Turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, koʻp kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish
Turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish, umum foydalanadigan joylarni sanitariya holatida saqlash qoidalarini buzish, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini buzish (bundan ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno), koʻp kvartirali uylardagi turar joylarda chorva mollarni, xuddi shuningdek odamlarning salomatligiga xavf soluvchi hayvonlarni boqish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Koʻp kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) toʻsiq konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shu jumladan koʻp kvartirali uylarda va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida oʻzboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish ishlarini amalga oshirish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Koʻp kvartirali uyga tutash tuproqli va (yoki) yashil qoplamali yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan betonlashtirish, shuningdek ushbu yer uchastkasiga qurilma yoki konstruksiyalar oʻrnatish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida (toʻsiq konstruksiyalarga oid qismida) va toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u koʻp kvartirali uydagi toʻsiq konstruksiyalarning amalga oshirilgan oʻzgartirilishini yoki ularni rekonstruksiya qilish tufayli yoʻl qoʻyilgan buzilishlarni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni (inshootlarni), betonlashtirilgan joylarni, oʻrnatilgan qurilma yoki konstruksiyalarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?
Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.
Savol berish