Ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish
Tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, muhofaza qilinadigan integral mikrosxema topologiyasini, shu topologiyali integral mikrosxemani yoki shunday integral mikrosxemani oʻz ichiga olgan buyumni ruxsatsiz qoʻllash, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, sotuvga qoʻyish, sotish, takrorlash va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish, patentlangan seleksiya yutugʻini ruxsatsiz yetishtirish va takror yetishtirish (koʻpaytirish), nav yoki nasllilik konditsiyalariga yetkazish, seleksiya yutugʻidan ruxsatsiz foydalangan holda yaratilgan mahsulotni sotishga taklif etish, sotish, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish va boshqacha tarzda fuqarolik muomalasiga kiritish yoki saqlash, —
huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish