Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik
Ichki ishlar organlari xodimining huquqbuzarlikni toʻxtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ichki ishlar organlariga borish yoki koʻrsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida boʻlish toʻgʻrisidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini toʻxtatish, jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga boshqacha tarzda boʻysunmaslik, xuddi shuningdek jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash vazifalarini amalga oshirayotgan boshqa shaxslarning qonuniy talablarini bajarmaslik, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ikki baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Transport vositasi haydovchisi tomonidan ichki ishlar organi xodimining yoki xodimlarining transport vositasini toʻxtatish haqida berilgan qonuniy talablarini ketma-ket bir necha marta uzrli sabablarsiz bajarmaslik, —
transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish