Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 178-modda

Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni va isteʼmolchilarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish

Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organining qoidabuzarliklarni tugatish toʻgʻrisidagi, dastlabki holatni tiklash haqidagi, isteʼmolchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlash, oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Tayyorlovchining tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlarining koʻrsatmalarini bajarishdan boʻyin tovlashi, ularni oʻz vaqtida yoki lozim darajada bajarmasligi, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish, qoʻshib olish hamda aksiyalarni (ulushlarni) olish boʻyicha bitimlar tuzish chogʻida raqobatni cheklashga qarshi talablarni buzish, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Raqobatga qarshi kelishuvlar tuzish va muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etish, shuningdek tovar yoki moliya bozoridagi ustun mavqeni suiisteʼmol qilish, xuddi shuningdek savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablarni buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchilarga zarar yetkazish, shuningdek isteʼmolchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etmaganlik yoki bila turib notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik, shu jumladan isteʼmolchilarni tovarning isteʼmolga oid xususiyatlari yoki sifati xususida chalgʻitish, tovarni unga oʻxshash boshqa mahsulotlar bilan almashtirib qoʻyish, mahsulotning xususiyatlari va sifatini qasddan oʻzgartirish, xuddi shuningdek qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini koʻrsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Raqobat sohasidagi vakolatli davlat organiga axborot taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud unga bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etganlik, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxsi tomonidan xomashyo, tovarlar erkin harakatlanishini va realizatsiya qilinishini hamda xizmatlar koʻrsatilishini qonunga xilof ravishda cheklash, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni amalga oshirish, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish yoki maxsus elektron tizim vositasida xabarnomalarni qabul qilish vakolatlari yoki roʻyxatga olish yoxud akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolatlari berilgan davlat muassasalari yoxud yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning birinchi — yettinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning sakkizinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu moddaning toʻqqizinchi va oʻninchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.