Garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotish
Ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qoʻyilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.
Garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, boʻlib-boʻlib sotish yoʻli bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
Garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxi garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga asosan belgilanadi. Garovga qoʻyuvchi va garovga oluvchi oʻrtasida mol-mulk narxi boʻyicha kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda, mustaqil baholovchi tashkilot jalb etiladi va garovning dastlabki qiymati bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda baholash bilan bogʻliq barcha xarajatlar mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan taraf tomonidan qoplanadi.
Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganda (undiruv garovga qoʻyilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qoʻyuvchi bilan kelishuvga koʻra, garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan taʼminlangan oʻz talablari hisobiga oʻtkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi.
Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxidan koʻpi bilan yigirma besh foiz kamroq summada baholab, oʻzida olib qolishga haqli.
Agar garovga oluvchi garov narsasini oʻzida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov toʻgʻrisidagi shartnoma bekor qilinadi.
Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chogʻida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli boʻlmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha koʻrsatma mavjud boʻlmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Agar garovga qoʻyilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chogʻida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan taʼminlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qoʻyuvchiga qaytariladi.
Qarzdor yoki uchinchi shaxs boʻlgan garovga qoʻyuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga qadar istalgan vaqtda garov bilan taʼminlangan majburiyatni yoki uning muddati oʻtkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish