Temir yoʻl transporti va metropoliten organlari
Temir yoʻl transporti organlariga ushbu Kodeks 56¹-moddasining birinchi qismida (temir yoʻl transportida maxsus ajratilmagan joylarda tamaki mahsulotini isteʼmol qilganlik uchun), 113, 114-moddalarida, shuningdek 53, 121, 123, 124-moddalarida, 142-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida, 144, 145-moddalarida, 146-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida (temir yoʻl transportida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Metropoliten organlariga ushbu Kodeksning 115-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Quyidagilar temir yoʻl transporti va metropoliten organlari nomidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo qoʻllanishga haqlidirlar:
stansiya boshligʻi va uning oʻrinbosari, vokzal boshligʻi va uning oʻrinbosari, lokomotiv (vagon) deposining boshligʻi, yoʻlovchilar poyezdining boshligʻi (yoʻlovchilar poyezdining mexanik-brigadiri);
yoʻlovchilar poyezdining nazoratchi-taftishchisi, yoʻlovchilar poyezdining taftishchi-yoʻriqchisi, daromadlarni nazorat qilish boʻyicha taftishchi, yoʻl ustasi, yoʻl distansiyasi boshligʻi, signalizatsiya va aloqa distansiyasi boshligʻi;
harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasi boshligʻi va uning oʻrinbosari, yongʻinning oldini olish boʻyicha otryad (komanda, oʻt oʻchirish poyezdi) boshligʻi va uning oʻrinbosari, katta yoʻriqchi va yoʻriqchi, komandaning, oʻt oʻchirish poyezdi komandasining, harbiylashtirilgan qoʻriqlash komandasining (qorovul) boshligʻi;
bosh sanitariya vrachi (tibbiy-sanitariya xizmati boshligʻining oʻrinbosari), Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasining bosh sanitariya vrachi, sanitariya-epidemiologiya stansiyasining bosh sanitariya vrachi.
Yoʻlovchilar poyezdining boshligʻi (yoʻlovchilar poyezdining mexanik-brigadiri), yoʻl ustasi, boʻlinma (qorovul), komandaning, oʻt oʻchirish poyezdining, harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmasining (qorovul) boshligʻi, bosh sanitariya vrachi (tibbiy-sanitariya xizmati boshligʻining oʻrinbosari), Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasining bosh sanitariya vrachi, sanitariya-epidemiologiya stansiyasining bosh sanitariya vrachi soladigan jarimaning miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdoridan oshmasligi kerak.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish