Garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarish va undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish
Garovga oluvchi garov bilan taʼminlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli:
1) agar garov narsasi garovga qoʻyuvchida qoldirilgan boʻlib, garov toʻgʻrisidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan boʻlsa;
2) garovga qoʻyuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi);
3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yoʻqolgan boʻlsa, agar garovga qoʻyuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan boʻlsa.
Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli:
1) garovga qoʻyuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan boʻlsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi);
2) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa;
3) garovga qoʻyuvchi garovga qoʻyilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari);
4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish