Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 175-modda

Soliq solish obyektlarining hisobini va hisobotini yuritishning belgilangan tartibini, shuningdek toʻlov intizomini buzish

Foyda (daromad) yoki boshqa soliq solish obyektlarining hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda yuritish, agar bu harakatlar toʻlanishi lozim boʻlgan soliqlarning yoki yigʻimlarning summasini kamaytirishga olib kelsa, shuningdek soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, xuddi shuningdek kameral soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha aniqlangan tafovutlarning asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaslik (bundan mikrofirma va kichik korxonalar mustasno), —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan soliq hisobotini oʻz vaqtida taqdim etmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Kassa operatsiyalarini yuritish tartibini va toʻlov intizomini buzish, shu jumladan qarzdor korxonalardan toʻlovlarni undirish yuzasidan soliq organlarining inkasso topshiriqlarini bajarmaslik, shuningdek pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatini buzish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Soliq organlarida hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasiz korxonalar va tashkilotlarga hisob-kitob hisobvaraqlarini yoki boshqa hisobvaraqlarni ochish —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Soliqlar va yigʻimlarni toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini xizmat koʻrsatayotgan bankka soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash va soliq organlariga tegishli axborot berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari boʻyicha sodir etilgan taqdirda, oʻz vaqtida taqdim etilmagan barcha soliq hisobotlari boʻyicha faqat bitta jarima qoʻllaniladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.