Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori
Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarorida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) sud ishining raqami, qaror chiqarilgan sana va joy;
2) sudning nomi va tarkibi, ishni koʻrishda ishtirok etgan prokuror va boshqa shaxslar;
3) taftish tartibida shikoyat (protest) bergan shaxs (familiyasi, ismi, otasining ismi);
4) taftish tartibida shikoyat (protest) berilgan qarorning qaror qismi mazmuni;
5) taftish tartibida berilgan shikoyatning (protestning), ishni taftish tartibida koʻrishda ishtirok etayotgan shaxslar eʼtirozlarining va tushuntirishlarining mazmuni, shuningdek prokurorning fikri;
6) taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) boʻyicha ishni koʻruvchi sudning qarori.
Taftish tartibida berilgan shikoyat (protest) qanoatlantirilmay qoldirilgan taqdirda, ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarorida birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori qonuniy, asosli va adolatli deb topilganligining, shikoyat (protest) qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari koʻrsatilishi kerak.
Qaror bekor qilingan yoki oʻzgartirilgan taqdirda, ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarorida qonunning qaysi normalari buzilganligi va bekor qilinayotgan yoki oʻzgartirilayotgan qarorning asossizligi va adolatsizligi nimadan iborat ekanligi vajlari koʻrsatilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori sudya tomonidan imzolanadi.
Ishni taftish tartibida koʻruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining qarori sud majlisi zalida oʻqib eshittiriladi va chiqarilgan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Ishni taftish tartibida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan chiqarilgan qaror uzil-kesildir.
Ishni taftish tartibida koʻruvchi sudning qarori uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan eʼtiboran uch sutkadan kechiktirmay ish bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish