Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
FuqarolikCIVIL · 271-modda

Garov toʻgʻrisidagi shartnoma, uning shakli va shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish

Garov toʻgʻrisidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, garov bilan taʼminlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati yoxud garov narsasini hamda garov bilan taʼminlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlar koʻrsatiladi. Unda garovga qoʻyilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham koʻrsatilishi kerak.

Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.

Garov bilan taʼminlanadigan majburiyat garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatidan qoplanishi mumkin boʻlgan majburiyatning eng koʻp summasini koʻrsatish yoʻli bilan identifikatsiya qilinishi mumkin.

Garov toʻgʻrisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerak.

Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kerak boʻlgan shartnoma boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash yuzasidan koʻchar mol-mulkni yoki mol-mulkka boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan koʻchmas mulk va transport vositalarini olish chogʻidagi ipoteka va garov toʻgʻrisidagi shartnomalar mustasno.

Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma tegishli mol-mulkka doir bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.

Ushbu moddaning toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi qoidalarga rioya qilmaslik garov toʻgʻrisidagi shartnomaning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.