Apellyatsiya shikoyatining (protestining) mazmuniga qoʻyiladigan talablar
Apellyatsiya shikoyatida (protestida) quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) shikoyat (protest) yuborilayotgan sudning nomi;
2) shikoyat (protest) bergan shaxs, uning protsessual mavqeyi, uning yashash joyi yoki joylashgan yeri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) qaror chiqargan sudning nomi, qaror chiqarilgan sana, sud ishining raqami, ustidan shikoyat (protest) berilayotgan qaror qaysi shaxsga nisbatan chiqarilgan boʻlsa, oʻsha shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) shikoyat (protest) berayotgan shaxsning fikriga koʻra qarorning notoʻgʻriligi nimadan iborat ekanligi toʻgʻrisidagi vajlari, shuningdek uning iltimosining mazmuni;
5) shikoyat (protest) bergan shaxs oʻz talablarini asoslayotgan dalillar, xususan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar;
6) yangidan taqdim etilayotgan dalillar va ularning birinchi instansiya sudiga taqdim etilmaganligining sababi;
7) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar roʻyxati;
8) shikoyat (protest) berilgan sana, shikoyat (protest) bergan shaxsning imzosi.
Agar apellyatsiya shikoyatining (protestining) mazmuni ushbu moddaning birinchi qismi talablariga javob bermasa va bu ishni keyinchalik mazmunan koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilsa, birinchi instansiya sudining sudyasi apellyatsiya shikoyatini (protestini) uni bergan shaxsga qaytarish toʻgʻrisida uch kunlik muddatda ajrim chiqarib, apellyatsiya shikoyatini (protestini) yangidan tuzish uchun muddat belgilaydi.
Sudyaning apellyatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimining talablari bajarilmagan va apellyatsiya shikoyati (protesti) belgilangan vaqtda kelib tushmagan hollarda, u berilmagan deb hisoblanadi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish