Tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqmaslik yoki ularni ushbu hududga qaytarib olib kirmaslik
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga ilgari olib kirilgan tovarlar va transport vositalarini bojxona hududidan tashqariga belgilangan muddatlarda olib chiqmaslik, agar ularni qaytarib olib chiqish shart boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ilgari olib kirilgan tovarlar va transport vositalarini olib chiqmaganlik uchun maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin oʻttiz kun ichida ularni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqmaslik, agar bunday olib chiqish shart boʻlsa, —
tovarlarni va transport vositalarini musodara qilishga sabab boʻladi.
Ilgari olib chiqib ketilgan tovarlar va transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga belgilangan muddatlarda qaytarib olib kirmaslik, agar bunday qaytarib olib kirish shart boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga ilgari olib kirilgan transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga belgilangan muddatda olib chiqmagan shaxs qonunchilikda belgilangan yigʻimni oʻz ixtiyori bilan bir ish kuni ichida toʻlagan taqdirda, javobgarlikdan ozod etiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish