzolagan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Taraflardan biri dalolatnomani imzolashdan bosh tortsa, bu toʻgʻrida ushbu dalolatnomaga yozib qoʻyiladi va dalolatnomani ikkinchi taraf imzolaydi.
Sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asosli deb topsagina, ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilishning bir taraflama dalolatnomasini haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan kelib chiqqan hollarda ish natijasini qabul qilib olishdan oldin dastlabki sinov oʻtkazilishi kerak. Bunday hollarda ishlar faqat dastlabki sinov ijobiy natija bergandagina qabul qilib olinishi mumkin.
Bajarilgan ishda undan qurilish pudrati shartnomasida koʻrsatilgan maqsadda foydalanish imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar borligi aniqlangan va ularni pudratchi, buyurtmachi yoki uchinchi shaxs bartaraf etishi mumkin boʻlmagan taqdirda, buyurtmachi ishlar natijasini qabul qilib olishdan bosh tortishga haqli.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish