Asosiy kontentga oʻtish
Yurideks
KirishRoʻyxatdan oʻtish
← Qonun toʻplamiga qaytish
Maʼmuriy javobgarlikADMIN_LIABILITY · 125-modda

Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish

Haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yoʻlovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi, —

maʼmuriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Haydovchilarning belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi boʻlgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolgʻacha bilan jihozlanmagan, oʻt oʻchirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida toʻxtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq boʻlgan transport vositalarini boshqarishi, —

maʼmuriy ogohlantirishga yoki bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi boʻlgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Xalqaro avtomobil tashuvlarini hamda M3 va N3 toifali avtotransport vositalarida yoʻlovchilarni va yuklarni shaharlararo (400 km va undan ortiq masofada) tashishni raqamli nazorat uskunalarisiz (taxografsiz, nosoz taxografdan foydalangan holda yoki taxografni oʻchirib qoʻygan holda, haydovchining taxografda foydalaniladigan kartaga ega boʻlmagan holatida) amalga oshirish, shuningdek xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarini amalga oshirishda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzishi, —

bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi oʻzboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Davlat raqam belgisi ayni shu transport vositasiga tegishli boʻlmagan transport vositasini boshqarish —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qarashli transport vositalarini ishdan tashqari vaqtda ulardan foydalanish shartlariga muvofiq keladigan tarzda maxsus jihozlanmagan joyda saqlash —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Yuk avtotransportida tovar-transport yuk xatlarini, xalqaro yuk tashishda yoʻl varaqalarini, shuningdek yoʻlovchilar avtotransportida chipta-hisob va yoʻl varaqalarini yuritish boʻyicha belgilangan talablarni buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, mansabdor shaxslarga esa uch baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Ushbu Kodeksning 125 (mopedlardan tashqari), 125¹, 126, 127, 128, 128¹, 128², 128³, 128⁴, 128⁵, 128⁶, 129, 130, 131, 133, 134, 135, 135¹, 136, 139, 140-moddalarida transport vositalari deyilganda barcha turdagi avtomobillar va traktorlar, qishloq xoʻjalik, melioratsiya, yoʻl-qurilish mashinalari va boshqa oʻziyurar mashinalar, tramvay va trolleybuslar, shuningdek mototsikllar va boshqa mexanik transport vositalarini tushunmoq kerak.

Bu sizning vaziyatingizga tegishlimi?

Nima boʻlganini tasvirlab bering, Yurideks sizga muhim moddalarni koʻrsatadi.

Savol berish
Yurideks

Har bir insonning himoyalanish huquqi bor.