Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish
Faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan shaxs tomonidan vakolatli organga qonunchilikda mazkur faoliyat uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi toʻgʻrisida yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot taqdim etish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xabardor qilish tartibida amalga oshirilishi lozim boʻlgan faoliyat (harakatlar) bilan xabarnoma yubormasdan shugʻullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) bilan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shugʻullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish