Navbatdagi garov
Garovda turgan mol-mulk garovga qoʻyuvchi tomonidan boshqa talablarni taʼminlash uchun garovga (navbatdagi garovga) berilishi mumkin.
Navbatdagi garovga, agar u garov toʻgʻrisidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan boʻlsa hamda basharti oldingi va navbatdagi garovga oluvchilar tomonidan garov reyestriga tegishli yozuv kiritilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Garovga qoʻyuvchi har bir navbatdagi garovga oluvchiga ushbu mol-mulkning mavjud boʻlgan barcha garovlari haqida maʼlum qilishi shart va u ushbu majburiyatni bajarmaslik tufayli garovga oluvchilarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.
Agar oldingi garov shartnomasida navbatdagi garov shartnomasini tuzish mumkin boʻlgan shartlar nazarda tutilgan boʻlsa, bunday gapov shartnomasi oldingi shartnomada koʻrsatilgan shartlarga amal qilgan holda tuzilishi kerak. Koʻrsatilgan shartlar buzilgan taqdirda oldingi garovga oluvchi shu tufayli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplashni garovga qoʻyuvchidan talab qilishga haqlidir.
Agar garovga qoʻyilgan mol-mulk boshqa talablarni taʼminlash uchun yana bir garovning (navbatdagi garovning) narsasiga aylansa, navbatdagi garovga oluvchining talablari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mazkur mol-mulkning qiymatidan qanoatlantiriladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish