Garovga oluvchining huquqlari joriy qilinadigan mol-mulk
Garov narsasi boʻlgan ashyoga garovga oluvchining huquqlari (garov huquqi), agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyoning kimga mansubligiga qarab joriy qilinadi.
Garovga qoʻyilgan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan hosil, mahsulot va daromadlarga garov huquqi shartnomada nazarda tutilgan hollarda joriy qilinadi.
Butun korxona yoki boshqa mulkiy kompleks ipotekasida garov huquqi uning tarkibiga kiruvchi koʻchmas va koʻchar mol-mulkning hammasiga, shu jumladan talab qilish huquqi va mutlaq huquqlarga, shu bilan bir qatorda ipoteka davrida olingan huquqlarga ham, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, joriy qilinadi.
Bino yoki inshoot ipotekasiga ayni bir vaqtning oʻzida oʻsha shartnoma boʻyicha shu bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasini yoxud bu uchastkaning garovga qoʻyilayotgan obyekt ishlashini taʼminlaydigan qismini yoki garovga qoʻyuvchiga qarashli boʻlgan ushbu uchastkani yoxud uning tegishli qismini ijaraga olish huquqini bir vaqtda ipotekaga qoʻygan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.
Yer uchastkasini ipotekaga qoʻyishda garov huquqi, agar shartnomada boshqacha shart nazarda tutilgan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchining ushbu uchastkada boʻlgan yoki qurilayotgan binolari va inshootlariga joriy qilinmaydi.
Shartnomada bunday shart boʻlmasa, undiruv garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga qaratilgan taqdirda garovga qoʻyuvchi yer uchastkasi uning bino yoki inshootdan oʻz oʻrnida foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi. Uchastkaning bu qismidan foydalanish shartlari garovga qoʻyuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvi asosida, nizo chiqqan taqdirda esa — sud tomonidan belgilanadi.
Agar garovga qoʻyuvchiga emas, balki boshqa shaxsga qarashli binolar yoki inshootlar joylashgan yer uchastkasiga ipoteka belgilangan boʻlsa, garovga oluvchi undiruvni ushbu uchastkaga qaratganida va u kimoshdi savdosida sotilganida garovga qoʻyuvchining ushbu shaxsga nisbatan huquq va burchlari uchastkani sotib oluvchiga oʻtadi.
Garov toʻgʻrisidagi shartnomada, qonun asosida paydo boʻladigan garovga nisbatan esa — qonunda, garovga qoʻyuvchi kelajakda ega boʻladigan ashyolarni va mulkiy huquqlarni garovga qoʻyish nazarda tutilishi mumkin.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish