Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanish tartibini buzish
Radioelektron vositalar yoki yuqori chastotali qurilmalarni loyihalash, qurish (oʻrnatish) va ulardan foydalanishning belgilangan qoidalarini, radioayirboshlash va radiochastotalardan foydalanish qoidalarini buzish, radionurlanishning texnik reglamentlari yoki davlat standartlari, normalari va belgilangan tartibda oʻrnatilgan parametrlariga rioya etmaslik, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan yetti baravargacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Radioelektron vositalari yoki yuqori chastotali qurilmalarni tayyorlash, olish, sotish yoki oʻzgaga doimiy yoxud vaqtincha foydalanish uchun berish tartibini buzish —
radioelektron vositalarni yoki yuqori chastotali qurilmalarni musodara qilib yoki musodara qilmay, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
radioelektron vositalarni yoki yuqori chastotali qurilmalarni musodara qilib yoki musodara qilmay, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish